Asosiy mavzular
5 noyabr 2016

Hukumatni najot qal'asi deb bilgan shoir o‘ldi

O‘zbekiston Xalq shoiri, O‘zbekiston qahramoni Abdulla Oripov 5 noyabr kuni ertalab AQShning Xyuston shahrida 75 yoshida vafot etdi. Eltuz.com manbalariga ko‘ra, shoirning jasadi yanagi haftaning seshanba kuni O‘zbekistonga keltiriladi.

Shoir Abdulla Oripov haqida “Buyuk shoir” va “Hukumat laganbardori” deya aytadigan ikki guruh bor. Nafsilambirini aytganda bu ikki tasnif ham yashashga loyiq.

Sovet Ittifoqini stalinizm jaholatidan qutqarish ilinji sifatida tarixga kirgan, Nikita Xrushchev iqtidori dovyurak shoirlarni maydonga chiqardi.

Bella Axmadullina¸ Yevgeniy Yevrtushenko kabi shoirlar yetishgan bir davrda imperiya muzofoti bo‘lmish O‘zbekistonda dunyoga kelgan mitti yulduzning ismi Abdullla edi.

Abdulla Oripovning ilk she'rlaridagi dard stalinchi o‘zbek munaqqidlarini hurkitgani rost.

Ular Oripov she'rlaridagi “yig‘i” degan jumlaga osilib “sovet shoiri yig‘lamaydi” deya depsinishdi.

Oripov o‘z mavqeyini himoya qilish o‘rniga¸ iqtidorga qarata murosa qo‘lini cho‘zdi. O‘z kemasi va tsenzura bandargohini andishadan to‘qilgan murosa arqoni bilan bog‘lashga urindi.

Abdulla Oripov keyinchalik Sovet davrida sho‘ro targ‘iboti ruhida she'r yozganini e'tirof qiladi:

  • Bir kuni xonadonimizga tuman rahbarlari mehmon bo‘lib kelishdiyu, chamamda musallasxo‘rlik ham qilishdi. Ularning ba'zilari she'r yozib yurganimdan xabardor ekan shekilli, daf'atan chaqirib, menga «she'r o‘qi» deb qolishdi. Men «Kreml devorlari» degan she'rimni tantanali ravishda o‘qidim. Yaqinda yuz yoshni qoralab, qazo qilgan Hamroqul ota Mamedov edi shekilli (o‘shanda rayijroqo‘m raisi), kayfiyati balandmikan, dadilligi qo‘zib, «o‘g‘lim o‘zing Kremlni ko‘rganmisan?» deb qoldi. Men «Yo‘q» dedim. U kishi «Bo‘lmasa ko‘rmagan narsangni bunday keyin yozma!», deb qoldi. O‘shanda yegan dashnomim menga hozirgacha dars bo‘lib kelayotir, – deya keyinchalik ta'kidlagan bo‘lsa ham shoir “qizil” she'rlar yozishda davom etdi.

Avangard shoirlar hazar qilgan TsK KPSS ya'ni kommunistlar markazqo‘mini Oripov “Najot qal'asi” deyishgacha bordi.

Oripovning mamlakatga musibat keltirgan kommunistlar qarorgohiga sig‘inishi u bilan tengdosh Rauf Parfining g‘azabini keltiradi.

TsK KPSS emas – “Yurak senga najot qal'asi” deb yozdi Rauf Parfi.

Oripovdan keyingi to‘lqinning darg‘asi ulkan shoir Muhammad Solih nazarida bu holat “sayroqi qushning odam tiliga o‘tgani kabi” bo‘ldi.

Kursida o‘tirar ko‘zlari botiq,
Sochlari oqarib ketgan qush.
Sayrashni unutgan,
Bizning tilimizga o‘tib olgan u.

Bizning tilimizda gapirgan kuni
Sochlari oqarib qolgan qush.

Ammo she'rga Cho‘lponlar davridagi unutilgan jarangni keltirgani uchun Oripov muxlislar sevgisidan mosuvo bo‘lmadi.

1981 yilda munaqqid Ibrohim Haqqul aynan shu masalada Muhammad Solih bilan tortishadi.

Ëshlik jurnalida chop qilingan munozarali maqolada munaqqid Ibrohim Haqqul nazarida Oripov modern she'riyat yalavbardoridir:

-Biz Abdulla Oripovning birinchi she'rlarini maktabda o‘qiy boshlagan edik. Kundan-kunga unga qattiq bog‘landik — ona O‘zbekistonimiz suvratini boshqacha ko‘rib, uning yurak asarlariga kengroq qaraydigan bo‘ldik.

Shu ma'noda Abdulla Oripovning bugungi yoshlar she'riyatiga ko‘rsatgan ta'siri ham shubhasiz, albatta. Yo‘q, boshqa shoirlar ijodini kamsitib, Abdulla Oripov she'riyatini yagona mezon qilib ko‘rsatmoqchi, deb o‘ylamang.

G‘afur Hulom, Hamid Olimjon, Mirtemir kabi ulkan san'atkorlarning an'analarini davom ettirib, vatan mavzuida o‘z gaplarini aytayotgan, shu tufayli o‘quvchilarning mehr-muhabbatini qozongan shoirlarimiz ko‘p.

She'riyat — butun mohiyati bilan bedorlikka da'vat. Shoirlik ruhan bedorlik, jamiyat, davr, xalq, eng avvalo vatan oldidagi bedorlik. Shoir odam mudroq hissiyotlarga tayanib yashashi, ma'lum bir toifa kishilarga o‘xshab vatan va uning qismati bilan bog‘liq voqea-hodisalarning sharpalarinigina ko‘rib-ko‘rmasdan qanoat qilishi mumkin emas.

