Asosiy mavzular
14 may 2022

15 may – shoir Botu tug‘ilgan kun

1938 yil 9 may kuni 34 yoshida Moskvada xalq dushmani deya otib o‘ldirilgan Botu (Mahmud Hodiev) Turkiston modern she'riyatining yorqin vakillaridan biri edi.

Stalin jallodlari qo‘lida o‘lishini his qilgan shoir 1929 yilda “Ey, muarrix, ushla yozg‘ich, bizni esla shon bilan”, deya xitob qilgan edi.

Botu o‘zbek yozuvchi va shoirlarining chaquviga asosan 1930 yili qamoqqa olinib, Solovki orollariga surgun qilindi.

Botu “millatchilikda” ayblanadi.

8 yil mobaynida qiynoqlar va noinsoniy munosabat bilan yuzma-yuz bo‘lgan Botu ruhan sinmadi¸ boshqalardan farqli o‘laroq, chaquv hujjatlariga imzo chekmadi.

Shoirning rafiqasiga ko‘ra, 1936 yildan keyin Botudan xat-xabar kelmay qo‘ygan.

«Eltuz» tasarrufidagi tarixiy hujjatlarda Botuning 1938 yil 9 mayda Moskvada xalq dushmani sifatida nohaq ayblanib, tribunal hukmi bilan otib tashlangani yoziladi. Ayni paytda shoirning oldin otib o‘ldirilib, keyin hukmning rasmiylashtirilgani haqida ham iddaolar bor.

Har holda 1938 yili yozuvchining oilasiga qatl haqida habar berilmagan.

1941 yili shoirning rafiqasi ham qamoqqa olinib, 10 yil surgunga yuboriladi.

1942 yili shoirning o‘g‘li Erkli “millatchi xalq dushmanining o‘g‘li”, degan ayb bilan 4 yilga qamaladi.

Shoirning otib o‘ldirilganligini uning qizi Naima opa Solovki lageriga otasini izlab borganida KGB arxivlaridan bilib oladi.

Shoir Botu 1958 yili reablitatsiya qilingan bo‘lsa ham O‘zbekiston SSR yozuvchilar uyushmasi uni adib sifatida oqlashga shoshmaydi.

Turkistonni uyg‘otmoqchi bo‘lgan juvonmarg shoir

1904 yilning 15 mayida Toshkentda tug‘ilgan Botu 1914 yildan to 1917 yilgacha rus-tuzem maktabida o‘qidi.

1921 yildan to 1927 yilgacha Moskva davlat universitetining iqtisod fakultetida tahsil olgan Botu hali talaba bo‘lgan 1925 yilda «Umid uchqunlari» nomli she'rlar kitobini nashr qildirdi.

Bu kitobida yosh shoir Turkiston elini uyg‘oqlikka chorlaydi:

Butun og‘ochlar chiqardi yaproq,
Ulug‘ Tangrining qudratiga boq.
Qushlar sayrashur og‘ochga qo‘nib,
Har kimni ko‘rsang yurar shodlanib.
G‘ir-g‘ir shamollar yuzga urarlar,
Ko‘ngilga qanday shodlik berarlar.
Qish o‘tdi emdi, ey turonliklar,
Bitsin yalqovlik, turkistonliklar!

Ammo turkistonliklarning yalqovligi yosh shoirning nidosi bilan tugamagach¸ Botu she'rlarida huzun ishoratlari ko‘rina boshlaydi:

So‘rma, o‘rtoq, ko‘zlarimda
o‘tli yosh qaynashganin,
So‘rma hech bir yuzlarimda
qayg‘ular o‘rnashganin,
So‘rma bu majnun ko‘ngilning
dard ichida yonganin,
So‘rma bu mahzun xayolning
qay ochunda yurganin.
Bu so‘roqlarga javob qo‘ngil
sirin ochmoq, demak,
Dardli qalb vulqonlaridan
lavalar sochmoq, demak,
Lavalar sochmoq butun borliqni
yo‘q etmoq, demak,
Marhamat yo‘q, to‘g‘rilik yo‘q
dunyodan kechmoq kerak.
Dardlilar dard anglatolmas
dardsiza so‘zlov bilan,
Ko‘rsatib bo‘lmas quyoshni
ko‘zsiza maqtov bilan.

Botuning ilk so‘zi ham, so‘ng so‘zi ham UMID haqida bo‘ldi. Qamalishidan oldin yozgan she'rlaridan biri “Umid so‘zlari” deya nomlangan:

Yurakda umidlar, amallar…
To‘zimsiz qirg‘oqni bosarkan,
Nega men chaqmokday yugurmay?!

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 fevral 2018
Ichki ishlar vaziri, 57 yoshli Po‘lat Bobojonov o‘tgan yili «IIVning 230 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgani, 8 ming 32 ...
24 may 2017
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri qarori bilan 24 may kuni Azamat Haydarov «O‘zbekkontsert» davlat muassasasi direktori lavozimiga vaqtinchalik yangi rahbar ...
15 dekabr 2015
Bugun Ostersund tuman sudi Obid Nazarovga suiqasdda ayblangan toshkentlik yollanma qotil Yuriy Jukovskiyni 18 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida ...
31 mart 2021
Shu o‘rinda Qo‘ylining gapini bo‘lib qisqacha ma'lumot bersam. Qo‘yli asir olinib Bozorak qishlog‘iga olib kelinadi. Oldiniga 10 kun kartserda ...
Bloglar
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...
17 iyun 2022
Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?Buning sabablarini bilish ...
7 iyun 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 54-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) AMAL ...