Va'da qilingan mashina terimi o‘rniga munosabatbozlik
Mahrum prezident Islom Karimovning har bir chiqishi, va'dalari ortidan xalqning turli qatlami vakillarining bu chiqishlarga munosabat bildirishi sovet davridan qolgan mazkur an'ananing umri uzayishiga xizmat qilib kelayotgan edi.
Yangi prezidentning chiqishlari ortidan ham mahalliy nashrlarda munosabatbozlik avjiga mindi. Xususan, Shavkat Mirziyoevning Konstitutsiya kuniga va prezident lavozimiga kirishishga bag‘ishlangan tantanali marosimlardagi ma'ruzalari ortidan gazetalar sahifa-sahifa munosabatlarni chop etmoqda.
«Adolat» gazetasida (16.12) e'lon qilingan ana shunday munosabat maqolalarning birida shu nomdagi partiyaning parlamentdagi deputati ko‘pchilik biladigan, lekin ochiq aytilmaydigan bir haqiqatni oshkor qilib qo‘ygan.
Bu maqolada deputat Qonunchilik palatasiga tashabbus huquqi asosida kiritilayotgan qonun loyihalarining asosiy qismi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilayotganini tan olgan.
Ya'ni u xalq saylagan deputatlar hukumat tayyorlagan qonun loyihalarini tasdiqlash bilan band ekanini, ularning o‘zlari qonunchilik tashabbuslari borasida deyarli ish qilmasligini aytib qo‘ygan.
«O‘zbekiston ovozi» gazetasi ham o‘z muassisi bo‘lmish Xalq demokrati partiyasi faollarining Sh.Mirziyoev ma'ruzalariga qator munosabatlarini e'lon qildi.
Bu faollar yangi prezident tilga olgan masalalarning «dolzarbligi» haqida to‘lib-toshib gapirib, mazkur ma'ruzalardan kelib chiqadigan «vazifalarni belgilab olish» bilan mashg‘ul shu kunlarda.
Eng qizig‘i, ular avvalgi prezidentning ma'ruzalaridan «kelib chiqadigan vazifalar»ni ham juda tez belgilab olar, ammo bu vazifalar ijro etilmay qolib ketaverar edi.
Shuning uchun xalqda bu faollarning Sh.Mirziyoev ko‘tarayotgan masalalarni yechish va'dalariga nechog‘lik ishonish mumkin, degan istihola paydo bo‘lishi tabiiydir.
Ayni paytda Mirziyoevning o‘zi ham va'dasining ustidan chiqishi bilan maqtana olmaydi. Uch yil avval u, 2016 yilda paxtaning 90% mashinalarda terilishini va'da qilgan edi.
Biroq paxta hamon va'da qilingan mashinalar o‘rnini bosayotgan minglab talabalar va davlat muassasalari xodimlari qo‘li bilan terilmoqda.
Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com