Qirol o‘ldi, yashasin qirol yoki o‘zbek matbuotining o‘tgan yilgi faoliyatiga bir nazar
Biz 2016 yil davomida o‘zbek matbuotini imkon qadar kuzatib borishga harakat qildik. Mazkur kuzatishlarimiz asosida matbuotimizning o‘tgan yilgi faoliyatini shartli ravishda ikki davrga bo‘lish qaroriga keldik. Bu Islom Karimov vafotigacha va undan keyingi davrlar.
Bu davrlar mohiyat jihatdan bir-biridan unchalik farq qilmasa-da, «zamonamizning bosh qahramoni» o‘zgargani bilan ajralib turadi.
Nomi har xil, ichi bir xil gazetalar
O‘zbek matbuotini bichilgan serkaga qiyoslash mumkin. Podaning oldida yuradi, lekin qoldiradigan izi yo‘q. Serkaning yana bir vazifasi bor. Podani kushxonaga boshlab borib, o‘zi omon chiqadi.
Gazetalar ham maddohlik, yolg‘on bilan xalq ma'naviyatini o‘ldirish orqali uni halokat yoqasiga boshlab boradi.
Xalq dilidagini gazetalar orqali ayta olmaydi, gazetalar o‘zidan bilib buni yozmaydi. Faqat hukumat belgilab bergan targ‘ibot-tashviqot bilan ovora.
Bugungi gazeta xuddi kechagisining takrori. Buning ustiga, mingdan oshiq nomda chiqadi, ichi bir xil. O‘quvchi unda jamiyatning og‘riqlarini ochiq-oydin yozilishini kutadi, bu muammolarga yechim topish yo‘llarini ko‘rgisi keladi. Ammo faqat aldov va maqtovdan boshqa gap topa olmaydi.
Bir xillik, ayniqsa, umumxalq bayramlari bo‘lmish Navro‘z va Mustaqillik kuni arafasida yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘shandayam aytiladigan gaplar o‘zgarmaydi, raqamlarda birmuncha o‘zgarishlar bo‘ladi.
Masalan, gap namunali uylar haqida borsa, deylik, Navro‘zgacha mingta uy qurilgani haqida yoziladi. Mustaqillik arafasida esa bu raqam sal ko‘payib, «bularning hammasi prezident rahnamoligida xalqimizning farovonligi yil sayin emas, kun sayin yuksalib borayotganidan dalolat» ekani ta'kidlanadi.
Bu bayramlar arafasidagi ura-uralar esa sovet davridagini changiga qoldirib ketishi shubhasiz. Gazetalarimiz go‘yoki bayramlar arafasida har xil «arzimagan muammolar»ni ko‘tarib, elning kayfiyatini tushurib qo‘yishdan qo‘rqqandek, faqat «ulkan bunyodkorlik ishlari, xalqimizning havas qilsa arzigulik farovonligi» haqida jo‘r bo‘lib kuylashga tushib ketadi.
Eng qizig‘i, O‘zbekistonda Jahon matbuot erkinligi kuni go‘yoki matbuotning to‘rtinchi hokimiyat ekanini elga ko‘rsatib qo‘yish, biz hali ham shundaymiz, degan ishora berish uchun anchagina katta tantana bilan nishonladi.
3 may arafasida chiqqan gazetalarni bir ko‘zdan kechiring, o‘zbek matbuoti o‘zini qanchalik erkin deb bilishiga guvoh bo‘lish u yoqda tursin, hay-hay demasa bunga ishonib ham qolishingiz hech gap emas. Go‘yoki «eng erkin va xolis» ommaviy axborot vositalarimiz dunyoning demokratik matbuotini o‘zidan namuna olishga chorlayotgandek taassurot uyg‘onadi.
Hatto shu sanaga bag‘ishlab hukumat «Oltin qalam» mukofotini ham ta'sis qilib bergan. Mazkur bayramga atalgan tantanali marosimda bu mukofotlar o‘z egalariga topshiriladi.
O‘zbek matbuotini yaxshilab kuzatib boradiganlar, uning past-balandini biladiganlar «Oltin qalam» mukofoti sovrindorlari ro‘yxati aslida aksariyati (hammasini deb bo‘lmasa kerak) milliy jurnalistikaning hukumat manfaatiga moslashuviga, maddohlikka eng ko‘p hissa qo‘shgan shaxslar ekanini aytadi.
Demak, bu ro‘yxatni bemalol milliy jurnalistikani ommaviy targ‘ibot quroliga aylantirib, uning komaga tushishiga sabab bo‘lganlar ro‘yxati, deb atash mumkin. Shuning uchun ayrimlar «Oltin qalam»ni «Singan qalam» mukofoti deb atashida jon borday.
Har yili mahalliy jurnalistlar kuni munosabati bilan prezident OAV xodimlariga tabrik yo‘llashi an'anasi bor. Bu tabrikda davlat rahbari jurnalistlarimizni hech kimdan qo‘rqmay jamiyat muammolarini ko‘tarib chiqish, yangi-yangi yutuqlarni qo‘lga kiritishga da'vat etadi.
