O‘zbek hukumatining san'at asarlariga bo‘lgan ikki xil munosabati
Bundan roppa rosa uch yil burun, 2014 yilning dekabrida Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi O‘zbekiston davlat san'at muzeyi bosh muhofizi Mirfayz Usmonovni 9 yilu 3 oyga ozodlikdan mahrum qilgan edi.
Jinoyat ishiga muzey fondidan yo‘qolgani va qalbakisiga almashtirilgani aniqlangan 25 ga yaqin rangtasvir asari asos bo‘lgan.
Biroq, ayni muzeyga taalluqli ayrim tasviriy san'at asarlari 2013 yili uy qamog‘iga tashlangani iddao qilinadigan prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyidan topilgan edi.
2015 yilning 25 avgustida esa suvratlar kamomadida ayblanib Nukusdagi Qoraqalpoq Davlat can'at muzeyi direktori Marinika Bobanazarova ham ishdan bo‘shatildi.
Marinika Bobonazarova o‘zining ishdan bo‘shatilishini hukumat dohil shaxslarning muzey durdonalarini talon taroj qilishlari uchun ochilgan yo‘l deya baholagan edi.
Jumladan o‘tgan yili 32 nodir kartina MXX zobiti bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Savinkov uyidan topilgan.
O‘z davrida Gulnora Karimova va uning MXXdagi shotirlari uchun ochilgan, san'at durdonalari maskanlarining kalitlari bugun boshqa shaxslar qo‘lida jaranglarkan, oldingi davrda kamomad qilgan muxofizni jazolashdan boshqacha munosabatni ham ko‘ramiz.
Masalan, hukumat nazdida istalmagan shaxs deya ko‘rilgan rassomning asarlarini yoqish istagini.
Shu yilning 2 dekabr kuni Urganch Suvratlar galereyasini tekshirgan MXX xodimlari Galereya bosh muxofizi Shirin Toshevaga taniqli rassomlar Vyacheslav Ohunov va Shuhrat Bobojonov mo‘yqalamiga mansub 25 tacha asarni yoqishni buyurishdi.
Hamkasbi Mirfayz Usmonovdan farqli Shirin Tosheva bunday jinoyatdan ko‘ra ishdan bo‘shash haqida ariza yozishni ma'qul ko‘rdi.
MXX tomonidan Urganchdagi rangtasvir asarlarini yoqib yuborilishiga karshi petitsiyani shu yerda imzolashingiz mumkin.
Eltuz.com