Asosiy mavzular
24 avgust 2018

Telia Gulnoraning kasofatiga qoldi

Shvetsiyaning Telia transmilliy kommunikatsiya kompaniyasi sobiq boshqaruvchilari O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnoraning kasofatidan sud oldida javob berishga majbur bo‘lmoqda.

Ular Gulnora Karimovaga kamida 350 million dollar pora berganlikda ayblanib, Stokgolm sudi oldida javob beradigan bo‘lyapti.

Sobiq TeliaSonera kompaniyasi O‘zbekiston mobil aloqa bozorida Ucell brendi ostida faoliyat yuritgan.  

Kompaniyaning 2003-2007 yillardagi moliyaviy direktori va vitse-prezidenti Tero Kivisaari, 2007-2013 yillarda bosh menejeri bo‘lgan Lars Nyuberg va Yevroosiyo faoliyati bo‘yicha bosh maslahatchisi Uli Tuima sudlanuvchilar kursisidan joy oladi.

Ular Ucell faoliyati uchun zarur bo‘lgan litsenziya olish va alohida himoyada bo‘lish uchun Gulnora Karimovaga yirik miqdorda pora berishda ayblanmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, Gulnora Karimovaning o‘zi sudlanuvchilar ro‘yxatida yo‘q. Uning Shvetsiya kompaniyasidan pora olgan asosiy shaxs ekani deyarli isbotini topib bo‘lgan. Shuning uchun muhimi uning sudda qatnashishi emas, balki bu jinoyat ekanini bila turib unga pora bergan Telia sobiq rahbarlarining sudga tortilishidir.

Ta'kidlash kerakki, aktsiyalarining 37 foizdan oshig‘i shved hukumatiga qarashli Telia kompaniyasi AQSh Adliya vazirligi bilan sudgacha erishilgan kelishuvda O‘zbekistonga kirish uchun Gulnora Karimovaga 331 million dollar pora berganiga iqror bo‘lgan va 2017 yil sentyabrda qariyb 1 milliard dollar jarima to‘lashga ko‘ngan.

Mavjud xabarlarga ishonilsa, hozircha mazkur ish yuzasidan shved sudida ko‘rsatma beradigan guvohlar ro‘yxatida O‘zbekistondan faqat Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurash boshqarmasi rahbari lavozimida ishlagan Shavkat Umrzoqov nomi kiritilgan.

Gulnora Karimova tomonidan orttirilgan bu noqonuniy pullar mojarosi Shveytsariyada ham davom etmoqda.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Shveytsariya tomoni ayni paytda musodara qilingan bu mablag‘larni O‘zbekistonga topshirish jarayoni ustida ishlamoqda.

Ammo O‘zbekiston fuqarolik jamiyatining bir qator faollari Gulnora Karimovaning Shveytsariya banklarida saqlanayotgan pullarini shunchaki rasmiy Toshkentga topshirib yuborishga shoshilmaslikka chaqiryapti.

Ularning fikricha, bu mablag‘lar O‘zbekistonga mamlakat rahbariyati va'da qilayotgan islohotlarning ijobiy amaliy natijalariga qarab, bo‘lib-bo‘lib qaytarilishi lozim.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 mart 2023
«Yuzuk-Art» tashkiloti faollari tashabbusi bilan 23 mart kuni Amerikadan topilgan va O‘zbekistonga keltirilgan «Buxoroning bombardimon qilinishi» triptixi xotirasini yo‘qotishga ...
10 avgust 2022
Eltuz portaliga kelib tushayotgan murojaatlar oqimini kuzatishda davom etamiz. Bugun ham muhokama uchun 5 ta xatni tanladik. Ular institutlar ...
8 may 2017
Ijtimoiy tarmoqda kartoshka savdosi bilan bog‘liq janjal va turnaqator navbatlar aks etgan tasvirlar bot-bot paydo bo‘la boshladi. O‘zbekistonda eng ...
10 iyun 2021
«Milliy tiklanish» partiyasi lideri Alisher Qodirov Alter Ego nashriga intervyu berdi.
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...