Yeb bitirilayotgan byudjet
Moliya vazirligi xodimlari tomonidan byudjet tashkilotlarida o‘tgan yili va joriy yilning birinchi choragi davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari bu muassasalarning aksariyatida moliyaviy qing‘irliklar borligini ko‘rsatdi.
Bu qing‘irliklar hajmi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida mazkur davrlar yakunlari bo‘yicha davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot muhokamasi chog‘ida ma'lum qilindi.
Hisobotdan ko‘rinadiki, o‘tgan yili davlat moliyaviy tadbirlari o‘tkazilgan 5575 ta byudjet tashkilotining 7744 tasida 68,1 milliard so‘m miqdorida moliyaviy xatoliklar aniqlangan. Bu summaning 15,6 milliard so‘mi kamomad va o‘zlashtirish hisoblanadi. 52,5 milliardi esa noqonuniy xarajatlardir.
Joriy yilning birinchi choragidagi ahvol esa bundan ham battar. 1 348 ta byudjet tashkilotining 1 189 tasida 23,4 mlrd. so‘m miqdorida moliyaviy xatoliklar topilgan. Buning 5,9 mlrd. so‘mi o‘zlashtirish, 17,5 mlrd. so‘mi esa noqonuniy xarajatlardir.
Bu raqamlarni oddiy tilga o‘giradigan bo‘lsak, byudjetdan pul oladigan tashkilotlarning 80 foizidan ortig‘ida mansabdorlar yoki mablag‘larni o‘zlashtirib yubormoqda, yoki noqonuniy xarajatlar qilmoqda.
“Eltuz” bilan mavzu yuzasidan suhbatlashgan iqtisodchi G‘olibjonning aytishicha, aslida noqonuniy xarajatlar ortida ham o‘zlashtirish bilan bog‘liq jinoyat yotadi.
Rahbarlar tashkilot uchun umuman keraksiz bo‘lgan yoki ehtiyojdan ortiq xizmatlar yoki mahsulotlar uchun mablag‘ o‘tkazadi va buning ortidan ta'minotchilar bilan o‘zaro til biriktirgan holda “pul qiladi”.
“E'tibor bergan bo‘lsangiz, tashkilotga kelgan yangi rahbarlarning aksariyati ishni turli ta'mirlash ishlaridan boshlaydi. Chunki qurilish ishlaridagi o‘zlashtirishni aniqlash qiyin. Shuning uchun bu ishdan rahbarlar yaxshigina pul o‘zlashtirib oladi”, deydi G‘olibjon “Eltuz” bilan suhbatda.
Uning ta'kidlashicha, parlamentda aytilgan summa aysbergning uchi, xolos. Aslida byudjet tashkilotlarida o‘zlashtirish miqdori juda katta va buni depututlarning o‘zlari ham yaxshi biladi.
“Masalan, hamma biladigan obodonlashtirish ishlarini olaylik. Deylik, hokim birorta firmaning egasini chaqirtirib, homiylik asosida biror ko‘chani obodonlashtirib berishni so‘raydi. Firma egasining ko‘nmay iloji yo‘q. Aks holda ishxonasini soliq bosadi. O‘sha firma o‘zining hisobidan ko‘chani asfalt qiladi. Keyin bu ish boshqa birorta tanish firma hisobiga rasmiylashtiriladi. Unga byudjetdan asfalt uchun pul o‘tkazilib, mansabdorlar tomonidan bo‘lib olinadi. Bu endi bir misol”, deydi G‘olibjon.
Byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish O‘zbekistonda korruptsiyaning eng keng tarqalgan ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi.
Umuman, korruptsiya darajasi bo‘yicha mamlakat dunyoda eng oxirgi o‘rinlardan birini egallaydi. Xususan, Transparency International xalqaro tashkilotining korruptsiyaga qarshi reytingida O‘zbekiston 180 ta davlat orasida 158-o‘rinda qayd etilgan edi. Bu esa 2017 yildagidan bir pog‘ona pastdir.
Demak, mamlakatda korruptsiyaga qarshi keng ko‘lamda kurashilayotgani aytilayotgan bir paytda ahvol yaxshilanish o‘rniga tobora yomonlashmoqda.
Bahodir Sharif
Eltuz.com