Asosiy mavzular
21 avgust 2019

Qadrsizlanayotgan so‘m xalqni qashshoqlashtirmoqda

So‘nggi kunlarda so‘mning keskin tarzda qadrsizlantirilishi sabablaridan biri oydinlashdi – hukumat naqd valyutani aholiga sotish amaliyotiga o‘tdi. 

Shu vaqtgacha O‘zbekistonda aholiga naqd valyuta sotilmasdi. Valyuta faqat mijozning to‘lov kartasiga tushirib berilardi. Endi esa banklar naqd valyutani erkin sotishni boshladi.

Bungacha, oxirgi haftalar davomida Markaziy bank so‘mni odatdagidan keskinroq qadrsizlantirishga qaratilgan monetar siyosat yuritishga kirishgandi. Oqibatda bir AQSh dollarining qiymati 9000 so‘mdan oshib ketdi. 

Naqd valyuta sotuvi yo‘lga qo‘yilgan kuni esa dollar kursi birja savdolarida 9384 so‘mgacha ko‘tarildi, ya'ni birdaniga 323 so‘mga qimmatladi. 

20 avgust kuni banklar bir AQSh dollarini 9 450 so‘mdan sotishni, 9 200 – 9 350 so‘mdan sotib olishni boshladi. 

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov shu munosabat bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida “valyuta kursining oshib borishiga valyutaga bo‘lgan talabning ortayotgani ta'sir ko‘rsatayotgani”ni bildirdi.  

“Joriy yil 1 oktyabrdan biznes, tadbirkorlik sohasidagi bir qator imtiyozlarning bekor bo‘lishi ham bunga ta'sir qilmoqda”, dedi MB raisi. 

Uning fikricha, inflyatsiyani to‘xtatish, narxlarni pasaytirishning yagona yo‘li raqobat va investitsion erkinlikni kuchaytirishdir.

Bundan avvalroq so‘mning qadri tushib ketayotganining sabablaridan biri sifatida O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lmish mamlakatlarning milliy pul birliklari kuchsizlanib borayotgani aytib o‘tilgandi. 

O‘zbek so‘mining bunday keskin qadrsizlanishi mamlakatda kommunal xizmatlar, yo‘l haqi, benzin va boshqa mahsulotlar narxi oshishi fonida yuz berayotir. 

Moliyaviy tahlilchi Abdulla G‘anievning “Eltuz”ga aytishicha, bu holat xalqning yanada qashshoqlashishiga olib keladi. 

“Mamlakatimizda turli xizmatlar va mahsulotlar narxining oshishi shunday ham bozorlarda narx-navo qimmatlashuviga sabab bo‘layotgandi. So‘mning dollarga nisbatan qadri pasaygani narxlar yanada ko‘tarilishiga olib kelishi ehtimoli yuqori. Bu esa iste'molchilarning xarid qobiliyatini keskin pasaytirib yuboradi”, dedi tahlilchi. 

Uning ta'kidlashicha, bozorlar yana barqaror narxlarga qaytishi uchun ancha vaqt talab etiladi. Lekin hozirgi beqarorlikning oqibati xalqqa salbiy ta'sir etadi. 

“Oddiy misol. Deylik, ishchi shu kungacha 300 AQSh dollari ekvivalentida maosh olib kelgan. Lekin dollar kursining ko‘tarilishi bu maoshning 270-280 dollar ekvivalentiga tushib qolishiga sabab bo‘ladi. Ya'ni oddiy ishchi arzimas vaqt oralig‘ida 20-30 dollar yo‘qotyapti. Bu esa uning kundalik hayotiga ta'sir etmasdan qolmaydi”, dedi Abdulla G‘aniev “Eltuz” bilan suhbatda. 

Tahlilchining ta'kidlashicha, hozirgi kunda so‘m qadrsizlanishining zanjirli reaktsiya tarzida davom etishi ehtimoli borligi eng tahlikali holatdir. 

“Shuning uchun bunday jarayon xavfining oldini olish hukumatning, Markaziy bankning birlamchi vazifasi bo‘lishi shart”, dedi A.G‘aniev.

“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 dekabr 2023
Mana xafta aylanib siz bilan yana yuzma yuz, betma betman. Yaxshimisizlar azizlar. Tashqarida qahraton sovuq bo‘lsa ham, diydoringiz issiq. ...
23 dekabr 2020
O‘tgan payshanba, 17 dekabr kuni Telegram kanali orqali O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX)ning qator “loxmach”larini uchratgan joyda jazolash haqida ...
8 aprel 2023
Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.  Matchon Suqilish: Nichiksizlar mo‘chchi oybika ham xo‘jik ...
17 mart 2021
Andijon davlat universitetining olti xodimida koronavirus aniqlangani haqida xabarlartarqaldi. ADUdagi manbaning “Eltuz”ga aytishicha, aslida kasallik yuqtirgan talaba va xodimlar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...