Asosiy mavzular
10 mart 2017

Karimovning besh tamoyili eskilik sarqitiga aylandi

Ilgari Islom Karimovning besh tamoyilidan boshqa narsani ko‘rmaydiganlar endi yangi prezidentning yangi strategiyasini dasturilamal qilib oldi.

Har ikki gapning birida strategiya, ko‘chaga chiqib, avtobusga minsangiz strategiya, televizorning esa turgan turmushi strategiya. Qo‘polroq qilib aytganda, hojatxonaga kirsangiz ham strategiyalar sizni ta'qib qiladi.

Chunki xohlasangiz-xohlamasangiz u yerda mana shu haqda maqolalar chop etilgan gazetalarga ishingiz tushadi…

Besh tamoyil eskilik sarqitiga aylandi. Modada strategiya. O‘zbekistonda partiya borki, tutgan amali ham o‘zgardi. Hammasi prezidentning strategiyasini dasturilamal qilib olgan.

Xotin-qizlar bayrami munosabati bilan bosma nashrlarda e'lon qilingan maqolalar ayollarning er bilan yotib-turishi ham strategiyaga asoslanayotganidan darak berayotganday taassurot qoldiradi go‘yo.

Chunki gazetalarimiz ayollar kuniga bag‘ishlangan har bir lavhasida yangi davlat rahbarining strategiyalarida belgilangan vazifalarni gapiradigan bo‘lib qoldi.

Masalan, «Oila va jamiyat» gazetasi (08.03) «Navro‘z» davlat qabullar uyida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan prezident ishtirokida bo‘lib o‘tgan rasmiy marosimda qatnashgan ayollarning fikrlarini e'lon qildi.

Unda ham strategiya. Masalan, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi bo‘lgan ayol strategiyadan kelib chiqqan holda Qoraqalpog‘istonda tibbiyot sohasidagi yangiliklar haqida lof uradi.

Uning aytishicha, oddiy qishloq vrachlik punktida «jahon standartlariga mos asbob-uskunalar, laboratoriya apparaturalari, EKG apparati, fizioterapiya uskunalari» va hokazolar bor.

Jahon standarti bugun qishloq joylarimizdagi tibbiyot muassasalari darajasida bo‘lsa, bunaqa jahon standartiga ham tuf deging keladi.

Agar jahon standartida QVPda oddiy shpritsni ham pulga sotib olish, bintga pul to‘lash, oddiy dorini o‘z hisobingizdan olib kelish ham kirsa, bunday standartdan voz kechib, almisoqdan qolgan sovet standartiga o‘tsak yaxshi emasmi, degan savol paydo bo‘ladi yoshi qirqdan oshgan, dunyoqarashi kengroq fuqaroda.

Prezident ishtirokidagi bayramda qatnashgan buxorolik opaxon, sobiq maktab direktori esa davlat rahbarining sal oldinroq ta'lim sohasini tanqid qilganidan ta'sirlangan shekilli, har doim shu masalaga e'tibor qaratib kelganini aytibdi.

Biz bu ayolni siyosiy ko‘rsavodlikda ayblamoqchimiz. Qachondan beri siz birinchi bo‘lib prezident ko‘rgan muammoni men oldinroq ko‘rganman deb da'vo qilyapsiz? Nega bu haqda oldinroq gapirmagansiz?

Xalq dushmanimisizki, maktab-kollejlarda davomatlar chatoq ekani masalasida shuncha yillardan beri gapirmay, endi prezident aytganidan so‘ng tilingiz chiqib qoldi?

Ammo gazetaning niyati ezgu. Bu kabi savollarni o‘rtaga tashlamagan. O‘ziga qasd qilmoqchimiki, bunday masalalarda fikr yuritsa?

Buning o‘rniga opaxonning fikrlarini ham prezidentga minnatdorliqq ruhida yoritishga harakat qilgan.

«E'zozlar, ardoqlar uchun tashakkur», degan gazeta «Navro‘z» restoraniga taklif etib, qornini to‘yg‘izgani, yaxshi so‘zlar aytgani, tekin kontsertlar qo‘yib bergani uchun prezidentdan minnatdorligini bildirgan bu ayollar tilidan.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 avgust 2022
Gitler tarafida turganlar nega osildi?Tarix ulug‘ murabbiy. Ustozlar yodi muqaddas. MS: Tuz og‘a bugungi kun ham ertang uchun tarix. ...
30 mart 2021
Muzrabot tumanidagi sudda ayon bo‘lishicha, termizlik 41 yoshli bloger Sattoriy yillar davomida barcha mulozimlarga dahshat solib kelgan. «Eltuz» rassomi ...
6 dekabr 2017
4 dekabr kuni Shvetsiyaning Stokholm shahrida O‘zbekistonning Germaniyadagi konsuli Azimjon Ozodov o‘zbek migrantlari bilan uchrashdi. Konsulning gapidan O‘zbekiston hukumatining ...
2 may 2023
1893 yil may oyida Turkiston oydinlariga yo‘l ko‘rsatgan “Tarjimon” gazetasi tashkilotchisi Ismoilbek Gaspirali (Ismoil Gasprinskiy) Buxoro amiri taklifiga ko‘ra ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...