Asosiy mavzular
19 dekabr 2016

Yevroparlament O‘zbekistonni bolalar ekspluatatsiyasini to‘xtatgani uchun mukofotladi

«Xalq so‘zi» gazetasi (17.12) «Jahon» axborot agentligiga tayanib Yevropa parlamenti O‘zbekiston bilan «to‘qimachilik bitimi»ni ratifikatsiya qilish uchun ovoz berganini xabar qildi.

Unda yozilishicha, Yevroparlamentning yalpi yig‘ilishida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlik bitimiga to‘qimachilik savdosiga oid o‘zgarishlar kiritish to‘g‘risidagi protokol ma'qullangan.

Bu hujjatning ratifikatsiya qilinishi YeIga O‘zbekistondan to‘qimachilik mahsulotlari import qilishga qulayliklar yaratadi va boradagi ko‘plab cheklovlarning bekor bo‘lishini ta'minlaydi.

Maqolada Yevroparlament xalqaro savdo qo‘mitasining O‘zbekiston bo‘yicha ma'ruzachisi Mariya Arena xonimning ko‘pchilik hamyurtlarimizni salbiy ma'noda hayratlantiradigan gaplaridan iqtiboslar keltirilgan.

Bu xonim «O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida mamlakatda munosib mehnatni ta'minlash bo‘yicha sezilarli natijalarga erishgani»ni ta'kidlab, «XMT hisobotlariga ko‘ra, 2015 yilda O‘zbekiston bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmaydigan davlatga aylandi», deya o‘zbeklar nazarida g‘irt yolg‘on bo‘lgan so‘zlarni aytadi.

Nega bu yolg‘on? Chunki bu gaplar bilan yevropaliklarni aldash mumkindir, ammo minglab bolalari hatto 2016 yilda ham paxta dalalariga quvilgan o‘zbeklarni aldab bo‘lmaydi.

Joriy yilda kamida 3-ta viloyatda kattalar qatori maktab o‘quvchilari ham paxta terimiga jalb etilgani haqida erkin matbuot, fuqarolik jamiyati faollari yetarlicha asoslangan ma'lumotlarni taqdim etdi.

O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumining bu boradagi monitoringga oid hisobotida ham ko‘plab shunday holatlar haqida so‘z boradi.
Shuningdek, unda mamlakatda paxta terimi mavsumida majburiy mehnatni monitoring qilayotgan faollar ta'qib va tazyiqlarga duchor qilingani aytiladi.

Shunga qaramay, M.Arena xonim «mamlakat hukumati XMT, Jahon banki va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan ushbu yo‘nalishda (ya'ni bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik borasida – tah.) olib boriladigan faoliyatda o‘zining sodiqligini namoyon etmoqda», deydi.

Aslida O‘zbekiston hukumati bolalar mehnatiga chek qo‘yish emas, balki bolalar mehnatidan foydalanishni davom ettirish siyosatiga sodiq qolmoqda. Buni joriy yilgi paxta mavsumi yanada yaqqolroq ko‘rsatib berdi.

Shunday bo‘lsa-da, 2014-2020 yillarda Yevrokomissiya O‘zbekistonga qishloq joylarni rivojlantirish uchun 168 million yevro ajratishini qo‘llab-quvvatlash ma'qul ko‘rinadi. Zora bu yordam O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanish ko‘lami kamayishiga olib kelsa!

2016 yilgi paxta mavsumida majburiy mehnatga oid hisobotni bu yerda rus tilida o‘qishingiz mumkin.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 yanvar 2023
Bir vaqtlar juda shiddatli bo‘lgan daryoning quyi qismi bo‘ylab sayohat qilar ekan, muayyan ekologik halokatning oldini olish qanchalik mushkul ...
9 sentyabr 2016
Mustaqil matbuotda va ijtimoiy tarmoqda Karimovning nojoiz joyga dafn etilgani, zudlik bilan maqbara qurish uchun 120 tacha mozor buzilgani ...
29 dekabr 2020
Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi, 70 yoshli Ismoil Ospanov “Eltuz” orqali o‘z turkum chiqishlarini davom ettirib, navbatdagi videosini qishloq xo‘jaligidagi yer ...
17 oktyabr 2020
15 iyul kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida 8 yoshli qizni 29 yoshli M.Z. erkak maktab hojatxonasida zo‘rlamoqchi bo‘lgan. Bu ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...