• Foto: Eltuz.com
Asosiy mavzular
3 iyul 2019

“Markaziy Osiyodagi biznes imperiyasi Britaniyadagi maxfiylikdan qanday foydalanmoqda”

Xalqaro kompaniyalar Buyuk Britaniyadagi korporativ shaffoflik va hisobdorlikning zaif rejimidan foydalanib, vatanidagi manfaatlari va mulkini niqoblashi mumkin.

Kristian Lasslett

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo tashqi dunyoga yopiqligicha qolmoqda, degan gaplar rad etilmoqda. Oddiy vatandoshlar – ular ko‘pchilik – qanday qiyinchiliklarga duch kelishidan qat'i nazar, mintaqaning boy va ta'sir kuchiga ega shaxslari tsivilizatsiya taklif etishi mumkin bo‘lgan barcha qonuniy va noqonuniy imtiyozlarning ashaddiy iste'molchilari ekanini isbotlab berdi.

Nominal direktorlari va aktsiyadorlari bor anonim va soxta kompaniyalar, maxfiy yurisdiktsiyadagi offshor bank hisob raqamlari, aktivlarni “himoya qilish” va soliqlarni “minimallashtiruvchi” xizmatlar, xususiy mulkni boshqarish, ko‘chmas mulkni rejalashtirish – bularning barchasini va boshqa ko‘plab narsalarni ularga G‘arbda ishlash tajribasi bor huquqshunoslar, hisobchilar va konsultantlar ta'minlab beradi.

Shu sababli Power Briefs | Central Asia surishtiruvlarining yangi turkumida transmilliy mulk egalarining ochiq ma'lumotlar bazasi va qidiruv usullaridan foydalangan holda bu mulk egalariga oid tafsilotlar keltiriladi. “Power Briefs”ning o‘tgan hisobotlarida xususiylashtirish va biznes islohoti qizg‘in ketayotgan O‘zbekistondagi ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi tahlil qilindi.

Xususan, avvalgi hisobotlarda Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev yoki uning biznes sheriklariga tegishli shirkatlarning prezident Shavkat Mirziyoev boshlagan xususiylashtirish va qurilish loyihalaridan manfaat ko‘rayotgani oydinlashdi. Bu shirkatlarning aksariyati O‘zbekistonning Samsung va Unileveriga aylangan Artel va Akfa brendlari ostida faoliyat yuritadi.

Navbatdagi surishtiruvimizda Artel-Akfa guruhiga mansub korxonalar Buyuk Britaniyada mavjud zaif korporativ shaffoflik rejimidan qanday foydalanayotganini diqqat bilan ko‘zdan kechiramiz. Ortiqxo‘jaevning Artel-Akfa guruhi davlat yordami bilan o‘zining O‘zbekiston bozoridagi ulushini ancha-muncha ko‘paytirib olganiga taalluqli ayni surishtiruvda Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan firmalar chet ellarda qanaqa ishlayotgani, shuningdek, ushbu mamlakatda mavjud ma'lumotlarni oshkor qilish standartlari xususida tashvish bildiriladi.

− Ushbu ma'lumotlar Angliya va Shotlandiyada mas'uliyati cheklangan shirkatlar (Limited Liability Partnerships) ning shaffof emasligi xususidagi takror va takror ogohlantirishlarga qaramasdan, ulardan biznes haqiqiy egasini yashirish uchun foydalanish davom etayotganidan dalolat beradi. Ayni paytda amaldagi zaif talablarni ham bajarmayotgan shirkatlarga nisbatan biror jiddiy chora ko‘rilmayotir¸− deydi parlament a'zosi va soyadagi hukumatning moliya vaziri Anneliz Dodds.

Aktivlari yo‘q¸ ammo biznesi katta

Britaniyada ro‘yxatga olingan, Artel-Akfa guruhiga aloqador shirkatlar ochiqlagan korporativ ma'lumotlar ularning haqiqiy egasini ochiqlash talab etiladigan yangi qoidalarni aylanib o‘tayotganini ko‘rsatadi.

Artel-Akfa guruhining egalik tuzilmasi ancha murakkab. Ba'zi kompaniyalarga Jahongir Ortiqxo‘jaevning o‘zi (harqalay, joriy yil martiga qadar) egalik qiladi. Guruhning boshqa korxonalari aktsiyalari egalari uning xotini va ikki sherigi – Abror G‘aniev va Ismoil Isroilovdir. Ular “Siz ushbu aktsiyalarning haqiqiy egalarimi yoki faqat nominal egalarimisiz?” degan savolga javob berishdan bosh tortdi.

