Asosiy mavzular
11 iyun 2016

Karimov hukumati barcha sohalarda korruptsiyaga botganini tan oladi

Garchi bu ish to‘g‘risida matbuotda kam gapirilgan bo‘lsa-da, 2013 yil oxirida xalqaro arbitraj sud Karimov hukumatidagi korruptsiya to‘g‘risida kutilmagan yangiliklarni oshkor etgan qarorni qabul qildi.

Qarorda Isroilning «Metal-Tech» kompaniyasi O‘zbekistonning amaldagi prezidenti hamda sobiq bosh vaziri O‘tkir Sultonov bilan aloqador davlat amaldorlari va soxta shaxslarga pora sifatida 3,5 million AQSh dollari to‘lagani to‘g‘risidagi ayblov ham bor. Bu mablag‘ mazkur kompaniya O‘zbekistonga kiritgan sarmoya umumiy hajmining 15 foizini tashkil etadi.

Ma'lumot uchun: 2002 yildan boshlab «Metal-Tech» O‘zbekistonda molibden ishlab chiqarishni modernizatsiyalashni amalga oshirgan.

Shunga qaramay, bu g‘alati ishni xorijiy davlat yoki nohukumat tashkilotlar fosh etgani yo‘q. Balki Karimov hukumati o‘zini o‘zi fosh etadi.

Moliyaviy operatsiyalar Karimov hukumatining bu jinoiy ishga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqadorligidan guvohlik berib turibdi. «Metal-Tech» kompaniyasi O‘zbekistonda biznes bilan shug‘ullanishni xohlaydi. Buning uchun u hukumatning ayrim amaldorlariga pora berishi kerak bo‘ladi. Buning evaziga «homiy»lar tegishli ruxsat etuvchi hujjatlarni qo‘lga kiritishi va bu kompaniyani ochko‘z hamkasblaridan himoya qilishi kerak edi.

Biroq «Metal-Tech»ning asosiy suyangan tog‘i bo‘lmish bosh vazir O‘tkir Sultonov prezidentning ishonchini yo‘qotib, 2006 yilda hokimiyatdan chetlatilgandan so‘ng «shayton o‘yini» boshlandi. Ish chappasiga ketdi. Keyingi yil davomida «Metal-Tech» tugatildi va uning aktivlari davlatning ikki kompaniyasi tomonidan o‘zlashtirib olindi. Ayni paytda odatda nufuzli kompaniyalarga nisbatan qo‘llaniladigan usul qo‘llanildi – Toshkent prokuraturasi «Metal-Tech»ning Isroilga qochib ketgan rahbariga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘adi.

Bu ochiqcha qaroqchilikdan so‘ng «Metal-Tech» Isroil va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama sarmoyaviy shartnoma asosida faoliyat yuritadigan xalqaro arbitraj mexanizmidan foydalangan holda tovon puli talab qildi.

«Metal-Tech»ning arbitraj suddagi pozitsiyasini susaytirish maqsadida Karimov hukumati o‘zbek amaldorlari kompaniyadan pora olganini tasdiqladi. Odatda advokatlar mijozlariga o‘ziga qarshi ko‘rsatma berishni maslahat bermaydi, ammo ayni holatda bu ayyorona huquqiy taktika edi.

Tribunallar va sudlar da'vogar halol bo‘lgan holatlarni ko‘rib chiqadi. Xuddi narkotikfurushlar boshqa o‘zi singarilar tomonidan talangani yuzasida politsiyaga murojaat eta olmagani singari korruptsiyaga aralashib qolgan tomonlar o‘zaro kelishmovchiliklarni hal etayotganda suddan adolat talab qila olmaydi.

Demakki, «Metal-Tech»ning shikoyati bilan bog‘liq ushbu holat vositasida O‘zbekiston hukumati o‘zining amaliy tajribasi pardalarini ko‘tardi va korruptsion kelishuvlarga qanchalik botib ketganini ko‘rsatib berdi. Bu esa Isroilning «Metal-Tech» kompaniyasi ham nega «oppoq emas»ligini ko‘rsatish uchun qilindi.

