Asosiy mavzular
24 dekabr 2018

Zeromax kreditorlarining Gulnora Karimovaning Shveytsariyadagi aktivlariga da'vosi qonuniy emas

O‘zbekiston fuqarolik jamiyatining bir guruh faollari Zeromax GMBH kreditorlarining Gulnora Karimovaning noqonuniy aktivlarini tovon sifatida olish harakatlari kuchayganidan xavotir bildirdi.

Bu o‘rinda gap Shveytsariyada O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ustidan ochilgan jinoyat ishi doirasida muzlatib qo‘yilib, musodara qilingan 800 million AQSh dollari haqida bormoqda.

Korruptsiyaga aloqador bu mablag‘ni ayni paytda O‘zbekiston hukumatiga qaytarish masalasi yakuniy bosqichda turibdi.

Zeromax kreditorlari kompaniyaning haqiqiy egasi aslida Gulnora Karimova deb biladi, shuning uchun bu mablag‘larga da'vogarlik qilib kelmoqda.

“Biz (kreditorlarning) bu haqdagi bayonotlarini noqonuniy, adolatsiz va yuridik jihatdan shubhali deb hisoblaymiz”, demoqda fuqarolik jamiyati faollari.

Zeromax GmbH dastlab AQShning Delaver shtatida Zeromax LLC sifatida, so‘ng esa 2005 yilda Shveytsariyaning Tsug kontonida ro‘yxatga olingan bo‘lib, rasman Mirodil Jalilov va uning xotiniga tegishlidir. Huquq himoyachilari ushbu kompaniya ehtimol Gulnora Karimova panohida O‘zbekiston hukumati tomonidan eksklyuziv va to‘liq qo‘llab-quvvatlab kelinganini aytib keladi.

Shunday qo‘llab-quvvatlashlar sababli Zeromax neft va gaz qazib olish, tashish va eksport qilish, paxtachilik va to‘qimachilik sanoati, alkogolsiz ichimliklar, foydali qazilmalar, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalarda juda qisqa muddatda juda daromadli kelishuvlar, aktivlar va imtiyozlarni qo‘lga kiritdi.

2008 yilga kelib kelib Zeromax 22 ta sho‘'ba korxonaga, 3 milliard dollarlik operatsion tushumga va 1,7 mlrd dollarlik aktivlarga ega bo‘ldi va O‘zbekiston iqtisodiyotining eng yirik investoriga aylandi.

Chuqur korruptsiya muhiti va vasiylik tizimi hukmron O‘zbekiston iqtisodiyotida bunday yuksak mavqega erishish hukumatning barcha bo‘g‘inlari qo‘llab-quvatlashlarisiz mumkin emas edi. Shunga qaramay, Zeromax hukmron elitaning o‘zaro raqobatchi guruhlari, ayniqsa, Milliy xavfsizlik xizmati tegirmoniga tushdi. Natijada 2010 yil may oyida Toshkent sudi qarori bilan soliq majburiyatlarini bajarmagani uchun kompaniyaning aktivlari musodara qilindi, o‘sha yilning oktyabrida esa u to‘lovga qobiliyatsiz deb topildi. Zeromax ning kreditorlardan qarzlari esa to‘lanmasdan qoldi.

Endi bu kreditorlar o‘z yo‘qotishlarini Zeromax ning haqiqiy egasi deb ko‘rilayotgan G.Karimova aktivlari hisobiga qoplashga urinmoqda. Aktivlar G.Karimovaning telekommunikatsiya kompaniyalaridan olgan porasini yuvish bo‘yicha jinoyat ishi doirasida Shveytsariyada muzlatilgan.

“Nazarimizda, Zeromax kreditorlariga tovon puli bu kompaniyani nazorat qilgan, uning aktivlarini qo‘lga kiritish va majburiyatlarini bajarmaslik uchun uni bankrotlikka mahkum etgan O‘zbekiston hukumati tomonidan to‘lanishi kerak”, deyiladi fuqarolik jamiyati faollari bayonotida.

Unda aytilishicha, hukumat Zeromax ga bir foydali aktiv ortidan boshqasini olishga ruxsat bergan, ammo keyin uni tijoriy biznes bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan ishlar – Anjumanlar saroyi, stadion, sport maktabi qurishga, turli xayriya xarajatlarini amalga oshirishga majburlagan. Alal-oqibat hukumat haqini to‘lamagan bu loyihalar Zeromax qarzdor bo‘lib qolishining asosiy sabablari bo‘lgan.

Faollar Zeromax bilan kelishuvlar natijalari uchun javobgarlikning bir qismini kreditorlarning o‘zi zimmasiga olishi kerakligi aytmoqda.

“Biz Zeromax kreditorlari uning shubhali kelib chiqishidan boxabar bo‘lgan, deb hisoblaymiz. Kompaniya bankrot bo‘lishidan oldin Gulnora Karimovaning u bilan bog‘liqligi matbuotda yetarlicha yoritilgan edi. Kreditorlar Karimova bilan kelishuvlardan o‘z biznesi uchun xuddi telekommunikatsiya kompaniyalari (TeliaSonera, Vыmpelkom va MTS) u bilan yashirin kelishuvlarga erishgan vaqtdagi kabi imtiyozli shart-sharoitlar va alohida foydali biznes imkoniyatlarga ega bo‘lishni kutgan bo‘lishi ehtimoli juda yuqori”, deyiladi faollar bayonotida.