Deklaratsiyasiga ko‘ra na aktivlari va na daromadi bo‘lgan, Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan shirkatlarning O‘zbekistondagi Artel-Akfa guruhi aktsiyalariga egalik qilayotgani yoki katta investitsiya kiritayotganiga guvoh bo‘ldik.

Masalan¸ 2009 yil sentyabrida tashkil topgan Dartlex Impex LLP shirkatini olaylik. Dartlex Impex har qanaqasiga ham O‘zbekiston iqtisodiyotida kattagina ulushga ega Britaniya shirkatidir. Ro‘yxatga olingandan beri bu shirkat O‘zbekistonda 2011 yil aprelida qaydga olingan White Machine Technology LLC kompaniyasi orqali Artel-Akfa guruhining 95,7 foiz aktsiyasiga egalik qiladi.

2015 yili Dartlex Impex Navoiy erkin iqtisodiy zonasida tashkil etilgan 35,2 million AQSh dollarlik qo‘shma korxonada Artel-Akfa guruhining britaniyalik sherigi sifatida tilga olindi.

Millionlab dollarlik investitsiya kiritilgani aytilgan ayni davrda Dartlex Impex kompaniyasi Britaniyada topshirgan moliyaviy hisobotida yillik foydasi 3,750 funt sterling bo‘lganini yozdi. Bu esa ikkinchi qo‘l mashina olishga ham yetmaydigan mablag‘! Shirkat o‘zining sof aktivlari miqdorini 37 694 funt sterling qilib ko‘rsatdi.

Dartlex Impex kompaniyasi moliyaviy hisobotiga Bryussel chekkasidagi shaharchada yashaydigan tish doktori Ali Mulaye qo‘l qo‘yib kelgan. Mulayening Britaniyada ro‘yxatga olingan 100 dan oshiq kompaniyaning ayni hisobotlariga qo‘l qo‘ygani aytiladi. Buzzfeed mediakompaniyasi vakillari Mulayeni izlab topganida, aytishlaricha¸ o‘zini aldashganini iddao qilib: “Men ularning qanaqa kompaniya ekanini, qaerda joylashganini va qanday biznes bilan shug‘ullanishini mutlaqo bilmayman”, deb aytgan.

2015 yili Angliyaning yana bir mas'uliyati cheklangan shirkati – Wynex Innovation LLP O‘zbekistondagi qo‘shma korxonaga bosh bo‘lgani, Ortiqxo‘jaevga qarashli Artel brendi ostida mobil telefonlar ishlab chiqaradigan bu korxonaga 2 million dollarlik investitsiya kiritgani xabar qilindi. O‘sha vaqtda Wynex Innovation kompaniyasining ochiqlangan aktivlari yo‘q edi, kamomadi esa 419 funt sterling qilib ko‘rsatilgan.

Yaqinda Wynex Innovation LLP Tashkent City loyihasining chet ellik investorlaridan biri sifatida paydo bo‘ldi. 1,3 milliard dollarlik yirik loyiha O‘zbekiston poytaxti markazini butunlay o‘zgartirib yubormoqda. Tashkent City davlat-xususiy sektor sherikligidagi loyiha bo‘lib, u bevosita Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev vakolati hududidadir. Hokim bo‘lishidan oldin Ortiqxo‘jaev bu loyiha direktori edi.

Wynex Innovation LLP Tashkent Cityda High Land City LLCdagi 8,19 foiz ulushni sotib oldi. High Land City LLC 1-lotdagi 1180 xonadondan iborat majmua loyihasining yagona investori hisoblanadi.

Wynex Innovation kompaniyasining 2018 yilgi hisobotida uning daromad olmagani va kamomadining 1500 funt sterling bo‘lgani aytiladi. MChSh iddaosicha¸ hisobidagi naqd puli miqdori 300 funt sterling.

O‘zbekistonning biznes reestri ma'lumotiga ko‘ra, High Land Cityning eng yirik aktsiyadori (81,24 foiz) Ismoil Isroilovdir. U ro‘yxatda Akfa Engineering and Management kompaniyasi menejeri sifatida qayd etilgan. 2019 yili o‘tkazilgan surishtiruv natijasiga ko‘ra, Jahongir Ortiqxo‘jaev kompaniyaning 100 foiz egasidir.

