Asosiy mavzular
26 oktyabr 2020

Hammani majburlovchi MIB xodimlarining o‘zi majburiy mehnat qurboni

Hammani turli to‘lovlarga majburlaydigan Majburiy to‘lov byurosi xodimlarining o‘zi majburiy paxta terimiga majburlanmoqda. 

“Majbur” so‘zi ustida qurilgan bu gap so‘z o‘yini emas. Zero, mazkur idoraning Qashqadaryo viloyatidagi Koson tumani bo‘limi xodimlari chindan ham terimga jalb etilgan. 

Ko‘rinishidan, bu aslo ixtiyoriy ishga o‘xshamaydi. Chunki xodim ixtiyoriy ravishda paxtaga boradigan bo‘lsa, u kishining asosiy ishi nima bo‘ladi? 

Xullas, ma'lum bo‘lishicha, MIBning Koson tumanidagi xodimlari 10 sentyabr kuni paxta terimiga tayyorgarlik ko‘rish haqida buyruq olgan. Ular buyruqning aniq kimdan kelganini bilmaydi. 

Katta ehtimol bilan buyruq ham “katta joy”dan kelgan. Aks holda kimsan MIBchini paxtaga majburlashga kimning haddi sig‘ardi?

Bu yil Qashqadaryodagi barcha MIBchilar Muborak tumaniga terimga yuborilmoqda. Bu tumanda klaster ham yo‘q, paxta teradigan texnika ham yo‘q.  

MIBchilar terimdan bosh tortishga ham qo‘rqadi. Chunki o‘tgan yili paxta terimida majburiy mehnat haqida xalqaro axborot vositalariga xabar bergani uchun MIBning Koson tumani bo‘limi xodimi ishdan haydalgan edi.

Yashirilayotgan majburiy mehnat

MIBning Koson tumani bo‘limida 30 ga yaqin xodim ishlaydi. Ular 17 sentyabrdan boshlab 10 kunlik navbat asosida paxta terimiga majburan jalb etildi. 

Rahbariyat o‘rnatgan qat'iy tartibga muvofiq, xodim paxta dalasiga o‘zi o‘rniga mardikor yollashi mumkin, ammo yollangan shaxs notanish bo‘lmasligi va MIB xodim paxta terimiga majburan jalb qilinganini oshkor etmasligi shart. 

Shu sababdan MIB xodimlari, asosan, qarindoshlari yoki yaqin tanishlarni  o‘z o‘rniga terimga yubormoqda. 

MIBchilar yollangan odamlarga mabodo paxta dalasiga kimdir surishtirib kelsa, u o‘zini mahalladan chiqqan ko‘ngilli terimchi sifatida tanishtirishi shartligi uqtirgan. 

Shunday mardikorlardan birining aytishicha, qatnov asosida terim bo‘lsa, mardikorga kuniga 60 ming so‘m, agar yotoq sharoitidagi terim bo‘lsa, 10 kunga  1 500 000 so‘m to‘lanadi. 

Mardikor yollash 

Mardikor sifatida ish so‘rab borgan kuzatuvchilarga MIB idorasi xodimi terimga jalb qilinganini oshkor etmaslik haqida ogohlantirdi va agar paxta terimiga ishchi kuchi lozim bo‘lsa, qo‘ng‘iroq qilishini aytdi. 

15 oktyabr ayni MIB xodimi mardikor rolidagi kuzatuvchilarga telefon qilib, 16 oktyabr kuni kechki payt paxta terimiga ketish kerakligini ma'lum qilgan. 

“Mardikor” kuzatuvchilar zaruriy kiyim-boshu ko‘rpa-to‘shagi bilan shu kuni “Spark” rusumli yengil mashinada Muborak tumani hududidagi dala shiyponiga yotoqqa olib borib joylashtirilgan. 

Kuzatuvchilardan birining tanishi, 10 kunlik yotoqqa MIBning Koson tumanidagi xodimi o‘rniga 1 500 000 so‘m evaziga terimchi sifatida yollangan shaxsning aytishicha, ular paxta terayotgan hududda MIB xodimlari o‘rniga mahalla aholisi paxta termoqda. Lekin ular nisbatan arzon, ya'ni 600-800 ming so‘mga kelishishgan. 

O‘rniga hasharchi yollagan MIB xodimi agar shunday qilmasa, ishdan haydalish bilan tahdid qilinganini bildirdi. 

Yotoq sharoiti

Terimchilar yotoqda eski dala shiyponida tunamoqda. Shiyponda pol yo‘q, yerlar zaxligini aytgan terimchilardan biri bu yerda sanitariya-gigiena qoidalariga umuman rioya etilmayotganini ta'kidladi. 

“Kovid talablari nol holatda. Na sovun, na antiseptik va na niqob bor. Hatto suv ham yetarli darajada emas. Qo‘l yuvish uchun baklashkalarga suv quyib qo‘yilgan. Ichimlik suv esa katta hovuzda saqlanadi. Ko‘rinishidan molxonaga o‘xshash joyni yuvinish xonasi qilib qo‘yishgan”, deydi terimchi. 

U ayol va erkak terimchilar uchun bitta yuvinish xonasi borligi, faqat xonaning o‘rtasiga fanera qoqib qo‘yilganini aytadi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ovqatlar fermerlar hisobidan berilyapti. Agar fermerning iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lsa, u terimchilarga to‘yimliroq ovqat beradi. Aks holda ovqat yaxshi bo‘lmaydi. 

Tag‘in o‘qing
15 noyabr 2017
Kanadalik 54 yoshli o‘zbek jurnalisti Ulug‘bek Ashur prezident Shavkat Mirziyoevni hajv qilib qo‘shiq kuyladi. “Shavkat aka!” deb nomlangan qo‘shiq ...
3 noyabr 2019
1906 yilning 3 noyabrida Germaniyaning Berlin shahrida o‘tgan Xalqaro radiotelegrafiya anjumanida SOS signali halokatni bildiruvchi mujda sifatida qabul qilindi. ...
17 fevral 2016
Kuni kecha bir qator OAV tomonidan, Aramais Avakyan ishi bo‘yicha yashirincha xukm chiqarilgani, va ushbu jinoiy ish ayblanuvchilari 14 ...
3 oktyabr 2016
O‘zbekiston telekanallari sentyabr oyini yig‘i-sig‘i bilan boshlab, bayramona kayfiyatda tugatdi. Prezident Islom Karimovning vafoti munosabati bilan sovet davriga xos ...
Bloglar
24 noyabr 2020
“Humo” nomli uchoq shirkati haqida gap chiqishi bilan eronlik do‘stlarim o‘zbeklarni plagiatda aybladi. Eronda “Humo” ...
20 noyabr 2020
Bugun kechqurun gazim yonmadi, o‘zi shundoq ham past yonardi. O‘tin-ko‘mir g‘amlamagandim. Kichkina elektrpech o‘zini o‘zi ...
18 noyabr 2020
Ertalab mosh sotdim. Ko‘p emas, besh yuz kilo. Moshimni sotib olgan tadbirkor yigit: “Moshning pulini ...