Asosiy mavzular
14 iyul 2017

Fermerlar va hukumat manfaatlari g‘alla ustida to‘qnashmoqda

Oshkoralik va shaffoflikni o‘ziga shior qilib olgan O‘zbekiston hukumati bug‘doy o‘rim-yig‘imi mavsumida yuz berayotgan qonunbuzarliklar haqida ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinayotgan xabarlarga munosabat bildirishdan o‘zini olib qochmoqda.

Xususan, so‘nggi kunlarda mustaqil OAVda Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida hokimning fermerlarga tegishli rejadan tashqari bug‘doyni majburan o‘rib olishga qaratilgan hatti-harakati ortidan dehqonlar yerga suv qo‘yib yuborayotgani haqida xabar tarqatildi.

Fermerlar bu harakati bilan shartnoma asosida o‘zlariga tegishli hosilning suv tekin narxda davlatga topshirib yuborilishining oldini olmoqda. Chunki suv bosgan dalaga kombayn kira olmaydi.

Mamlakatning deyarli barcha viloyatlaridan rejani bajarganiga qaramay, mahalliy hokimlarning fermerlarni g‘alla topshirishga majburlayotgani haqida xabarlar kelib turibdi.

Bu ham yetmagandek, ba'zi hududlarda dehqonchilikka aloqasi bo‘lmagan tashkilotlardan bug‘doy rejasini to‘ldirish uchun pul yig‘ilayotgani aytilmoqda.

Xususan, Andijon viloyatining Shahrixon tumanida tibbiyot xodimlaridan tuman bug‘doy rejasini bajarish uchun yuz ming so‘mdan pul yig‘ish haqida topshiriq berilgan.

Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida esa lalmi yerlarda uzum yetishtiradigan fermerlarga g‘alla topshirish punktlariga 300 kilogrammdan bug‘doy topshirish majburiyati yuklangan.

Bundan tashqari, ko‘pgina viloyatlarda rejani bajargan fermerlarga ortiqcha g‘allani o‘rib-yig‘ib olish uchun kombaynlar berishga cheklov belgilangan. Ya'ni fermerlar rejadan ortiqcha g‘allani o‘zi va ishchilari uchun o‘rib olish imkoniyatidan mahrum etilgan.

Hokimiyat ortiqcha bug‘doyni o‘rib olish uchun kombaynlar berishdan bosh tortmoqda. Hatto xususiy kombaynlarning fermerlarga tegishli bug‘doyni o‘rib berishiga to‘sqinlik qilinyapti.

E'tiborlisi shundaki, prezident Shavkat Mirziyoevning hokimiyat organlaridan ochiqlik va oshkoralikni talab qilayotgani ortidan OAVda e'lon qilinayotgan bu ma'lumotlarga rasmiylarning munosabatini kutish mantiqli bo‘lar edi.

Lekin shu vaqtgacha na Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, na mehnatkashlarning huquqlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan Kasaba uyushmalari federatsiyasi bu haqda biror bayonot bilan chiqdi.

Respublika fermerlar kengashi ham, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishni bosh maqsadi deb biladigan partiyalar ham jim.

Hatto Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi «Cho‘nbog‘ish Qutbiddin» fermer xo‘jaligi rahbari Husniddin Rajabov ishchilarga tarqatish niyatida olib qo‘ygan bug‘doyini tuman hokimi tortib olganidan so‘ng o‘z joniga qasd qilgani haqida xabarlar paydo bo‘lganidan so‘ng ham rasmiylar churq etgani yo‘q.

Ma'lumotlarga qaraganda, bu yil fermerlarning aksariyati davlat rejasini bajarishga yetarli darajada bug‘doy yetishtirgan.

Lekin mahalliy hokimlar davlat rejasi ortig‘i bilan bajarilayotganini ko‘rsatish niyatida ilg‘or fermerlarning o‘z ehtiyoji uchun qolishi kerak bo‘lgan hosiliga ham ko‘z olaytirmoqda.

Buning ortida esa tumanning ko‘rsatkichlarini oshirib ko‘rsatish, shu orqali prezidentning g‘azabidan qutulib qolish niyati yotibdi.

Yana bir e'tiborli jihati shundaki, odatda mustaqil OAVlarning xabarlarini yolg‘onga chiqarish maqsadida foydalaniladigan «qo‘lga o‘rgatilgan» jurnalistlar ham mana shu masalaga kelganida paytavasini chaynab, jim o‘tirishdan nariga o‘ta olmayapti.

Bir qadar erkinligini ko‘rsatishga urinayotgan mahalliy internet saytlari ham bug‘doy o‘rimi mavsumidagi bu g‘irromliklarni ko‘rmaslikka olmoqda.

Mahalliy tahlilchilar fikricha, hukumat aslida bo‘layotgan barcha voqealardan xabardor. Lekin u yangi prezidentning qishloq xo‘jaligi sohasida yuritayotgan siyosati hozirdanoq o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatish maqsadida mavjud kamchiliklarga ko‘z yumish yo‘lini tutmoqda.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 aprel 2020
Bugun – Xalqaro Yer kuni. Amerikalik reper va komik Lil Diki «Yer» (Earth) deb nomlangan animatsion klipida 30 dan ...
7 sentyabr 2017
7 sentyabr kuni, «Do‘stlik» KPPning rasmiy ochilishidan bir kun o‘tib, o‘shlik huquq himoyachisi Izzatulla Raxmatullaev chegaraning yana yopilgani haqida ...
13 fevral 2018
O‘zbekistonda og‘ir kasallar uchun ishlatiladigan og‘riqni qoldiruvchi narkotik va psixotrop dorilar yetishmayapti. Mamlakat dorixonalariga narkotik dorilarning kam miqdorda yetkazib ...
13 yanvar 2020
Uchko‘prik tumanidagi bir guruh fermerlar prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan klaster tizimi o‘zlarini xonavayron qilayotganidan shikoyat etishdi. Bu muammoni ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...