Bu ishga aloqador kimsalarning qanchalik yuksak mansabda ekanligi va Karimov rejimiga xos bo‘lmagan ochiq-oshkoralik e'tiborga olinsa, arbitraj sudga taqdim etilgan dalillar O‘zbekiston hukumatidagi siyosiy korruptsiyaning butun mohiyati va ko‘lamini ko‘rsatib berdi.

Xo‘sh, biz nimani bildik? Birinchi navbatda, Gulnora Karimova ulkan muztog‘ning bor-yo‘g‘i bir cho‘qqisi ekanini. Ko‘rinib qoldiki, O‘zbekiston hukumati davlatning eng oliy mansabdorlari uchun pora olish va pul yuvishga tayyor turgan xususiy va soxta shaxslar bilan to‘la offshor kompaniyalar tanqisligidan aziyat chekmaydi.

Maslahatchilar va yuqori darajali oila

rasm1538
Viktor Mixaylov © http://www.aen.ru/

«Metal-Tech» bosh direktori Uriel Rozenbergning so‘zlariga ko‘ra, 1997-1998 yillarda uning kompaniyasi O‘zbekiston molibden sanoatida ishtirok etish rejasini ishlab chiqqanida uni uch shaxs – Viktor Mixaylov, Uyg‘ur Sultonov va Igor Chijenok bilan uchrashtirishgan.

Rozenbergning ta'kidlashicha, bu shaxslar uni «O‘zbekiston hukumati yoki ularning dushmani bo‘lishi, yoki yordam berishi, ya'ni kompaniyaga qo‘shilishi va ularning hamkori bo‘lishi»dan ogohlantirgan.

O‘zbekiston otlig‘ noma'lum ummonga qadam qo‘yar ekan, tabiiyki, «Metal-Tech» qudratli ittifoqchilarga ega bo‘lishni xohladi, chamasi «do‘stlar»ni hamkorlikka chorlash uchun o‘ziga yarasha kattagina mablag‘ga ham ega edi.

«Metal-Tech»ning yangi «do‘st»laridan biri janob Uyg‘un Sultonov, ya'ni sobiq bosh vazir O‘tkir Sultonovning ukasi edi.

«Metal-Tech»ning iddaosicha, uning Uyg‘ur Sultonov bilan aloqaga chiqishiga bu shaxsning molibden sohasidagi katta tajribasi sabab bo‘lgan. Arbitraj sud bu iddaoga ishonmaslikka to‘la asosli edi: janob Uyg‘un Sultonov molibden sohasida hech qanaqa tajribaga ega emasdi. Aslida u iste'foga chiqqunga qadar, 1992 yilgacha militsiyada yuqori unvonli ofitser bo‘lib xizmat qilgan.

Shunga qaramay, Karimov hukumati zo‘r berib Sultonovning tarjimai holidagi bitta jihatga, ya'ni u o‘sha vaqtdagi (1995-2003) bosh vazir O‘tkir Sultonovning ukasi ekaniga urg‘u beraverdi.

Bosh vazir Sultonovda haqiqatan ham «Metal-Tech» investitsiyalariga «g‘ayrioddiy qiziqish» bo‘lgani, keyinchalik esa unga qo‘shma korxona ustidan nazorat qilish majburiyati yuklangani ta'kidlanadi.

Hakamlik sudi «Metal-Tech» Uyg‘ur Sultonovga ancha katta miqdorda pul to‘laganini qayd etadi. Sud hujjatlarida «sinchkov tahlillar bu kabi tovon puli to‘lanishi uchun biror bir adolatli asos aniqlanmaganini ko‘rsatgani» aytiladi.

Chaparasta so‘roq davomida «Metal-Tech» bosh direktori janob Rozenberg aslida qanday xizmatlar ko‘rsatilganini tan oldi: «O‘sha vaqtda uning akasi bosh vazir edi, shuning uchun u kompaniyani tashkil etishdagi byurokratik qog‘ozbozliklarni haqiqatan ham yengillashtirishi mumkin bo‘lgan odamlardan biri edi».

