Asosiy mavzular
10 may 2017

O‘zbekistondagi mahkum faollar va optimizm shizofreniyasi

Joriy yilning mart oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi (O‘zbekiston tarkibidagi respublika) 39 yoshli huquq himoyachisi A'zam Farmonovni ozodlikdan mahrum etish muddatini besh yilga uzaytirish to‘g‘risidagi hukmni o‘z kuchida qoldirdi.

A'zam Farmonov
Mahkumlikkacha va undan keyin

O‘n bir yildirki (2006 yil iyundan buyon), A'zam Farmonov Jasliq turmasida saqlanmoqda. Hali 2002 yildayoq BMTning qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Teo van Boven ekologik halokat hududida joylashgan bu turmani yopish tavsiyasini bergan edi.

O‘zbekistonda aqldan ozar darajadagi nekbinlik kayfiyati kezayotgan, yangi prezident esa mamlakatda yig‘ilib qolgan muammolar haqida gapirib xalq mehrini qozonayotgan ayni damlarda men Karimov botqog‘i davrida ham hokimiyatni tanqid qilishdan cho‘chimagan va haligacha qamoqda qolayotgan insonlar haqida eslatmoqchiman.

A'zam Farmonovning rafiqasiga yozgan maktubi

“1978 yilda tug‘ilgan, ikki farzandning otasi, hibsga olingunga qadar norasmiy Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotining Sirdaryo bo‘limi raisi bo‘lib ishlagan A'zamjon Farmonov 2006 yil 16 iyunda 165-modda (ta'magirlik) bilan 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan”, deyiladi sud hukmida.

11 yil muqaddam A'zam Farmonov avtomobillarga yoqilg‘i quyish stantsiyasi ekspeditoridan taxminan 300 AQSh dollariga teng mablag‘ni “ta'magirlik yo‘li bilan olish”da ayblangan. O‘z navbatida, ekspeditor, fermerlarning so‘zlariga ko‘ra, ulardan berilmagan benzin uchun qo‘l qo‘yib berishni talab qilgan.

Birinchi sudda A'zam Farmonov o‘zini zo‘r berib himoya qildi, ammo 9 yilga ozodlikdan mahrum qilish o‘ta qattiq jazo bo‘ldi. Bu vaqt oralig‘ida ikki farzandi otasini ozodlikda ko‘rmay o‘sib ulg‘aydi, uning jazo muddati ham poyoniga yaqinlashdi.

Biroq yuqoridagi kimgadir inson hayotining 9 yilini tortib olish kamlik qildi shekilli, 2015 yil 1 mayda A'zam Farmonovning jazo muddati yana 5 yilu 26 kunga uzaytirildi.

Mantiqsizlikdek ko‘rinsa-da, ish materiallariga ko‘ra, Farmonov uzoq kutilgan ozodlikka chiqishga ikki oy qolganda xuddi atayin qilgandek tartibni buza boshlagan. Yanvardan martga qadar u uchta mahkum bilan uch marta dahanaki janjal qilgan va har biridan so‘ng izolyatorga jo‘natilgan.

A'zam Farmonovning onasi

Masalan, u go‘yoki boshqa mahkumga aytgan “Oldimdan yo‘qol, baqaloq, sasib yotibsan, odamga o‘xshab yuvinib yursang bo‘lmaydimi”, degan gaplari uchun 2015 yil yanvarda birinchi marta besh kunga izolyatorga tushgan.

Sud hukmiga ko‘ra, u boshqa mahkumning safda to‘g‘ri turish haqidagi tanbehiga go‘yoki qo‘pollik bilan “Sening ishing nima, it, men o‘zimga o‘zim javob beraman”, deb javob qaytargani uchun fevral oyida 10 kunga ikkinchi marta izolyatorga qamalgan.

Nihoyat, ozodlikka chiqishiga 26 kun qolganda, mart oyida televizor tomosha qilish vaqtida boshqa bir mahbusga kutilmaganda qo‘pollik qiladi va 20 sutkaga kartserga jo‘natiladi.

2015 yil 1 mayda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumani sudi sudyasi D.Razov sud majlisida advokat ishtirokisiz mahkumlar va qo‘riqchilardan iborat guvohlarni tinglab, 5 yil muddatga jazoni qattiq tartibda o‘tash hukmini chiqardi. Hukmda A'zam Farmonov o‘ziga qo‘yilgan ayblovni tan olmasligi bir satrda ko‘rsatib o‘tib ketilgan.

O‘zbek jamiyatining bugungi holatiga baho berishda bu holatni “umid” so‘zi bilan ta'riflash eng to‘g‘risi bo‘ladi nazarimizda. Hatto Karimov rejimining murosasiz muxolifi Muhammad Solih ham prezident Mirziyoevning samimiyligiga ishondi va o‘zgarishlar yuz berishiga umid bildirdi.

Aksariyat tahlilchilar Mirziyoev iqtisodiyotni yaxshilash va mamlakatga sarmoya kirishi uchun nimadir qilishga majbur, degan fikrda yakdildir. U amalda hokimiyatga kelganidan buyon yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tgan ayni kunlarda qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda iliqlik va mahalliy OAVda biroz jonlanish kuzatilayotganini uning xizmatiga yo‘yish mumkin. Ko‘plab farmon va qarorlarga kelsak, hali ularning hayotda qanday ishlashini kutish kerak.

O‘tgan yili 70 yoshli onasi vafot etgan huquq himoyachisi A'zam Farmonov 11 yildan buyon qamoqda qolmoqda. U va boshqa siyosiy mahkumlar qancha uzoq vaqt qamoqxonalarda qolaverar ekan, yaxshi o‘zgarishlarga bo‘lgan umid shunchalik kamayib boraveradi.

(Farg‘ona.ru nashridan Eltuz tarjimasi)

Umida Niyozova
“O‘zbekiston Germaniya forumi”
Inson huquqlari tashkiloti raxbari

Tag‘in o‘qing
16 aprel 2020
(Savollarga javoblar) “Sof san'at” haqidagi “Fikrlarning shiddatli umri” esse-turkumini yozib bitirganimda, yozganlarimga munosabat bildirilgan bir qancha xat oldim. Javobga ...
20 fevral 2018
Firibgarlikda ayblanayotgan chinozlik tadbirkor, 40 yoshli Ahmad Tursunboev va uning sheriklariga 16 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati ...
15 avgust 2018
Dunyoda eng uzoq muddat turmada bo‘lgan jurnalist Muhammad Bekjon Jasliq qamoqxonasini tark etgach, uni Toshkentning Zangiota turmasiga etap qilishadi ...
30 noyabr 2020
O‘zbekiston paxtachilik tarmog‘ida bolalar mehnatiga barham berilishi, kattalar majburiy mehnatining sezilarli darajada kamayishida O‘zbekiston inson huquqlari forumi (sobiq O‘zbekiston-Germaniya ...
Bloglar
13 aprel 2021
«Eltuz» kanalida o‘zining “Nyu-Yorkdan nazar” videoblogini yuritayotgan 70 yoshli qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Ismoil Ospanov e'tiborni ...
11 aprel 2021
«From Me to You» (Mendan senga) — Lennon va Makkartni dueti ijro qilgan zarif bir ...
8 aprel 2021
2010 yil 7 aprel kuni o‘z qarorlari bilan oziq-ovqat va kommunal xizmatlar uchun narx-navoni mislsiz ...