O‘zbekiston TVsi: «Biz sizni baxtiyor qilamiz»
Sho‘rolar davrida bir fantastik film bo‘lardi. Yerliklar yaxshi o‘zga sayyoraliklarga yomon sayyoradoshlari ustidan g‘alaba qozonishiga yordam berishi haqida edi bu film. O‘sha filmdagi «Biz sizni baxtiyor qilamiz», degan mashhur so‘zlar esda qolgan.
Yomon qahramonlar ijobiylarini manqurtlarga, o‘zlariga so‘zsiz bo‘ysunuvchi zombisimon maxluqlarga aylantirayotganida shu so‘zlarni tinimsiz aytib turganini ko‘rib, bu harakatlarning mazmunini tushunmay, maftun bo‘lib tomosha qilganmiz.
Bu psixologik ta'sir usulining qanday samara berishini keyinchalik anglab yetdik. Insonga har doim bir gapni aytib, sen shundaysan, deyaverilsa, uning o‘zi ham shu gaplarga chin dildan ishonib, o‘zligini yo‘qotar, miyasiga nima qo‘yilsa, o‘shanday shaxsga aylanib qolar ekan.
Bugun O‘zbekiston telekanallarini ko‘rsangiz, mohiyatan hammasi «Biz sizni baxtiyor qilamiz»ga o‘xshash fundamental asosda faoliyat yuritishiga guvoh bo‘lamiz. Yigirma besh yillik bu faoliyat xalqning aksariyat qismining o‘zligini, qadr-qimmatini, erkin fikrlash qudratini yo‘qqa chiqarishiga yetarli bo‘ldi, deb bemalol aytish mumkin.
Chunki O‘zbekistonda bugun istalgan odamga mikrofon tuting, yil bo‘yi daladan beri kelmasa-da, kosasi oqarmagan Qo‘chqor akalar ham, tani temirdan bo‘lmasa-da, turmush qiyinchiliklaridan to‘yib, bundan ko‘ra o‘lim ketganim yaxshi edi, deyayotgan Alomatxonlar ham «farovon hayotdan shukronalik tuyib» yurganini aytadi, desak ishonavering.
Axborot bermaydigan «Axborot»lar
Yangiliklar dasturlari har qanday jiddiy telekanallar yuzini ko‘rsatadigan ko‘zgu hisoblanadi. Shuning uchun ular dunyoda hatto so‘nggi soniyalarda ro‘y bergan voqea-hodisalar haqida boshqalardan ko‘ra tezroq, batafsilroq xabarlar berish harakatida bo‘ladi.
Afsuski, O‘zbekistonning boshqa telekanallarini aytmay qo‘ya qolaylik, eng asosiylari ham xalqqa dunyoning, hatto o‘z mamlakatining muhim yangiliklarini yetkazishni o‘zining asosiy vazifalari sirasidan chiqarib tashlaganiga ko‘p yillar bo‘ldi.
Bugun O‘zbekiston telekanallari yangiliklar dasturlarining formati almisoqdan qolgan, zamonaviylikdan ancha yiroq bir alfozda. Na e'tiborni tortadi, na foydali.
Mana o‘sha format. Yangiliklar dasturi davlat rahbarining birov bilan uchrashgani yoki qaror qabul qilgani haqidagi yangilik bilan boshlanadi. Agar prezident o‘sha kuni TVda ko‘rsatadigan biror ish qilmagan bo‘lsa, dastur parlament faoliyatiga doir qandaydir xabar bilan ochiladi.
Shu xabarlar ham umumiy gaplardan nariga o‘tmaydi. Agar o‘sha kuni dunyoning bir chetini suv olib, insoniyat hayoti xavf ostida qolmaydimi, telekanallarga farqi yo‘q. Formatdan chiqish mumkin emas.
Bu «asosiy yangilik»lar tugagandan so‘ng, albatta, «mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal taraqqiyotini, farovon va tinch-osoyishta hayotimizni yaqqol namoyon etadigan» lavhalarga o‘rin beriladi.
«Jannatdan darak»lardan so‘ng dunyo xabarlariga o‘tiladi. Endi bu yog‘i yoki qiziqarli hayotiy voqealar, yoki turli falokatlar haqidagi lavhalardan iborat bo‘ladi. Go‘yoki jannat va do‘zax o‘rtasidagi konrastga guvoh bo‘lasiz.
Masalan, O‘zbekistonlik mardikorlar mingan avtobus Rossiya yoki Qozog‘istonda avariyaga uchrab, qanchadir hamyurtimiz o‘lgani aytilmaydi, ammo boshqa qaysidir mamlakatda avtohalokat sodir bo‘lib, bir-ikki odam o‘lsa, albatta, O‘zTV bundan sizni xabardor qiladi.
Dunyoning do‘zaxini ko‘rib, yurtimizdagi «farovonlik va tinchlik»ka shukronalik aytayotgan paytingizda yana bitta «jannatdan darak»ni tomosha qilasiz, shu bilan ko‘nglingiz joyiga tushib, yangiliklar dasturi tugaydi.