«Sizlar mening eng yaqin ko‘makchilarimsiz», deb jurnalistlarning ruhini ko‘taradi prezident. Haqiqatan ham jurnalistlar shu kungacha xalq muammolaridan ko‘z yumish, «mislsiz yutuqlar, ulkan muvaffaqiyatlar»ga oid yolg‘on ma'lumotlarni tarqatish orqali ana shunday tayanch, ko‘makchi ekanini amalda to‘liq isbotladi.
Qiyofasiz partiyalarning amorf gazetalari
Partiya gazetalari alohida mavzu. Albatta, o‘zini faqat parlament ichidagi boshqa egiziga muxolifatda deb biladigan partiyalardan ham, ularning gazetalaridan ham quruq gap-so‘zdan boshqa biror narsa kutish qiyin.
Mamlakatda to‘rtta siyosiy partiya bor, lekin negadir hammasining tutumi bir xil. Rahbari ham bir kishi deb bemalol aytsa bo‘ladi. Shuning uchun bu rahbarning har bir gapini ma'qullab turadi.
Bu partiyalarning gazetalarida chiqadigan maqolalar ham bir-biridan kam farq qiladi. Ayniqsa, biror qonun yoki farmon qabul qilinganda bildiriladigan an'anaviy munosabatlar (sovet davrida jurnalistlar buni otklik derdi) mazmuni bir, lekin mualliflari har xilligi bilan darhol ko‘zga tashlanadi.
Prezident saylovi kampaniyasi davrida bu nashrlarning «tishsiz» ekani yaqqol namoyon bo‘ldi. Birortasi «bizning nomzodimiz prezidentlikka eng loyiq» deyishga tili bormadi bechoralarning. Faqat «nomzodlarning nomzodlikka eng munosib nomzod» ekani yozildi, xolos.
Masalan, «Adolat» gazetasi (20.09) shu nomdagi siyosiy kuchning qurultoyida partiya yetakchisi Narimon Umarov «prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatish uchun eng munosib nomzod» ekani haqida yozgandi.
Saylov kampaniyasi davrida partiyalar nashrlaridan boshqa gazetalar ham do‘ndirib qo‘ygani yo‘q. Ular ham umumiy gaplarni yozish, «dunyodagi eng demokratik saylov tizimlaridan biri» haqida lof sotishdan boshqasiga yaramadi.
Shu o‘rinda mamlakatning bosh nashri bo‘lmish «Xalq so‘zi» misolida o‘zbek matbuoti saylovoldi kampaniyasi davrida siyosiy hushyorlikning yuksak namunasini namoyish etganini aytib o‘tmoqchimiz.
Prezidentlikka nomzodlarning viloyatlardagi uchrashuvlaridan reportaj bergan bu gazeta bo‘lajak davlat rahbari ekanligi avvaldanoq ma'lum bo‘lgan muvaqqat prezidentning uchrashuvlarini faqat O‘zbekiston milliy axborot agentligi – O‘zA materiallariga tayanib yoritdi. Boshqa nomzodlarning uchrashuvlarini yoritishda esa o‘z muxbirlarining maqolalaridan foydalandi…
Bilib-bilmay aytilgan «sirlar»
Albatta, gazetalarda mayda-chuyda maishiy muammolar ham yoritib borildi. Ba'zida esa «erishilgan yutuqlar»ni ko‘rsataman degan nashrlar o‘zlari bilmagan holda ba'zi «sirlar»ni ochiq qo‘ydi.
Masalan, O‘zbekistonda aslida ijtimoiy himoyaga mo‘ljallangan mablag‘ni chegirib qolish uchun hukumat nogironlarni yalpi qayta tekshirish amaliyotini boshlagani, buning kasofatiga haqiqatan nogiron bo‘lgan shaxslar ham tushib qolayotgani haqida erkin matbuot ko‘p marta yozdi.
Bu haqdagi gap-so‘zlar sal sovishi bilan «Qadriyat» gazetasida (27.08) «Istiqlol bergan imkoniyat» sarlavhasi ostida Toshkent viloyati bosh tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasi mulozimining ushbu muassasa «yutuqlari»ga bag‘ishlangan maqolasi e'lon qilindi.
Bu maqolada mazkur komissiya faoliyati natijasida 2016 yilning olti oyi davomida 6722 ta nogironlik guruhi qayta belgilangani, to‘liq reabilitatsiya ko‘rsatkichi 135 tani tashkil etgani, yana 341 nogiron qisman reabilitatsiya qilingani bildirildi.
«Ziyrak o‘quvchi bu ma'lumotlar ortida aslida qanday haqiqatlar yotganini bilib olishi mumkin. Aslida bu raqamlar viloyatda qancha nogiron davlat ta'minotisiz qolganini yoki ularga davlat ta'minoti kamaytirilganini ko‘rsatadi. TMEK xodimlari bir vaqtlar o‘zlari bergan muddatsiz nogironlikni qanday yo‘qqa chiqaryapti ekan? Bir umrga tuzalmasligi aniq bo‘lgan nogironlar qanday qilib sog‘ bo‘lib qoldi?» deb yozgan edik mana maqolani sharhlaganimizda.
