Asosiy mavzular
14 oktyabr 2019

Cenat raisi “tushunmayotgan” haqiqatlar

O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboeva “katta mablag‘ va boshqa resurslar evaziga sahroga aylangan Orol dengizi hududida turli daraxtlar ekilayotgan bir sharoitda ayrim hududlarda daraxt va butalarni noqonuniy va ayovsiz kesish hollari ro‘y berayotgani mutlaqo tushunarsiz” ekanini bildirdi.  

Tushunish qiyin emas aslida buni. Tushunish uchun xalqning bugun qanday hayot kechirayotganini bilish kifoya. O‘shanda “noqonuniy va ayovsiz kesish”larning asl sabablari mana-man deb ko‘rinib qoladi.

“Bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi”, deydi o‘zining “tushunmagani”ni xulosalab Senat raisi. 

Tanzila Norboeva mantig‘ini topa olmayotgan kes-keslarning asl sabablarini esa real hayotning o‘zi har kuni ko‘z-ko‘z qilib turibdi.

Hali kun sovimasdanoq elektr va gaz ta'minotidagi tez-tez uzilishlar, ayrim hududlarda esa gazning umuman yo‘qligi amaldorlar tushunmayotgan “mantiqsizlik”ning mantig‘idir. 

Aslida elektr va gazsiz xalq yashab qolish uchun shu yo‘l bilan kurashmoqda. Ularning tanlovi juda murakkab – yoki daraxt kesib, qahraton qishni bir amallab o‘tkazib olish, yoki o‘ziyu butun oilasi shamollash bilan bog‘liq turli kasalliklarga chalinishi.

Elektr va gazsiz xalqning bir qismi uyidagi bola-chaqasining rizqi bo‘lgan mevali daraxtlarni kesib yoqib bo‘ldi. Tutlarga ham qiron kelgan.

Cho‘l hududidagilar saksovul va yulg‘un kesmoqda. Chunki hatto tappi qilishga go‘ng topish ham muammoga aylangan. Zero, go‘sht qimmatlashishi mol-hol kamayganidan darakdir. 

Birgina Xorazm viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspektsiyasi joriy yilning shu davrigacha Qizilqum barxanlaridagi saksovul va yulg‘unlarni kesib ketayotgan qariyb 200 kishini aniqlagan.

Mavjud qonunchilikda daraxtlar, butalar kabilarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solish ko‘zda tutilgan.

Ammo shunday katta jarimalar ham yashab qolish uchun kurashayotgan xalqni bu qonunbuzarliklardan to‘xtatib qolishga qodir emas. 

Oddiy xalq taqdiriga tan berib, saksovul kesishdan o‘zini tiysa, bu ishni biznesga aylantirganlar sahnaga chiqadi. Ular korruptsionerlar bilan bir tizim yaratib ishlaydi. 

Masalan, tog‘li hududlarda o‘tinchi “biznesmenlar” guruhlari bor. Ular qo‘riqxonalar, o‘rmonlar qorovullari bilan til biriktirib, archalarga qiron keltiradi.

Kesilgan archalar elektr va gazsiz xalqqa, umumiy ovqatlanish shoxobchalari egalariga pullanadi. 

Senat yig‘ilishida aytilishicha, daraxtlarni noqonuniy kesish bo‘yicha Surxondaryoda 509 ta, Qashqadaryoda 368 ta, Buxoroda 271 ta, Farg‘onada 224 ta, Xorazmda 187 ta, Samarqandda 161 ta, Toshkent shahrida 203 ta holat aniqlangan.  

Afsuski, senatorlar barcha aybni “aholining ekologik-huquqiy madaniyati darajasining pastligi”, brakonerlarning o‘z manfaati va ehtiyojlari”ni ko‘zlayotganiga yo‘ymoqda. 

Asl sabab esa shu kabi zo‘rma-zo‘raki xulosalar, bahonalar soyasida qolib ketyapti.

O‘zbekiston Orol fojeasining asoratlarini yumshatish maqsadida yuzlab ming gektar yerga saksovul, yulg‘un kabi butalar ekish loyihasini amalga oshirmoqda. Buning uchun milliardlab mablag‘ sarflanyapti.

Endi yuqorilardan kelib chiqib, senatorlar tushunmayotgan mantiqsizlikka mantiq izlab ko‘rsak.

Mantiq shuki, aholiga oddiy yashash sharoitlari yaratib berish, ya'ni elektr va gaz ta'minotidagi uzilishlarni bartaraf etilsa, “noqonuniy va ayovsiz kesish”lar ham kamayadi.

“Eltuz”

Tag‘in o‘qing
23 may 2019
2019 yilning 3 mayida prezident imzolagan va matbuotda e'lon qilingan qonunda O‘zbekistondagi barcha haydovchilar malaka oshirish sertifikati olishi kerakligi ...
1 fevral 2023
O‘zbekiston neft va gaz sohasidagi vaziyatni ichdan biluvchi ikki manbaning Eltuzga bergan ma'lumotdan anglashilishicha, “O‘zbekneftgaz” AJ va unga qarashli ...
1 fevral 2019
Kichkinagina moviy qushcha gaz yo‘q, chiroq yo‘q O‘zbekistondan issiq o‘lkalarga uchib ketmoqchi bo‘ldi. U inidan chiqib osmonga parvoz qildi. ...
10 may 2021
Xorazmning Xiva tumanida bir kambag‘al beva ayolning o‘g‘li nomiga olingan 30 million so‘m kredit mahalla raisi va o‘qituvchi doxil ...
Bloglar
8 fevral 2025
Shu paytgacha «Anora» degan ikki film olindi. Bittasi yetim qizning ashlachi bo‘gani haqida¸ yana bittasi ...
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...