Mahalliy telekanallarning yangiliklar dasturlari nega bunday bir qolipda? Ularga eski po‘stini tashlab, yangi formatga o‘tishiga nima to‘sqinlik qilyapti? Bu savollarga javoblarni O‘zbekiston telekanallarining «otaxonlari» qachon ochiqlaydi?
«Zaryadi» tafakkurni majruh qiladigan tok-shoular
Bugun O‘zbekiston telekanallarida ham tok-shoular modada. Qaysi kanalga buramang, albatta, o‘z tok-shousi bor.
Mamlakat bo‘yicha eng asosiy tok-shou «O‘zbekiston» telekanalida efirga uzatiladigan «Munosabat». Boshlovchisi xalq mashhur multfilm qahramoni nomi bilan Qunduz amaki deb ataydigan Quddus A'zamov.
O‘zbekiston istalgan sohada erishgan «ulkan va mislsiz yutuqlar» bo‘ladimi, yurtimizdagi «beqiyos demokratik va huquqiy o‘zgarishlar» bo‘ladimi, hammasini shu tok-shoudan topasiz.
Tadbirkorlarimizga yaratib berilayotgan «dunyoda muqobili yo‘q shart-sharoitlar» haqida bilib olmoqchimisiz, «Munosabat»ni ko‘ring. «Eng erkin va xolis matbuot» qaysi davlatda ekaniga qiziqasizmi, «Munosabat»ni tomosha qiling.
Terrorizm, ekstremizm, ommaviy madaniyat nima ekanini bilmoqchimisiz, marhamat, Quddus amaki bu borada sizga beminnat yordam beradi.
Ba'zan bu ko‘rsatuvni ko‘rgandan keyin «bu maddohlar, lofchilar davrasimi yoki maqtanchoqlar klubimi», deb o‘ylab qolasiz. To‘g‘risini aytganda, «Munosabat» ko‘rsatuvida «qo‘yilgan paxtalar» tonnalab bo‘lsa kerak, xalq ming mashaqqat bilan yetishtirgan paxta mana qayoqqa ketyapti, degan xayolga ham boradi ba'zan odam.
O‘zbekiston TVsini sharhlagan bir lavhamizda «Munosabat» tok-shousi haqida: «To‘g‘risi, bu ko‘rsatuv «Kim ko‘p maqtanadi» konkursiga o‘xshadi. Biri sport jihozlari ishlab chiqarish bilan maqtansa, boshqasi go‘zallik saloni ochgani, kelinlar liboslari ijarasini yo‘lga qo‘ygani, o‘quv markazlari tashkil etgani, hozir qanchadir yoshni ish bilan ta'minlagani, qancha shogirdi alohida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganini aytib maqtandi», deb yozgan edik.
Boshqa kanallardagi tok-shoular ham Qunduz amakining ertaklaridan qolishmaydi. Mavzular ham mayda-chuyda – yoshlarning huquqiy madaniyati oshirish, qaynona-kelin mojarosi, oilada kim ustun bo‘lishi kerak va hokazolar.
Eng afsuslanarlisi, hech qaysisida xalqning g‘am-tashvishi, uni qiynayotgan muammolar, ularning yechimlari to‘g‘risida bir og‘iz gapirilmaydi. Hammasi umumiy gaplar, maddohlik, maqtanchoqlik, hukumat manfaatining targ‘ibot-tashviqoti.
Mana shunday ko‘rsatuvlarni ko‘rib, bu tok-shoular aslida xalqning tafakkurini falajlash niyatida namoyish etilmayaptimikin, degan xayol o‘tadi kishining ko‘nglidan.
Qabriston sukunati kunlari
27 avgust kuni prezident Islom Karimovning og‘ir kasallikka chalingani haqida paydo bo‘lgan xabarlar ortidan O‘zbekiston telekanallari ham necha kunlar «insult» bo‘lmasa-da, shunga yaqin bir dardga duchor bo‘ldi, deb bemalol aytish mumkin.
Xalq, mamlakat uchun eng kritik bo‘lgan ana shu kunlarda O‘zTV o‘zining qanchalik notavon ekanligini yana bir bor namoyish etdi, ammo «yuzi qizarmadi».
«2 sentyabr tuniga yaqin, davlat rahbarining vafot etgani rasman aytilguniga qadar O‘zbekiston xalqi mamlakatning shu paytgacha abadiy deb bilgan prezidentining na o‘lik, na tirikligini bildi. Bilsa ham mish-mishlardan, Internetdagi mustaqil manbalardan bildi», deb yozgan edik o‘sha kunlardagi sharhimizda.
Xalq bir necha kun mavhumlikda qoldi. TV esa u istayotgan, ko‘rishni, eshitishni xohlagan birorta lavha, xabarni bera olmadi.
TVning bu sassizligi ko‘pchilikni g‘azabga keltirdi. Feysbuk foydalanuvchilaridan biri: «O‘zbekiston TYeLYeVIDYeNIYesi o‘zbek xalqiga eng so‘nggi yangiliklarni aytolmasa, nima noma'qul yeb o‘tiribdi? … Qachongacha qo‘rqasan? Qachongacha og‘zingga mum solib o‘tirasan? … Yo‘q, sen qo‘rqasan! O‘z soyangdan qo‘rqasan! Sen xato qilishdan qo‘rqasan! Sen doim qo‘rqib yashading!» deb yozishgacha bordi o‘sha kunlarda.
