Asosiy mavzular
1 oktyabr 2018

Markaziy bank inflyatsiya kuchayishini kutmoqda

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonning moliyaviy hayotida ikkita diqqatga sazovor voqea sodir bo‘ldi. Birinchisi Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 14 foizdan 16 foizga oshirilishi bo‘lsa, ikkinchisi mamlakat oltin-valyuta zaxiralarining bir necha yuz million dollarga kamayishidir.

Aynan foiz stavkasining oshirilishi zaxiralar kamayishiga to‘g‘ri kelayotgani e'tiborni tortadigan jihatdir.

Bu jihat O‘zbekiston hukumati endi inflyatsiyani jilovlash uchun valyuta interventsiyasini susaytirishga qaror qilganini anglatadi.

Qora bozor yana jonlanib, u yerdagi dollar kursi rasmiy kursdan ancha oshib ketgani ham hukumat shunday siyosat yuritayotganining bilvosita in'ikosidir.

Zero, shu paytgacha hukumat valyuta interventsiyasi vositasida qora bozor kursi va rasmiy kurslar o‘rtasidagi muvozanatni ta'minlab kelayotgan edi.

Agar mamlakat oltin-valyuta zaxiralari (OVZ)ning keyingi besh oylik dinamikasiga nazar tashlansa, bu zaxiralar muttasil kamayib kelayotganini ko‘rish mumkin.

Xususan, 1 may holatida zaxiralar 28,352 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, 1 sentyabrga kelib 26,870 mlrd dollarga tushib qolgan.

Bu esa importning eksportdan ortiq bo‘layotgani bilan birga aynan valyuta interventsiyasi oqibati, deyishga asos beradi.

Markaziy bank qayta moliyalash stavkasi oshirilishiga oid o‘z monetar siyosatini izohlar ekan, inflyatsion xatarlarning kuchayishiga, birinchidan, “tashqi omillar ta'sirida so‘mning real samarali almashuv kursining oshib borayotgani” sabab ekanini ko‘rsatgan.

Ikkinchidan, kreditlash hajmlarining yuqori sur'atlarda o‘sishi natijasida iqtisodiyotda iste'mol va investitsion talab oshgan.

Yana bir sabab esa “ma'muriy tartibga solinadigan narxlarning kutilgan darajaga nisbatan yuqoriroq oshirilishi, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining bozor sharoitlariga moslashtirilishining kutilayotganligi”dir.

Markaziy bank sharhidan hukumat bu yil prognoz ko‘rsatkichlardan ortiqroq xarajatlarga yo‘l qo‘yayotgani ham anglashiladi.

Iqtisodchi Abdumalik Qahhorovning “Eltuz”ga aytishicha, yoz fasli pishiqchilik davri bo‘lgani uchun inflyatsion bosimning iqtisodiyotga salbiy ta'sirini susaytirib turish imkoni bor edi.

“Ammo paxta terimi munosabati bilan muomalaga yana ko‘p naqd pul chiqadi. Bundan tashqari, pishiqchilik davri ham tugayapti. Shu ma'noda hukumatning inflyatsion bosimni yumshatish uchun qayta moliyalash stavkasini oshirishi kutilgan qadamdir”, deydi iqtisodchi.

Uning fikricha, qayta moliyalash stavkasi oshirilishining salbiy oqibati shuki, u shunday ham qimmat bo‘lgan kredit foizi yanada ko‘tarilishiga olib keladi. Bu esa tadbirkorlikni va aholini kreditlashni kamaytiradi. Shu bois, ishbilarmonlik muhiti va iste'mol bozoriga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

“Agar hukumat inflyatsiyadan qo‘rqib, uni jilovlashning karimovcha usuliga qaytsa, bundan yomoni bo‘lmaydi. Karimov davrida naqd pulni muomalaga kam chiqarish orqali inflyatsiyaning oldini olishga urinish bugungi nochor ahvolimizning bosh sabablaridan biridir”, dedi iqtisodchi “Eltuz” bilan suhbatda.

Sardor Azim
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 aprel 2024
Farg‘ona viloyatidagi va umuman vodiydagi barcha professional jurnalist va ziyolilarga ikki og‘iz gapim bor. Vodiy azaldan mehmondo‘stligi bilan tanilgan. ...
22 iyun 2017
Talaba o‘limiga sabab bo‘lgan janjal ortidan Toshkentdagi Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji yopiladigan bo‘ldi. Ayni paytda O‘zbekistonda 11 sinflik maktab ...
20 aprel 2023
Oliy sudda sovet davrida qatag‘on qilingan yana 208 nafar shaxs oqlandi. 30 yil kechikkan bo‘lsa ham olqishga loyiq ish.  ...
19 yanvar 2016
«Devona farishta», «Qo‘rg‘oshin» va «Jodugar» filmlarida o‘ynab tanilgan artist Otabek Musaev «O‘zbekkino» Milliy agentligi raisi etib tayinlandi. Bu haqda ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...