Asosiy mavzular
14 aprel 2020

14 aprel – “Titanik” cho‘kkan kun

Britaniya kemasozlik shirkatiga tegishli «Titanik» 1912 yilning 14 aprelidan 15 apreliga o‘tar kechasi halokatga uchradi.

«Titanik»da bo‘lgan 2358 kishidan 868 nafari qutqariladi. Ulardan 202 nafari birinchi toifa kayuta yo‘lovchilari, 114 nafari ikkinchi va 325 nafari uchinchi toifa kayutalari yo‘lovchilari bo‘lishgan. Qutqarilganlarning mutlaq ko‘pchiligi ayollar va bolalar bo‘lib, erkaklar 79 nafarni tashkil etgan.

Kema Belfastdagi «Harlland end Volt» kemasozlik kompaniyasi tarafidan 1911 yilning 31 mayida suvga tushirilib, 1912 yilning 10 aprelida Nyu-Yorkka qarab safarga chiqdi.

Kema konstruktori Tomas Endryus eng dahshatli halokat yuz bersa ham «Titanik» uch kecha-kunduz cho‘kmasdan suv yuzida turishi mumkinligi haqida odamlarni ishontirgan edi.

2358 yo‘lovchi bilan Angliyaning Sautgemptonidan chiqib, Nyu-York sari yo‘l olgan kema Britaniya va Amerika aristokratiyasining nufuzli vakillari, umumiy mulki hozirgi qiymatda 100 milliard dollardan oshiq bo‘lgan 25 nafar boy bor edi.

«Titanik»ning lyuks kayutalariga AQSh prezidenti Taftning qo‘riqchisi mayor Archi Batti, katta univermag xo‘jayini Straus rafiqasi Idoy bilan, Angliyaning taniqli publitsisti Uilyam Sted, rassom Frank Mille, kema konstruktori Tomas Endryus, «Titanik» xo‘jayini Bryus Ismey va boshqalar joylashishadi.

Ehtiyot bo‘ling, aysberg!

Kemaning birinchi radisti Jon Fillips va uning yordamchisi Gorald Brayd 14 aprel kuni kechqurun «katta yer» bilan aloqaga chiqmoqchi bo‘lib turishganida to‘satdan yaqindagi kemalardan birining «Ehtiyot bo‘ling, aysberg! Ehtiyot bo‘ling, aysberg!» degan xabarini eshitib qolishadi.

Soat 23:40da Flit «Titanik»dan 400 metrcha oldinda ulkan muz qatlamini ko‘rib qoladi. «Kurs bo‘yicha to‘g‘rida aysberg!» qichqiradi u va uch marta qo‘ng‘iroq chaladi.

Katta ofitser Uilyam Merdok «chapga, chapga bur!» deya shoshilinch buyruq berib, kemaning mashina qismiga qarata «orqaga, orqaga!» deya qichqiradi.

Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, ana shu noto‘g‘ri buyruqlar berilmasa, «Titanik» ulkan muz bo‘lagiga urilib, nari borsa kemaning old qismi jiddiy shikastlanib, to‘qnashuv tufayli ko‘plab kishilar jarohatlanishi, lekin kema cho‘kmasdan omon qolishi mumkin edi.

Kemani eng avval qo‘rqoqlar tark etgan

Ammo buyruq berilib bo‘lindi. Buyruq bo‘yicha kema buriladi va shu sababli muz qoyasi kemaning old tomoniga emas, uning o‘ng yoni pastki qismiga zarb bilan uriladi.

Kemaning tashqi qatlami 100 metr uzunlikda konserva qutisidek kesilib, palubaga muz bo‘lakchalari yomg‘iri yog‘iladi.

Kema 10 daqiqa ichida 3 ming tonnadan oshiqroq suvni «yutib», uning mexanizmlari birin – ketin ishdan chiqa boshlaydi.

Kema konstruktori Tomas Endryus vaziyatga baho berib, o‘z mehnati mahsuliga o‘lim hukmi chiqaradi: «Uch soatga qolar-qolmas kema g‘arq bo‘ladi», deydi .

Soat 00:15. Suvga birinchi qutqaruv qayiqlari tushiriladi. Ular bor-yo‘g‘i 20 dona. Demak, yo‘lovchilarning ko‘pi bilan uchdan birini qutqarish mumkin. Lekin bunga kemadagi vahima va shoshma-shosharlik o‘z ta'sirini o‘tkazdi. Shu sababli ham birinchi qayiq 65 kishi o‘rniga 28 kishini olib, tezda jo‘nab qoladi. Ikkinchisi 20 va uchinchisi 12 kishi bilan ketib qoladi.

Soat 1:00. Kemada qo‘rquv va vahima avjiga chiqadi. Qayiqlarga oldin ayollar va bolalarni tushurish uchun harbiylar hatto qurol ishlatishga majbur bo‘lishadi. Biroq faqat o‘z jonini o‘ylovchi qo‘rqoq va nomardlar oldin qochishadi.

