Asosiy mavzular
7 mart 2019

BMTga – Alisher Usmonovning samolyotida

Eski changaklar O‘zbekistondagi islohotlarga qanday to‘sqinlik qilmoqda?

Fevraldagi bir yangilik O‘zbekistonni larzaga keltirdi: bor-yo‘g‘i bir yil muqaddam Davlat xavfsizlik xizmati rahbarligiga tayinlangan Ixtiyor Abdullaev hibsga olindi. Islom Karimovning o‘rniga hokimiyat tepasiga kelgan yangi davlat rahbari Shavkat Mirziyoev kuchishlatar tuzilmalarning po‘stagini qoqish barobarida mamlakatda tizimli islohotlarni davom ettirmoqda. Qo‘shhokimiyatchilikning birinchi belgilari ham paydo bo‘ldi: hokimiyatning institutsional bo‘linishi emas, norasmiy elitalar guruhlarining qarama-qarshiligi. Alisher Ilhomov Karimov davri elitalari bilan yangi prezident qanday kurashayotgani, hokimiyatning yangi taqsimotida Rossiya qanday rol o‘ynayotgani va bunda magnat Alisher Usmonovning o‘rni qandayligini aniqlashga urinib ko‘rdi.

2016 yil dekabrda prezident etib saylanganidan so‘ng Shavkat Mirziyoev mamlakatda boshqaruvning avtoritar tizimini saqlab qoldi, ammo davlat va jamiyatning ayrim sohalarida islohotlar o‘tkazishni boshladi. Liberal o‘zgarishlar, avvalo, iqtisodiyot va tashqi siyosatga taalluqli bo‘ldi. Shuningdek, mahalliy matbuotda tsenzura kuchsizlandi. Bu o‘zgarishlar ko‘pchilik uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Chunki ilgari Mirziyoev qattiqqo‘l va avtoritar rahbar, Islom Karimov modelining sodiq tarafdori sifatida ko‘rilar edi.

Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) isloh qilinib, Davlat xavfsizlik xizmatiga aylantirilgani, kadrlarni tozalash, MXX raisi Rustam Inoyatov iste'foga chiqarilib, uning o‘rniga butunlay boshqa idora – Bosh prokuraturadan jalb qilingan Ixtiyor Abdullaevning tayinlanishi katta taassurot uyg‘otdi.

Biroq bir yildan so‘ng, joriy yilning 11 fevral kuni Ixtiyor Abdullaev DXX raisi lavozimidagi faoliyatini to‘xtatdi. Yanvar oyining o‘rtalaridayoq uning bu mansabdagi kunlari sanoqli qolgani oydinlashgan edi. 11 yanvar kuni o‘zbek siyosiy emigrantlarining Eltuz.com sayti DXX raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Inog‘omov lavozimidan bo‘shatilgani va tergovga tortilganini xabar qildi. Eltuz.com manbalari ma'lumotlariga ko‘ra, Inog‘omov Mirziyoev oila a'zolarini kuzatuvga olishda ayblangan. Aslini olganda kuzatish uchun qonuniy sabablar yetarlicha: mamlakatga tarqalgan gap-so‘zlarga qaraganda, prezident oilasi a'zolari o‘z vaqtida Karimov oilasi qilgani kabi iqtisodiyotning deyarli barcha sektorlaridagi foydali aktivlarni birin-ketin o‘z qo‘liga olmoqda. Nima bo‘lganda ham, DXX yangi rahbariyatining bunday jur'ati kechirilmadi.


Prezident oilasi a'zolari iqtisodiyotning o‘z vaqtida Karimov oilasi tasarrufida bo‘lgan tarmoqlarini o‘z nazoratiga olayotgani xabar qilinmoqda.  


