Asosiy mavzular
29 avgust 2016

Partiya yetakchisi rahnamosini nega unutdi?

«XXI asr» gazetasida (25.08.2016) O‘zLiDeP partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining «istiqlol bergan ulkan imkoniyatlar, erishilgan bemisl yutuqlar»ga bag‘ishlangan «Yaratuvchanlik va bunyodkorlik yo‘li» sarlavhali maqolasi e'lon qilindi.

Maqola mustaqillikning ilk yillarida «bizga sobiq ittifoqdan jar yoqasiga kelib qolgan, iqtisodi batamom izdan chiqqan davlat, aholining ertangi kunga ishonchini so‘ndirgan ochlik, qashshoqlik kabi ijtimoiy muammolar meros bo‘lib qolgani»dan yozg‘irish bilan boshlanadi.

Keyin esa yana o‘sha-o‘sha eski gaplarga o‘tiladi. «Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan izchil islohotlar natijasida tarixan qisqa davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 6 barobardan ko‘pga o‘sib, aholining real daromadlari jon boshiga hisoblaganda qariyb 12 barobar oshgani», «keyingi o‘n bir yil davomida yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarishning o‘sishi 8 foizdan kam bo‘lmagani» kabi qator «yutuqlar» birma-bir sanab chiqiladi.

E'tiborli jihati shundaki, maqola anchagina katta bo‘lishiga qaramay, unda faqat bir joyda, u ham bo‘lsa, 1991 yilda qabul qilingan farmon munosabati bilan yurtboshi eslatilgan, xolos.

G‘ayriodatiy holat emasmi bu? Odatda partiyalar vakillarining bunday maqolalarida prezidentning nomi qayta-qayta tilga olinadi, «xalqimizning barcha yutuqlari» unga bog‘lanadi.

O‘zLiDeP yetakchisining maqolasida madh, asosan, prezident emas, istiqlol sha'niga aytilgani, ular bir-biriga qorishtirib tashlanmagani nimani anglatarkin?!

XDPga aholi qanday muammolar yuzasidan shikoyat qiladi?

rasm3003«O‘zbekiston ovozi» gazetasida (27.08.2016) «Murojaat e'tiborsiz qolmaydi» degan dabdabali sarlavha bilan e'lon qilingan maqola O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Xorazm viloyat, shahar, tuman kengashlari qoshida tashkil etilgan jamoatchilik qabulxonalari «elektorat murojaatlarini o‘rganish va ularga yechim topishda muhim o‘rin tutayotgani»ni ta'kidlashdan boshlanadi.

Unda aytilishicha, joriy yilning shu davrigacha jamoatchilik qabulxonalariga fuqarolardan 248 ta murojaat tushgan bo‘lib, ularning 80 foizi ijobiy hal qilingan. Bank plastik kartochkalari orqali to‘lovni amalga oshirishdagi muammolar yechimiga alohida e'tibor qaratilgan.

Aytish kerakki, plastik kartochka muammosini butun bir hukumat hal eta olmayotgan bir paytda partiya bu masalaga alohida e'tibor qaratib, uning yechimiga erishganiga ishonish qiyin. Hatto partiyaning bu borada parlament orqali ham biror sa'y-harakat qilgani to‘g‘risida ma'lumot topa olmaysiz.

Maqolada jamoatchilik qabulxonalariga tushayotgan murojaatlarning aksariyati moddiy yordam, ish bilan ta'minlash, kommunal soha, ichki yo‘llarni ta'mirlash masalalari bilan bog‘liqligi ta'kidlanadi.

Avvalo, butun bir viloyatdan bor-yo‘g‘i 250 ga yaqin murojaat tushganining o‘ziyoq aholining partiya jamoatchilik qabulxonalariga ishonchi yo‘qligi in'ikosi aslida. Qolaversa, yuqorida eng ko‘p tushgani aytilgan murojaatlarda ko‘tariladigan masalalarni hal qilib berishga XDPning kuchi yetarmikin?

Qiziltepa yuz foiz gazlashtirilganmi?

rasm3002«Qishloq hayoti» gazetasi (27.08.2016) Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani yuz foiz gazlashtirilganini e'lon qildi.

Gazetaning yozishicha, tumanni gazlashtirish o‘tgan asrning 50-yillari oxirlaridan boshlanib, o‘shanda tuman markazi va Bo‘ston qo‘rg‘oni tabiiy gaz bilan ta'minlangan. Boshqa hududlarini gazlashtirish loyihalari esa mustaqillikkacha faqat qog‘ozda qolib ketgan.

«Bugun Qiziltepa viloyatning yuz foiz gazlashtirilgan tumanlaridan biri. Uning eng chekka hududi – O‘rtacho‘l massiviga ham mustaqillik tufayli tabiiy gaz yetib borib, uy bekalarining og‘iri yengillashdi», deyiladi gazetada.

Shu munosabat bilan o‘rtacho‘llik fermerlardan biri tilidan «ayniqsa, biz, ayollar, onalarga muhtaram yurtboshimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e'tibor va rag‘batdan boshimiz osmonda…. Barcha sohalarda otalarcha g‘amxo‘rlik, oqilona siyosat tufayli tinchlik va barqarorlikning samarasini har qadamda sezib, his etib turibmiz», deyiladi.

Nashr endilikda tumandagi 24 ming 725 xonadon gazdan foydalanib, 17,5 mingdan ortiq oilaga gaz quvurlar orqali, 7 mingdan oshig‘iga esa suyultirilgan holda yetkazib berilayotganini bildirgan.

O‘zbekistonning Toshkentdan tashqari barcha viloyatlari, tuman va shaharlari, ayniqsa, qish mavsumida gazsiz o‘tirganini mahalliy jurnalistlar «ko‘rmayotgan» bo‘lsa-da, xalq bilib-ko‘rib turibdi.

Shuning uchun Qiziltepada gaz muammosi yuz foiz hal etilganiga ishonish qiyin.

Qiziltepaliklar, haqiqatan ham gaz bilan ta'minlanish borasidagi muammolaringiz to‘liq hal etilganmi yoki gazeta mushtariylarni yana aldayaptimi?

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 oktyabr 2018
Ijtimoiy tarmoqda Jurnalistika universiteti rektori, Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jaevning paxta terayotgani aks etgan fotosuratlar paydo bo‘ldi. Birinchi rasmda ...
9 may 2019
“Ishdagi ishq”, “Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi”, “Sannikov yeri” kabi kinolarni o‘zbek tilida gapirtirgan dublyaj rejissyori Mirg‘iyos Soatov 9 may ...
30 sentyabr 2019
Toshkentning “Malika” maishiy texnika bozorida soqollilarning qirtishlanishidan kishti kelgan Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev soqol va hijobga qarshi “urush” ...
26 oktyabr 2022
Xorazm viloyat Gurlan tumani, Yangiobod-sholikor qishlog‘i «O‘yilma» mahallasidan Eltuzga 25 oktyabr kuni kelib tushgan videoda fermerga sholi ekinini yig‘ib ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...