Asosiy mavzular
1 aprel 2019

Tashqi qarz ko‘payishidan qo‘rqish kerakmi?

O‘zbekiston Markaziy banki mamlakatning tashqi qarzi o‘tgan yildagiga nisbatan 9,5 foiz, ya'ni 1,5 milliard dollarga o‘sib, 17,3 milliard dollarga yetganini e'lon qildi.

Sof tashqi qarz esa 2017 yildagiga nisbatan 2 barobar yoki 2 milliard 100 million dollar o‘sgan.

MB bu holatni davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun olinayotgan qarzlar bilan tushuntirdi va bu tendentsiya keyingi yilda ham saqlanib qolinishini bildirdi.

Bu o‘rinda e'tibor qaratilishi kerak bo‘lgan yana bir jihat borki, davlat tomonidan kafolatlanmagan xususiy tashqi qarz o‘tgan yil davomida 977 million dollarga kamayib, 7,2 milliard dollarga tushgan.

“O‘zbekiston tashqi qarzlarni to‘lashda har doim imtizomli ekanini ko‘rsatib kelgan. Lekin biz chetdan qarz olayotganda aksariyat hollarda hukumat kafolatiga tayanganmiz. Bu esa iqtisodiyotimizga, mamlakatda mavjud tuzumga nisbatan ishonchsizlik belgisidir”, dedi “Eltuz” bilan suhbatlashgan tahlilchi Abror Xudoyqulov.

Uning aytishicha, so‘nggi vaqtlarda davlat qarzlari ko‘payganini to‘g‘ri tushunish kerak. Chunki Islom Karimov prezidentligidan keyin mamlakatni texnik va texnologik modernizatsiyalash kuchaygan.

“Biz mamlakat taraqqiyotini tezlashtirish yo‘lidan boryapmiz. O‘tkazilayotgan islohotlar xorijda ham ishonch uyg‘otdi. Shuning uchun qarz beruvchilar ko‘paydi. Bu holatni ijobiy baholash to‘g‘ri bo‘ladi”, dedi tahlilchi.

Qarzdorlik ko‘payishi davlat sektori ulushiga to‘g‘ri keldi. Xususiy sektordagi qarzdorlik esa qariyb bir milliard dollarga kamaydi.

Siyosiy tuzumga nisbatan ishonchsizlik odatda qarz berish foizlari nisbatan yuqori bo‘lishiga olib keladi. Hatto yirik xususiy loyihalar uchun ham hukumat kafolati talab etiladi.

“O‘tkazilayotgan islohotlar mamlakatimizdagi xususiy sektorga nisbatan ishonchni oshirib borayotgani kuzatilyapti. Shuning uchun xususiy sektorning hukumat kafolatisiz qarz olish imkoniyati oshib boryapti”, dedi Abror Xudoyqulov.

O‘tgan yili O‘zbekiston xususiy sektorning qarzlari va foizlari hisobidan 1,6 milliard dollar to‘lashga majbur bo‘ldi. Davlat qarzlari bo‘yicha to‘lovlar esa 550 million dollarni tashkil etdi.

Xalqaro reyting agentliklari O‘zbekistonning tashqi qarzi kamligini (YaIMning 25 foizidan kam) ijobiy omil sifatida baholashmoqda. Lekin aholi soniga nisbatan YaIM hajmining kamligi xavotir uyg‘otib keladi.

“Biz hozirgi bosqichda mavjud qarzlarimizdan qo‘rqmasak ham bo‘ladi,- dedi “Eltuz” bilan suhbatlashgan tahlilchi Abror Xudoyqulov. –  YaIM kichik bo‘lsa-da, to‘lov qobiliyatimiz kuchli. Lekin e'tibor berayotgan bo‘lsangiz, qarzdorlikning o‘sishi YaIM o‘sishidan qariyb ikki barobar yuqori. Bu yaqin bir necha yillar davomida, tuzilmaviy modernizatsiyalash jarayonida o‘zini oqlashi mumkin. Biroq qarzdorlikning YaIMdan ko‘ra tezroq ko‘payishi o‘rta istiqbolda islohotlar sekinlashishiga olib kelishi ehtimoli yo‘q emas”.

Uning ta'kidlashicha, O‘zbekiston kabi kuchsiz iqtisodiyotga ega mamlakatlar imkon qadar kafolatlangan qarzdorliklardan qochishi kerak. Buning uchun esa investitsiya muhitini amalda yaxshilash, xususiy sarmoyalar daxlsizligini kafolatlash tizimini tubdan mustahkamlash talab etiladi. O‘shandagina iqtisodiyotni modernizatsiyalash uchun hukumat kafolati talab etilmaydigan investitsiya oqimi kuchayadi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 mart 2024
Salom qadrli muxlislar, shoshilinch xabar. 26 martga o‘tar kechasi soat 24.00 atrofida, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish  vazirligining «Ulush kiritish asosida ...
28 noyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 13-qismi Amerikada chop etilgan «O‘zbek karvoni» antologiyasiga kiritilmagan shoirlar ...
5 may 2017
Shavkat Mirziyoev Qozog‘istonga 29 aprel tashrifi chog‘ida Qozog‘iston prezidenti Nazarboev bilan birga Caspian Food vinochilik xo‘jaligida bo‘ldi. Xususan uning ...
20 mart 2023
16 martga belgilangan Rauf Parfi haykali taqdimoti 27 martga ko‘chirildi. Taqdimot shoirning 80 yoshga to‘lishi arafasida bo‘ladi.
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...