Klanlar o‘rtasidagi kurashning boshqa jihati ham bor: yangi prezident oilasiga qarshi ma'lumot yig‘ish norasmiy yetakchisi MXXning sobiq raisi Rustam Inoyatov bo‘lgan guruh tomonidan tashkillashtirilgani ehtimoli yuqori. Garchi lavozimidan ayrilgan bo‘lsa-da, u qatag‘onlardan qutulib qoldi – prezident unga senatorlik kursisini taqdim etdi va hatto o‘zining siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinladi.

MXXning sobiq rahbari Rustam Inoyatov daxlsizlik maqomini olishga erishdi

Aftidan Inoyatov hali Karimov davrida erishgan maqomi – o‘ziga xos qudratli kardinalligicha qoldi. U tayanadigan asos esa Karimov hukmronligi (1990-2016 yillar) davrida shakllangan boshqaruv printsiplariga sodiq qolayotgan byurokratik nomenklaturadir. Mamlakatdagi yangi muhit – fuqarolar va mahalliy OAVlar hukumatning harakatlarini tobora ochiqroq tanqid qilishga jur'at etayotgani bu nomenklaturaga yoqmasligi shubhasiz. Hukumat bilan aloqador soyadagi shaxslar ham iqtisodiy imtiyozlarni, masalan, valyutani rasmiy, ya'ni bozordagidan ancha past narxlarda xarid qilish imkoniyatini yo‘qotdi.

Bundan tashqari, DXX ofitserlar tarkibining bir qismi ham Inoyatovga sodiq qolayotgani ehtimoldan xoli emas. Karimov boshqaruvi davrida MXX davlat, jamiyat va iqtisodiyotning barcha sektorlarida keng agentura tarmog‘ini yaratdi hamda ko‘plab amaldorlar va biznesmenlarga qarshi kompromat to‘pladi. Mana shu dastaklar sharofati o‘laroq, Inoyatovga sodiq guruh nomenklaturaning sezilarli qismini o‘z yo‘rig‘iga yurdira oladi. Mahalliy manbalarning ma'lumotlariga ko‘ra, Inoyatov guruhiga, jumladan, bosh vazir Abdulla Aripov, shuningdek, DXXning yaqinda hibsga olingan raisi Ixtiyor Abdullaev ham kiradi.

O‘z navbatida, prezident Mirziyoev tarafdori bo‘lgan shaxslar bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va IIVning sobiq rahbari, siyosiy sahnadan chetlatilgan, 2018 yil fevralda esa IIV rahbarining maslahatchisi etib tayinlangan Zokir Almatov hisoblanadi. Vazirlik vaqtida prezident Karimovga ta'sir ko‘rsatish uchun kurashda Inoyatovning raqobatchisi bo‘lgan Almatovning siyosiy qudrati yuksak edi. Ammo o‘shanda Inoyatov g‘alaba qozonib, 2006 yilda Almatovning iste'foga chiqishiga erishdi. Shuningdek, Mirziyoev Toshkent shahrining sobiq hokimi Kozim To‘laganovni ham siyosat maydoniga qaytardi. U 2006 yilda nafaqat iste'foga jo‘natilgan, balki 20 yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum ham etilgan edi. Endi To‘laganov qurilish vaziri o‘rinbosaridir.

Mirziyoevning pozitsiyasini kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan rossiyalik oligarx Alisher Usmonov ham kuchaytiradi. U postkarimov davri O‘zbekistonidagi parda orti o‘yinlarida faol rol o‘ynamoqda.

Usmonov va Mirziyoevni qarindoshlik rishtalari bog‘lab turadi: 2009 yilda rossiyalik oligarxning jiyani Bobur Usmonov o‘sha paytda bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoevning jiyani Diyoraga uylangan. 2013 yil mayda Bobur Toshkentda o‘z avtomobilida halokatga uchrab halok bo‘ldi, ammo qudalar o‘rtasidagi yaqin aloqalar mustahkamligicha qoldi. Ayrim manbalarga ko‘ra, Usmonov o‘layotgan Karimovning tashxisini aniqlash va keyinchalik uning o‘limi faktini tasdiqlash uchun rossiyalik mashhur kardiojarroh Leo Bokeriyani taklif etishda hal qiluvchi rol o‘ynagan. 2017 yil sentyabrda Mirziyoev BMT Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka «O‘zbekiston havo yo‘llari» samolyotida emas, balki Alisher Usmonovning «Burxon» nomli shaxsiy laynerida uchishni ma'qul ko‘rdi. Bu esa o‘sha paytlardayoq O‘zbekiston prezidenti, ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, davlat aviakompaniyasini nazorat qiladigan MXXga ishonmasligiga ishora qiladi.

