ART-DURBIN
1 avgust 2016

Qo‘ling singur Toshkent «me'morlari»ning xaltako‘chasi

Eski ToshMIning Nikolay g‘ishtdan qurilgan va O‘zbekiston tarixiy yodgorliklar idorasi muhofazasida bo‘lgan binosi Bosh vazirning bir imosi bilan buzildi. Tibbiyot akademiyasi bosh vrachi Jasur Rizaevga yaqin manbaning eltuz.som muxbiriga aytishicha, bino madaniy meros idorasidan izn olmasdan buzilgan.

rasm1725
19 asrda qurilgan Qo‘qon, «Restavratsiya»dan so‘ng tipik karimov me'morchiligi turqini oldi.

«Hech qanaqa hujjat yo‘q buzishga. Bosh Vazir hazratlari ikki kunda buz dedilar, buzdik“, deydi manba. Eski ToshMI binosi Bosh vazirning og‘zaki buyrug‘i bilan vayron qilingan birinchi bino emas.

Mamlakatning me'moriy o‘zligi va vizual imidji masalasi shu qadar qorishiq bo‘lgani bois biz bu muammoga yana qaytamiz.

rasm1724
Qo‘qonning sahrodagi «Istiqlol Brodveyi» shahardagi yagona otel. Bino yetarli darajada zamonaviy ko‘rinadi, biroq mutlaqo shahar landshaftiga qorishmaydi.

O‘zbekistonning me'moriy yuzi bilan bog‘liq muammo haqiqatdan ham ko‘p bo‘lgani bois mamlakat qiyofasining yo‘qlikka yuz tutishi borasida havotirlar yangramoqda. Bosh muammo qadimiy yodgorliklarni aqlsizlarcha restavratsiya qilish va qurilish sohasini xaltako‘chaga kiritgan bedodlikdir. Bunga yana sifatli va yangi arxitekturaning yo‘qligi hamda soha mulozimlarning qovoq kalasidagi mutlaq xaosni ham qo‘shish mumkin.

Mulozimlar arxitektura taraqqiyoti borasida aniq rejaga ega emas va buni biladigan professional me'morlarni ham ishga jalb qilishmayotir. Binolar stixiyali tarzda insho bo‘lib yana stixiyali tarzda vayron qilinmoqda. Shoir aytgandek “Men bir qora kunda tug‘ildik, tug‘ildimu shu on bo‘g‘ildim”.

rasm1722
Samarqand. Shafqatsiz «o‘zbekchasiga restavratsiya».

Eski binolarni me'moriy restavratsiya qilish siridan bexabar qurilish shirkatlariga qadimiy binolarni ta'mirlash topshirilmoqda. Korruptsiya va o‘g‘irlik izlari esa shundoq ko‘rinib turibdi. Buni oddiy odamlar ham ko‘rib bosh chayqashmoqda. Oqibatda bizning ko‘z oldimizda beso‘naqay binolar, qo‘lbola restavratsiyadan chiqib badbashara qilingan obidalar qo‘qqaymoqda.

Buning barobarida original binolar yer bilan yakson qilinib O‘zbekistondagi shaharlar disgarmoniyaning zaharli muhiti ichida qolmoqda. Bu shaharlarda mahalliy amaldorlarning bachkana “didi” anqib turibdi.

rasm1723
Toshkent, tipik bino nusxalari tamg‘alanmoqda

Umrida biron kitob o‘qimagan, vizual estetikadan mutlaq behabar tuman podshoxchalarining amrini vojib qiladigan sharlatan quruvchilar “ijodi” esa odamni dahshatga soladi. Boz ustiga mahalliy hokimiyat akaxonligida ishlaydigan bu “qo‘ling kesilgur” me'morlar, sharlatan quruvchilar, konkurssiz tarzda “tenderlarni yutib” ishlagan pulidan cho‘tal uzatish payida. Bularning bari O‘zbekistondagi izolyatsionizm siyosatining zaxarli mevalaridir. Maxalliy arxitektorlar dunyo estetikasi tendentsiyalaridan ihota bo‘lgan xolda o‘zicha ko‘rpa ostida “rivoj” topmoqda.

rasm1721
Qo‘qon, «restavratsiya»ning yana bir qurboni. Tillarang gumbaz, yangi kelgan restavratorlar fantaziyasining sarcho‘qqisi.

Oqibatda ko‘rpani tagini dunyo deb o‘ylaydigan me'morlaru, buzishdan zavq oladigan gerostrat mulozimlar qilmishi bois shaharlar va unda istiqomat qilayotgan avlodning didi zarar ko‘rmoqda. Afsuski kelajak nasllarning ham didi o‘tmaslashsin deya hamma ish qilindi.

Akmal Rizaev,
O‘zbekistonlik muallif tahallusi
Eltuz.com

 

Tag‘in o‘qing
19 iyun 2018
Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki 2018 yil 1 choragi bo‘yicha xususiy shaxslarning Rossiyadan boshqa mamlakatlarga jo‘natmalari statistikasini e'lon qildi. MDH ...
18 may 2016
Farg‘ona viloyatidagi bog‘chalardan birining bog‘cha opalari bugun yengil tin olishdi. Axir bir oy qurt boqishni o‘zi bo‘ladimi? Erta tongda ...
6 aprel 2016
Rassom Elsevar yana bir bor Eltuz.com mushtariylari e'tiborini O‘zbekistondagi hukumat amaldorlari tomonidan amalga oshirayotgan yovvoyilik, mamlakatning ekofondini yo‘qqa chiqarishga ...
7 avgust 2021
Barchaga marhabo. “Eltuz”chilar dam olishdan qaytyapti birin-ketin. Ishni boshlashdan oldin soatlarni to‘g‘rilab olsak.  1. Rassom TUZ O‘zbekistonda majburlab vaktsinatsiya ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...