Sud quyidagi to‘xtamga keldi: «Janob Sultonovga «Metal-Tech»ning O‘zbekistonga investitsiya kiritishiga ko‘maklashish uchun uning oilaviy aloqalaridan foydalanish maqsadida pul to‘langan. Bu xulosa arizachi haqiqatan ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-212 moddalariga zid ravishda harakat qilgan, degan to‘xtamga olib keladi».

«Metal-Tech»ga shartnoma asosida konsultatsiya xizmatlari ko‘rsatgan yana bir «do‘st» Igor Chijenokdir. «Metal-Tech» bilan aloqa qilgan paytda u O‘zbekiston Prezidenti devoni kadrlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan.

Sud fikriga ko‘ra, janob Chijenok «nomzodlarni rasmiy lavozimlarga tayinlashga ta'sir o‘tkazish salohiyatiga va taxmin qilish mumkinki, hukumatdagi juda ko‘p rasmiy shaxslar bilan aloqalarga ega bo‘lgan».

«U rasmiy tuzilmada yuqori lavozimda ishlashini bilardim», deb tan oladi «Metal-Tech» kompaniyasi bosh direktori.

Ammo kompaniyadagilar uning qudratidan foydalanish uchun unga yuz minglab dollar to‘laganmi? «Metal-Tech» bu uning «O‘zbekiston hukumatida biznes qanday yuritilishi yuzasidan umumiy bilimi»ni hisobga olgan holda bor-yo‘g‘i «Metal-Tech»ga maktublar yozishda maslahatlar berish bo‘yicha» shartnoma bo‘lgan, deb ta'kidlaydi.

Yozuvchingiz qimmat ekan-ku!

Sud quyidagi to‘xtamga keldi: «Janob Chijenokka uning O‘zbekiston hukumatida egallab turgan lavozimidan da'vogarning investitsiya kiritishiga ko‘maklashish maqsadida foydalanish uchun pul to‘langan».

Bu xulosalarning hech birida hayron qoldiradigan birorta jihat yo‘q. «Metal-Tech» pora berishdagi ishtirokini inkor etayotgan bir vaqtda uning bosh direktori janob Rozenberg sudga konsultantlarga haqiqatan ham pul to‘langani, chunki kompaniya shu yo‘l bilan «hukumatdagi ular bilan aloqador tegishli amaldorlarga chiqa olish, ochiqcha aytganda, ularning davlatning tegishli mansabdor shaxslariga ta'sir o‘tkaza olish» imkoniyatini qo‘lga kiritish mumkin bo‘lganini aytib berdi.

Sud bu harakatlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra jiddiy jinoyat hisoblanadi, degan to‘xtamga keldi.

Offshordagi korporativ tarmoq

G‘arb hukumatlari o‘z korruptsion kelishuvlarini yashirishni maqsad qilgan o‘zbek davlat xizmatchilarining sheriklari bo‘lishni ko‘zlaganini isbot etdi.

Masalan, Britaniya hukumati boshqaruvida bo‘lgan qator hududlarda soxta kompaniyalar jinoiy maqsadlar uchun sotib olinishi mumkinligini kuzatish mumkin. Ayni paytda Shveytsariya va Latviya noqonuniy moliyaviy operatsiyalar uchun banklar rahbarlaridan manfaatdor ekanini ko‘rsatib qo‘ydi.

O‘zbekiston davlat amaldorlari va ular nomidan ish ko‘ruvchi soxta shaxslar korruptsion moliyaviy va korporativ xizmatlarning nihoyatda ochko‘z iste'molchilari bo‘ldi.

«Metal-Tech» ishida mansabdor shaxslarni sotib olish uchun foydalanilgan mablag‘lar Shveytsariya kompaniyalari va Britaniyaning Virgin orollari firmalari tarmoqlari orqali jo‘natilgani bildirildi.

Sud hisobotida ta'kidlanishicha, Shveytsariyada ro‘yxatga olingan «MPC International Investments» va «Consultants GmbH» kompaniyalari dastavval «Metal-Tech»ning noqonuniy kelishuvlarini yengillashtirish maqsadida tashkil etilgan.

