Asosiy mavzular
12 iyun 2017

Olg‘irlar Prezident tashabbusidan «unumli» foydalanmoqda

Aholini parrandachilik, chorvachilikka keng jalb etish, tomorqalarda issiqxonalar yaratishga undash O‘zbekistonda endigina hukmronlikni qo‘lga olgan Shavkat Mirziyoevning ilk tashabbuslaridan biri bo‘lgan edi. Ko‘pchilik buni istehzo bilan qarshi olgandi.

Bir tomondan qaraganda, ibtidoiy ko‘rishidagi bu tashabbus xalq ro‘zg‘origa yengillik kiritish, uning farovonligini oshirishga qaratilgandek ko‘rinadi. Chunki davlat xalqni boqa olmayotgan sharoitda xalqning o‘zini o‘zi boqishiga imkoniyat yaratib berish ham katta gap.

Boshqa tomondan, prezident tashabbusi bozordagi osmonga o‘rlayotgan narx-navoni tushirishga xizmat qilishi kerak. Chunki asosiy iste'mol mahsulotlari ro‘zg‘ordan, tomorqadan chiqsa, bozordagi narxlarga ta'sir etishi tabiiydir.

Buni qarangki, ezgu niyatlar ila boshlangan tashabbus olg‘irlar uchun yana bir imkoniyat eshigini ochib berdi. Ular buning orqasidan ham pul topish yo‘lini «kashf» etdi.

Gap shundaki, banklar tomonidan tovuq, quyon, echki, sigir olish uchun ajratiladigan kreditlar to‘g‘ridan to‘g‘ri mijozning o‘ziga berilmaydi. Balki shu yo‘nalishlarda ishlaydigan turli firmalarga o‘tkazib beriladi. Ular esa o‘z mahsulotini bozordagidan ancha qimmat narxda aholiga o‘tkazadi.

Ayni paytda bunday salbiy holat mamlakatning barcha hududlarida keng quloch yoygan va aholining haqli noroziligiga sabab bo‘lyapti.
Qashqadaryolik o‘qituvchining aytishicha, u ishlayotgan maktabning barcha xodimlariga bir tup limon ko‘chati o‘ttiz ming so‘mdan pullanmoqda. Ko‘chat olishni xohlamaganlarga esa ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinyapti.

«Bu ko‘chat bozorda besh ming so‘m turadi. Lekin bizga o‘ttiz ming so‘mdan sotilyapti. Ko‘chat ekilgandan keyin unib ketishiga kafolat yo‘q», deydi o‘qituvchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, byudjet tashkilotlari xodimlari tovuq sotib olishga ham majburlanyapti. Tovuqning ham narxi o‘ttiz ming so‘m.

«Tovuq uchun kredit olish majbur qilib qo‘yilgan. Eng kamiga 14 ta tovuq olish kerak. Olganlarni ko‘rdim. Tovuqlar qari. Qariligidan toji qiyshayib qolgan, pixi katta xo‘roznikidek bo‘lib ketgan. Sotib olayotganingizda har biriga uch kunlik maxsus ozuqa ham qo‘shib beriladi. Bu qari tovuqlar o‘shani yeb turgan vaqtda tuxum qiladi, keyin esa darhol tuxumdan qoladi», deydi qashqadaryolik o‘qituvchi.

Shu pul odamlarning o‘ziga berilsa, deydi u, bozordan sog‘lom, tuxum qiladigan tovuq olib, baraka topsa bo‘ladi. Tovuq fabrikalaridan majburlab berilayotgan tovuqlar juda qari yoki kasalvand. Shuning uchun tezda o‘lib qolayotganlari ko‘p. Kreditga tovuq olayotganlar esa bir necha yil davomida kredit to‘lash majburiyati ostida qolyapti.

Bundan tashqari, uning aytishicha, chorva bo‘yicha ham ahvol shunday. Kreditga sigirni chorvachilik fermalaridan olish mumkin, xolos. Bu sigirlar ham qarib qolgan, qolaversa narxi baland.

