Asosiy mavzular
17 oktyabr 2016

Virtual qabulxona «odil podsho»ning marhamatimi?

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston matbuoti bosh vazirning virtual qabulxonasini salkam «adolat uyi»ga tenglashtirib qo‘ydi, desak xato bo‘lmaydi.

Hozir har bir nashrda bosh vazirning bu qabulxonasiga murojaat etish har qanday muammoning yechimi kaliti bo‘layotgani haqida maqolalar chop etilmoqda.

Xususan, «XXI asr» gazetasining (13.10) yozishicha: «Ilgari birini aka, birini uka deb, yalinib-yolvorib zo‘rg‘a ishimizni bitirardik. … 10 million so‘m kredit olish uchun 3-4 oy ovora bo‘lardik. Yugur-yugur, qog‘ozbozlik… hali bank rahbari, hali kredit bo‘limi boshlig‘i ovorai sarson qilardi. O‘shanda bularning o‘yinlarini yuqoridagilar bilarmikin, degan xayolga borardik».

«Quvonarlisi, bugungi tadbirkor xuddi ana shunday muammolarni bir zumda hal qilishi mumkin. Buning uchun bosh vazirning qabulxonasiga murojaat qiladi. Qarabsizki, masala hal», deyiladi gazetada.

Unda ta'kidlanishicha, bir fuqaro xorijda operatsiya qildirish uchun zarur bo‘lgan 36 ming dollarni konvertatsiya qilish uchun Markaziy bankka, Milliy bankka qilgan murojaatlari bekor ketgan. Bosh vazir virtual qabulxonasi orqali Shavkat Mirziyoevga arz qilganidan so‘ng esa muammosi hal bo‘lgan.

Yana bir fuqaro nafaqa bo‘yicha yechimini topmagan muammosini shu qabulxona orqali hal etganidan minnatdorligini bayon qilgan.

Gazeta O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi hududiy kengashlarida ham aholidan shunday murojaatlarni qabul qilib, bosh vazir nomiga yo‘llash ishlari yo‘lga qo‘yilganini bildirgan.

E'tiborlisi jihati shuki, o‘zbek matbuoti bosh vazir nomiga yo‘llangan murojaatlarda tilga olingan muammolar darhol yechim topayotganiga urg‘u bermoqda. Murojaatchilar tilidan esa bosh vazir nomiga minnatdorlik bildirilishi tobora ko‘proq uchrayotir.

Mustaqil kuzatuvchilar bu holatni O‘zbekiston xalqi uchun yangi yurtboshi yasash sari qo‘yilgan navbatdagi qadam o‘laroq baholamoqda.

«Adolatparvar» bosh vazir shu vaqtagacha nega xalqning muammolarini bunday tezkorlik bilan hal yetmagani, bu ishlar nega «buyuk davlat arbobi» vafotigacha amalga oshirilmagani sabablari haqida esa mahalliy matbuot lom-mim demayapti.

Mirziyoevning virtual qabulxonasiga bu qadar katta shikoyatlar oqimini o‘zbek propagandasi ijobiy fakt sifatida talqin qiladi, biroq taniqli ijtimoiy tahlilchi Alisher Ilhomovning bu haqdagi fikri o‘zgacha:

«So‘nggi kunlarda virtual atalmish qabulxona atrofida ovozalar paydo bo‘ldi, u yerga allaqachon 20 ming shikoyat tushdi. Bu faktni qanday baholash kerak? Eng avvalo, odamlarda shu qadar ko‘p yechilmagan muammolar yig‘ilib qolganki, normal tartibda buni mahalliy sudlar va boshqa vakolatli idoralar qonunga ko‘ra hal qilishi mumkin edi. U yerlarda bu muammolar yechilmaganidan kelib chiqib, so‘nggi umid podshoning sharofatidan kutiladi. Shu tarzda yaxshi podshoh va uning yomon mulozimlari haqidagi afsona qo‘llab quvvatlanadi.

Amaliy nuqtai nazardan, 20 ming shikoyatni (hali yana minglab keladi) ko‘rib chiqish uchun butun boshli davlat mahkamasi lozim. Buning ustiga har bir holat qonun bo‘yicha hal qilinishi, ustidan arz qilingan shaxsga ham o‘zini oqlash imkoni qoldirilishi kerak. Bu aynan fuqarolik va jinoiy ishlar bo‘yicha sudlar, advokatlar va prokurorlar shug‘ullanishi lozim bo‘lgan ishlardir. Bunday ko‘lamdagi ishni bosh vazirning ikki-uch yordamchisi albatta eplolmaydi. Buning o‘rniga yaxshisi sud tizimini yaxshilash va uni odamlar ishonadigan qilish kerak emasmi? Virtual qabulxonaning o‘ylab topilgani davlat tizimidagi qusurlar va chirkinliklarni, mamlakatda qonun ustivorligi yo‘qligini namoyish etadi. Biroq, bu odamlar qanday yechilmayotgan muammolar bilan to‘qnashayotganini va ular nimaga yechilmayotganini tadqiq etish uchun bir imkoniyatdir. Ya'ni bu shikoyatlar uyumini tadqiqotchilarga ta'lil uchun berish kerak. Biroq qo‘rqamanki, ularni qandaydir g‘aznaga tashlashadi va unutishadi. Nari borsa 3-4 holatni xo‘jako‘rsin uchun tanlashlari mumkin».

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 aprel 2021
Namangan viloyatining Kosonsoy tumani «Cuvoqova» korxonasi direktori Muhammadali Kamolov doxil jami to‘rt kishi tashkilot chilangari Abdullo Eshonxo‘jaevni 7 aprel ...
18 yanvar 2019
Prezident Mirziyoev mamlakatning xorijda muzlatilgan korruptsiya pullarini qaytarish va chet el sarmoyasi kiritishga jahd qilarkan, tag‘in O‘zbekistonning oldingi prezidenti ...
21 may 2019
Samarqand viloyatining Tayloq tumanida yashovchi 60 yashar bog‘bon Norqul Hotamov turar joy va issiqxonalardan iborat ko‘chmas mulklarini tumanning sobiq ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...