Asosiy mavzular
9 may 2017

Mehnatdan «elkasi yag‘ir o‘qituvchi» haqida yozishdi

Bu haqda mahalliy o‘zbek matbuotida ilgari yozilmasdi. Garchi O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi qator yillardan buyon O‘zbekistondagi majburiy mehnat tizimini monitoring qilib, uni tanqid qilib keladi.

Mazkur monitoringlar asosida har yili tayyorlanadigan hisobotlarda esa majburiy mehnatga jalb etilayotganlar orasida o‘qituvchilar ham borligi, bu esa mamlakatda shunday ham abgor bo‘lgan ta'lim sohasiga yanada salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani aytiladi.

Mahalliy nashrlar bu hisobotlarni har doim ko‘rib ko‘rmaslikka olar, rejimning ayrim tarafdorlari esa ba'zida internet orqali chiqishlarida xalqaro tashkilotni yolg‘on ma'lumotlar tayyorlashda ayblab kelardi.

Zamonning zaylini qarangki, O‘zbekistonda matbuot erkinligiga sal darcha ochilgandayoq o‘qituvchilarning muammolari birinchi galda tilga olina boshlandi.

Garchi yuqorida tilga olganimiz nodavlat notijorat tashkilotning nomi eslatilmagan bo‘lsa-da, u o‘z hisobotlarida qayd etilgan holatlar aslida ham mavjud ekani haqida yozila boshlandi.

Xususan, Kun.uz saytida e'lon qilingan «Qo‘li chaqa, yelkasi yara va «tekinxo‘r» o‘qituvchi» sarlavhali maqolada ta'lim sohasi xodimlarining majburiy mehnat bilan bog‘liq ko‘plab muammolari ochiqchasiga tilga olingan.

Maqolada aytilishicha, qishloq maktablarida o‘qituvchilar erta bahorda ipak qurti boqishga majburlanadi. Keyin esa ular g‘o‘za chopig‘iga haydaladi. Yozda ham o‘qituvchilar bekor turmaydi. G‘o‘zalarga tushgan qurtlarni terishga jalb etiladi.

«Ha-da! Byudjetimizning katta qismi o‘shalarga ketmoqda. Ta'tilda dam olishni kim qo‘yibdi u zang‘arlarga!» deya kinoya qiladi nashrga xat yo‘llagan muxlis.

Bu ham yetmagandek, maqolada aytilishicha, bug‘doy bo‘yicha rejani bajara olmagan tumanda o‘qituvchilardan rejani to‘ldirish uchun pul yig‘ib olinibdi.

Toshkent-vodiy poezdining birinchi reysi chog‘ida temir yo‘l atrofini tozalashdek «mas'uliyatli vazifa» ham o‘qituvchilar zimmasida bo‘lgan ekan.

«Mayli, asaldek uzumlarni yemaylik, mayli, tilni yoradigan qovunlar kerakmas, sayllar qolib ketsin, lekin kuz kelmasin, degan xayol bo‘ladi o‘qituvchilar boshida», deyiladi maqolada.

Chunki kuz o‘qituvchilar uchun eng «mas'uliyatli» davr. Yangi o‘quv yili boshlangani uchun emas, paxta terimi boshlangani uchun. Bu davrda matematika o‘qituvchisi bemalol tarix yoki biologiyadan dars berishi mumkin.

Chunki bu fanlarning o‘qituvchilari paxtaga ketadi. Paxtaga borish navbati matematika o‘qituvchisiga kelsa, uning darslarini, deylik, adabiyot muallimi ham o‘taveradi.

Muallif «bu paxta siyosati», deb kimlardir majburiy mehnatni davlat siyosati bilan yashirishga urinishi jinoyat ekaniga ishora qiladi.

«O‘qituvchilar paxta termasa, ozroq paxta yo‘qotamiz, ozroq pul yo‘qotamiz. O‘qituvchi paxta tersa-chi? Bilim yo‘qotamiz. Kelajakni yo‘qotamiz, yurt farzandlarining vaqtini, ilmga muhabbatini yo‘qotamiz», deb xulosa qilinadi maqolada.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 oktyabr 2019
Kechgan haftada o‘qituvchi va ustozlar bayram qildi. Agar mendan ustozing kim deyishsa, hech ikkilanmay Mahmudxo‘ja Behbudiy degan bo‘lar edim. ...
11 dekabr 2016
9 dekabr kuni Xyuman Rayts Votch huquq himoyasi tashkiloti Shavkat Mirziyoev nomiga O‘zbekistonda abgor holatda qolayotgan inson huquqlari ahvolini ...
5 avgust 2016
Taniqli aktrisa Saida Rametova bilan bog‘liq video vodiy restoranlaridan birida qo‘l telefonida tasvirga olingan bo‘lib, bunda u hind qo‘shiqlardan ...
1 noyabr 2020
Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi va Navoiy viloyatining Konimex tumani sobiq hokimi 70 yashar Ismoil Ospanov «Eltuz» orqali o‘z turkum chiqishlarini ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...