Asosiy mavzular
1 oktyabr 2018

Markaziy bank inflyatsiya kuchayishini kutmoqda

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonning moliyaviy hayotida ikkita diqqatga sazovor voqea sodir bo‘ldi. Birinchisi Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 14 foizdan 16 foizga oshirilishi bo‘lsa, ikkinchisi mamlakat oltin-valyuta zaxiralarining bir necha yuz million dollarga kamayishidir.

Aynan foiz stavkasining oshirilishi zaxiralar kamayishiga to‘g‘ri kelayotgani e'tiborni tortadigan jihatdir.

Bu jihat O‘zbekiston hukumati endi inflyatsiyani jilovlash uchun valyuta interventsiyasini susaytirishga qaror qilganini anglatadi.

Qora bozor yana jonlanib, u yerdagi dollar kursi rasmiy kursdan ancha oshib ketgani ham hukumat shunday siyosat yuritayotganining bilvosita in'ikosidir.

Zero, shu paytgacha hukumat valyuta interventsiyasi vositasida qora bozor kursi va rasmiy kurslar o‘rtasidagi muvozanatni ta'minlab kelayotgan edi.

Agar mamlakat oltin-valyuta zaxiralari (OVZ)ning keyingi besh oylik dinamikasiga nazar tashlansa, bu zaxiralar muttasil kamayib kelayotganini ko‘rish mumkin.

Xususan, 1 may holatida zaxiralar 28,352 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, 1 sentyabrga kelib 26,870 mlrd dollarga tushib qolgan.

Bu esa importning eksportdan ortiq bo‘layotgani bilan birga aynan valyuta interventsiyasi oqibati, deyishga asos beradi.

Markaziy bank qayta moliyalash stavkasi oshirilishiga oid o‘z monetar siyosatini izohlar ekan, inflyatsion xatarlarning kuchayishiga, birinchidan, “tashqi omillar ta'sirida so‘mning real samarali almashuv kursining oshib borayotgani” sabab ekanini ko‘rsatgan.

Ikkinchidan, kreditlash hajmlarining yuqori sur'atlarda o‘sishi natijasida iqtisodiyotda iste'mol va investitsion talab oshgan.

Yana bir sabab esa “ma'muriy tartibga solinadigan narxlarning kutilgan darajaga nisbatan yuqoriroq oshirilishi, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining bozor sharoitlariga moslashtirilishining kutilayotganligi”dir.

Markaziy bank sharhidan hukumat bu yil prognoz ko‘rsatkichlardan ortiqroq xarajatlarga yo‘l qo‘yayotgani ham anglashiladi.

Iqtisodchi Abdumalik Qahhorovning “Eltuz”ga aytishicha, yoz fasli pishiqchilik davri bo‘lgani uchun inflyatsion bosimning iqtisodiyotga salbiy ta'sirini susaytirib turish imkoni bor edi.

“Ammo paxta terimi munosabati bilan muomalaga yana ko‘p naqd pul chiqadi. Bundan tashqari, pishiqchilik davri ham tugayapti. Shu ma'noda hukumatning inflyatsion bosimni yumshatish uchun qayta moliyalash stavkasini oshirishi kutilgan qadamdir”, deydi iqtisodchi.

Uning fikricha, qayta moliyalash stavkasi oshirilishining salbiy oqibati shuki, u shunday ham qimmat bo‘lgan kredit foizi yanada ko‘tarilishiga olib keladi. Bu esa tadbirkorlikni va aholini kreditlashni kamaytiradi. Shu bois, ishbilarmonlik muhiti va iste'mol bozoriga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

“Agar hukumat inflyatsiyadan qo‘rqib, uni jilovlashning karimovcha usuliga qaytsa, bundan yomoni bo‘lmaydi. Karimov davrida naqd pulni muomalaga kam chiqarish orqali inflyatsiyaning oldini olishga urinish bugungi nochor ahvolimizning bosh sabablaridan biridir”, dedi iqtisodchi “Eltuz” bilan suhbatda.

Sardor Azim
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 avgust 2020
Yana hafta aylanib siz bilan yuz ko‘rishib turibman. Mag‘rursiz, masrursiz  va orangizda sevgidan majnun, hayotga maftun kishilar bor. Faqat ...
30 may 2023
Samarqand Davlat Universteti Rus tili filologiyasi fakulteti talabasi  Shodiyona Rahmonova o‘z guruhdosh va kursdoshlariga telegram nomasi yo‘llab, 300 ming ...
15 may 2017
Alpomish filmida rol o‘ynab tanilgan kino va teatr aktrisasi Gavhar Sharipova O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga maktub yo‘llab, o‘tgan yili ...
15 dekabr 2021
Xorazm viloyati Yangibozor tumani hokimi O‘ktam Qurbonovning bug‘doy rejasini bajarmagan hududiy rahbarlarni uyat gaplar bilan so‘kkani haqidagi maqola e'lon ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...