Gazetalarda ayrim jiddiy muammolar ham, yuzaki bo‘lsa-da, esga olinganini tan olish kerak. Xususan, «Adolat ko‘zgusi» gazetasi elektr ta'minotidagi uzilishlar, pensiya ta'minotidagi plastik mojarosi kabilarni tilga oldi.
Ammo bu muammolar mushtariylarning shikoyatlari asosida ko‘tarilib, bir shaxs yoki qandaydir bir mahallaning muammosi o‘laroq taqdim etildi. Bu kabi muammolarning asl sabablari ko‘rsatilmadi, iqtisodiy, siyosiy jihatlari ochib berilmadi.
Yangi rahnamoning tug‘ilishi
Biz sharhimiz avvalida o‘zbek matbuotining 2016 yilgi faoliyatini shartli ravishda ikki davrga bo‘lish mumkinligi haqida yozgandik. Aslida mamlakatning birinchi prezidenti vafot etmaganida bunday shartli bo‘linishga ham hojat qolmasdi.
Xo‘sh, bu davrlar nimasi bilan bir-biridan farq qiladi? Deyarli hech narsasi bilan. Aslida mohiyat o‘zgargani yo‘q, faqat maddohlik qilinadigan ob'ektning nomida o‘zgarish bo‘ldi, xolos.
Bunday o‘zgarishni o‘zbek matbuoti kutmagani aniq. Chunki gazetalarimiz o‘z yolg‘onlariga shunchalik ishonib qolgan ediki, biz ko‘klarga ko‘tarayotgan shaxs o‘lmaydi, degan xulosaga ham borib qolgandek taassurot uyg‘otardi gazetalardagi maqolalarning mazmun-mohiyati.
Shuning uchun I.Karimovning o‘limi ularni ancha dovdiratib qo‘ygani yaqqol sezildi. Bir vaqtlar «yurtboshimiz rahnamoligida», «prezidentimiz tashabbusi bilan», «cheksiz g‘amxo‘rligi tufayli» singari ta'riflar bilan to‘lib-to‘shgan maqolalar birdan yo‘qolib qoldi. Ularning o‘rnini bag‘ishlovlar egalladi.
«Hatto shu paytgacha birorta maqolasi endilikda marhum prezidentga «paxta qo‘yish»siz chop etilmagan jurnalist Muhammadjon Obidovning 7 sentyabrda «O‘zbekiston ovozi» gazetasida e'lon qilingan «Elektorat manfaatlari himoyasi» sarlavhali kattagina lavhasida yurtboshining nomi eslatib ham qo‘yilmagan», deb yozgan edik o‘sha kunlardagi sharhimizda.
Lekin muvaqqat prezidentning «hokimiyat xalqdan uzilib qolgani»ga oid bayonoti ortidan bosma nashrlarda hech qanday o‘zgarish bo‘lmasa-da, internetdagi saytlarda biroz dadillik ko‘zga tashlana boshlaganini inkor etib bo‘lmaydi.
Masalan, mahalliy elektron nashrlardan biri o‘z faoliyati misolida bankdan maosh olishdagi qiyinchiliklarga to‘xtalib, shu bahonada naqd pul muammosini ko‘tarib, yaxshigina foiz hisobiga pullarni naqdlashtirib beradigan olg‘irlar toifasi vujudga kelganini yozdi.
«Kun.o‘z» sayti joylardagi elektr taqchilligi haqida nisbatan oshkora yozib, hatto bu muammo Toshkent shahrida ham kuzatilayotgani, buning oqibatida sayt ishi bir muddat to‘xtab qolgani haqida maqola e'lon qildi.
Bundan tashqari, mazkur sayt mamlakatda internet tezligi juda pastligi muammosini ko‘tarib, davlat monopolisti bo‘lgan «O‘zbektelekom» kompaniyasini tanqid qildi. Shu bahona O‘zbekiston dunyoda internet tezligi eng past davlatlar sirasiga kirishi haqidagi aholidan sir tutib kelinayotgan ma'lumotlarni oshkor etdi.
So‘nggi vaqtlarda yangi prezidentning katta o‘zgarishlarga yo‘l ochishga qaratilgan harakatlari ortidan jurnalistlarda matbuotning ko‘ksiga ham shamol tegishidan umidvorlik paydo bo‘layotgandi.
Hatto 25 yil davomida marhum prezidentgagina munosib ko‘rilgan «yurtboshimiz», «davlatimiz rahbari» kabi rutbalar yangi davlat boshlig‘i nomi bilan birga qo‘llanilganida dastlab sezilgan qandaydir g‘ayritabiiylikka ham asta-sekin quloq o‘rganayotgandi.
Ammo mamlakat hukumati tutumini rasmiy ravishda xalqqa yetkazish vazifasini bajaradigan O‘zA yangi yilning ilk kunlarida e'lon qilingan maqolada birinchi bor «O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahnamoligida» degan jumla qo‘llanilgandan so‘ng jurnalistlardagi bu umidvorlik uchqunlari so‘ngandek bo‘ldi…
Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com