Asosiy mavzular
26 may 2016

Usmonovning 600 millionlik yaxtasi va bechora o‘zbeklar

Bir necha kundirki, ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning 600 million dollarga yaxta sotib olgani duv-duv gap bo‘lyapti.

Ba'zan «million», «milliard» degan so‘zlar og‘zimizning bir chetidan osongina chiqib ketadi. Bu qanchalik katta raqam ekanini uncha o‘ylab ham ko‘rmaymiz.

Masalan, milliardning naqadar katta raqam ekanini bilish uchun “donolar donosi” – Google dan so‘rab ko‘rgandim, u bunday dedi:
“Hozirgina tug‘ilgan chaqaloq “bir, ikki, uch…” deb sanashni boshlasa, 70 yillik umri so‘nggida ham milliardni sanab bitira olmaydi”.

Men buni anglab yetdim-u, savol tug‘ildi: Bir sayr kemasini sotib olishga bemalol yarim milliarddan ortiq mablag‘ sarflashga qudrati yetgan Alisher Usmonov nega o‘zbek millatiga qayg‘urmaydi?

rasm1474
Oligarx Usmonov yangi harid qilgan kemasini onasining sharafiga «Dilbar» deya nomlagan. Foto: http://perebezhchik.ru/

“Birovning puli bilan nima ishing bor, axir Alisher aka o‘zbeklardan chiqqan milliarder!” deyishdi menga. Ensam qotadi… “Ha, axir men o‘zbekman va faxrlanaman o‘zbekligim bilan deyapti-ku?” deyman.

Oddiy o‘zbek bu gapni aytsa, indamay ketaverardim. Lekin bu gapni Putin bilan bemalol telefonda hol-ahvol so‘rashadigan odam aytyapti.

Ijtimoiy tarmoqni titib ko‘rsam, men bilan hamfikr o‘zbeklar ham bor ekan. Ulardan biri: “Nimasi o‘zbek Usmonovning? O‘zbekka nima qilib beryapti u? Pulini ruslarga sarflaydi, xolos”, debdi.

Jon bor bu gaplarda. Bir qarasang, janob Usmonov mashhur «Sotbi» auktsionidan Mstislav Rostropovich va Galina Vishnevskayaning shaxsiy kollektsiyalarini hali auktsion ochilmasdan turib, bir kun avval 111 million dollarga sotib oladi va Rossiya hukumatiga hadya qilib yuboradi.

Bir qarasang, tanti milliarder “Soyuzmultfilm” studiyasining bir vaqtlar Amerikaga sotib yuborilgan eng sara filmlarini 10 million dollarga sotib oladi va shunchaki, bir tiyin olmasdan Rossiyaning bir telekanaliga berib yuboradi.

2014 yilning dekabr oyida faqirlikdan qiynalgan amerikalik taniqli olim Jeyms Uotson o‘zining Nobel mukofoti uchun berilgan medalini Nyu-Yorkdagi «Kristi» auktsioniga qo‘yganida, o‘sha yerda hozir bo‘lgan “o‘zbek” Alisher Usmonov uni 4 million dollarga sotib oladi va… o‘sha zahoti egasiga qaytarib topshiradi.

Xorijlik futbol murabbiysi Fabio Kapelloga Rossiya futbol federatsiyasi maosh to‘lay olmay qolganida ham ularning joniga yana “o‘zbek” milliarderi aro kirdi. U miq etmasdan Kapelloning 10 million dollardan ko‘proq miqdordagi ish haqini o‘z cho‘ntagidan to‘lab yubordi.

Agar janob Alisher Usmonov «men o‘zbekman va o‘zbekligimdan faxrlanaman!” demaganida edi, uning bu qadar qo‘li ochiqligi bilan ishim ham bo‘lmasdi. Biroq u “men o‘zbekman” deydi, va tabiiyki, biz o‘zbeklar shuning uchun uning qadamiga, gaplariga, turish-turmushiga, eng asosiysi, cho‘ntagiga e'tibor bera boshlaymiz.

Bir yilda o‘rtacha 150 million dollarni Rossiya sporti, madaniyati va faniga sadaqa qilib, “Rossiyaning eng yirik metsenati” («hotamtoyi») nomini olgan Alisher Usmonov nima uchun o‘zbeklarga qayishmaydi?

Masalan, o‘sha sayr kemasi uchun yarim milliard dollardan ortiq pul sarflagan Alisher Usmonov tug‘ilib o‘sgan yurtda bugun, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 4 mingta yosh bola oqqon (leykoz, qon saratoni) xastaligidan azob chekyapti. Bu xastalikka chalinganlar davlat hisobidan davolanishi O‘zbekistonda qonunan belgilangan bo‘lsa-da, mutassadilar buni unutib bo‘lgan.

Toshkentdagi gematologiya shifoxonasi shifokori bir suhbatimizda: «Shifoxonamizda leykozdan har yili 10-15 bola hayotdan ko‘z yumadi. Dorilar qimmat, ota-onalar norasidasini saqlab qolish uchun bor-yo‘g‘ini sotadi. Davlat hisobidan kelishi kerak bo‘lgan dorilarniyam dorixonalardan oladi”, deb yig‘lagan edi.

