Asosiy mavzular
27 may 2019

Narxlar oshadi va oshishdan to‘xtamaydi

O‘zbekistonda issiqlik ta'minoti, issiq suv, gaz va sovuq suv, elektr energiyasi narxlari tobora o‘sishda davom etmoqda.

Ilgari mamlakatda odatda bunday xizmatlar narxi yiliga ikki marta oshardi. Ammo shunga mos ravishda yiliga ikki marta eng kam ish haqi ham oshirilardi.

Endi esa suv, gaz va elektr energiyasi qimmatlashuvi eng kam ish haqi oshirilishiga bog‘liq bo‘lmay qoldi.

1 iyundan boshlab mamlakatda tabiiy va suyultirilgan gaz hamda elektr energiyasi narxlari qimmatlaydi. Tabiiy gazning hozir 320 so‘mdan sotilayotgan 1 kub metri hisoblash asboblari bo‘lgan aholiga 350 so‘m, hisoblash asboblari bo‘lmaganlarga esa ovqat tayyorlash va issiq suv ta'minoti uchun 605 so‘m, isitish tizimi uchun 350 so‘m bo‘ladi.

Hozirda 950 so‘m bo‘lgan suyultirilgan gaz narxi 1200 so‘mga yetadi. 1 kVT soat elektr energiyasi narxi esa amaldagi 250 so‘mdan, iste'molchilar guruhlariga qarab, 280 so‘mdan 392 so‘mgacha ko‘tariladi.

Iqtisodiyot vazirligidagi manbaning “Eltuz”ga aytishicha, mazkur kommunal xizmatlarni ko‘rsatish narxlari bunday keyin ham o‘sishda davom etadi. Buning esa ichki va tashqi sabablari bor.

“Ichki sababi shuki, O‘zbekiston bozor munosabatlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishni boshladi. Shuning uchun kommunal xizmatlarni davlat tomonidan subsidiyalash bundan keyin kamayib boraveradi. Demakki, kommunal xizmatlar ta'minoti uchun to‘lovlar to‘liq aholi zimmasiga tushadi.

Hozir mamlakatimiz jadal rivojlanish yo‘liga o‘tdi. Buning uchun esa katta mablag‘ talab etiladi. Kommunal to‘lovlar mana shu mablag‘ manbalaridan biri hisoblanadi.

Tashqi sabab ham jadal rivojlanish ehtiyojlariga borib taqaladi. Rivojlanishimiz uchun bizga tashqaridan pul kirishi kerak. Bu pul investitsiya va tashqi qarz ko‘rinishida bo‘ladi. Bilasiz, hozir biz Xalqaro valyuta jamg‘armasi va u orqali boshqa manbalardan faol qarz olyapmiz.

XVJning esa o‘z talablari bor. Mana shu talablardan biri aholiga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz, elektr energiyasi kabilarning narxlarini jahon narxlariga yaqinlashtirish hisoblanadi”, dedi Iqtisodiyot vazirligidagi manba “Eltuz” bilan suhbatda.  

O‘zbekistonda kommunal xizmatlar ko‘rsatish narxlari markazlashtirilgan tarzda belgilanadi va hukumat iznisiz ular narxi o‘zgarmaydi. Kommunal xizmat ko‘rsatuvchi deyarli barcha tashkilotlar esa tabiiy monopoliyalar hisoblanadi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi esa kommunal xizmatlar narxi o‘sishiga qarshilik ko‘rsatayotgani yo‘q. Balki narx o‘sishini qonun hujjatlari bilan asoslashga urinish bilan band.

Xususan, Toshkentda sovuq suv narxi 24 apreldan oshishi haqida “Suvsoz” DUK 25 aprel kuni xabar berganida bu qo‘mitaning na baliq, na go‘sht maqomida ekanini yana bir ko‘rsatdi.

Qo‘mita sovuq suv narxi nega oshirilganini asoslashni talab qilmadi, balki bu haqda e'lon qilish tartibiga rioya qilinmaganini ta'kidlab, narxni 24 apreldan emas, 10 maydan oshirish talabini qo‘ydi.

Holbuki, o‘tgan yilning o‘zida sovuq suv narxi uch marta qimmatlagandi. Uning narxi o‘tgan yilning fevralida (+5 so‘mga), mayida (+50 so‘mga) va noyabrida (+35 so‘mga) oshirilgan edi.

“Afsuski, mamlakatimizning hozirgi sharoitida kommunal to‘lovlar oshib borishini to‘xtatishning imkoni yo‘q. Hukumatning esa bu jarayonning aholining ijtimoiy ahvoli og‘ir qatlamiga ko‘rsatadigan salbiy ta'sirini kamaytirish yo‘lini o‘ylashdan boshqa chorasi yo‘q”, dedi Iqtisodiyot vazirligidagi manba “Eltuz” bilan suhbatda.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 yanvar 2018
Prezident Mirziyoev o‘z chiqishlarida «eski zamonlar tugaganini» bot-bot eslatishiga qaramay, uning mulozimlari Karimovni qo‘msashda davom etishmoqda. «Shu tizim ichida ...
12 yanvar 2017
Kun.uz sayti garchi mayda-chuyda bo‘lsa-da, muammolarni ko‘tarib chiqishda davom etmoqda. Bu muammolarning yechimlari va sabablari chuqur ochib berilmayotganiga qaramay, ...
1 oktyabr 2017
«Eltuz» muxbiri Toshturmadan ozod etilgan yozuvchi Nurullo Otaxonov bilan so‘zlashishga muvaffaq bo‘ldi. Endigina qamoqdan uyiga kelib turgan 63 yashar ...
7 sentyabr 2018
O‘zbekiston hukumati 6 sentyabr kuni Internet veb-sayt sahifalaridan foydalanishni cheklash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Ushbu nizomga muvofiq, tarqatilishi taqiqlangan ...
Bloglar
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...
8 avgust 2024
«Arabiston tuprog‘ida bola tug‘ish» maqsadidagi xotinlar va ularni yetaklab ketayotgan erkaklar. Arabistonda o‘qilgan sha'riy nikohga ...