Asosiy mavzular
27 iyun 2016

«Qudratimizga shubha qilsangiz, o‘tkazgan sammitimizni ko‘ring»

Teledayjestimizning bu galgi sonini oy oxirini kutmasdan e'tiboringizga havola etishga qaror qildik. Chunki bu oyda Toshkentda «dunyoning eng qudratli tashkiloti» (har holda O‘zbekiston televideniesi muxbirlari Rossiya madaniyat vaziri o‘rinbosarining so‘zlarini o‘zbekchaga shu tarzda o‘girib, efirga uzatdi) – Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘z sammitini o‘tkazdi. Ahmadboy voqeasini aytmaganda, O‘zbekiston telekanallari bundan ortiq e'tiborni tortadigan mavzular bilan bizni o‘ziga rom etmaganini hisobga olsak, bu qarorimiz ancha mantiqli ko‘rinadi.

Sizning uyingiz bizning uyimiz, bizning uyimiz…

Xitoy raisi Si Tszinpinning O‘zbekistonga davlat tashrifi aslida ShHT sammitining debochasi bo‘ldi, deb bemalol aytish mumkin. Balki bu sammit bahona bo‘lmaganda Xitoy kommunistlari rahbarining yurtimizga tashrifini kutib, xuddi sho‘ro zamonida bo‘lgani kabi kommunizmni (agar O‘zbekiston OAVga ishonilsa, haqiqatan ham zo‘r yashayapmiz-ku!) o‘tkazib yuborishimiz ham hech gap emas edi.

Xullas, sammit aslida Si akaning tashrifi bilan boshlandi. Poytaxtdagi xavfsizlik choralari shundan darak berib turdi. Rais bilan prezident avval tor doirada gaplashdi, keyin kattaroq doirada mashvarat qildi. Ko‘tarilgan masalalar ham o‘sha-o‘sha, ikki rahbarning har galgi uchrashuvidagi mavzular. Shuning uchun bu jihatlarga to‘xtalmay, ularning xalqqa ochiq-oshkora aytgan gaplariga e'tibor qaratamiz.

Bu gaplar esa matbuot anjumanida yangradi. Anjuman esa «paxtaqo‘yar o‘yini»ga aylangandek taassurot qoldi. Gapni har doimgidek mezbon rahbar boshladi.

«Xitoy dunyodagi eng rivojlangan davlat», dedi u. Dunyoda Xitoydan rivoji baland davlatlar talaygina bo‘lsa-da, «o‘yin» qoidalari shuni talab etardi.

«Siz biz uchun donishmand siyosatchi hisoblanasiz,- «o‘yin»ni davom ettirdi rais. – Biz uchun eski do‘stsiz. Siz dunyoda taniqli siyosatchisiz».

Rais bu bilan tinchimadi.

«Sizning rahbarligingizda O‘zbekiston yanada taraqqiy etishiga ishonaman», dedi u o‘zi ham bunga ishonadigandek qilib.

Albatta, bu maqtovlar prezidentimizga ham moydek yoqqani shunday ko‘rinib turdi. U ham raisning islohotchilik qobiliyatini shunday maqtadiki, o‘ylaymizki, Xitoy rahbariga bu ma'qul bo‘ldi.

Prezidentimiz o‘zi ham islohotchilikda undan kam emasligiga ishora qilishni unutmadi. Bu ishini oxirigacha yetkazishini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

«Islohotchilarga oson emas,- dedi davlatimiz rahbari. – Men bu yukni o‘z zimmamga oldim va oxirigacha yetkazaman».

Ana xolos. Prezidentimiz juda og‘ir yukni o‘z zimmasiga olgani aniq. Lekin unga qo‘sh qanot bo‘layotgan xalqimiz ham shu yuk ostida qolgan-da. Rahbarimiz baquvvat. Qancha yuk bo‘lsa ham ko‘taraveradi. Lekin uning yoniga kirgan xalqimizning beli sinmasa edi, degan xavotir ham bor.