Sud eshituvlari chog‘ida berilgan ko‘rsatmalardan ma'lum bo‘lishicha, «MPC» qisman (45%) Gollandiyaning «BV ChemiePharmacie Holland» kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. Bu kompaniya vositachi vazifasini bajarib, «Metal-Tech»ni «konsultantlar» bilan bog‘lab turgan. Aktsiyalarning yana 45% foizi esa Britaniyaning Virgin orollarida ro‘yxatga olingan «Bordeaux Intertrade» kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.

rasm18«Boerdeaux Intertrade»ga esa Viktor Mixaylov, Uyg‘ur Sultonov va Igor Chijenok birgalikda egalik qilgan.

Arbitraj sud Sultonov va Chijenokka Shveytsariya va Britaniya Virgin orollari kompaniyalari orqali jo‘natib turilgan to‘lovlar jinoiy xarakterda ekaniga qat'iy ishonadi. Sud «da'vogar tomon janob Mixaylovdan konsultatsiya xizmatlari olganini ta'kidlaganiga qaramay, u bunday xizmatlarni ko‘rsatish uchun sezilarli darajadagi malakaga ega emas»ligini aniqlagan bo‘lsa-da, Mixaylov dalillar yo‘qligi sababli ayblov e'lon qilinishidan qutulib qoldi.

Karimov hukumatidagi amaldorlar korruptsion daromad olish uchun soxta kompaniyalar tuzish maqsadida nega aynan Britaniya Virgin orollari (BVO)ni ma'qul ko‘rishiga jiddiy sabablar bor. BVO korruptsiyalashgan davlat xizmatchilariga korporativ xizmatlar yetkazib beradigan joy sifatida mashhur. Tax Justice Network nega shunday ekaniga oydinlik kiritadi: «Buning siri BVOdagi tartibdan kelib chiqadi. Bu tartib populistik, juda moslashuvchan bo‘lib, kompaniyalarni ro‘yxatga olishda ortiqcha savollarsiz, nohalollikka ko‘z yumadigan va firma egalariga yuqori maxfiylikka erishish hamda kompaniyalarni tez va kamxarajat tarzda ta'sis etish uchun soxta shaxslar ortiga yashirinishga imkon beradi».

Ushbu noshaffof biznes muhiti natijasida BVOda ro‘yxatga olingan kompaniyalardan «butun dunyo bo‘ylab istalgan jinoyat va suiiste'molliklarni yashirish va yengillashtirish» maqsadida foydalaniladi.

Biroq O‘zbekiston hukumatidagi barcha amaldorlar ham Britaniya Virgin orollarini tanlayvermaydi. Birlashgan Qirollik jinoyatchilarga o‘z faoliyatini yuritish imkonini beradigan maxfiy yurisdiktsiyaga ega yana qator hududlarni ham nazorat qilib, mijozlarga tanlov v xilma-xillikni taqdim etadi. Bu hududlarning har biri turli aniq ehtiyojlarga javob beradigan o‘z noyob tijoriy jihatlariga ega.

Masalan, prezidentning qizi Gulnora Karimova Britaniya nazoratidagi Gibraltar hududini ma'qul ko‘radi. AQSh Adliya vazirligi tomonidan qo‘zg‘atilgan huquqiy munozaralarda Karimova O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritishga intilayotgan xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalaridan pora tariqasida yuzlab million dollar olish uchun ishonchli odamlar nomiga ro‘yxatga olingan «Swisdorn Limited» va «Talikant Limited» nomli soxta shirkatlardan foydalangani ta'kidlanadi.

Gulnora Karimovaning faoliyati anchagina ulkan bo‘lgan muztog‘ning ko‘rinib qolgan bir qismi, xolos. Boshqa ko‘plab yuqori martabali davlat amaldorlari va ularning oila a'zolari moliyaviy aktivlar va dabdaba predmetlari ko‘rinishidagi noqonuniy boyligini saqlash uchun offshor tarmoqlardan foydalanish bilan bog‘liq korruptsion biznesga aloqadordir.