Britaniya mas'uliyati cheklangan shirkatlari (UK Limited Liability Partnerships) jamiyatning sergak a'zolari qonunbuzarliklar haqida xabar berishi va ularni aniqlashi uchun o‘z moliyaviy ma'lumotlarini ochiqlashi shart. Lekin Britaniya cheklangan shirkatlari (UK Limited Partnerships) oldiga bunday talablar qo‘yilmaydi.

So‘nggi yillarda Shotlandiyaning mas'uliyati cheklangan shirkatlariga (SLP) alohida e'tibor qaratila boshlandi. Bunga ro‘yxatga olinayotgan yuridik shaxslar (Transparency International tashkilotiga ko‘ra, ro‘yxatga olingan yuridik shaxslar soni 2007 yildan 2016 yilgacha 430 foiz ortgan) va ularning shaffof bo‘lmagan amaliyotlarga yaqinligi va pul yuvish bilan bog‘liq janjallar sabab bo‘lgan.

‒ Ushbu yuzaki kompaniyalar Britaniyadagi legitim tizim sifatida dunyo bo‘ylab o‘g‘irlik, poraxo‘rlik va uyushgan jinoyatchilikning gullab-yashnashiga sabab bo‘ldi, ‒ deyiladi Transparency International tashkilotining Britaniya idorasi hozirlagan hisobotda.

SLPlar nafaqat biznes sheriklar oldidagi mas'uliyatni cheklaydi¸ balki uning haqiqiy egasi nomining ochiq hujjatlarda ko‘rinmasligi uchun niqob ham taklif etadi. Ular yana sheriklaridan alohida yuridik shaxslar ham hisoblanadi. Natijada SLP shartnomalar tuzishi va bank hisob raqamlari ochishi mumkin. Ayni hol ularni shaffof bo‘lmagan biznes faoliyati uchun jozibali etadi.

Misol uchun, Shotlandiyaning ikkita cheklangan shirkati – MacMerry Management LP bilan Grandes Investment Group LPni olib qaraylik.

MacMerry Management LP kompaniyasi O‘zbekistonda salmoqli − Artelga qarashli Technic Globe MChJda 78,73 foiz, Quality Electronics, Factory of Technologies, Asia Electron va Next Generation Products MChJlarda 50 foiz – aktsiyalar portfeliga ega. Kompaniya mazkur to‘rt firma orqali O‘zbekiston poytaxti markazidagi qurilayotgan turar joy binolari, tijorat hududlari va mehmonxona majmualari turkumidan iborat Tashkent Cityning 1 va 7-lotlariga investorlik qilmoqda

2017 yil yanvarida ro‘yxatga olingan Grandes Investment Group LPning qandolat mahsulotlari chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi Craffers kompaniyasida 38,95 foizlik ulushi bor. Bu SLP Jahongir Ortiqxo‘jaev bilan birga Craffersga egalik qiladi, uning biznes sheriklari qatorida Abror G‘aniev ham bor.

O‘zbekistonga investitsiya kiritayotgan ushbu SLPlar haqida moliyaviy axborot juda kam. Bilganimiz, MacMerry Management LPning boshlang‘ich kapitali 50 funt sterling bo‘lib, uni Seyshel orollarida joylashgan sherigi Longford Solutions Ltd kiritgan. Grandes Investment Group LPning boshlang‘ich kapitali 100 funt sterling va uni Seyshel orollarida joylashgan sherigi Tormex Alliance Ltd kiritgan.

Garchi bu SLPlar Britaniya hududida faoliyat yuritsa ham Britaniya jamoatchiligi ular haqidagi moliyaviy axborotni ola bilmaydi.

Grandes Investment Group LPning ortida turgan shaxslar xususida gap ketganda, vaziyat yanada chigallashadi.

Kompaniya avvaliga -2017 yil 24 oktyabrida asl egasi yoki “muhim nazoratga ega shaxs”ni e'lon qilgan. Britaniyadagi shaffoflikka oid yangi qonunga ko‘ra¸ kompaniyani nazorat qiluvchi yoki unda 25 foizdan ko‘proq aktsiyaga ega bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxslar nomini ochiqlashi shart.

Ammo ko‘p o‘tmay¸ “muhim nazoratga ega shaxs” (“Grandes Investment Growth LP”) o‘zini LP (Limited Partnership) deb e'lon qildi. Angliya LPlari esa 2017 yili qabul qilingan yangi tartibga ko‘ra¸ ro‘yxatga olinadigan yuridik shaxs emas. Bu toifa shirkatlarning o‘z asl egalari yoki shirkat ustidan muhim nazoratga ega bo‘lgan shaxslar nomini oshkor qilishi majburiy emas.

