Asosiy mavzular
17 dekabr 2018

Vazir va prokurorni chaqirishni talab qilgan sudlanuvchi Ombudsmanga arz qildi

Apellyatsiya arizasi Toshkent shahri sudida ko‘rilayotgan sudlanuvchi Shahnoza Boyqunusova 2018 yil 13 dekabr kuni O‘zbekiston Ombudsmani Ulug‘bek Muhammadiev nomiga ariza berdi.

Boyqunusova o‘z arizasida Toshkent shahrining Shayxontohur, Sergeli, Mirobod tumanlari ichki ishlar boshqarmalarida hamda Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasida unga qarshi olib borilgan noxolis tergovdan shikoyat qildi.

Shuningdek, sudlanuvchi birinchi bosqich sudida unga nisbatan chiqarilgan hukm yuzasidan ham o‘z e'tirozlarini bildirdi.

Boyqunusovani nimada va qanday ayblashgan?

This image has an empty alt attribute; its file name is MirsaidHaydarov.png

Mirsaid Haydarov
tergovchi

2017 yil davomida Boyqunusovaga qarshi poytaxtning uchta tumanida Jinoyat kodeksining 168-moddasi bandlarida ko‘rsatilgan firibgarlik aybi qo‘yilgan. 

Bu ayblarga uning ayrim shaxslarga bergan qarzi, ularni berish va undirish jarayonida plastik kartalaridan foydalangani sabab bo‘lgan.

Jinoyat ishlari yopilgach, Toshkent shahri prokuraturasi ishni sudga oshirgan. 2018 yil 18 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi ayblovni tasdiqlagan va Boyqunusovani 14 oy va 6 kunlik axloq tuzatish ishlariga hukm qilgan.

“Ulug‘bek Muhammadiev nomiga yozgan arizamda meni aka-uka va hattoki er-xotin tergovchilar so‘roq qilgani, ular bir-birining noxolis tergovlarini turli bosqichlarda qo‘llab-quvvatlashgani, tergov hujjatlarini soxtalashtirishgani va hattoki yo‘qotib yuborishgani haqida shikoyat qildim. Shunga qaramay, birinchi bosqich sudi ana shu noxolis tergov va ayblov xulosasini qo‘llab, menga nisbatan nohaq hukm chiqargani haqida ham arz qildim” – deydi Sh.Boyqunusova.

This image has an empty alt attribute; its file name is TimurYusupov-1-576x1024.png
Timur Yusupov
Sudya

Sudlanuvchining bildirishicha, Sergeli tumani ichki ishlar boshqarmasida unga soxta ayblov xulosasini tergovchi Sherzod Mehmonov e'lon qilgan. Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan, o‘sha tergovchining ukasi Hikmat Mehmonov o‘zi ishlayotgan Chilonzor tumani ichki ishlar boshqarmasida ham Sh.Boyqunusovaga qarshi aynan shunday ayblov e'lon qilgan. “Men bu holatdan norozi bo‘lib, prokuraturaga murojaat qildim. Shundan so‘ng mening tergovim Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasiga oshirildi”, – dedi Sh.Boyqunusova.

Lekin sudlanuvchi u yerda ham O‘zbekistonda “moda”ga aylangan qarindosh-urug‘chilik oqibatlariga duch kelgan. Shahnoza Boyqunusovaning ishini Toshkent shahri IIBBda Shahboz Sattorov qabul qilgan. Vaholanki, Sh.Boyqunusovaga qarshi Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limida ochilgan jinoyat ishida aynan Shahboz Sattorovning turmush o‘rtog‘i, tergovchi Charos Sattorova jonbozlik ko‘rsatib, Boyqunusovani maksimal muddatga qamaydigan ayblovlarni e'lon qilgan.

“Ko‘ryapsizmi?! Menga qarshi tergovchilarning dinastiyalari kurashishmoqda”, – deya nolidi Sh.Boyqunusova “Eltuz” bilan suhbatda.