«Masalan, olti million kreditga sigir olasiz. Bozordan esa bu pulga shunday sigirdan ikkita beradi», deydi o‘qituvchi.
O‘qituvchi prezident tashabbusining bunday tarzda amalga oshirilayotganini unga qarshi sabotaj sifatida baholashini qo‘shimcha qildi.
Prezidentning tashabbusi mana shunday oqibatlarga olib kelayotgani yangilik emas. Hatto mahalliy matbuot ham bu jihatga, bevosita bo‘lmasa-da, bilvosita e'tibor qaratgandi.

Xususan, «Milliy tiklanish» gazetasining 17 maydagi sonida yozilishicha, yozyovonlik Natalya opa Yunichkova «Agrobank»ning 7,5 million so‘m krediti evaziga 230 ta tovuq olib berilgan. Ammo tovuqlar qari bo‘lib, na tuxum qilgan, na go‘shtga yaragan. Qolaversa, ikki oy o‘tmay ularning 30 tasi o‘lib qolgan.

Garchi gazeta bu ma'lumotni N.Yunichkova prezidentning xalq qabulxonasiga murojaat etgani ortidan kreditni qoplash majburiyati qari tovuqlarni yetkazib bergan firmaga yuklangani fonida yoritgan bo‘lsa-da, mazkur voqeadan davlat rahbarining tashabbusidan olg‘irlar o‘z manfaati yo‘lida foydalanayotganini sezish qiyin emas.

Olg‘irlar changaliga tashlangan o‘lja esa, mamlakatda aksariyat hollarda bo‘lganidek, yana byudjet tashkilotlari xodimlari bo‘lib qolmoqda. Chunki bankdan kredit olish uchun o‘rnatilgan tartib-qoidalarga, birinchi navbatda, aynan ular to‘g‘ri keladi.

Bankdan kredit olish uchun, jumladan, tayin ish joyiga ega kafil shaxs, kredit oluvchining ish joyidan so‘nggi bir yillik oylik maosh haqidagi ma'lumotnomalar kerak bo‘ladi. Shunday ekan, aksariyat qismi ishsiz bo‘lgan aholi bu talablarga javob bera olmaydi.

Prezident tashabbusini hayotga tatbiq etish har doimgidek amaldorlar zimmasiga yuklangan. Masalan, yil boshida Xorazm va Qoraqalpog‘istonga safar qilgan davlat rahbari mazkur hududlar aholisini tovuq bilan ta'minlashni bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov zimmasiga yuklagan edi.

R.Azimov bu vazifani qanchalik uddalagani haqida ma'lumotlar yo‘q. Uning yaqinda ishdagi kamchiliklari uchun hukumat tarkibidan badarg‘a qilinganiga aynan shu omil sabab bo‘lgan, deb ham aytib bo‘lmaydi.

Zero, bu shaxsning mamlakat iqtisodiyotini tanazzulga yetaklash, xalqni qashshoqlashtirish yo‘lidagi «xizmatlari» shu qadar ko‘pki, adolatli jamiyatlarda ularning har biri uchun uni o‘nlab marta ishdan haydash mumkin edi…

Shunga qaramay, yuqori mansabdagi amaldorlarning prezident tashabbusini bajarishga mas'ul etib tayinlangani e'tiborga olinsa, bugungi kunda bu tashabbusni hayotga tatbiq etish bahonasida aholini qaqshatayotgan olg‘irlarning ular bilan tili bir, deb xulosa qilishga asos bo‘la oladi.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 avgust 2023
25 avgust kuni Toshkent viloyatining Yangi Hayot tumani Yangi Choshtepa mahallasi ko‘prigi tagidagi hovuzga tushib halok bo‘lgan ikki yosh ...
18 noyabr 2020
The North Face kompaniyasi sankt-peterburglik shaxsning ayni markadagi yangi botinka ichidan topgan, mahkum uyg‘urning yordam so‘ragani bitilgan xati yuzasidan ...
15 noyabr 2023
Tarmoq, ya'ni sotsial media o‘zbek segmentida kuzatishlarimga ko‘ra xotin-qizlar orasida ashaddiy diniy fanatizmga moyillik kuchli. Moskva, Seul, Istanbul va ...
3 noyabr 2015
Malohat Eshonqulova mustaqil jurnalist Qashqadaryoning qonun himoyachilari o‘zlarining g‘ayriqonuniy ishlari bilan hamisha mashhur! Bu gal ham shunday bo‘ldi! Viloyatning ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...