Buyuk Britaniyadagi islohotlar maqsadi halol tadqiqotchining u yoki bu kompaniya ustidan muhim nazoratga ega shaxslar zanjiri bo‘ylab harakatlanib, ehromning cho‘qqisiga yetib borishi va piramida tepasida uning haqiqiy egasi bo‘lgan bir-ikki shaxsni topishiga imkon yaratishdir.

Ammo bu islohotlardagi kemtiklar qidirilayotgan ma'lumotlarni ochiqlamaslikka ham joy qoldiradi.

Grandes Investment Group LP 2018 yil 5 noyabrda “muhim nazoratga ega shaxs” o‘zgarganini bildirgan. Bu esa 2018 yil 25 oktyabrda ro‘yxatga olingan Investment Holding Group LPdir.

Kompaniya “cheklangan shirkatga bog‘liq… muhim nazoratga ega shaxs o‘laroq tanilgan biror shaxs yo‘q”, deb bayonot berdi. U Buyuk Britaniyadagi islohotlar doirasida shunday qilish huquqiga ega. Biz esa Grandes Investment Group kompaniyasi boshqaruvining firmada 25 foiz yoki ko‘proq aktsiyaga ega bo‘lgan biror odam yo‘q, degan gapiga ishonishga majburmiz.

G‘ildiraklar aylanmoqda

Buyuk Britaniyaning 2017 yilda kuchga kirgan qonunchiligida ushbu mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs “muhim nazoratga ega shaxs” haqida Ro‘yxatga olish palatasi (Company House) ga xabar bermasa, uning jarima, hatto jinoiy javobgarlikka tortilishi nazarda tutiladi.

Joriy yil aprelida Ro‘yxatga olish palatasiga xat yozganimizda, “muhim nazoratga ega shaxs” ga oid talabni bajarmagan biror SLPning jarimaga tortilmagani” haqida javob oldik.

“Ro‘yxatga olish palatasining asosiy maqsadi SLPlarni jinoiy javobgarlikka tortish emas¸ balki ularning “muhim nazoratga ega shaxs”lar haqidagi talabni bajarishini ta'minlashdir. Shunday bo‘lsa-da¸ palata To‘lovga layoqatsizlik xizmati¸ Qallobliklarga qarshi kurash va moliyaviy prokuratura bilan bunday talabga bo‘ysunmagan kompaniyalarga qarshi jinoyat ishi ochish borasida yaqin hamkorlik qilmoqda”¸ deyiladi Company House matbuot xizmati tomonidan openDemocracy nashriga yuborilgan elektron maktubda.

Britaniyadagi joriy amaliyot hech qanday tekshiruv va audit tizimisiz¸ yuridik shaxslar va ularni tashkil qilish bilan shug‘ullanadigan agentlarning halol ishlashiga ishonch bildirgan.

Yuridik shaxslarni tashkil qilish bilan shug‘ullanadigan agentlar ushbu jarayonning muhim tarkibiy qismidir. Ular Akfa-Artel kompaniyalar guruhi singari chet ellik mijozlarga barcha xizmat turlarini taklif etmoqda. Yuridik shaxslarni tashkil qilish bilan shug‘ullanadigan agentlar mijozlarga kompaniyalar tashkil qilish, bank hisob raqamlari ochish va zarur hollarda yuridik shaxsni nazorat qilib turish uchun nominal direktorlar yoki sheriklarni topib berishda yordamlashadi.

Biz Ro‘yxatga olish palatasiga Britaniya kompaniyalarida nominal direktorlardan foydalanilayotganiga oid xavotirlarimizni bildirdik. Ro‘yxatga olish palatasi bizga “Kompaniyalar to‘g‘risida”gi qonunda nominal direktorni ishdan chetlatish to‘g‘risida hech qanday band yo‘qligini aytdi.

Ammo Ro‘yxatga olish palatasidan bildirishlaricha, Britaniya hukumati mas'uliyati cheklangan sheriklardan va bosh sheriklardan talab qilinadigan ma'lumotlarni ko‘paytirishni taklif qilgan. Bu takliflar orasida kompaniyani pul yuvishga qarshi kurash boshqarmasi orqali ro‘yxatga olish hamda Britaniyada ro‘yxatga o‘tgan shirkatning bu mamlakatga chindan aloqasi borligini ko‘rsatuvchi yillik hisobot talabi ham bor.