Shuningdek, Alisher Usmonov O‘zbekistondagi turli xayriya va ijtimoiy loyihalarga astoydil sarmoya yotqiza boshladi. O‘zining aytishicha, u Toshkentdagi Xasti imom majmuasi hududida Islom tsivilizatsiyasi markazi qurilishiga 100 million dollar ajratgan. Buning uchun Mirziyoev uni oshkora maqtagan ham edi. Bundan tashqari, u qishloqlarni rivojlantirishga (Jahon banki bilan birgalikda) 100 million dollar, yana shuncha mablag‘ni o‘zbek sportini rivojlantirishga ajratdi.

Garchi Usmonov O‘zbekistonda biznes manfaatlarga ega emasligini ta'kidlasa-da, u xalqaro biznes doiralarda kam tanilgan, Bekoboddagi «O‘zmetkombinat» AJni ishonchli boshqaruvga olgan SFI Management Group kompaniyasi manfaatlarini ilgari surishda muhim rol o‘ynagan. “O‘zmetkombinat” Markaziy Osiyodagi yagona qora metallurgiya korxonasidir. Rasman SFI Management Group kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan boshqa bir o‘zbek oligarxi Fattoh Shodievning ukasi Qobul Shodievga tegishlidir. E'tiborlisi shundaki, O‘zbekiston hukumati hatto korporativ veb sayti ham ishlamaydigan (maqola yozilayotgan paytda) kompaniyaga eksklyuziv tartibda, hech qanday ochiq tanlov o‘tkazmasdan turib mamlakat sanoatining muhim ob'ektlaridan birini ishonchli boshqaruvga berish to‘g‘risida qaror chiqardi. Bu o‘rinda, Usmonovning tan olishicha, uning Qobul Shodiev bilan do‘stligi rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin. Shu do‘stlik, qolaversa, har ikki tomonning yanada jiddiy manfaatlari sharofati bilan SFI Management Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “O‘zkimyosanoat”, “O‘rtachirchiqparranda”, “O‘zikkilamchiranglimet” kabi boshqa muhim ob'ektlarning ishonchli boshqaruvini ham qo‘lga kiritdi.

Yirik o‘zbek korxonasi hech qanday tanlovlarsiz Usmonovning do‘sti Fattoh Shodievga berildi.

Usmonov Shodievlar oilasi nazorat qiladigan «O‘zmetkombinat» korxonalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes manfaatlarga ham ega. «O‘zmetkombinat» asosiy benefitsiari Usmonov bo‘lgan USM Holdings guruhi tarkibiga kiruvchi “Metalloinvest” mahsulotlari sotiladigan bozorlardan biri hisoblanishini uning o‘zi tan olgandi. Ikki-uch yildan buyon “Metalloinvest” O‘zbek metallurgiya kombinatiga yiliga 100 million dollarlik briketlangan temir yetkazib beradi.

Alisher Usmonov qanchalik kamtarlik qilmasin, O‘zbekistonga shunday katta sarmoya kiritish, shuningdek, yirik biznes loyihalarda ishtirok etish faktlarining o‘ziyoq ob'ektiv jihatdan nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy jihatdan ham uni mamlakatdagi ta'sir doirasi kuchli insonlardan biriga aylantiradi. Vazirlar 200 dollar maosh oladigan mamlakatda davlat apparati, xohlaydimi-xohlamaydimi, Alisher Usmonov kabi magnatlarning mijozlariga aylanadi.


