Asosiy mavzular
17 iyun 2016

Shifoga muhtoj o‘zbek muharriri va tibbiyot tizimi

Bugungi o‘zbek gazetalari mamlakat prezidenti Karimov tomonidan mustaqillikning bosh g‘oyasi deya belgilab berilgan shiorni muttasil chaynashga majbur.

Lekin har kuni «… jonim senga fido» degan so‘zni aytishdan charchamaydigan gazeta nushasini uyining to‘riga qo‘yib tavof qilayotgan o‘zbek otaxoni, yoki o‘zining maqolasiga o‘zi qarsak chalayotgan gazeta muharririning bosh maqolasini o‘qib, chuqurroq mulohaza yuritarkan, bu gaplarni har kuni o‘qiydigan va yozadiganlarga tibbiy tashxis qo‘yish ehtiyoji borligi haqida o‘ylaydi kishi.

Ehtimol, jamiyatga ayni tashxisni qo‘yishi kerak bo‘lgan o‘zbek tibbiyot tizimining o‘zi ham, bu tizimni ulug‘layotgan g‘arb jamiyati ham shunga muhtojdir. Biroq bu gaplarning hammasi o‘zbek matbuoti fantaziyasi va uning torgina auditoriyasi darajasida degan umid bor.

Koreys tibbiyot vakillari «diqqatiga sazovor» o‘zbek onalari va bolalari yili

«Jahon» axborot agentligi Seulda «O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash sohasida qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari» mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tganini xabar qildi.

Unda aytilishicha, koreys tibbiyot vakillari O‘zbekistonda 2016 yilning «Sog‘lom ona va bola yili» deb e'lon qilinishini ham «diqqatga sazovor» deb baholagan.

Shuningdek, Janubiy Koreya Tibbiyot arboblari uyushmasi direktorlar kengashi raisi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan «islohotlarni yuqori baholab, sohani rivojlantirish strategiyasi samaradorligi»ni alohida ta'kidlagan.

«Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning natijalari fuqarolarning umr kechirishi uzayayotganida, onalar va bolalar o‘limi sezilarli darajada kamayayotganida hamda yosh avlod vakillarining intellektual salohiyati oshib borayotganida namoyon bo‘lmoqda», degan rais.

Uning nigohi qo‘shni Shimoliy Koreyani ko‘proq eslatuvchi holatlar, tibbiyot xodimlarining yoppasiga majburiy dala ishlariga olib chiqilishi, shifoxonalarda avj olgan korruptsiya, bolalar nogironligiga sababchi bo‘layotgan malakasiz tibbiyot xodimlari haqidagi internetda chop etilgan maqolalarga ko‘zi tushmagani, o‘quvchida shubha uyg‘otadi.

Mustaqillikning bosh shioridan shukronalik hissini tuygan muharrir

«Muharrir minbari» rukni ostida maqola e'lon qilgan «Adolat» gazetasi «Axir biz shunday zamonlarni ko‘rdikki, nomusdan qizarib ketasan, hatto ko‘ngildan «Rostdan ham shunday bo‘lgandi-ya. Xo‘p g‘alati zamonlar ekan-da», degan yupatuvchi o‘y kechadi», deb yozadi.

Prezidentning mustaqillik bayramini nishonlashga oid qaroriga munosabat sifatida chop etilgan maqola muallifi bu hujjat «bizning faoliyatimiz uchun muhim dasturilamal vazifasini o‘tashi»ni ta'kidlaydi.

«Bilasizmi, men yurtboshimizning qarorini o‘qir ekanman, «Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!» shiorini takrorlarkanman, dil-dilimdan yana bir bor shukronalik tuydim», deydi muallif g‘urur bilan.

Xuddi shu gazetada mazkur qarorga bag‘ishlangan boshqa bir maqolada esa «bayram bosh g‘oyasining (yuqoridagi shiorga qarang – tah.) o‘ta maftunkor mazmunda ifoda etilishini alohida e'tirof etish lozim»ligi aytiladi.

Avvalo, oddiy shiordan shukronalik tuyadigan muharrirga ham balli. Sovet davrida ham kommunistlarning turli-tuman shiorlaridan shukronalik tuyib yurgan kishining bu yozug‘iga shuning uchun ham hayron qolmaslik kerak nazarimizda.

Qolaversa, har yili mustaqil arafasida prezident bosh g‘oya sifatida biror shiorni belgilab berishi odat tusiga kirgan. Demak, bu yilgisi ham har yilgidek oddiy shior. Undan shukronalik tuyish, «o‘ta maftunkor mazmunga ega» deb ko‘tar-ko‘tar qiladigan darajada ham emasga o‘xshaydi.

Lekin prezidentning chiqishini uyida televizorda ko‘rganidan so‘ng gazetaga maqola yozib, «mana bu so‘ziga o‘rnimdan turib qarsak chalib yubordim» qabilida paxtaqo‘yarga poyga o‘ynayotgan bu yozarlarga nima ham deya olasiz?!

Uyining to‘riga prezident farmoni chiqqan gazetani osgan otaxon

«XXI asr» gazetasida e'lon qilingan maqolada O‘zLiDeP a'zosi bo‘lgan ohangaronlik keksa otaxon «muhtaram prezidentimiz imzolagan 1991 yil 29 noyabrdagi «Respublikada dehqon (fermer) xo‘jaliklarini yanada mustahkamlash va tadbirkorlik faoliyatini davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi tarixiy farmon e'lon qilingan gazetani hamon uyi to‘rida saqlayotgani» yozilganini o‘qib, «yo qudratingdan» deb yuboradi kishi.

«Yo qudratingdan» deganda Allohning qudratimi yoki davlatning bugungi tashviqoti qudratimi, endi buni qanday tushunish o‘zingizga havola.
Xullas, o‘sha otaxon bu hujjat O‘zbekistondagi o‘zi kabi minglab oilalar «taqdirini o‘zgartirgan, mamlakatimizda fermerlik harakatini, qishloqda xususiy mulkchilik shakllarini boshlab berganligi bilan g‘oyat qadrli» ekanini g‘urur bilan ta'kidlaydi.

Otaxon sovet davrida ham ishlagani, lekin biri ikki bo‘lmaganidan yozg‘iradi va 1991 yilda fermer bo‘lganidan keyin ro‘zg‘origa xayr-baraka kirganidan quvonadi.
Haqiqatan ham shundaymi, bilmaymiz, biroq shunday gaplarni yozadi bugungi o‘zbek gazetalari.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 iyun 2016
Turkiya prezidentining so‘zchisi Erdo‘g‘on Ibrohim Qalin vaziyatga oydinlik kiritdi: “Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘onning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yuborgan ...
25 fevral 2022
“Vladimir Zelenskiy undan deyarli hech kim kutmagan rolni o‘ynamoqda: Ukrainaning urush davridagi prezidenti rolini”, deb yozdi New York Times ...
16 yanvar 2018
Chimkentlik to‘y egasi buyurtirgan qimmatbaho tort videosi ijtimoiy tarmoqni hayratga soldi. Uning narxi 179 ming AQSh dollariga baholangan. Dastlab ...
22 fevral 2021
Bosh vazirligida Qorasuv-1 mavzesi tomondagi kamtargina hovlida istiqomat qilgan prezident Shavkat Mirziyoev ayni paytda hashamatli qarorgohlarda yashashni afzal bilmoqda. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...