O‘sha shifokor opaning aytishicha, leykoz bilan og‘rigan bolaning kasalligi aniqlangani hamon davolanishni boshlasa, tuzalib ketishi imkoni bo‘larkan. Masalan, «Asparaginaza» dorisini o‘z vaqtida ichib tursa, kasallik chekinar ekan. Buning uchun esa shu doridan 18 quti kerak bo‘larkan.

rasm1467
O‘zbek boyi Alisher Usmonov Rossiyaning faqiru g‘ariblarining katta homiysi sanaladi. (Videokadr: Uzxalqharakati.com)

“Asparaginaza”ning bir qutisi hozir Toshkentda 220 dollardan 250 dollargacha sotiladi. Demak, bir bolani oqqon changalidan qutqarish uchun 4 500 dollar zarur bo‘ladi. Ko‘pchilik o‘zbeklar uchun buncha pul afsonaviy boylik. Ular farzandini oqqondan qutqarish uchun o‘zini o‘tga, cho‘qqa uradi. So‘nggi paytda ijtimoiy tarmoqlarda farzandi shu kasallikka chalingan ota-onalar sahifalar ochib, dori-darmonga yoki jarrohlik amaliyotiga pul yig‘ayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Oqqon bilan og‘rigan bolalar uchun qon topshirish va moddiy yordam yig‘ish aktsiyalari bilan shug‘ullanuvchi bir yigit aytib qoldi: “Oqqonga chalingan bir bolani Hindistonga olib borib, ilik ko‘chirib o‘tkazish jarrohlik amaliyoti orqali uni butunlay davolab, Toshkentga qaytarib kelish uchun 35 ming dollar kerak ekan”.

Shu gapni eshitganimning ertasiga internet sahifalari va ijtimoiy tarmoqlar “o‘zbek boyi Alisher Usmonov 600 million dollarga yaxta sotib oldi”, degan xabarni tarqatdi.

Bu yog‘ini endi men hisoblashga tushdim. Demak, farzandini o‘limdan qutqarish uchun zir yugurib chora izlayotgan 28 nafar ota onaning qo‘liga 35 ming dollardan pul berilsa, 980 ming dollar bo‘larkan. Ya'ni, bir million xam emas.

O‘zining o‘zbek ekanidan faxrlanadigan Alisher Usmonov Rossiya muzeylariga, kino va teatriga, sporti, maktablariga har yili 150 million dollar hadya etadi-yu, o‘zbekning 28 nafar qora ko‘zini saqlab qolish uchun 1 million dollar bera olmaydi…

Nega? Yarim milliard dollardan ortiq pulga sayr kemasi sotib olayotgan Alisher Usmonov O‘zbekistonda yashayotgan, saratonga chalingan bolalarga 14 million dollar bera olmaydi. Nega?

Nega? Yarim milliard dollardan ortiq pulga sayr kemasi sotib olayotgan Alisher Usmonov O‘zbekistonda yashayotgan, saratonga chalingan bolalarga 14 million dollar bera olmaydi. Nega?

Bir yilda bir marta boringki ikki marta dengizda sayr qilish uchun 600 million dollarga yaxta sotib olayotgan o‘zbek, o‘z vatanidagi 4 ming nafar yosh bolani butunlay ajal komidan qutqarishga 140 million bera olmaydimi?

O‘zbekdan chiqqan badavlat va nufuzli bir odamning “men o‘zbekligimdan faxrlanaman!” deyishi o‘zining uncha yorqin va erkin bo‘lmagan kunlarini yashayotgan o‘zbeklar uchun xayrli bir mujda bo‘lishi kerak edi nazarimda. Lekin bunday bo‘lmadi.

Rossiyada mardikorlik qilayotgan qirg‘izlarni taqirbosh fashist to‘dalar hujumidan saqlash uchun Qirg‘izistonning manaman degan mafiozi Moskvaga kelib, o‘sha taqirboshlarning yetakchisi bilan uchrashib, gaplashib ketdi. Biroq Rossiya san'ati-yu madaniyatini, sporti-yu fanini va tibbiyoti-yu matbuotini qo‘lida ushlab turgan o‘zbek milliarderi yashayotgan mamlakatda o‘zbeklar hamon emin-erkin yura olmayapti.

O‘sha milliarder Rossiya millatchilariga: “Mening o‘zbegimga tegma!” deya olmaydi. Aytmasin edi “men o‘zbekman!” deb… Yolg‘on gapirmasin edi “men o‘zbekligimdan faxrlanaman!” deb…

Shunchaki, indamay biznesini yuritib, Kremlga xizmat qilib yuraversin edi.. Ana shunda biz bugun uni tanimagan bo‘lardik. “Ha, bir o‘risning boyi-da”, derdik va burilib ketaverar edik.

Alisher Usmonov yuraversin o‘zining Rossiyasida. Uning milliardlari o‘zbekning og‘irini yengil qilmaydi. Millatimizni qutqarish esa siz va bizning – o‘zbeklarning vazifasi bo‘lsin.

Ulug‘bek Ashur
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 iyun 2023
Frants Kafka o‘limidan keyingina ko‘plab asarlari chop etilgan va dunyoga tanilgan 20-asrning buyuk yozuvchilaridan biridir. Tirikligida u bir nechta ...
10 aprel 2018
Kanadada yashovchi Ulug‘bek Ashur shu bugungi kunda turli qora ishlarga majburlanayotgan o‘qituvchilarga atab yangi qo‘shiq kuyladi. «Eltuz» nashri studiyasi ...
22 sentyabr 2020
Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Muhiddin Jo‘raev Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deb ...
7 aprel 2020
Koronavirus sharoitida ko‘rpaning qatidagi pullar asta xarj bo‘lyapti. Kambag‘al uch-to‘rt so‘m pulini taxmonga yig‘ilgan yangi ko‘rpaning qatida yoki uyi ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...