Asosiy mavzular
20 fevral 2017

Andijonda o‘tin yo‘qligi uchun sumalak do‘kondan sotib olinmoqda

Andijondagi tijorat do‘konlarida odatda odamlar bahor payti uyda pishiradigan sumalak sotila boshlandi. Ba'zi odamlar bu taomni sotib olish imkoni paydo bo‘lganidan xursand bo‘lishsa, ba'zilar odatda hadya sifatida ulashiladigan taomning tijorat menyusidan o‘rin olganidan hayron.

Andijonlik ayol Eltuz muxbiri bilan suhbatda keyingi paytlarda sumalak pishiradigan xonadonlar kamayib ketganligini aytadi:
– Mana 3 yildirki, sumalak tayyorlamaymiz. Chunki sumalakka juda ko‘p o‘tin ketadi. Bizda esa yoqishga cho‘p ham qolmagan, – deydi G.Hasanova. – Ayniqsa bu yil juda qiynaldik.Gaz yo‘q, svet yo‘q. Hatto yoqishga narsa qolmaganidan bolalarning eski botinka, kalishlarini ham yoqib yubordik.
O‘tin-ko‘mir allaqachon tugagan.

Yetishmovchilik sumalak biznesiga doya bo‘ldi

Shifokorlarning ta'kidlashlaricha, bug‘doy donini undirib tayyorlanadigan bu taom “ilik uzildi” paytida organizmni darmondorilarga to‘yintiradi.

Shuning uchun uni bahorda iste'mol qilish juda foydali ekani aytiladi.

Biroq bugungi kundagi sharoitlar sabab sumalak pishirish ham asta-sekin kamaymoqda.

  • Sumalakni bir sutka davomida pishirish kerak. – deydi keksa yoshli momo T.Obidova. – Tagidan to‘xtovsiz o‘t yoqib turiladi. Bir qozon sumalak tayyorlash uchun 100 ming so‘mga yaqin harajat qilinadi. Bundan tashqari bir moshina o‘tin ketadi. O‘zi qishdan zo‘rg‘a chiqib olgan odamlar sumalakka o‘tinni qaerdan topsin. Shuning uchun ham magazindan tayyorini olib qo‘ya qolayapmiz. Pishirgandan arzon tushayapti.

Andijon shahrida yashovchi X.S. mana bir necha yildirki oilasi bilan sumalak biznesini yo‘lga qo‘ygan. U yanvarning oxiridanoq bug‘doy undirishni boshlaydi. Kunora sumalak tayyorlab uni do‘konlarga tarqatadi.

X. sumalakni bir marta ishlatiladigan plastik idishlar va shisha butilkalarga qadoqlaydi.

  • Maxallalarda ko‘pchilik xalfana qilib (shevada xalfana “o‘rtada pul yig‘ish” ma'nosida keladi) sumalak tayyorlashadi, ammo bitta oila o‘zi uchun atay sumalak pishirmaydi. – deydi X.S. – Birinchidan moliyaviy sharoit, ikkinchidan, ko‘p vaqt va keng joy kerak. Bug‘doyni undirishgayam bir xafta vaqt ketadi.Shuning uchun bahor arafasida aholi dasturxoniga bu shifobaxsh ne'matni yetkazib berishni xohladik. To‘g‘ri, bu mavsumiy daromad. Biroq biz buni faqat daromad topish uchungina qilayotganimiz yo‘q. Sumalak pishirish ham bir ehson hisoblanadi.

Sumalakni sotish mumkinmi?

Do‘konlarda bir litr sumalakning narxi 12 ming so‘mni tashkil etmoqda. Bir piyola sumalak narxi esa 4 ming so‘m. Sotuvchilarning aytishlaricha, tabiiy toza mahsulot juda xaridorgir bo‘lib ulgurgan, shu sabab bu biznes egalarining hozircha qo‘li-qo‘liga tegmayapti. Garchi ularning o‘zi buni uncha daromadli biznes deb hisoblamasada, sotuvchilar bir qozon sumalakdan eng kam oylik ish haqi miqdorida foyda qolishi mumkinligini aytishmoqda.O‘zbekistonda esa eng kam oylik ish haqi – oyiga 149 775 so‘m.

Ko‘pni ko‘rgan andijonlik muallima Munojot opadan “Sumalakni sotish mumkin emas” degan irim sababini ham so‘radik:

  • Muqaddas sanalgani sabab, xalq orasida “sumalakni sotib bo‘lmaydi”, degan irimlar yurardi, ammo hozirgi zamonda hamma narsani sotish mumkin bo‘pqoldi, – deydi o‘qituvchi Munojot Hakimova. – Agar savob uchun bo‘lsa, sumalakni sotish emas, bepul tarqatish kerak. Ammo tirikchilik shunga majbur qilgan bo‘lsa, nimayam deya olasiz? Harqalay odamlar ham bundan naf ko‘rishyapti-ku.

Otini derlar sumalak

Ishbilarmon X.S. ning ta'kidlashicha, sumalakni konservalash orqali istalgan muddatgacha saqlash mumkin. Buning uchun taomni qaynoq holda shisha bankalarga yopish kifoya. Shunda sumalakni yilning istalgan faslida ham yeyish mumkin.

Darvoqe, shu orqali odamlar xorijdagi yaqinlari uchun sumalak saqlab qo‘yish imkoniga ham ega bo‘ladi. 19-asrda yashab ijod qilgan shoir Maxmur Qishloq ahlining och-yalang‘och hayoti, o‘lkani qurshagan vayronagarchilik, xarobazorlarga aylangan qishloklarning ayanchli manzarasi «Hapalak» satirasida sumalakni yo‘qsillar ovqati deya yozgan edi.

Ajirig‘ tomirini o‘g‘urida mayda tuyub,
Qaynatib kunda ichar, otini derlar sumalak…

Shohida Saidova
Andijonlik muallif tahallusi
Eltuz.com

Eltuz.com
Tag‘in o‘qing
20 iyul 2016
Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanida tug‘ilib Behzod nomli rassomlik institutini tugatgan 26 yashar Adolatxon Toshkentda yashab ijod qiladi. Asosan kitob grafikasi ...
26 yanvar 2018
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov Dubayda qiymati 12 million dollar bo‘lgan turar joy inshooti qurdirgani haqidagi ma'lumotni ...
6 iyun 2018
Respublika prokuraturasida o‘tgan 5 iyun kungi brifingda sobiq bosh prokuror Rashid Qodirovga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ortidan 21 shaxs hibsga ...
25 aprel 2018
«Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) tashkiloti 25 aprel kuni e'lon qilgan 2018 yilgi matbuot erkinligi indeksida O‘zbekiston o‘tgan yilgi 169-o‘rindan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...