Uning aytishicha, sevimli xotini e'lon qilgan ayblovni tasdiqlash yo‘lida tergovchi Shahboz Sattorov aldov va hujjatlarni soxtalashtirishgacha borgan.

“Shu yil 2 aprel kuni u meni hech qanday chaqiruv qog‘ozisiz huzuriga chaqirdi va noqonuniy hisbga oldi. Ya'ni meni aldadi. O‘zining yolg‘onini yashirish uchun Shahboz Sattorov tergov hujjatlarini ham soxtalashtirdi. Toshkent shahri IIBB ma'muriy binosiga rasmiy ruxsatnoma bilan 2 aprel kuni soat 16:57 da kirgan bo‘lsam-da, Chilonzordagi xotinining ayblovlarini yerda qoldirmaydigan Sh.Sattorov hujjatlarda bu vaqtni 20:00 deb rasmiylashtirgan. Men uning qabulidan otamga soat 17:30 da telefon qilib, hibsga olinganligim haqida aytganimni tasdiqlovchi dalillarim ham bor. Lekin na tergov, na sud bu dalillarni inobatga olmadi”, – deydi Sh.Boyqunusova.

Uning aytishicha, Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasining yana bir tergovchisi Mirsaid Haydarov esa yanada og‘irroq jinoyat – tergov hujjatlarini yo‘q qilishga ham qo‘l urgan. “Bu tergovchi advokatim ishtirokida o‘tkazgan tergovni bizni rasman ogohlantirmasdan videoyozuvga oldi. Advokatimning shu videoyozuvning bir nusxasini berishni talab qilib yozgan rasmiy murojaatiga Mirsaid Haydarov rad javobi berdi. O‘z javobida tergovchi janoblari: “Videoyozuv nusxasi advokatga berilmasin, jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yilsin”, – degan. Lekin videoyozuv nusxasini  jinoyat ishiga ham tikmagan”, – deydi Sh.Boyqunusova.

Sudlanuvchi bu holat yuzasidan sudga shikoyat qilgan va o‘sha videoyozuvni sudga taqdim etishni talab qilgan. Lekin Mirsaid Haydarov sudda: “Videoyozuv o‘chib ketdi”, – deb turib olgan. “Jinoyat ishidagi materiallarni yo‘qotib qo‘ygan, o‘chirib yuborgan tergovchiga O‘zbekiston qonunlarida, prezident qarorlarida jazo yo‘qmi?! Jazo bor! Lekin bu jazo O‘zbekistonda tanlab qo‘llaniladi. Menikiga o‘xshagan buyurtma ishlarda aybdor tergovchilarga bunday jazolar qo‘llanilmaydi”, – dedi Sh.Boyqunusova.

This image has an empty alt attribute; its file name is HamidSodiqov.jpg
Hamid Sodiqov
kurortchi biznesmen

Uning aytishicha, noxolislikda sudyalar ham tergovchilardan qolishmagan. Masalan, Shayxontohur tumani sudi sudyasi Timur Yusupov jabrlanuvchi kishilarning ayblanuvchi Shahnoza Boyqunusovadan jabr ko‘rmagani, uni hattoki tanimasligi haqidagi ko‘rsatmalarini inobatga olmagan. “Bu janob jabrlangan kishilarning plastik kartalaridan pul yechgan odamlarni sudga chaqirtirmadi. Nega? Chunki pul yechganlar o‘sha plastik kartochkalarni ularga aslida qaysi “jabrlanuvchi”lar olib kelgani haqida rost ko‘rsatma berishlari aniq edi. Meni tanimasliklarini aytishlari aniq edi”, – deydi Sh.Boyqunusova “Eltuz” bilan suhbatda.