Ular Zeromax kreditorlari o‘zlari haqidagi haqqoniy ma'lumotlarni va Zeromax bilan kelishuvlarini oshkor etishi va Gulnora Karimova aktivlariga da'vosini asoslashlari shart, deb hisoblamoqda. Bu jamoatchilikda kuchli qiziqish uyg‘otadi. Hozircha esa ular Shveytsariyada muzlatilgan aktivlar o‘zbek xalqiga emas, aynan o‘zlariga tegishli ekani to‘g‘risida birorta ma'lumot yoki dalil taqdim etgan emas.

Faollar O‘zbekiston fuqarolik jamiyati a'zolari sifatida Zeromax ning kreditorlar bilan munosabatlari o‘zaro til biriktirish va korruptsiyadan xoli ekani haqida bilishga haqli ekanini ta'kidlab, bir necha savollarga javob berilishini talab qilmoqda.

Bu savollar quyidagilar. Kreditorlar korruptsiyalashgan rejimga aloqador kompaniya bilan munosabatga kirishish bilan bog‘liq siyosiy tavakkachiliklarga nega e'tibor qaratmagan? Kelib chiqishi shubhali bo‘lgan Zeromax bilan shartnomalar imzolashdan oldin nega ular zaruriy ekspertiza qilinmagan? Nega kreditorlar ustav kapitali bor-yo‘g‘i 20 ming dollar bo‘lgan kompaniyaga millionlab dollar sarmoya kiritgan va ularni tegishlicha himoyalamagan?

Kreditorlar Zeromax bilan kelishuvlarga aloqador tavakkalchiliklar va bu kompaniya Jalolov emas, balki hukmron rejim vakili sifatida faoliyat yuritgan Gulnora Karimova tomonidan nazorat qilinishini bilmagan bo‘lishini tasavvur qilish qiyin.

Ayrim kreditorlarning talablarida kamida nomutanosibliklar bor. Masalan, kreditorlardan biri – Rossiyaning YeTK kompaniyasi buyurtmasi asosida tayyorlangan auditorlik hisoboti faollar qo‘liga tushib qoldi. YeTK, hisobotga ko‘ra, Zeromax ga yetkazib berilgan, biroq puli to‘lanmagan po‘lat quvurlar uchun 395 million dollar miqdorida tovon olishga da'vogarlik qilmoqda. Ammo hisobotda Zeromax bilan 100 million dollarlik faqat bitta shartnoma da'voga asos sifatida keltirilgan.

Ajablanarlisi shundaki, bu shartnoma bo‘yicha to‘lov kechikayotgani va o‘tkazib berilmaganiga qaramay, quvurlar yetkazib berish bo‘yicha keyinchalik Zeromax bilan go‘yoki qiymati 268 million dollarlik yana bitta kelishuv imzolangan. Ammo bu kelishuv birorta shartnoma bilan tasdiqlanmagan. Ikkinchi, ehtimol umuman yo‘q bo‘lgan shartnomaning raqami ham keltirilmagan. Ko‘rinishidan, 268 million dollarlik ikkinchi kelishuv firibgarlik alomatlariga ega. Jurnalistik surishtiruv ortidan fosh bo‘lgan va Russian Laundromat nomi ostida mashhur bo‘lgan xuddi shunday sxemaga ko‘ra, soxta shartnoma tuziladi, keyin uning ijro etilmagani uchun tovon to‘lash talab qilinadi, so‘ng olingan “tovon puli” kelishuv ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanadi va ko‘p sonli ofshor hisob raqamlariga o‘tkaziladi.


Fuqarolik jamiyati faollari kreditorlarning Gulnora Karimovaning Shveytsariyada muzlatilgan aktivlarini tovon sifatida olish talablarini rad etgan mazkur mamlakat hukumati qarorini olqishlagan va shu pozitsiyada qat'iy turishni so‘rashgan.

Faollar Shveytsariya hukumatini Gulnora Karimovaning aktivlarini O‘zbekistonga qaytarishga mas'uliyat bilan yondashish, ular rasmiy Toshkent korruptsiyaga qarshi kurashishda sezilarli natijaga erishgandan keyingina fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, jamiyat oldidagi hisobdorlik kabi shartlar bilan qaytarilishi lozimligini talab qilib keladi.

eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 oktyabr 2021
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 36-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) L.A.N Meni yengolmadi ...
25 sentyabr 2017
O‘zbekistonda majburiy mehnatni to‘xtatish qarori to‘liq ishlamayotgani haqida «Eltuz» nashriga xabarlar kelmoqda. Talabalar paxtadan qaytarilishi ortidan, terim yuki qishloq ...
26 mart 2020
24 martdan boshlab hukumat qarori bilan koronavirus tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib e'lon qilindi. Virusga chalingani aniqlanganlar karantin manzillariga olib ...
31 may 2019
Prezident Shavkat Mirziyoev Andijonga borganida televizorda uni nuqul ayollar o‘rab olgani ko‘rindi. «Besh bolam bor, uy bering» degan ham, ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...