Asosiy mavzular
18 avgust 2020

Pandemiya sharoitida ham kreditni qaytarish talabi to‘xtagani yo‘q

Karantin paytida odamlarga qulaylik yaratilmayapti, deb yozmoqda Farg‘ona viloyatidagi muxlisimiz.

Uning aytishicha, bankdan qarz olgan. Karantin paytida aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan qarorlarda krediti bor fuqarolarga yengillik berish maqsadida ularning kredit to‘lovi 2020 yil oktyabr oyigacha to‘xtatilgan. Banklarga mijozlaridan kreditini yopish so‘ralmasligi aytilgan.

Ammo amalda qanday? Haqiqatan ham respublikadagi barcha banklar qaror ijrosini ta'minlayaptimi? Ular o‘z mijozlariga yengillik yaratyaptimi?

“Yo‘q, – dedi Farg‘ona viloyatida yashovchi, ismi keltirilishini istamagan fuqaro. – Men tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman. “Agrobank”dan  3 yilga 30 million kredit olganman. Har oyda 1 million 300 mingdan to‘lashim kerak.

Ammo aholiga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanganim uchun ishim to‘xtab qoldi. To‘lov qobiliyatim yo‘qoldi. Uch farzandim bor. Ota-onam pensioner. Oilada yagona boquvchi menman.

Bank xodimlari esa aprel, may oylarida kreditni to‘liq to‘lashni so‘rashdi. “Prezidentning qarori chiqqan-ku, oktyabrgacha to‘lay olmayman”, deganimdan so‘ng: “Mayli, unda foizini to‘lab turing, agar hozir to‘lamasangiz, oktyabrda birdan hammasini to‘lashga qiynalib qolasiz”, dedi. To‘g‘rirog‘i, uyga kelib kredit to‘lashga majburladi. Shumi qarorga munosabat? Nega qog‘ozda boshqacha yoziladi-yu, amalga kelganda boshqacha qilinadi?”

Navbatdagi suhbatdoshimiz esa “Qishloqqurilishinvest” qurayotgan uylardan birini kredit asosida olgan. Oyiga bir million to‘lovi bor.

“Ammo bank pandemiyani ham bilmadi. Har oy qo‘ng‘iroq qilib, kredit to‘lashim kerakligini eslatadi. 29 iyul kuni Payme orqali 600 ming so‘m o‘tkazib qo‘ydim. Soat 10 larga yaqin bankdan qo‘ng‘iroq qilib, kredit to‘lash muddati yaqinlashganini, to‘lab qo‘yishim kerakligini aytishdi.

Men prezident qarorida 1 oktyabrgacha to‘lamaslik mumkinligi yozilganini, shunday bo‘lsa-da, bugun soat 6 larda Payme orqali to‘lov qilib qo‘yganimni aytdim. Qo‘ng‘iroq qilgan bolaga: “Sizlar prezident siyosatiga qarshimisizlar, nega karantin davrida ham fuqarodan to‘lov talab qilyapsizlar”, deya savol berdim. Ammo u savollarimga javob bera olmadi”, deydi suhbatdoshimiz.

Milliy bankning “Eltuz” bilan suhbatlashgan xodimi prezidentning pandemiyada davrida aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarori bankirlarni ham xursand qilganini aytdi.

Chunki, uning so‘zlariga ko‘ra, bu ularni har oyning oxirgi haftasida kredit to‘lovlarini undirish uchun mijozma-mijoz yurish tashvishidan qutqarardi.

Aslida esa bu quvonch uzoqqa cho‘zilmagan. Bank xodimlari yana kredit to‘lovlarini undirishga jalb etilgan. Chunki kredit muddati kelgach, u yopilmasa, pul aylanmasi ham bo‘lmaydi. G‘aznaga pul tushmaydi. Pensiya va nafaqalar berilishi qiyinlashadi.

“Shuning uchun hamma yuk biz bankirlarga tushdi. Yuqoridan kreditni undir, degan yashirincha topshiriq, pastdan fuqarolarning “nega prezident qarorini bajarmayapsizlar, bu gap sizlarga bir tiyinmi”, degan noroziligi o‘rtasida qoldik. Qaror chiqqanidan keyin uning ijrosi ham bo‘lishi kerak”, dedi Milliy bank xodimi.

Uning bildirishicha, fuqarolarni faqatgina Xalq banki va “Hamkorbank” bezovta qilmayapti, xolos.

Milliy bank xodimi bir necha tadbirkor kredit to‘lamagani yuzasidan sudgabank nomidan da'vo ariza kiritgani, lekin ularni bank noto‘g‘ri ish qilayotgani sababli sudda albatta yutishlari to‘g‘risida ogohlantirganini ma'lum qildi.

“Chunki men tadbirkorlarga bundan boshqa yordam berolmayman”, deydi bank xodimi.

“Agrobank” mijozi bo‘lgan o‘qituvchi ham “Eltuz” bilan suhbatda bank plastik kartasi ishlamay qolgani ortidan bankka murojaat etgani, u yerdagilar o‘g‘lining o‘qishi uchun olgan krediti bo‘yicha to‘lov qilmagani sababli kartasiga inkasso qo‘yilganini aytganini ma'lum qildi.

O‘zbekistonda so‘z va fikr erkinligi yana bo‘g‘ilayotgani, eng faol blogerlar va jurnalistlar haqida turli tuhmat va bo‘htonlardan iborat maqolalar chiqayotgani, bosim kuchayayotgani sababli odamlar yana “och qornim, tinch qulog‘im” naqlini hayotiy shiorga aylantirib olmoqdalar.

Suhbatdoshlarning hech biri o‘z ismini, hatto qaysi tumanda yashashini ham oshkor etmayotgani boisi ham aslida shu.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 mart 2016
“Hurriyat” gazetasi globallashuv mavzusiga ham to‘xtalib, bu jarayonning o‘ziga xos salbiy va ijobiy tomonlari borligi haqida yozdi. Gazeta “hozirgi ...
3 iyun 2016
30 may kuni yozuvchi Mamadali Mahmudovning uyiga uning ruhsatisiz, devor oshib tushgan shaxslarning bosimi adibning keksaygan 75 yoshida ayni ...
20 iyul 2016
Odatdagidek, bu ishga, ya'ni g‘o‘za nihollarini chekanka qilish ishlariga ham byudjet tashkilotlari xodimlari – bog‘cha opalar, o‘qituvchilar, shifokor va ...
11 dekabr 2017
5 dekabrda Amnesty International inson huquqlari tashkiloti huquq himoyachilarining o‘limi va ularning o‘ldirilishi holatlari ko‘payishi tendentsiyasi mavjudligini tasdiqlaydigan hisobotini ...
Bloglar
3 yanvar 2023
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 20-qismida jurnalistning «Adabiyot nima?» degan ...
25 dekabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 18-qismidan 90-yillarda taniqli adabiyotshunos Ibrohim ...
20 dekabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih suhbatning 17-qismi muxolifat va hokimiyatning kelajagi haqida ...