Asosiy mavzular
21 sentyabr 2018

Bodroq kabi urchigan poraxo‘rlik

So‘nggi kunlardagi xabarlarni o‘qib, O‘zbekistonda hokimiyat idoralaridagi poraxo‘rlikka qarshi keskin kurash boshlanganga o‘xshaydi, degan xayolga borish hech gap emas.

Bunday mulohazaga undaydigan misollar ham ko‘payib ketdi oxirgi kunlarda. Hazilmi axir, kuni-kecha Boysun tumani hokimining o‘rinbosari 100 dollar bilan ushlangandi. Bunga yo‘ldosh bo‘lib Andijon shahri hokimligi amaldori 16 ming “ko‘ki” bilan qo‘lga tushdi.

Hozircha amalda ekanligigida poraxo‘rlikda ayblanib ushlanganlar orasida eng yirik amaldor Samarqand viloyatining endilikda sobiq hokimi Turob Jo‘raev bo‘lib turibdi.

Uning qamoqqa olingani ancha shov-shuv bo‘ldi. Lekin bu ish jarayoni qanday borayotgani haqida so‘nggi vaqtlarda birorta yangi xabar chiqqani yo‘q.

Bundan avvalroq Toshkent shahrining yangi hokimi (v.b) Jahongir Ortiqxo‘jaev “mening komandamga pora kerak emas” qabilida gapirgan edi.

Poytaxtning Yunusobod tumani hokimi Baxtiyor Abdusamatov kutilmaganda 400 ming dollar pora bilan qo‘lga tushib qoldi.

To‘g‘ri, uning Jahongir Ortiqjo‘jaev komandasiga qanchalik aloqadorligi hozircha noma'lum. Aloqadorligidan ko‘ra aloqador emasligi ko‘proq haqiqatga o‘xshaydi.
Lekin unda bu amaldor kimning komandasidan ekan? Mana shu savolga javob topilsa, ko‘pchilikning ko‘nglidagi ish bo‘lardi.

Yuqorida Andijon shahri hokimligi amaldori pora bilan ushlanganini eslatdik. Lekin bor-yo‘g‘i hokimlikning katta mutaxassisi lavozimida ishlagan shaxs bu pora olish zanjirida hal qiluvchi rol o‘ynash darajasida emasligini sal aqlini ishlatgan odam bilib olishi qiyin emas.

Bu o‘rinda arqonning bir uchini sal teparoqdan izlagan mantiqliroq bo‘ladi nazarimizda.

Aytgancha, Andijonning hokimi keng internet va boshqa jamoatchiliklarga so‘kong‘ichligi bois otning qashqasidek taniqli bo‘lib qolgan shaxs.

Ba'zi manbalarda uning yaqin-yaqinlargacha Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan qudratli Botir Parpievga aloqadorligi so‘nggi vaqtlarda bot-bot tilga olinmoqda.

So‘kong‘ichligi bois hatto ma'muriy javobgarlikka tortilgandan keyin ham bu odatini tark qilmayotgan Andijon hokimi haqida avval ham yozgandek.

Uning ortida qudratli kuchlar turmaganida bu og‘zi shaloq hokim bot-bot odamlarni so‘kavermasdi, degan mulohazaga ham borgandik.

Ortida turganlar endi ma'lum bo‘lyapti. Qolaversa, Botir Parpiev to‘dasiga aloqador amaldor boshqarayotgan joylarda poraxo‘rlik bo‘lmasligiga kafolat beradigan mardni topish qiyin.

Andijon hokimligi bosh mutaxassisining pora olish chog‘ida ushlangani haqida xabar bergan internet nashrlaridan biri “DXX qozonda borini ko‘rsatyapti”, deganga o‘xshash qochirim qildi.

Aytish mumkinki, bu “qozon”da hali ko‘p narsa bor. Hokimiyat qaroqchiligi avjida chiqqan yillarda bu “qozon”ga nimalar solinmadi deysiz.

DXX timsolidagi cho‘michga hali ko‘p narsalar ilinib chiqmayotir. Chiqqanidami, qiyomat qoyib bo‘lardi O‘zbekistonda!

Chunki korruptsiyaga qarshi shuncha gap-so‘zlarga, ba'zan real sa'y-harakatlarga qaramay, bu poraxo‘rlik botqog‘ini hali quritishga juda ko‘p kuch sarflashga to‘g‘ri keladi.

Buning uchun esa ulkan siyosiy iroda kerak. Hokimiyat tizimidagi amaldorlarning pora bilan qo‘lga olinayotgani haqidagi bodroqdek chiqayotgan xabarlar bu siyosiy iroda asta-sekin bo‘y ko‘rsatayotganiga ishontira olsa edi…

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 yanvar 2023
E'tiboringizga Eltuz «600 sekund»ning 18 yanvar sonini taqdim etadi.+++Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Samoq MFYda qor erishi oqibatida sel yuzaga ...
11 fevral 2019
Bir yil oldin ishga tayinlangan 53 yashar Ixtiyor Abdullaev joriy yilning 8 fevralida DXX rahbari lavozimidan bo‘shatildi. Abdullaev ustidan ...
10 mart 2022
Berlinda joylashgan O‘zbekiston Inson huquqlari forumi tashkiloti 2021-yilda markaziy davlat tomonidan o‘rnatilgan Majburiy Mehnat topilmaganidan so‘ng, «Cotton campaign” koalitsiyasi ...
28 iyul 2017
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi marhum prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova jinoyatiga oid tafsilotlarini ochiqladi. Bunga ko‘ra, u 5 yilga qamalgan, ikkinchi ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...