Masalan, «Titanik» xo‘jayini Bryus Ismey o‘zidan oldin qutqaruv qayig‘iga chiqayotgan bolali ayolni suvga itarib yuborib, birinchi qayiq bilan jo‘nab qoladi. 1908 yilgi Olimpiadaning qilichbozlik musobaqasi bo‘yicha chempioni, millioner Kosa Daff Gordon uchinchi qayiq boshqaruvchilarini shoshiltirib, o‘zining jonini tezroq qutqazish maqsadida ularga katta pul va'da qilib, 65 kishi o‘rniga 12 kishi bilan suzib ketadi.

Hamma ham nomard emas

Lekin hamma ham faqat o‘z jonini saqlashni o‘ylamagan. Kemadagi ko‘pchilik ajal yaqinlashib qolganiga qaramay, olijanoblik qilib, ajal changalidan boshqalarning ham tezroq chiqishiga yordamlashadi. Masalan, millioner Isidor Straus qayiqqa o‘tirish to‘g‘risidagi taklifni qat'iy rad etib, o‘zining o‘rniga begona ayolni o‘tqazadi.

Hayratlanarlisi shuki, cho‘kayotgan kemaga uning xotini Ida Straus ham qaytib chiqib, eridan bir qadam ham jilmay, uning yonida hayot bilan vidolashadi.

Amerikaning o‘sha paytdagi eng boy kishisi 47 yoshli Jeykob Jon Astor ham qayiqqa o‘tirgach, qayiqqa sig‘may qolgan bolali ayolni ko‘rib qolib, unga joy beradi va qayiqdagi xotini bilan quyuq xayrlashib, «Titanik»ka qaytib chiqadi va kema bilan okean qa'riga g‘arq bo‘ladi.

Shuningdek, kemadagi millionerlardan Artur Reyson, Frensis Millet, Klarens Mur va mayor Archi Vatt xotinlarini qutqaruv qayig‘iga tushirib, hech narsa bo‘lmaganday, bamaylixotir kemaning chekish xonasiga yo‘l olishadi va u yerda kema konstruktori Tomas Endryusni so‘nggi marta ko‘rishadi.

Shunisi hayratlanarliki, kema va shu kema bilan o‘zlari ham halokat sari borishayotganini bilgan holda ekipaj a'zolari va kema xizmatchilari o‘z vazifalarini sidqidildan vijdonan bajarar, hech kim ish joyini tashlab ketmas edi.

Jumladan, kema kuzatuvchilari xushmuomalalik bilan yo‘lovchilarga murojaat qilar, ularga qutqaruv kiyimlarini kiyishga yordamlashar, ko‘mirchilar, o‘t yoquvchilar, mashinist va mexaniklar hech narsa bo‘lmagandek, bemalol o‘z ishlarini davom ettirishardi.

Kema orkestri dirijyor Uolles Hartli boshchiligida kema halokatiga 20 minut qolguncha musiqa chalishni davom ettirib, shu zaylda kema bilan birga halok bo‘lishadi.

Soat 2:00. «Titanik» 45 darajaga qiyshayib qoladi va kema po‘latlari yuqori bosimga chidash bermay, qozon qismida kuchli portlash yuz beradi. Kema bo‘laklarga bo‘linib ketib, uning old qismi 600 metr chamasi otilib ketadi. Orqa qismi esa suv ustiga 20 qavatli uy baravari ko‘tarilib, so‘ngra cho‘kib ketadi.

Muz aralash tubsiz suvlik zamonasining eng ulkan, eng katta va eng qimmat kemasini o‘z qa'riga tortadi.

«Titanik»ning cho‘kishi tarixda u haqdagi achchiq xotira bilan birga, ko‘plab filmlar, hikoyalar, majozlar, memlar, o‘xshatishlar qoldirdi.

Botir Rajabov
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 mart 2023
Rossiya imperiyasi hududlari Alyaska yarim orolidan tortib to Finlyandiya va Polshagacha, Qora dengiz qirg‘oqlaridan to Tinch okeani sohillarigacha, qirg‘oqlarini ...
17 dekabr 2019
«Xullas, shu kundan boshlab “kirpichka”ning masteri Erkin qora meni promkadagi eng og‘ir ishga, ya'ni ichkarisida havo darajasi 70-80° darajagacha ...
30 oktyabr 2015
Militsiya: -Josuslarni ushladik. Terimga majburlash taqiqlangan, deyishayapti. MXX xodimi: (telefonda) – Bizda majburiy mehnat taqiqlangan? Nahotki? Rassom: Tuz www.eltuz.com
2 sentyabr 2020
Professor Kristian Lasslett Sovet Ittifoqidan keyingi O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 2016 yil sentyabr oyida vafot etgach, undan murakkab ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...