Asosiy mavzular
21 may 2018

Andijon hokimi Rahmatullaev og‘zi shaloqligicha qolmoqda

Andijon shahrining so‘kong‘ich hokimi Dilmurod Rahmatullaevning tilini tushovlashning umuman imkoni bo‘lmayapti.

O‘tgan yili shunday fe'li sababli u sud qarori bilan eng kam ish haqining 30 baravari (5 million so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan edi.

Bu jazo hokimga paxtaga kam odam chiqargan kollej va litseylar direktorlarini “hayvon”, “shakal”, “eshak”, “padaringga la'nat” kabi tahqirlovchi so‘zlar bilan haqorat qilgani uchun berilgandi.

Ammo bu chora Andijon hokimiga zarracha ta'sir etgani yo‘q. 2018 yil boshida Dilmurod Rahmatullaev metallolom topshirig‘ini bajarmagan va bolalar sporti jamg‘armasiga pul o‘tkazmagan rahbarlarni yana “iflos, shakal, tvar, hayvon” kabi so‘zlar bilan haqoratladi.

Hokimto‘raning xurmacha qiliqlari hukumat imijiga salbiy ta'sir etishini hisobga olgan shekilli, bir oycha muqaddam u shaxsan bosh vazirning o‘zidan so‘nggi ogohlantirish olgan edi.

Buni qarangki, Andijon shahri hokimi prezidentning viloyatga tashrifi arafasida obodonlashtirish ishlariga oid 15 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ​mahalliy tashkilotlar rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarining ayrimlarini yana chapanichasiga so‘kkani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Shuncha shov-shuv va aks sadolarga qaramay, bu hokimto‘raning tilini tushovlab bo‘lmayotganiga qandaydir sabab bo‘lishi kerak nazarimizda.

O‘zimizga tusmollab bunga javob topishga harakat qildik. Fikrimizcha, hokimning so‘kinishni bas qilmayotganiga uchta sabab bo‘lishi mumkin.

Birinchi taxmin shuki, uning shu darajada ishongan tog‘lari borki, hatto bosh vazirning ogohlantirishlaridan ham qo‘rqmaydi.

Ikkinchi tusmolimiz – hokimto‘ra so‘kinish vakolatini ancha yuqoridan olgan. Boshqa sabab esa uning so‘kinish kasali bilan bog‘liq ruhiy holati bo‘lishi mumkin.

Endi bu taxminlar yuzasidan ba'zi mulohazalarni bayon qilsak. Hokimto‘ra hech kimdan qo‘rqmayotgan ekan, demak uning ishdan ketishini kutish foydasiz.

Agar so‘kinish vakolati unga yuqoridan berilgan bo‘lsa, unda buning uchun barcha mas'uliyat o‘sha yuqorining zimmasida bo‘ladi.

Mabodo so‘kong‘ichlik sababi D.Rahmatullaevning ruhiyatidagi buzilishlar oqibati bo‘lsa, u holda hokimni darhol tegishli tibbiy mutaxassislar tekshirib, choralar ko‘rishi kerak. Aks holda vaziyat erta bir kun hokimiyat nufuzini yerga uradigan darajaga yetib borishi, xunuk oqibatlarga olib kelishi hech gap emas.

Prezident Shavkat Mirziyoevning kuni kecha Andijonga safaridan kutilgan eng katta natijalardan biri shu hokimning ishdan olinishi ekani haqida mustaqil matbuotda va ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgandi. Ammo ular o‘z tasdig‘ini topgani haqida hozircha ma'lumotlar yo‘q.

Tasdiqlangan ma'lumot shuki, prezident og‘zi Andijon shahri hokiminikidek shaloq bo‘lmasa-da, kezi kelganda so‘kishlarni qoyillatadigan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov o‘zi eng ishongan hokimlardan biri ekanini aytib, uni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Savol tug‘iladi: viloyat hokimi sha'niga aytilgan bu qo‘llab-quvvatlovlar uning rahbarligida ishlovchi shahar hokimi tomonga ham ishora emasmikin?!

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 noyabr 2022
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta navbatdagi shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Dastlabki shikoyat Buxoroning Shofirkon tumanidan. Shofirkonda tok yo‘q «Assalomu ...
21 noyabr 2017
17-20 noyabr kuni Shvetsiyaning Stokgolm shahrida VI Yevroosiyo adabiyoti festivali bo‘lib o‘tdi. Postsovet davlatlar, jumladan, o‘zbekistonlik yozuvchilarning asarlari taqdim ...
9 dekabr 2020
O‘zbekistonlik kleptokratlar tomonidan o‘marilgan va chet elga olib chiqib ketilgan milliardlab dollar mablag‘ni mamlakatga qaytarish masalasi tobora dolzarblashib bormoqda. ...
6 may 2023
2023 yil 3 may, O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoev Germaniya poytaxtida Germaniya kantsleri va prezidenti bilan uchrashdi. Huquq faollari  esa ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...