Uning mangu beorom ruhi, halovat bilmas yuragi qaysi bir darajalarda bo‘lmasin, aniqlik markazi. Unda vatan to‘g‘risidagi muqaddas haqiqatlar aks etadi. Unda chin erk va istiqbol timsoli — hur vatan yashaydi. Mana shuning uchun shoir qalbini biz olam ichidagi nurli va tayanch — olam — rostlik olami o‘rnida qabul qilamiz. Lekin ko‘pgina yosh shoirlarning she'rlarida vatandan ko‘ra unga “doir” asosi sust his-tuyg‘ular aks etayotganga o‘xshaydi. Yoki menga shunday tuyulayotirmi?

Bu savolga javob bergan Muhammad Solihning Oripovni tanqid qilgani 1981 yilda ko‘plarning taajjubini uyg‘otdi:

«Vatan — men uchun mutlaqo shaxsiy, ichki tushunchadir. Bu haqda ko‘p gapirish, ochiq-yalang‘och so‘zlash axloqsizlikning bir ko‘rinishiga o‘xshaydi. Siz yoshlarni aytayapsiz. Aslida, bu nasdan-naslga o‘tib kelayotgan kasallik: ba'zi yosh emas shoirlarimizning ijodi o‘sha kasallik “sharofati” bilan yashab kelyapti. Bugungi kunda deklarativlikning yomon ekanligini gapirib o‘tirishning o‘zi uyat. Ammo, gapirishga to‘g‘ri keladi. Balkim, o‘n yildan keyin bu uyat yanada kuchayar, biroq o‘shanda ham gapirishga to‘g‘ri kelmasa, deb qo‘rqadi odam. Menimcha, o‘quvchini hayajonga soladigan har qanday yaxshi she'r vatan haqidagi she'r bo‘lib qolaveradi. Ya'ni, maysaga bag‘ishlab “asosi sust” she'r yozgan odam Siz aytgan “mavzu”da ham durust narsa yozishi gumon. Nimaga shunday? Bilmayman. Bir narsa deyish qiyin.

… Barglar orasiga tinmasdan sira
Oshno yulduzlardan to‘kiladi nur.
Bilmayman, qiynaydi qaysi xotira,
Titroq yulduz kabi muzlagan shuur.

Mag‘lub bahodirning nayzasi misol,
Ma'yus egiladi terak uchlari.
Barglar soyasida o‘ynaydi behol
Uyqudagi qizning bedor tushlari…

Bu Abdulla Oripovning “Bahor kunlarida kuzning havosi” she'ridan bir parcha. Nazarimda, uni vatan haqidagi yuksak she'riyat namunalari qatoriga qo‘ysa arziydi. Lekin afsuslar bilan shuni tan olishga majburmiz-ki, hatto Abdulla Oripovday katta shoir ijodida ham goho o‘z iqtidori va avvalgi shijoatiga nomunosib holatlar ko‘rinib qolyapti: shoirning keyingi kitoblaridagi ayrim madhiya she'rlar uning eng sodiq muxlislari davrasida ham parokandalik uyg‘otdi¸ degan edi 1981 yilda Muhammad Solih.

Abdulla Oripovning so‘nggi she'rlarida¸ umr ibtidosidagi Oripov ayta olmagan dard tasvirini ko‘ramiz. Masalan, o‘zbek rasmiy matbuotida nashr etilmagan mana bu misralarni mutolaa qilsak.

Men uzoq davrlar qaroqchi bo‘ldim,
Shu yo‘lda toblandi, aql va yurak.
O‘zimdan o‘tganin men o‘zim bildim,
Sen nega qaroqchi bo‘lmog‘ing kerak?

Men yopiq qo‘rg‘onda yashadim qo‘rqib,
Najot devoriga tirmashdim uzoq.
Sen nega dunyoga qaraysan hurkib,
Nega sen bo‘lishing kerakdir qo‘rqoq?

Qasamxo‘r dunyoda kun ko‘rmoq uchun,
Aytmagan yolg‘onim qolmadi biror.
Sen-chi, hiylakorlik qilasan nechun,
Senga o‘trik aytish nimaga kerak?

Duch kelgan kimsaga qildim xushomad,
Oyog‘in yaladim mushukday hatto.
Egildi bir zamon tik bo‘lgan qomat,
Bu holni senga hech ko‘rmasman ravo.

Endi sen bobolar shavkatiga boq,
Aktyordek soxtakor shavqlarga to‘lma.
Men hayot qo‘lida bo‘ldim o‘yinchoq.
Baxtsiz yashab o‘tdim, sen baxtsiz bo‘lma.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 aprel 2015
Jurnalist Qudrat Bobojanov rasm chizadi. Islom Karimov rejimi uning nazdida, o‘zini o‘zi yeydigan va tag‘in boshqa minotavrchalar siz bilan ...
4 yanvar 2020
Dengizda shamol ko‘tarilarkan, bu shamol kimningdir elkanini shishirib manziliga eltadi. Kimningdir kemasi esa shamolga chiday olmay g‘arq bo‘ladi.  Keyingi bir oy ichida 68 ...
23 dekabr 2015
Eltuz Mamadali Mahmudov bilan jurnalist Maloxat Eshonqulova qilgan videosuhbatning birinchi qismini e'tiboringizga havola qiladi.
22 dekabr 2021
Dekabr oyi o‘rtalarida internetda Farg‘ona viloyati tug‘ruqxonasiga kelgan tug‘roq holatidagi ayol propiskasi boshqa joyda bo‘lgani sababli shifokorlar tomonidan qabul ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...