Asosiy mavzular
19 mart 2019

Nargiza Rahimovaning achchiq tajribasi rahbarlarning ijtimoiy tarmoqdan qochishiga sabab bo‘lmaydimi?

O‘tgan haftada o‘zbek ijtimoiy tarmoqlarida eng ko‘p bahs-munozaralarga Nargiza Rahimova (Saidova) bosh sababchilardan biri bo‘ldi.

U “qadimchi”larning shunday zarbalariga uchradiki, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari uni o‘z muhofazasiga olishga majbur bo‘ldi.

Shu paytgacha ijtimoiy tarmoqlarda tahdidga uchragan o‘zbeklarni O‘zbekiston kuchishlatar tizimlari o‘z muhofazasiga olganini eshitganimiz yo‘q edi.  

Tasanno. Biz ham dunyo standartlariga yetishib boryapmiz. Insonning barcha huquqlari har doim shu darajada himoya qilinishi kerak!

Nargiza Rahimova davlat mulozimi – O‘zbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbarining o‘rinbosari o‘laroq, jamiyatning muayyan qatlami nazarida qovun tushirib qo‘yishi bilan bog‘liq voqeani esga olib nima demoqchimiz?

Gap shundaki, ilgarilari o‘zbek mulozimlari jamiyat bilan deyarli muloqotga bormas edi. O‘zbekistonda siyosat haqidagi ham, iqtisodiyot haqidagi ham ochiq gaplarni faqat bir kishi – endilikda marhum prezident Islom Karimov aytardi.

O‘sha paytlarda hatto tashqi ishlar vaziri jurnalistlar bilan ochilib muloqot qilganini birov eslolmasa kerak. U ham gapirganda, albatta, “prezidentimiz ta'kidlaganidek”, “davlatimiz rahbari rahnamoligida” kabi himoyakor ilovalar panasida so‘zlardi (va ayrim o‘zgarishlarni aytmasa, hozirgacha ahvoli shu).

Mulozimlarning xalq bilan ochiq muloqotdagi tajribasizligi bugun ularning erkin bahs-munozaralarga kirishishiga to‘siq bo‘lyapti nazarimizda.

Hozir ham ikki gapning birini “prezidentimiz” bilan boshlaydigan mulozimlarning muloqot maydonlarida xato so‘zlab qo‘yishdan cho‘chib turgani seziladi.

Shunga qaramay, amaldorlarning ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rina boshlagani, avvaldan tanlab olinmagan aholi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazayotgani baribir ijobiy holatdir.

Nargiza Rahimovaniki kabi achchiq tajriba ham boshqa amaldorlar uchun asqatadi. Zero, ular jamiyat bilan muloqotda muayyan qatlamlarning diniy, jinsiy, axloqiy va hokazo qadriyatlarini hisobga olish kerakligini o‘rganadi.

Bunga bilimi va farosati yetmaydigan, lavozimiga nomunosib ekanini ko‘rsatib qo‘yadigan amaldorlarning esa saragi sarakka, puchagi puchakka ajralib qolaveradi.

Faqat ularga Nargiza Rahimovaning achchiq tajribasi teskari ta'sir etib, yana o‘z qobig‘iga o‘ralib olib, faqat “ruxsat etilgan” gaplarni aytishga o‘tib olishmasa bo‘lgani.

Eng asosiysi, hokimiyat vakillarining jamiyat bilan muloqotdan qochmasligi, xalqning kayfiyati va qarashlarini o‘rganib borishi.

Zero, ularning muloqot uchun ochiq bo‘lishi jamiyatning taraqqiyotiga yo‘l ochadigan muhim shartlardan biridir.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 noyabr 2018
SSSRning qudratli KGB idorasi jinoyatlarini fosh qilgani uchun xalq orasida» Rembo» laqabini olgan va o‘n yilga qamalgan o‘zbek militsiyasi ...
22 yanvar 2024
AQSh poytaxti Vashingtonda barcha davrlarning eng buyuk olimi, xorazmlik Abu Rayxon Beruniyga haykal o‘rnatildi. Haykalni xorazmlik haykaltarosh Jasvand Annazarov ...
6 sentyabr 2016
Singlim kichkina rahbar. To‘g‘risi O‘zbekistonda porasiz, ilmi, ma'rifati va odamgarchiligi tufayli tayinlangan sanoqli bog‘cha mudiralaridan. Kechasi ikkida hokimlikdan telefon ...
20 aprel 2019
Rassom Kirpieltuz.com
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...