Asosiy mavzular
6 iyul 2017

Yosh amaldorlar o‘zgarishlar qilishga qodirmi?

Iyul oyining boshida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning «ona suti og‘zidan ketmagan» yoshlarni hukumatdagi yuqori lavozimlarga tayinlagani o‘zbek jamiyatida turli munozaralar uyg‘otdi.

Ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari, yig‘ilishlar, o‘zaro suhbatlar chog‘i bu tayinlovlarga nisbatan turli fikrlar bildirilyapti. foto ijtimoiy tarmoqdan: (chapdan) Alisher Sa'dullaev, Olim To‘ychiev

Eslatib o‘tamiz, prezident Mirziyoev qarori bilan 3 iyul kuni 23 yoshni qarshilaydigan Alisher Sa'dullaev xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. 25 yoshli Olim To‘ychiev esa Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktori o‘rinbosari bo‘ldi.

Munozaralar mavzusi asoasan yigitlarning yoshi atrofida aylanmoqda. Har holda bugun ular egallagan lavozim kichik emasligi bunga sabab.

Bir qancha davralarda ayni tayinlanuv borasida bildirilgan fikr-mulohazalarda ko‘pchilikni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan qarama-qarshiliklar bor.

Kuzatuvlarimizdan ma'lum bo‘ldiki, yoshi o‘ttiz beshgacha bo‘lgan aksariyat yoshlar bu tayinlovlarni ma'qullamoqda.

Ularning fikricha, yoshi ancha katta bo‘lgan ko‘plab amaldorlar bugungi davr shiddatiga javob bera olmayapti.

«Hatto Karimov davri siyosati bilan suyagi qotgan Rustam Azimov kabi bir qarashda istiqboli porloq bo‘lgan yuksak darajadagi amaldor ham davr talabiga dosh bera olmay, mansabidan ayrildi. To‘g‘ri, buning hokimiyat uchun kurashga ham bog‘liqlik jihati bordir. Ammo uning yangi prezident siyosatiga to‘g‘ri kelmagani baribir haqiqat», deydi bu toifadagi suhbatdoshlar.

Bu toifa suhbatdoshlarga ko‘ra Alisher Sa'dullaev va Olim To‘ychiev yosh bo‘lgani, fikri, dunyoqarashi bilan bugun hokimiyatni egallab turgan tepsa-tebranmas amaldorlardan farq qiladi.

“Qolaversa, ta'lim va fan sohasining ichida yurib, mavjud muammolarga yuzma-yuz bo‘lib kelayotgani uchun ham ular bu tarmoqlardagi masalalar yechimini topishga ko‘proq foydasi tegadi”, deya hisoblashadi ular .

Ayrimlar bunday yoshda katta lavozimni egallagan bu yigitlar muayyan o‘zgarishlar qilishga urinish orqali o‘zini ko‘rsatishga intilishga majbur ekanini ijobiy hol o‘laroq baholamoqda.

O‘rta va katta yoshli kishilar esa bu tayinlovlarni ehtiyotkorlik bilan qarshilayotgani ma'lum bo‘ldi.

Bu toifadagilarning ta'kidlashicha, ta'lim va fan sohalari tizim sifatida ichidan chirib ketgan. Shuning uchun mazkur sohalarda biror o‘zgarish yasash yosh amaldorlarga og‘irlik qilishi mumkin.

«Ularga bugungi tizim tepasida turganlarning qarshiligini yengib o‘tish uchun eng yuqori darajada katta ishonch kerak. Agar ular o‘zgarishlar qilishga urinishsa, bu o‘zgarishlar mazkur sohalarni isloh qilishga foydali bo‘lsa, bunday qo‘llab-quvvatlovni yanada kuchaytirish zarur», deydi ehtiyotkorlar.

Ularning aytishicha, garchi Sa'dullaev va To‘ychiev bilimli yoshlar hisoblansa-da, hayot tajribasi, boshqaruv ko‘nikmasi yetishmasligi ularga pand berib qo‘yishi mumkin.

«Shunga qaramay, prezidentning qat'iylik bilan bu yigitlarni katta lavozimga tayinlaganini olqishlash kerak. Chunki bu qaror Karimov hukmronligi yetishtirgan chalamulla, boqibeg‘am, o‘z halovatidan boshqasini o‘ylamaydigan amaldorlar yuziga tarsakidir», deydi yana bir yoshi kattaroq suhbatdoshimiz.

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosarligiga tayinlangan Alisher Sa'dullaev Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutini tamomlagan, keyinroq Buyuk Britaniyada tahsil olgan. Shu paytgacha o‘zi mustaqil ravishda Result o‘quv markazi rahbari sifatida ishlab kelayotgandi.

Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktori o‘rinbosari etib tayinlangan Olimjon To‘ychiev esa Toshkentdagi Turin politexnika universitetida ta'lim olgan. Keyin Germaniyadagi Hoffenhaym universiteti magistraturasini tugatgan.

Ko‘rinib turibdiki, ikkalasi ham O‘zbekistondagi ta'lim tizimiga korruptsiya aralashmagan, poraxo‘rlik urchimagan sanoqli oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan. Qolaversa, xorijdagi ta'lim va fan taraqqiyoti tajribasi bilan o‘rtoqlashgan.

Mana shu jihatlar ularning yangi lavozimdagi istiqboliga nekbinlik bilan qarashga undaydi.

Ular biografiyasidagi boshqa bir jihat borki, aynan shu omil ayrimlarni bu tayinlovlarga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirishiga sabab bo‘layotir.

Ya'ni bu yigitlarning ikkalasi ham «Kamolot» faollari o‘laroq yangi lavozimga keldi.

«Kamolot» esa yoshlar ongiga faqat mavjud tuzumga sadoqat, erkin fikrlashdan qo‘rqish ruhini singdirgan bir tashkilot sifatida eslanadi.

Har holda, bu tashkilotning biror bir jiddiy muammolarni ko‘tarib chiqqani, ishsizlik, savodsizlik, institutlardagi korruptsiya haqida qachondir gapirganini biz bilmaymiz. Shu paytgacha gapirmagan bo‘lishsa, kelgusida ulardan buni kutish mumkinmi?

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 fevral 2020
Quyidagi maqola telegra.ph saytida e'lon qilingan. “Eltuz” bu maqola tarjimasini e'tiboringizga havola etmoqda. Iddao va taxminlar ustiga qurilgan bu ...
21 oktyabr 2015
Bir kun internetsiz yashadim. Yashasa bo‘lar ekanu, ammo juda qiyin, judayam qiyin. Kecha kechki payt ishdan kelib noutbukni yoqsam ...
14 dekabr 2016
O‘zbekiston Oliy Majlisi senati va Qonunchilik palatasining qo‘shma majlisida Abdulla Oripov nomzodi Bosh vazirlikka tasdiqlandi. Telekommunikatsiya sohasidagi korruptsiyalar bois ...
11 avgust 2017
“Temir xotin” filmida o‘zbeklarning paxta terishga majburlanishini hajv qilgan kinorejissyor 2015 yilning oktyabrida Namangan dalalariga terimga jo‘natilgandi. Rassom Tuz, ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...