Asosiy mavzular
5 iyul 2018

Matbuot shovqinidan keyingina ayolni tahqirlagan kapitan ushlandi

Bosh prokuratura 5 iyul kuni kattaqo‘rg‘onlik 31 yashar ayolni yechintirib tahqirlagan IIB xodimi, kapitan San'at Umarovga jinoyat ishi ochilgani va ehtiyot chorasi sifatida uni hibsga olish masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berdi.

Bir oy oldin, shu yilning 3 iyunida Kattaqo‘rg‘onda yuz bergani aytilayotgan bu voqea yuzasidan ish, «Eltuz» nashrining o‘rganishicha, o‘zaro «bosti-bosti» qilingan.

Biroq 4 iyulga kelib «Ozodlik» bu haqda yozganidan keyingina Bosh prokuratura bu yuzadan ish ochilgani haqida xabar berdi.

«Ozodlik» radiosida bu video berilganidan so‘nggina militsiya kapitaniga ish ochildi

Rasmiy xabarga ko‘ra, N.T ismli ayol DXXga 22 iyunda ariza yozib, militsiya kapitani S.Umarov va boshqalar uni shahar IIB binosida haqorat qilib, yechinishga majburlashgani haqida bildirgan.

N.T. shu kuni, tergovga qadar tekshiruv ma'lumoti bo‘yicha, IIB shahar ma'muriy binosiga keltirilgani bildiriladi Bosh prokuratura xabarida.

«Hozirgi kunda mazkur ish bilan Bosh prokurorning shaxsan o‘zi shug‘ullanmoqda. Umumiy holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi ham boshlangan. To‘liq u ekanligini bilish uchun yuzlashtirish, videodagi ovozlarni tekshirish kerak. Chunki uning yuzi ko‘rinmagan. Hozirda Umarov ushlangan, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda», deya ma'lumot bergan Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Surayyo Rahmonova.

Biroq ayolning uni tahqirlagan militsiya kapitaniga «da'vosi yo‘qligi» va uning «shikoyat qilmagani» ham iddao etilmoqda.

Ikki bolasi borligini aytgan N.T ismli jabrlanuvchi «Xabar.uz» saytiga voqea aynan sodir bo‘lgani, San'at Umarov uni yechintirib videoga olishdan oldin ikki marta oyog‘iga tepganini ham bildirgan.

«U kiyimlarimni yechishga majburlab, o‘zi videoga oldi. Yalang‘och holda bozorga olib bormoqchi edi, yalinib-yolvorganimdan keyin navbatchi militsiyalarning oldigacha olib borib, izimga qaytardi. Keyin soat beshgacha ushlab o‘tirib qo‘yib yubordi.

Mening San'at Umarovga hech qanday da'vom yo‘q. Chunki Kattaqo‘rg‘onda ikki bolamdan boshqa hech kimim yo‘q. Bular bilan dushmanlashsam o‘zimga, bolalarimga ziyon yetkazishidan qo‘rqaman. Shuning uchun hech qaerga shikoyat ham qilganim yo‘q», deydi ayol.

Shuningdek, ayolning saytga bildirishicha, prokuraturaga u tanimaydigan odamlar murojaat qilishgan. Lekin ochiqlangan bu ma'lumotlar rasmiy manbalar tomonidan tasdig‘ini topgani yo‘q.

Prokuratura xabarida S.Umarovga qamoq ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotgani, shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahri IIBda mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani bildiriladi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 aprel 2024
Suriyaga qoriya xotini bilan ketib odam so‘yayotgan uchtepalik bo‘yoqchi rijol Jaloliddin Mansurov qidiruvga berildi. 1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan ...
6 sentyabr 2018
«Mabodo, bir kun kelib ozodlikka chiqsam-u, kitob yozish nasib qilsa, “andijonlik yigit” deb eslasam, u o‘zi haqda gap ketayotganini ...
21 noyabr 2017
17-20 noyabr kuni Shvetsiyaning Stokgolm shahrida VI Yevroosiyo adabiyoti festivali bo‘lib o‘tdi. Postsovet davlatlar, jumladan, o‘zbekistonlik yozuvchilarning asarlari taqdim ...
22 dekabr 2021
Dekabr oyi o‘rtalarida internetda Farg‘ona viloyati tug‘ruqxonasiga kelgan tug‘roq holatidagi ayol propiskasi boshqa joyda bo‘lgani sababli shifokorlar tomonidan qabul ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...