Mas'uliyati cheklangan shirkatlar uchun kompaniya hisob raqamlari ochish haqida gap ketganda, Ro‘yxatga olish palatasi quyidagilarni ma'lum qildi: “Agar qo‘limizda ochiq hisobotlarda ko‘rsatilgani bilan amaldagi holat o‘rtasidagi tafovutni ko‘rsatadigan ma'lumot bo‘lsa¸ biz LLP bilan bog‘lanib, tegishli so‘rovlar yuboramiz”.

Moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha konsultant Grehem Barrouga ko‘ra, Ro‘yxatga olish palatasi kompaniyalarni ro‘yxatga olish jarayoni va bu ishni qilayotgan agentlar rolini isloh qilish istagini bildirgan. Palatadagilarning “pul yuvish bilan shug‘ullanadigan jinoyat olami shovvozlarining vaziyatga qarab ish tutadigan ustomon va aqlli ekani”dan xabari bor.

“Jinoyatlarni fosh qilish bilan shug‘ullanadigan biz kabi mutaxassislarning ayni ismlar, manzillar va ish usullariga qayta-qayta to‘qnash kelish¸ ammo ularning bu faoliyatini to‘xtatish nari tursin¸ uni sustlashtirishga ham qurbimiz yetmasligi tushkunlikka soladi ”¸ deydi Grehem Barrou.

O‘zbekiston jamoatchiligi davlatdan ancha-muncha subsidiya oladigan biznesning Britaniya offshor kompaniyalariga aylanayotganini ijirg‘anib bo‘lsa-da kuzatib o‘tirishga majbur. Bu shirkatlar bevosita Toshkent shahri hokimiga tegishli kompaniyalar guruhiga kiradi. Offshor sxemalar orqali O‘zbekiston kompaniyalarini nazorat qilib kelganini yashirgan yuksak lavozimli davlat arboblari bilan bog‘liq korruptsiya janjalidan hali ham o‘ziga kelmagan O‘zbekiston jamoatchiligi va huquq himoyachilari bugun shaffoflik ko‘proq bo‘lishini istamoqda.

Hokim bilan Akfa-Artel openDemocracy nashrining offshor kompaniyalardan foydalanishga oid savollariga izoh berishdan bosh tortdi. Ushbu maqolada tilga olingan kompaniyalar vakillari ham savollarimizga javob bermadi.

Faqat O‘zbekiston hukumatiga qarashli Tashkent City ma'muriyati nega bu loyihdagi investorlarga oid ma'lumotning shaffof emasligiga oid savolimizga quyidagicha javob berdi:

“Investorlarning ortida turgan foyda oluvchilar va muhim nazoratga ega shaxslar xususida shuni aytmoqchimizki, respublikaning “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi, “Chet ellik investorlar huquqini himoya qilish kafolatlari va choralari to‘g‘risida”gi va “Tadbirkorlik faoliyati kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonunlarida ushbu ma'lumotlartni oshkor qilish ko‘zda tutilmagan”.

Manba: Ozodlik

Tag‘in o‘qing
13 may 2016
Varshava tsirkining Toshkentdagi gastroli chog‘ida tsirkda tomosha ko‘rsatayotgan fillar quturib, tomoshabinlarga tashlangani haqida xabar tarqaldi. Voqeani o‘z ko‘zi bilan ...
21 iyun 2017
Andijonlik shifokorlarning bergan ma'lumotlariga ko‘ra, keyingi paytlarda ari chaqishidan shikoyat qilib murojaat qiluvchi bemorlar tez-tez uchramoqda. Bu bemorlarning aksariyati ...
17 fevral 2017
Andijon shahrida fevral boshida faoliyati taqiqlangan “Damas” mashinalari tumanlarga ketib kirakashlik qilmoqda. Bu haqda Eltuz muxbiriga bildirgan andijonlik 28 ...
13 yanvar 2020
11 yanvar kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hibsda saqlanayotgan Gulnora Karimovaning Shveytsariyadagi uyidan topilgan san'at ashyolari haqida bayonot berdi. Prokuraturaning ...
Bloglar
14 sentyabr 2020
Bir tanishim bor edi. Hozir o‘tib ketgan. Ikki-uch yilda chorraha yoki metro vagonida to‘qnash kelib ...
11 sentyabr 2020
“Biz tomonlargayam koronavirus infektsiya yetib keldi. Qishlaxta o‘n beshta odamda o‘sha kasallik bor ekan”,- dedi ...
7 sentyabr 2020
Bizda bugundan sovuqroq kuzak shamoli boshlandi. Men kabi sovuqqa yupqa odamlar yengi uzun ko‘ylak kiyib ...