Asosiy mavzular
9 fevral 2017

Mirziyoev «o‘ldirilgan vazirlik» aybini zimmasiga oldi

Prezident Mirziyoev kunda-kunora turli uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Televidenie bu uchrashuvlarni qo‘ldan kelgancha qirqib, montaj qilib, amallab efirga uzatyapti. Ammo bosma nashrlar bu uchrashuvlarda ko‘tarilgan eng dolzarb masalalar, kamchiliklar haqida yoki to‘xtalmaydi, yoki umumiy gaplar bilan cheklanmoqda.

Prezident raisligida 7 fevral kuni sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar va sohaning rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan yig‘ilishning bosma nashrlarda yoritilishi haqida ham shunday gaplarni aytish mumkin. Gazetalar O‘zA tarqatgan rasmiydan rasmiy maqolani e'lon qilish bilan cheklandi.

Ammo elektron nashrlar gazetalarning bu boradagi sustkashligini bildirmaslikka harakat qilyapti. Xususan, kun.uz sayti mazkur yig‘ilish to‘g‘risidagi rasmiy materialdan o‘rin olmagan ko‘pgina jihatlarni yoritdi.

Saytning yozishicha, prezident mamlakat shifoxonalaridagi ahvolni qattiq tanqid qilgan va sog‘liqni saqlash vaziriga qarata: «Nima uchun odamlar kasalxonalarda navbatlarda turibdi, nima uchun hamma narsaga pul to‘lashadi? Hamma narsaga – joyga, ukolga, dori-darmon, «xush muomala”ga pul to‘lashadi», deb yozg‘irgan.

Shuningdek, tizimdagi haqiqiy ahvolni yashirib, bir-birini himoya qilayotgan amaldorlarni tanqid qilar ekan, bunda o‘zining ham aybi borligini tan olgan.

«Alimov sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lganda, biz vazirlikni butunlay o‘ldirdik. Bu mening ham aybim», degan prezident.

Ko‘p yillardan beri tug‘ruqxonalar do‘xtirlar uchun eng daromadli maskanlardan biriga aylanib qolgan. Bechora ota go‘dagini tug‘dirgan vrachdan tortib oddiy sanitargacha pul qistirmasa bo‘lmaydigan ahvolga kelingan.

Eng e'tiborlisi, bu muammoni hamma bilar, lekin uni bartaraf etish bilan hech kim shug‘ullanmasdi. Matbuotning ham tiliga tushov tushgandi. Endi esa yangi prezident muammoni bartaraf etishga jiddiy bel bog‘lagan ko‘rinadi.

«Eng katta poraxo‘rlik tug‘uruqxonalarda. Tug‘ruqxonalarda bu muhitni yo‘q qilmasak, ular poraxo‘rlikni hayot normasi deb qabul qila boshlashdi. Hamma norozi, dedi Shavkat Mirziyoev», deb yozdi sayt.

Ma'lum bo‘lishicha, davlat rahbari ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, joylarda tibbiyot sohasidagi vaziyatni o‘zgartirish ishlari talab darajasida olib borilmayotganini, buni xalq qabulxonalari va prezidentning virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan ko‘plab ariza va shikoyatlar tasdiqlab turganini ta'kidlagan.

Xullas, yig‘ilishda prezident sog‘liqni saqlash vazirini ham, uning o‘rinbosarlarini ham rosa olib borib olib kelgan.

Lekin shu vaqtgacha birorta nashr vazirning, vazirlikning faoliyatini tahlil qilib, erkin fikr-mulohazalarini bildirmayapti. Prezident unday dedi, prezident bunday dedi kabi umumiy gaplardan nariga o‘tish yo‘q.

Balki endi hamma prezidentning «o‘ldirilgan matbuot» haqidagi mulohazalarini kutib turganmikin?

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 avgust 2018
Shveytsariya federal jinoyat sudi O‘zbekistonning birinchi prezidenti marhum Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova advokatlarining unga tegishli, mazkur mamlakat banklarida ...
15 noyabr 2022
Xorazmda masjid qurilishiga oid e'lonlardan kelib tushgan 40 million so‘mni “tuya qilgan” imom-xatibga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Andijonda esa Umraga ...
13 yanvar 2021
«Eltuz» O‘zbekistondagi kasalxonalarning cochiq, lungi va arra muammolarini bir minutlik «III Renessans kasalxonasida» filmida namoyish etadi. eltuz.com
14 dekabr 2015
Malohat Eshonqulova Eltuz.com Ular “Do‘stlik” tuman sog‘liqni saqlash tizimi tibbiyot xodimlari edi. Dam olish kuni bo‘lishiga qaramay ular, erta ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...