2017 yilda prezident Mirziyoev BMT Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka «O‘zbekiston havo yo‘llari» samolyotida emas, balki Alisher Usmonovning «Burxon» shaxsiy laynerida uchdi.


Va nihoyat, hokimiyatga kelganidan buyon Mirziyoev o‘z odamlari tayinlangan Milliy gvardiya va armiyaga, birinchi navbatda, yaqin vaqtlargacha Milliy gvardiya boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgan, fevralda esa DXX raisi o‘rinbosari etib tayinlangan qudasi Botir Tursunovga tayanadi.

Ammo nega Mirziyoev o‘z vakolatlaridan foydalanmaydi va unga qarshi bo‘lgan to‘dalarni yanchib tashlamaydi? Aslida u Inoyatovning pozitsiyasini sezilarli kuchsizlantirishga erishdi: uni MXXdan bo‘shatdi, bu xizmatni isloh qildi, shuningdek, bu yerdagi kadrlarni tozaladi. Xususan, MXX raisining o‘rinbosarlari bo‘lgan uchta general va boshqa bir qator yuqori martabali zobitlar hibsga olindi va turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. Nega prezident boshlagan ishini oxiriga yetkazmayapti?

Mirziyoev qat'iyat ko‘rsatmayotganining sabablari bir nechta. Birinchidan, o‘ziga xos jentlmenlik kelishuvi amal qilmoqda. Mirziyoev hokimiyat tepasiga Rustam Inoyatov va sobiq bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov (Karimov davrida qudrati bir-birinikidan qolishmaydigan shaxslar) bilan norasmiy kelishuv sharofati o‘laroq kelgan, deb hisoblanadi. Ko‘rinishidan, kelishuv sharti Azimov va Inoyatovning shaxsiy daxlsizligi bo‘lgan. Ikkinchidan, Inoyatovni Kreml qo‘llab-quvvatlaydi. Mirziyoev esa Kreml fikri bilan hisoblashishga majbur. Shu o‘rinda qayd etish kerakki, O‘zbekiston hokimiyatida rossiyaparastlarning mavqei ancha kuchli. Hokimiyat elitasining bir qismi, jumladan, Rustam Inoyatovning o‘g‘li Sharif (u Rossiyadagi qator kompaniyalarda ulushga ega) va tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning farzandi Doniyor (Rossiyadagi kompaniyalardan birining egalaridan) Rossiyada biznes manfaatlarga ega. Va nihoyat, aftidan Mirziyoev hukmron rejimning islomchilar va dunyoviy siyosiy muxolifat guruhlari timsolidagi real va xayoliy dushmanlari bilan kurash masalalarida Inoyatovning fikri va maslahatlarini qadrlaydi.

Vladimir Putin Alisher Usmonovni Mirziyoevga tanishtirmoqda

O‘tgan yil o‘rtalarigacha ikki guruh ancha tinch-totuv yashadi. Ammo aftidan Inoyatov guruhida Mirziyoevning jamiyat ustidan siyosiy nazorat susayishiga olib keladigan islohotlaridan norozilik kuchaydi. O‘tgan yil yozida matbuotga hujum boshlandi va unga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qildi. Facebook va YouTube ga to‘siq qo‘yildi, dissidentlarga hujum qaytadan qo‘zg‘aldi. Mirziyoevni jilovni salgina tortishga ko‘ndirishgani yoki fuqarolar erkinligiga hujum uning ruxsatisiz boshlangani ma'lum emas. Nima bo‘lganda ham, sukut alomati – rizo. Hatto hozir ham Ixtiyor Abdullaev sahnadan chetlatilganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarga kirish osonlashgani yo‘q.