Prezident vafoti munosabati bilan motam e'lon qilingan 3 kun davomida esa O‘zbekiston televideniesi sovet davridagi eng «gullagan» davriga qaytgandek bo‘ldi. 3 kun xalq TV orqali axborot olish imkoniyatidan mahrum qilinib, faqat g‘ijjagu tanburning ming‘ir-ming‘irini tinglashga mahkum etildi.
Shundan beri ayrimlar O‘zTVni sovet televideniesining inkarnatsiyadan keyingi, ya'ni o‘limidan so‘ng ruhi boshqa tanaga ko‘chgan ko‘rinishi deb bila boshladi.
TVda saylov imitatsiyasi
«Buyuk rahnamo»dan keyin O‘zbekiston tarixidagi ilk yangi prezident saylovini mamlakat televideniesi oldingi saylovlardan farqli yoritishiga, to‘g‘risi, deyarli hech kim ishongani yo‘q. TVmiz esa bu ishonchsizlikni to‘la oqladi.
Saylovoldi kampaniyasi Markaziy saylov komissiyasi timsolida hukumat belgilab bergan stsenariyga to‘liq amal qilingan holda yoritildi.
«Avvalgi saylovlarni yoritish, bu mavzuda tahliliy ko‘rsatuvlar tayyorlash tajribasidan kelib chiqilsa, o‘zbek telekanallarining o‘zini bunday tutayotganida hech qanday yangilik yo‘q», deb yozgan edik bu haqda o‘z vaqtida.
O‘zTVda saylov haqida son-sanoqsiz ko‘rsatuvlar namoyish etildi. Lekin birortasida nomzodlarning saylovoldi dasturlari o‘zaro muqoyasa qilinib tahlil etilgani yo‘q, baho berilgani yo‘q.
Saylovga bag‘ishlab tayyorlangan davra suhbatlari, intervyularda esa «O‘zbekistonda ochiq-oshkora, demokratik saylov o‘tkazish tizimi»ning dunyoda eng yaxshilardan ekani to‘g‘risidagi gap-so‘zlardan boshqa biror mulohaza yuritilmadi.
Nomzodlar haqida, ular prezident bo‘lsa, mamlakatni nimalar kutishi haqida xalqni mulohazaga, fikrlashga chorlaydigan birorta lavha efirga uzatilmadi.
Bir so‘z bilan aytganda, saylovoldi kampaniyasi davrida O‘zbekiston telekanallari hukumatning saylov imitatsiyasida o‘ziga xos rolni o‘ynab berdi, xolos.
TVda qachon o‘zgarish bo‘ladi?
O‘rislarda «ne rыba, ne myaso» degan ibora bor. O‘zbekchaga buni «na o‘lik, na tirik» deb tarjima qilsa, to‘g‘riroq bo‘lsa kerak.
O‘zbekiston telekanallari bugun ana shunday na o‘lik, na tirik bir holatdadir. Uni bu amorf holatdan chiqarish mumkinmi?
So‘nggi vaqtlarda erkin matbuotda O‘zTVning faoliyati qattiq tanqid qilib kelinyapti. Uni boshqarayotgan shaxslar sha'niga ham achchiq gaplar aytilyapti. Shaxslarga oid ma'lumotlar qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekaniga baho berish niyatimiz yo‘q. Ammo TV faoliyatiga oid gaplarning aksariyati haqiqat ekaniga shubha yo‘q.
Yangi prezident Shavkat Mirziyoevning davlat boshlig‘i sifatidagi dastlabki qadamlari yillar davomida ijobiy o‘zgarishlar kutib yashagan xalq ko‘nglida nekbinlik uyg‘otmoqda. Bu qadamlar ertangi kunga ishonchni qandaydir tiklagandek taassurot uyg‘otayotir.
So‘nggi kunlarda prezident olimlar bilan uchrashdi, tibbiyot xodimlari bilan uchrashdi. Ularning faoliyatiga doir yaxshi o‘zgarishlarni va'da qildi.
Boshqa soha vakillari ham prezident ular bilan uchrashib, dardini tinglab, umidbaxsh kunlar haqida gapirishini intiqlik bilan kutyapti.
Ko‘pchilik qatori jurnalistlar ko‘nglida ham ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishiga umid paydo bo‘lgan. Bizga qachon navbat kelar ekan, prezident jurnalistlarning yer qadar pasaygan obro‘sini tiklashga yo‘l ochadigan qanday harakatlarni amalga oshirar ekan, degan savol qiynamoqda ularni.
Bir narsa haqiqat: O‘zbekiston televideniesi va bosma nashrlari uchun chinakam erkinlik va demokratiya sari yo‘l ochish faqat va faqat davlat rahbarining siyosiy irodasiga bog‘liq!
Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com