Asosiy mavzular
13 fevral 2019

Soliq va to‘lovlarning oshirilishi kichik sanoat egalarini boshi berk ko‘chaga kiritdi

Hukumat tili bilan tadbirkorlik rivoji uchun turli imtiyozlar va yengilliklar berilayotganini ovoza qilayotgan bir paytda qo‘li bilan ishbilarmonlarning bo‘g‘zidan olayotgandek taassurot uyg‘onmoqda.

Bugun O‘zbekiston taraqqiyotining lokomotivlari bo‘lishi niyat qilingan kichik sanoat zonalari (KSZ) taqdiri bunday xayolga borish uchun barcha asoslar borligini ko‘rsatayotir.

Gap shundaki, davlat ko‘chmas mulklaridan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlarining oshirilishi KSZlarda joylashgan korxonalarni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi.

Masalan, Toshkent shahri hokimligi bunday to‘lovlar miqdorini 70 foiz qimmatlashtirdi va buni bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish, deya izohladi.

Bundan tashqari, KSZlardagi korxonalarga xizmat ko‘rsatadigan direktsiyalar ham o‘z xizmatlari haqini 500 (!) foiz oshirgani ma'lum bo‘ldi.

Bunga sabab esa yana tadbirkorlikni rivojlantirishni bayroq qilib olgan hukumatning o‘ziga borib taqaladi.

Chunki direktsiyalar yer solig‘i, mulk solig‘i, suv solig‘i, QQS to‘lovchisiga aylantirilgan. Natijada uning xarajatlari oshib ketgan. Bu xarajatlarni esa ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqini oshirmasdan qoplab bo‘lmaydi.

Aks holda direktsiyalarning o‘zlari bankrot bo‘ladi.

Natijada, o‘rischa aytganda, “zamknutыy krug”, ya'ni boshni yopaman desa oyoq, oyoqni yopaman desa bosh ochilib qoladigan holat yuzaga kelgan. Oxir-oqibat tovon to‘lash yana tadbirkorning gardaniga tushmoqda.

Bundan avvalroq, yangi yildan boshlab hukumat pul aylanmasi bir milliard so‘mdan ortiq korxonalar uchun 20 foiz QQS to‘lovini joriy etgan edi.

O‘shandayoq mustaqil tahlilchilar bunday katta miqdordagi to‘lovning joriy etilishi baribir narxlar oshishiga, korxonalarning esa o‘z tushumini kamaytirib ko‘rsatishiga intilishiga, oqibatda yashirin iqtisodiyot ulushi yanada ko‘payishiga olib kelishini ta'kidlagandi.

Bugun mamlakatda aynan shunday holat kuzatilmoqda. Ayrim meva-sabzavotlar narxi tushayotgan bo‘lsa-da, sanoat mahsulotlari muttasil qimmatlashishda davom etayotir.

“Hukumatda o‘tiradigan iqtisodchilar nimani o‘ylayotganiga ham hayron qolasan. Axir bozor iqtisodiyotiga o‘tish degani tadbirkorni talash degani bo‘lmasa kerak”, deydi “Eltuz” bilan suhbatlashgan tadbirkorlardan biri.

Bu yoqda esa Toshkent shahri hokimligi davlat mulki ijarasidan tushadigan daromad “investitsiya muhitini rivojlantirishga xizmat qilishi” haqida safsata sotayotir.

O‘zini endi o‘nglay deyayotgan, hali to‘la qudratga to‘lmagan tadbirkorni turli to‘lovlar yuki ostiga tashlash qachon va qaerda investitsiya muhitini yaxshilagan edi, buni isbotlab bering, deydigan mard yo‘q.

Iqtisodiyotdagi shaffoflikni oshirishga harakat qilinayotgan bir paytda dunyodagi eng kattalardan biri bo‘lgan QQS foizini o‘rnatish qozig‘i yechilmagan eshakni yurmagani uchun kaltaklashdek gap-ku.

Iqtisodiyotdagi “o‘yin qoidalari”ning bunchalik tez va keskin, yana tadbirkorlar zarariga o‘zgarib borishi o‘z taraqqiyotining yangi bosqichini boshlaganini e'lon qilgan O‘zbekiston uchun kutilgan natijalarni bermasligini tayin.

Biz 25 yil davomida “tinimsiz, hatto dunyoning eng oldi iqtisodiyotlarini ham ortda qoldirib o‘sib” keldik. Bugun ko‘rinyaptiki, taraqqiyotning “o‘zbek modeli samarasi” bo‘lgan bu “o‘sish” aslo mamlakat iqtisodiyotiga emas, balki hukumatga yaqin doiralarning daromadlariga taalluqli ekan.

Bitta xatoni ikkinchi marta ham takrorlamaslik darajasiga hali yetib kelmadik shekilli.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 dekabr 2021
Tarmoqda mahalliy hokimning bug‘doy rejasini bajarmagan hudud rahbarlarini so‘kayotgani yozilgan audiosi tarqaldi. «Eltuz» bu audiodagi so‘kong‘ich mulozim Xorazm viloyati ...
25 dekabr 2017
24 dekabr – yakshanba kuni Toshkent shahar xalq deputatlari tuman kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylov xalqning bunday tadbirga umuman ishonchi ...
16 oktyabr 2017
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev, Xiva shahridagi «Ichan-qal'a» muzey qo‘riqxonasi hududidagi «Paxlavon Mahmud» ziyorat majmuasiga borganida, bu maskanning ta'mirlanishi yuzasidan ...
19 oktyabr 2022
«Eltuz portali»ga kelgan navbatdagi beshta shikoyat maktubini o‘qib eshittiramiz dastlabki shikoyat Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidan. Lolazor MFYda yashovchi aholi ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...