Bu biznesga tortilgan noqonuniy mablag‘lar millardlab AQSh dollari bilan o‘lchanadi. Bu boylik esa o‘zbek bolalari uchun jahon andozalariga javob beruvchi ta'lim tizimini yoki nuroniylar uchun sifatli tibbiy yordam tarmog‘ini yaratish uchun keragidan ham ortiqroqdir.

Gunohsiz kimsalar…

«Metal-Tech» bilan bog‘liq arbitraj sud davomida Karimov hukumati huquqiy yordam uchun sezilarli xarajatlar qilishiga to‘g‘ri keldi. Mazkur xarajatlar 7.435.954,95 AQSh dollarini tashkil etdi. Bu «Metal-Tech» huquqiy xizmatlar uchun sarflagan mablag‘dan qariyb yetti barobar ortiqdir. Isroil kompaniyasining bu xizmatlarga sarflagan mablag‘i ancha kam – 1.112.966,85 AQSh dollaridan iborat bo‘ldi.

Karimov hukumati advokati sifatida Vashingtonning «White&Case LLP» firmasi ishtirok etdi. Bu firmaning nufuzli hamkori esa «O‘zbekistondagi Amerika savdo palatasining ta'sischi a'zosi, ayni paytda uning kengashi raisi» Karolin Lamm hisoblanadi.

«White&Case LLP» «biz professional axloqning eng yuqori standartlariga amal qilamiz hamda etika va professional mas'uliyat masalalarida o‘z huquqshunoslarimiz va xodimlarimiz bilan doimiy aloqadamiz va ularning bu boradagi bilimlarini oshirib boramiz», deya ta'kidlab keladi.

Arbitraj suddan Karimov hukumatining qariyb 7,5 million AQSh dollarini tashkil etgan huquqiy xarajatlarini qoplab berish so‘ralganda bu so‘rov rad etildi.

Arbitraj sud qaror qildi: «Sud investorning sarmoya qabul qiluvchi davlatga nisbatan huquqi, jumladan, arbitrajdan foydalanish huquqi himoya qilinishi mumkin emasligi, chunki sarmoya kiritish noqonuniy faoliyat, xususan, korruptsiya bilan aralashib ketganini aniqladi. Shu ma'noda qonun qat'iydir va bu adolatdandir. Bu holatda investor himoyadan mahrum bo‘ladi va sarmoya qabul qiluvchi davlat har qanday ehtimoliy javobgarlikdan ozod etiladi».

Hakamlik sudi hakamlari yana qayd etadi: «Shunga qaramay, bu holat davlat vaziyatni (korruptsiyani) yaratishda ishtirok etmaganini anglatmaydi, shu bois, da'voni qanoatlantirmaslikka sabab bo‘ladi. Korruptsiya tabiatiga xos bo‘lgan bu kabi aralashuv nazarda tutilishining o‘zi tomonlar xarajatlarni qoplashda ishtirok etishi adolatli bo‘lishini anglatadi».

Oddiy qilib aytganda, sud Karimov hukumati juda mohirona rejalashtirilgan korruptsion kelishuvlarning faol ishtirokchisi bo‘lgan, deb hisobladi. Shuning uchun hukumat o‘ziga harif tomonidan har qanday sud xarajatlarining qoplanishini talab qilish huquqiga ega emas, deb hisobladi.

Xavfli mujdami?

Sudning bu qarori butun dunyodagi korruptsiyalashgan hukumatlar uchun nimani anglatadi?

Ko‘rinib turibdiki, xalqaro investiyaviy shartnomalar mavjudligiga qaramay, sarmoyadorlarga pora taklif etilgan holatda hukumat korxonani tortib olgani uchun javobgarlikdan qutulib qolishi mumkin. Hammaning «qo‘li iflos» bo‘lgan holatda hech kim adolat talab qila olmaydi.

Ushbu pretsedentni hisobga olgan holda butun dunyodagi sud organlari korruptsionerlar o‘z mijozlarini jinoiy faoliyatga jalb etish yo‘li bilan o‘zlarining noqonuniy faoliyati uchun javobgarlikdan qutulib qolishiga qarshi birlashishi va kurashishi lozimligi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi.