Qamchiq dovonini teshib, Toshkentni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘laydigan tunnel qurilgani, albatta, yurtimiz uchun katta voqea. Buni hech kim inkor eta olmaydi. Bu qurilish xitoyliklarning yordamida amalga oshirildi. Shuning uchun prezidentimiz ularga alohida minnatdorlik bildirmasa bo‘lmasdi.

«Eng og‘ir paytimizda Xitoy yordam bergan,- deya minnatdorlik so‘zlarini boshladi davlatimiz rahbari. – Xitoyning farovonligi (ruschada «blagopoluchie» deb aytildi, bu so‘zning «xotirjamlik», «tinchlik» ma'nolari ham bor) – O‘zbekistonning farovonligi, O‘zbekistonning farovonligi – Xitoyning farovonligi».

Bu gaplar davlatimiz rahbari bir vaqtlar aytgan so‘zlarni ham esga soladi: «Kim bizga dumini ko‘tarsa, Rossiyaga ko‘targan bo‘ladi». O‘xshaydimi? Vaziyatni va mavzuni hisobga olmasa, ancha uyqash gaplar.

Bu anjumanda «o‘yin»dan tashqari yana bir an'anaviy mavzu – afg‘on muammosi ham ko‘tarildi. Aytilgan gaplar shunga xos – an'anaviy. «Afg‘on muammosining qurolli yechimi yo‘q», «u yerdagi beqaror vaziyat mintaqaga ham ta'sir ko‘rsatadi» va hokazo.

Alqissa, O‘zTV Si Tszinpinning Toshkentga tashrifini ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga ko‘taradigan muhim voqea sifatida talqin qildi. Bu munosabatlarda Islom Karimov va Si Tszinpin o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va samimiylik muhim ahamiyatga egaligi ta'kidlandi.

Albatta, ishonch bo‘ladi-da. Chunki har holda eski partiyadoshlar. Biri rasman partiyadan chiqqan bo‘lsa ham suyagi o‘sha partiya safida qotgan. Ikkinchisi hali ham o‘sha mafkura bilan «suyagini qotirish» bilan band.

«Olti qaroqchi» klubi va a'zolikka ikki nomzod

Erkin matbuot ko‘pincha ShHTni «diktatorlar klubi» deb ta'riflaydi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin yoki uzoqligiga zukko o‘quvchining o‘zi baho bersin. Lekin tashkilotga a'zo birorta davlat demokratik tuzumi bilan maqtana olmasligi bor gap.

Biz bu sammitda imzolangan hujjatlarning barchasiga to‘xtalmasdan, bittasiga sal e'tibor qaratishni ma'qul ko‘rdik. U ham bo‘lsa, Hindiston va Pokistonning ShHTga a'zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumdir. Agar bu majburiyatlar bajarilsa, bu ikki davlat tez orada tashkilot a'zosiga aylanadi.

Pokiston-ku mayli, beqaror davlat bo‘lsa-da, demokratiyasi ham o‘ziga yarasha. U ham «diktatorlar klubi»ga balki yarashadi. Hindiston esa «dunyoning eng katta demokratiyasi» maqomiga ega mamlakat. Uning ShHTga a'zoligi tashkilotga demokratiya shamolini olib kelarmikin? Yoki «olti qaroqchi» uni ham o‘z yo‘rig‘iga yuradigan darajaga tushirarmikin?

Mayli, avval Hindiston ShHTga a'zo bo‘lib olsin, keyin ko‘raveramiz o‘zgarishlarni.

Sammitning o‘zi esa quruq rasmiyatchilikdek bo‘lib tuyuldi. Tayinli hujjatlar imzolanmagani yetmagandek, birorta shov-shuvli bayonotlar ham bo‘lmadi. Prezidentlar panada, ya'ni tor doiradagi va jurnalistlardan xoli uchrashuvlarda birorta arzirli qarorlar qabul qilgandir. Lekin hozircha xalq bu narsadan bexabar qolib turibdi.

Islom Karimov esa ShHT doirasida barchaning gap bir joydan chiqayotganini aytish bilan cheklandi, xolos.

«ShHT shu vaqtgacha o‘z xartiyasida belgilangan qoidalardan chetga chiqqani yo‘q. Bu ShHTning mustahkamligidan darak beradi», dedi prezident.