O‘zbekiston Ombudsmaniga arz qilgan ayblanuvchining aytishicha, unga qarshi asosiy da'vo qo‘zg‘atgan Hamid Sodiqov (“O‘zbekiston” sanatoriy-kurort aktsiyadorlik jamiyati xodimi) sudda ham “Shahnozaga qancha summalik bank plastik kartochkasini qaerda va qachon berganimni ham, kartochkalar kimlarga tegishli ekanligini ham bilmayman”, – deb ko‘rsatma bergan. “Timur Yusupov “kurortchi”ning ko‘rsatmalarini jon deb qabul qildi. Yolg‘on ko‘rsatma yuzasidan “sanatoriychi”ga savol ham berib o‘tirmadi” – dedi Sh.Boyqunusova.

Shahnoza Boyqunusova bu holatdan norozi bo‘lganida Hamid Sodiqov ochiqdan-ochiq: “Men martabali “akaxon”larimni kurort yo‘llanmalari bilan ta'minlab qo‘yganman. Ko‘rsatmalarimni o‘zlari kelishtirib yozishadi”, – degan.

Boyqunusova sudda qonunlarning buzilganini aytmoqda

Mamlakat Jinoyat-protsessual kodeksi uchta jinoyat ishining birlashtirilishni talab qilsa-da, birdaniga poytaxtning uchta tumani – Shayxontohur, Sergeli va Chilonzor tumanlari ichki ishlar boshqarmalarida ishni alohida ko‘rib chiqishgan. 

13 dekabr kuni Ulug‘bek Muhammadiev nomiga ariza topshirgan sudlanuvchi Shahnoza Boyqunusova O‘zbekiston Ombudsmani uning arzini o‘rganib chiqib, oqlanishiga yordam berishidan umidvorligini ham aytmoqda.

“Chunki menga qarshi ochilgan ishda mendan jabr chekkan yoki moddiy zarar ko‘rgan odamning o‘zi yo‘q”, – deydi Shahnoza Boyqunusova “Eltuz” nashriga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 4 dekabr kuni Toshkent shahri sudida bo‘lib o‘tgan apellyatsiya mahkamasida ayblanuvchi Shahnoza Boyqunusova mahkamaga O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovni va Toshkent shahri prokurori Sherzod Obloqulovni chaqirishni talab qilgan edi.

Shahnoza Boyqunusova bergan apellyatsiya shikoyati bo‘yicha keyingi mahkama Toshkent shahri sudida 18 dekabr kuniga belgilangan.

Elbarsxon Valiev,
«Eltuz»ning Toshkentdagi muxbiri

Tag‘in o‘qing
25 iyun 2017
Prezident Mirziyoev 13 iyun kungi chiqishida O‘zbekiston adliya tizimida avj olgan poraxo‘rlik muammosini ko‘tardi. «Prokuraturaning 70 foizini ishdan olib ...
14 yanvar 2019
Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga ayni savolni tashlagan rassom Tuz 14 yanvarga qadar bir-biriga qarama-qarshi yuzdan ziyod javob oldi. Ayrim umumiy ...
19 aprel 2019
“Chegarasiz muxbirlar” (RSF) tashkiloti 2019 yil uchun yillik Matbuot erkinligi indeksini e'lon qildi. Bu indeksga ko‘ra, O‘zbekiston 180 davlat ...
5 sentyabr 2016
Karimov o‘limi undan kasal va zaif bir jamiyat va uni shu ahvolga solgan rejim yashashda davom etayotganini namoyish qildi. ...
Bloglar
18 yanvar 2022
Tarmoqda ikki toifa mullalar bir-biri bilan qirpichoq bo‘lmoqda. 1-toifa: Hukumat va DXX yo‘rig‘ida yurib chiziqdan ...
16 yanvar 2022
O‘zbekistondagi har bir mulozimning ichida bitta shoir, har bir shoirning ichida bitta mulozim yashaydi. Bu ...
10 yanvar 2022
O‘zini bir guruh faollar deb tanishtirgan guruh Eltuz telegram kanaliga yozib, quyidagi murojaatni chop qilishni ...