Asosiy mavzular
6 mart 2017

Jamshid chiqdi, Yelena kirdi…

Amakisi prezident bo‘lgan O‘zbekistondagi tuzumning tanqidchisiga aylangani ortidan 2006 yil kuzida ruhiy kasallar shifoxonasida bandi etilgan jizzaxlik jurnalist Jamshid Karimov 2017 yil bahorining ilk kuni ozodlikka chiqdi.

Xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoevga nohaqdan ruhiy kasallar shifoxonasida uzoq yillar saqlangan jurnalistni ozod qilgani uchun bildirgan tashakkur va ta'zimnomalari hali matbuot yuzini ko‘rar-ko‘rmas tashvishli bir xabar tarqaldi.

Jurnalist Jamshid Karimov ozod etilgan kuni o‘zbekistonlik taniqli huquqbon, «O‘zbekiston inson huquqlari alyansi» tashkiloti rahbari Yelena Urlaeva Toshkent shahri ruhiy kasalliklar klinikasiga majburiy davolanishga yotqizilgani ma'lum bo‘ldi.

O‘zbekistonni 25 yil boshqargan Islom Karimov mamlakat ichidagi matbuot va so‘z erkinligini qattiq nazorat ostiga oldi va o‘nlab jurnalist, huquqbon va taniqli diniy ulamolarni qamoqda saqladi.

Uydirma ayblovlar bilan hibsga olinib, uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan bu faollar Islom Karimov tuzumi va rivojlangan demokratik dunyo o‘rtasidagi muloqotlarda «barter» ob'ektiga aylandi.

O‘zbekiston rahbari yoki mamlakatning nufuzli delegatsiyasi Yevropaga, Amerikaga safar boshlasa, u yoki bu faol ozod qilinadigan bo‘ldi.

Yevropa yoki amerikalik bironta rahbar O‘zbekistonga tashrif buyuradigan bo‘lsa, uning poyiga biror jurnalist yoki xuquqbonning ozod qilingani xaqidagi xabar poyondoz qilindi.

Diktator o‘lib, uning o‘rniga kelgan Shavkat Mirziyoev ham aynan mana shu yo‘lni tutmoqda.

Faqat uning bu harakatida g‘alati bir detal ko‘zga tashlanyapti: uning farmoni bilan nomdor mahbuslardan biri ozod qilinyapti va uning o‘rniga boshqa bir nomi chiqqan tadbirkor yoki huquqbon hibsga olinyapti.

O‘zbekistondagi birinchi xususiy bank – «Rustambank» sobiq xo‘jayini, 69 yoshli Rustam Usmonov 19 yillik qamoqdan so‘ng shu yilning 13 fevralida ozodlikka chiqdi. Bu voqeaning shov-shuvi bosilmasidan jamoatchilik e'tiborida turgan boshqa bir tadbirkor katta muammoga yo‘liqdi.

15 fevralda Toshkent shahridagi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi tadbirkor Olim Sulaymonovni sud zalining o‘zida hibsga oldi.

Bu tadbirkor o‘tgan yilning 10 oktyabrida Youtube.com portali orqali prezident Shavkat Mirziyoevga videoshikoyat yo‘llab, Yunusobod tumani soliq va valyuta jinoyatlariga qarshi kurashish departamenti xodimi Dilshod Hazratqulovni o‘zidan noqonuniy tarzda 30 ming dollar undirishga urinishda ayblagandi.

Tadbirkor talab qilingan mablag‘ni to‘lay olmagani uchun unga qarashli shirkatning hisob raqami muzlatilganini aytib, o‘zining haqligini shaxsan Sh.Mirziyoev yoki televidenie oldida isbotlab berishi mumkinligini va bunday ta'magirliklar boshqa tadbirkorlarga ham bo‘layotganini bildirgandi.

Olim Sulaymonovning Youtube tarmog‘idagi bu dadil murojaati qisqa muddatda yuz minglab foydalanuvchi tomonidan tomosha qilindi va jamoatchilik orasida qizg‘in bahslarni qo‘zg‘adi.

Yangi prezidentning katta yig‘indagi «ikki ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshida ko‘tarishi» va'dasi ortidan, «mana endi tadbirkorlik rivojlanadi», deganlar ko‘paydi.

Biroq prezidentning aynan shu gapidan so‘ng tadbirkorlarga bosim kuchaygani sezildi.

Xususan, 200 ish o‘rni yaratib, muzqaymoq va tort ishlab chiqarish bilan vodiy ahli tiliga tushgan andijonlik tadbirkor, «Magnit» firmasi rahbari Rafiqjon Isroilovning biznesi to‘xtatildi va o‘zi mahkamaga tortildi.

Tadbirkorlarning boshi qotdi. «Mirziyoev tadbirkorlarning do‘stimi yo dushmani?» dedi ular o‘zaro suhbatlarda.

Ularning bu savoliga tez orada javob berildi. Yuqoridagi misollardir bu savolga javoblar.

O‘zbekistonning yangi saylangan prezidenti janob Mirziyoev esa ustozi diktator Islom Karimovdan ham o‘zib ketgan shogird ekanini isbotlayapti.

U mamlakat qamoqxonalarida qolayotgan jurnalistlar, huquqbonlar va diniy sabablar bilan jazoga tortilganlar aslida garovga olingan baxtiqarolar ekani haqida dunyo hamjamiyatiga mujda beryapti. YeXHT, BMT shoxida yuryapti, Shavkat Mirziyoev esa bargida yo‘rg‘alayapti.

Rustamni chiqardi, Olimni olib kirdi… Jamshidni chiqardi, Yelenani opkirdi…

Navbatdagi kim?

Ulugbek Ashur,
jurnalist, Kanada

Tag‘in o‘qing
23 fevral 2018
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xodimi 23 fevral kuni telefonda «Eltuz» muxbiriga sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirovning hibsga olinmaganini, ...
1 noyabr 2020
Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi va Navoiy viloyatining Konimex tumani sobiq hokimi 70 yashar Ismoil Ospanov «Eltuz» orqali o‘z turkum chiqishlarini ...
4 yanvar 2021
O‘zbekiston hukumatining 31 dekabrda chiqarilgan qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, korruptsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan shaxslar davlat mukofotiga ...
11 noyabr 2020
Prezident administratsiyasi mulozimi Obid Hakimovning matbuotga bergan intervyusidagi “Kuniga 5600 so‘m ishlab topgan odam kambag‘al emas”, degan gapi ijtimoiy ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...