Shunga qaramay, sammitda e'tiborni tortadigan jihatlar ham ko‘zga tashlandi. Masalan, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar tarangligi haqida ko‘p gapiriladi. Lekin Islom Karimov va Imomali Rahmonning sammit doirasidagi yakkama-yakka uchrashuvi to‘g‘risidagi lavhalar kishiga nekbinlik bag‘ishlaydigan ko‘rinishlarni namoyish etdi. Har ikki prezident bir-biri bilan samimiy munosabatda ko‘rindi, kayfiyati ham juda zo‘rdek taassurot uyg‘otdi.

Sammitdan oldingi chegara mojarolari sababli Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboev hatto mashvaratga bormaslik bilan tahdid qilganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Lekin prezidentimiz uning ham ko‘nglini topgan ko‘rinadi. Sammit sharafiga tashkil etilgan kontsertda qirg‘izcha kuy yangragandan so‘ng A.Atamboev I.Karimovga ochiqcha qulluq qilganini barcha ko‘rdi.

Buncha hushyor bo‘lmasang…

Shuncha vaqtgacha Toshkentda ShHT sammitining o‘tkazilishini dunyodagi eng muhim siyosiy voqea sifatida talqin etib kelayotgan O‘zbekiston telekanallari sammit kunlari negadir uncha faollik ko‘rsatgani yo‘qdek tuyuldi. Yangiliklar dasturlaridagi bemalolxo‘ja lavhalarni aytmasa, birorta to‘g‘ridan to‘g‘ri reportajga, tahliliy ko‘rsatuvlarga ko‘zimiz tushmadi.

Bu holat matbuotda ham (O‘zA misolida ko‘rishingiz mumkin) kuzatilganini e'tiborga olsak, bunday bemalolxo‘jalikka yuqoridan «siyosiy hushyor» bo‘lishga qat'iy topshiriq berilgan bo‘lishi mumkin, degan taxmindan mantiqliroq sabab topa olmadik.

Garchi O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari shu kunlarda «Toshkent Osiyoning siyosiy poytaxti bo‘lib qolayotgani» haqida bong urayotgan bo‘lsa-da, jahon, xususan, Rossiya OAVlarida buning tasdig‘i uncha sezilgani yo‘q.

Buning o‘rniga telekanallar O‘zbekistonning ShHTga raisligi davrida qanday olamshumul ishlar amalga oshirilgani, sammitni yoritish uchun 25 davlatdan 450 ta jurnalist kelgani, ShHT aholisi 3 milliarddan ziyod 18 ta davlatni birlashtirishi, 2015 yilda ShHT ishtirokchi davlatlarining YaIM salkam 37 trillion dollarni tashkil etishi kabi quruq gap-so‘zlardan nari o‘tmayapti.

«ShHT – tirik, doimiy rivojlanayotgan organizm», deydi o‘zbek telekanallari. Ishqilib, bu organizmga ko‘z tegib, yanada mutantlashib ketmasaydi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 noyabr 2018
“Hyuman rayts uotch” xalqaro tashkiloti O‘zbekiston hukumatini siyosiy mahkumlarni ozod qilishni davom ettirish, ozodlikka chiqarilganlarining reabilitatsiya qilinishini ta'minlashga chaqirdi. ...
4 mart 2022
Bahor kelsa, o‘rtoqlar, uyg‘onadi o‘tloqlar. Mana o‘lmagan qul bahorga ham yetdik. Og‘zimiz ko‘kka tegadigan bo‘ldi. Ko‘k barak, ko‘k somsa. ...
24 dekabr 2020
Odatda revizor taftish qilayotgan sub'ekt hali qamoqqa olinmagan va ko‘p hollarda o‘z jinoiy faoliyatini oshig‘ich g‘ayrat bilan davom qildirayotgan ...
11 oktyabr 2016
Majburiy mehnat monitoringi bilan shug‘ullanayotgan «Qo‘rqmaslar» guruhi faoli Maloxat Eshoqulovaning eltuz.com muxbiriga bergan intervyusiga ko‘ra, ularni cho‘l zonasidagi «Qirlishon» ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...