Asosiy mavzular
16 dekabr 2019

Ekologik partiya rahbari AESni targ‘ib qilmoqda

O‘zbekiston Ekologik partiyasi rahbari Boriy Alixonov Chernobil halokatiga sabab bo‘lgan atom reaktori bilan O‘zbekistonda qurilajak reaktorni “Moskvich” va “Lasetti” avtomobillariga qiyosladi.

“Moskvich” bilan “Lasetti” o‘rtasida qancha farq bo‘lsa, Chernobildagi reaktor bilan O‘zbekistonda qurilajak reaktor o‘rtasida shuncha farq bor”, dedi ekoetakchi.

Boriy Alixonovning bu bayonoti butun dunyoda yashillar partiyalari atom energetikasiga qarshi chiqayotgan bir paytda o‘zbekistonlik ekologlar mamlakatda atom elektr stantsiyasi qurilishiga qo‘liga qo‘shib oyog‘ini ham ko‘tarayotgani fonida aytildi. 

Har tomonlama qiziq bayonot. Bu yoqda jahonning shuncha qudratli hukmdorlari qolib, oddiygina qizcha, ekofaol Greta Tunberg “Yil odami” deb e'lon qilinib turibdi. 

Dunyoning rivojlangan davlatlari atom energetikasidan ketma-ket voz kechish yo‘liga o‘tgan. Har bir mamlakat imkon qadar qayta tiklanuvchi energetikaga o‘tish yo‘lini qidirmoqda.

Ammo O‘zbekistonning Ekologik partiyasi mamlakatda AES qurilishiga har tomonlama “za”. Bizning zamonda bunaqasini uchratish amri mahol.

Yurtimizdagi hamma “Moskvich” bilan “Lasetti”ni farqlaydi. O‘zbekistonda bugun “Lasetti” obro‘li mashinalardan biri. 

Boriy Alixonov o‘lchamni shundan olgan. O‘zbekistonliklar o‘zi obro‘li deb bilan mashinaning “Moskvich”dan zo‘rligini biladi. Shuning uchun Chernobil reaktorini O‘zbekistonda qurilajagi bilan solishtirsak, demak xalqimiz zo‘r deb o‘ylaydi, degan nishonni ko‘zlagan.

Lekin ekologlarimizning yetakchisi bitta narsani unutibdi. Bugun o‘zbekistonliklar nafaqat “Lasetti”dan o‘nlab marta zo‘r avtomobillarni, balki “Tesla” kabi elektromobillar ishlab chiqarilayotgani, ular ekologiyaga deyarli zarar yetkazmasligini ham biladi.

O‘zbekiston ming maqtangani bilan rivojlangan G‘arb davlatlarida ishlab chiqarilishi o‘nlab yil oldin boshlangan modellarni yig‘ish bilan shug‘ullanayotganini ham bilishadi. 

Shuning uchun Boriy Alixonov Chernobil reaktori bilan O‘zbekistonda qurilajak reaktorni solishtirish orqali aslida bizning nasibamiz uchinchi dunyo mamlakatlari uchun atalgan qurilma bo‘lishini eslatib qo‘ydimikin?

Aslida bunday o‘ylamang. Chunki Ekologik partiyamiz yetakchisi bu masalani o‘z aqliy va mansabiy imkoniyatlari darajasida tushuntirishga harakat qildi. 

Shu nuqtai nazardan qarsangiz, Boriy Alixonovning Ekologik partiyasi va uning o‘zi hukumat tomonidan “yashilga bo‘yalgani”ga iqror bo‘lasiz.

Aks holda butun dunyo muqobil energetika manbalariga o‘tayotgan bir paytda O‘zbekiston Ekologik partiyasining serchiqim va xavfli AES qurilishiga bunchalik tarafdor bo‘layayotganini yana qanday izohlash mumkin?

AES qurilishi O‘zbekiston uchun iqtisodiy emas, balki siyosiy qaror ekanini qachon tan olamiz?

Agar Ekologik partiya va uning yetakchisi bu narsani farqlay olmasa yoki farqlashni xohlamasa, erta-indin saylaydiganimiz deputatlardan nima foyda?

Xullas, bu masalada savollar ko‘p, rasmiy javoblar esa xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladigan jihatlarni ko‘rsata olayotgani yo‘q. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 dekabr 2020
Rassom Elsevar karikaturasi
6 sentyabr 2023
2023 yil 3 avgust kuni “Indorama Agro” kompaniyasida inson huquqlari buzilishi va yerlarning noqonuniy tortib olinayotgani yuzasidan O‘zbekiston inson ...
15 may 2020
Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani hokimi Bekzod Ibragimov 2019 yil 28 yanvardagi qarori bilan 2015 yildan buyon faoliyat yuritayotgan “Siddiqjonobod ...
22 may 2018
Keyingi paytda “Boriga baraka” kapital shousi odamlar xayolini o‘rgimchak to‘ridek o‘ziga qamrab oldi. 7 yoshdan 70 yoshgacha hamma “Boriga ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...