Asosiy mavzular
17 aprel 2017

Sholg‘om bilan piyoz haqida ham yozing, birodarlar!

So‘nggi vaqtlarda bozorlarda kartoshkaning narxi osmonga chiqib ketgani haqida yozish mahalliy matbuot uchun urfga kirdi.

Biri qo‘yib biri yozdi bu haqda. Kartoshka taqchilligining sabablari ham aytildi, buning oldini olish uchun nima qilinayotgani mavzusi ham chiqda qolmadi.

«Oila davrasi» gazetasi (13.04) ham el qatoridan qolmaslik uchun shu mavzuda maqola chop etib, «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi rahbarlaridan biri bilan intervyu uyushtirdi.

Ma'lum bo‘lishicha, o‘tgan yili respublika dalalaridan kutilganidan ancha kam kartoshka hosili yig‘ib olingan. Bu issiq ob-havo ta'siri tufayli kartoshkaga kasallik tekkani va sabzavotning zararlanishi bilan izohlangan.

Uyushma mutasaddisi joriy yilning 31 martiga qadar O‘zbekistonga xorijdan 4 932 700 AQSh dollariga 14 ming 851 tonna kartoshka keltirilganini bildirgan.

Ammo muxbir nega bu xaridlar kartoshka narxi pasayishiga ta'sir qilmayotgani, bozorlarda arzon kartoshka ilinjida soatlab navbatda turishga majbur bo‘layotgan aholining ehtiyojini qoplamayotgani to‘g‘risida so‘ramagan.

Nega bozor talabini qondirishga yetarli xaridlar amalga oshirilmagani masalasi ham e'tibordan chetda qoldirilgan.

Shu o‘rinda kartoshka taqchilligi muammosidan prezident ham yaxshigina xabardor ekaniga ishora beruvchi bir ma'lumotni aytib o‘tmoqchimiz.

Kuni-kecha Samarqandga tashrifi chog‘ida Shavkat Mirziyoev kartoshka muammosiga barham berish borasida chora-tadbirlar ko‘rish haqida ko‘rsatmalar bergani aytildi.

Kartoshka – o‘zbekning ikkinchi noni. Matbuot bu mahsulot taqchilligiga e'tibor qaratayotgani, uning sabablarini izlashga urinayotgani maqtovga sazovor.

Lekin bugun bozorlarda yalpi qimmatlashuv tendentsiyasi kuzatilayotgani masalasi ham matbuotga olib chiqilsa, mutasaddilarning mas'uliyati bir qadar osharmidi, degan istihola keladi ko‘ngilga.

Gapimiz isbotsiz bo‘lmasligi uchun Toshkentning eng arzon yuradigan Farhod bozorida sholg‘om 5000 so‘m, piyoz 3500 so‘mga chiqib ketganini aytmoqchimiz.

Bu mahsulotlar ham xalqimizning qora qozoni qaynashi uchun kerak bo‘ladigan kundalik sabzavotlardan.

Matbuot ularning haddan tashqari qimmatlashib ketganiga e'tibor qaratsa, balki mutasaddilar uni ham arzonlashtirish yo‘llarini izlarmidi?!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 sentyabr 2020
Bir tanishim bor edi. Hozir o‘tib ketgan. Ikki-uch yilda chorraha yoki metro vagonida to‘qnash kelib qolardik. U qo‘liga rubob ...
12 dekabr 2017
Prezident Mirziyoev 7 dekabr kungi nutqida Xalq qabulxonalariga bir yil ichida bir yarim million shikoyat tushganini bildirdi. Shikoyatlarning eng ...
20 iyul 2016
Odatdagidek, bu ishga, ya'ni g‘o‘za nihollarini chekanka qilish ishlariga ham byudjet tashkilotlari xodimlari – bog‘cha opalar, o‘qituvchilar, shifokor va ...
7 yanvar 2024
O‘zbek vatandoshlarining Turkiyada qamoqqa olinganiga oid rasmiy bilgi: O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasining huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida 2024 yil ...
Bloglar
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...