AQSh Adliya vazirligi jinoiy faoliyat qandaydir ko‘rinishda o‘z vakolati doirasida tushadigan bo‘lsa, uning ishtirokchilarini javobgarlikka tortishga tayyor ekanini namoyish etdi. Buyuk Britaniya va Shvytsariya kabi boshqa davlatlar esa ancha qat'iyatsiz bo‘lib chiqdi. Ular o‘zlarining korporativ va moliyaviy xizmatlaridan foydalanayotgan mijozlarni cho‘chitib yuborishni istamayotgan bo‘lishi ehtimol.

Ma'lum bo‘lyaptiki, hamma ham qandaydir ko‘rinishda korruptsiya narkotigidan manfaatdor. Hukumat bu xavfli odatidan voz kechmas ekan, jinoyatchi davlat xizmatchilarining jazodan qutulib qolishi kafolatlanaveradi.

Buning jamiyatga uradigan kasofati ulkan bo‘ladi. Boylik samarali sarmoya va ijtimoiy xizmatlarga sarflanish o‘rniga korruptsiya ko‘rinishida yo‘q bo‘lib ketsa, u spekulyativ sarmoya, ko‘chma mulk, moliyaviy aktivlar va pul yuvish bo‘yicha boshqa odatiy vosita sifatida isrof qilinadi. Bu moliyaviy oqimlardan, birinchi navbatda, g‘arbdagi aktiv bozorlari, korruptsiyalashgan davlat amaldorlari, shuningdek, ko‘pincha shubhali offshor hududlar orqali faoliyat yurituvchi va shu kabi xizmatlar bilan shug‘ullanuvchi tijoriy firmalar manfaat ko‘radi.

Bu xalqaro noqonuniy iqtisodiyot kam sonli elitaning shohona hayot tarzi kechirishiga zamin yaratayotgan bir paytda ko‘pchilik oddiy aholi o‘zining hayotiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida mablag‘ topish uchun kurashayotgan bo‘ladi. Agar korruptsiyaga, boyliklar teng taqsimlanmasligiga, hayot darajasining tushishiga qarshi kurashish yo‘lida hech narsa qilinmasa hamda jamiyatning hukumatga ishonchi yo‘qolishi mavhumlik, beqarorlik va huquqsizlikni yanada chuqurlashtiradi.

Korruptsion kasallikning mazkur ijtimoiy simptomlari bu degenerativ darddan aziyat chekayotgan mamlakatlarni iqtisodiy va siyosiy stagnatsiya sari yetaklaydi hamda ularni qaramlik va geosiyosiy zaiflik holatiga solib qo‘yadi. Ya'niki, korruptsiyaning bahosi bizning suverenitetimiz hamda hammamizning erkin va mustaqil yashash imkoniyatimiz cheklanishiga sabab bo‘ladigan muhim omildan boshqa narsa emas.

Maqola Investitsiyaviy kelishmovchiliklarni hal etish xalqaro markazining «Metal-Tech LTD O‘zbekistonga qarshi” ishi bo‘yicha hujjatlarini o‘rganish asosida tayyorlangan

Murod Shokir
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 avgust 2021
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, «Qumtor» ishi bo‘yicha tergov qidiruvida bo‘lgan Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akaev 2 ...
5 mart 2018
Bobomurod Abdullaevning sudi bo‘yicha «Eltuz» nashri olgan so‘nggi ma'lumotga ko‘ra, sobiq siyosiy mahkum Muhammad Bekjon qamalgan hamkasbining oilasiga dalda ...
12 aprel 2019
Bugungi kunda O‘zbekistonda bir-biriga potentsial dushman bo‘lgan va bir-birini shantaj qilishga tayyor 33 million odam bor degim keladi. O‘zini ...
13 mart 2023
«Yeltuz» kanalida o‘z videoblogini yuritayotgan AQShda yashayotgan 70 yoshli qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Ismoil Ospanov aprel oyida kutilayotgan Konstitutsiyaga o‘zgartirish ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...