Ikki guruh qarama-qarshiligining kulminatsiyasi Inoyatov to‘dasining Mirziyovga qarshi kompromat yig‘ishga urinishi va bunga javob sifatida Abdullaev o‘z vaqtida prokuraturadan DXXga olib kelgan qator rahbarlarning ishdan bo‘shatilishi va hibsga olinishi bo‘ldi. 11 fevralda Abdullaev hibsga olingan so‘ng DHH raisligiga ilgari mudofaa vaziri bo‘lib ishlagan general-leytenant Abdusalom Azizov tayinlandi. Ko‘rinishidan, u prezidentga sodiq, lekin siyosiy ta'sirga ega emas. Bu idorada asosiy rolni yuqorida ismi qayd etilgan Botir Tursunov o‘ynashi haqiqatga yaqin.

Mirziyoev g‘alabasini nishonlasa bo‘ladimi? Prezidentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid yo‘qolgan bo‘lishi mumkin, ammo Inoyatov va tarafdorlarining bir qismi hali lavozimlarida qolmoqda. Qolaversa, aftidan Inoyatovga yon berish sifatida Mirziyoev Karimov davrida tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vaziri bo‘lgan Elyor G‘anievni hukumatga qaytardi. G‘aniev haqida uning sobiq chekist ekanini aytishadi. Shuning uchun uni Inoyatov guruhiga mansub deyish to‘g‘riroq bo‘ladi.

Abdullaev va uning odamlari hibsga olingandan so‘ng hokimiyatning oliy eshelonlarida tozalash davom etishi noma'lum. Prezident o‘zi tayinlagan yangi mansabdorlarning sadoqatiga shubha qilishi ehtimoli ham yo‘q emas. U faqat yaqin odamlariga, birinchi navbatda, qarindoshlariga oxirigacha ishonishi mumkin. Elitaning asosiy qismi esa har qanday hokimiyatga (garchi Karimov davrlarini qo‘msashsa-da) xizmat qilishga tayyor opportunistlardir.


Elitaning asosiy qismi – har qanday hokimiyatga xizmat qilishga tayyor opportunistlar.


So‘nggi ikki yarim yil davomida Mirziyoev kimlarnidir rahbar lavozimlariga tayinlab, kimlarnidir tezda ishdan olib yoki boshqa ishga o‘tkazib, har zamonda tozalash o‘tkazib turdi. Bu qo‘nimsizlik qat'iy siyosiy yo‘nalishning, barqaror va samarali kadrlar siyosatining yo‘qligidan darak beradi. Prezident ikki mantiq o‘rtasida sarson: bir tomondan, texnokrat-islohotchilar jamoasini shakllantirish va davlat boshqaruvining zamonaviy standartlariga erishish; ikkinchi tomondan, sadoqatli tarafdorlarni izlash, hamon guruhbozlikdan voz kecha olmayotgan eski boshqaruv apparatiga tayanishga intilish. Ikkinchi mantiqqa tayansa, u o‘zini bir qarashda o‘ziga sadoqatli bo‘lgan, ammo har ehtimolga qarshi qo‘ynida pichoq yashirib turadigan shaxslarning beqaror tabiati tutquniga aylantiradi.

Alisher Ilhomov — London universiteti Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabining shtatdan tashqari ilmiy xodimi

«The insider» Internet nashridan olindi

Tag‘in o‘qing
20 sentyabr 2017
19 sentyabr kuni Farg‘ona viloyatidagi Oliy o‘quv yurti talabalariga paxta terimi munosabati bilan o‘qish to‘xtatilgani bildirilib, tushlikda uylariga ketishga ...
9 fevral 2024
Rassom Tuz
19 avgust 2018
2000 yilning oktyabri oxirlarida Muhammad Bekjonni IIV yerto‘lasidagi 14-kameraga olib kelishadi. Uni Toshkent portlashlari yuzasidan sudda guvohlik berishga «maxsus ...
18 yanvar 2019
O‘zbek matbuoti Buxoro viloyatining Olot tumani hokimi Sherali Salomov yig‘ilishda fermer Orif Durmatovni kaltaklagani va shu yilning 9 yanvarida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...