Anons
29 oktyabr 2023

Shoir Omon Matjon olamdan o‘tgan kun

Lekin bir xalq mudrab, yotinqirasa,
Har kimga o‘z tinchi yoqinqirasa,
Shoirlari qo‘rqib bosinqirasa,
Xalqni kim uyg‘otar,
Savolim shuldir?!

Ushbu satrlar muallifi, o‘zbek modern she'riyatining taniqli namoyandasi Omon Matjon 2020 yilning 29 oktyabrida 77 yoshida vafot etgan, Toshkentning Yangiobod mavzeidagi qabristonda dafn qilingan.

Shoir Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tug‘ilgan edi. U adabiyot oldidagi xizmatlari uchun Hamza nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Shoirning «Ochiq derazalar» (1970), «Karvon qo‘ng‘irog‘i» (1973), «Yonayotgan daraxt» (1977), «Yarador chaqmoq» (1979), «Haqqush qichqirig‘i», «Seni yaxshi ko‘raman» (1983), «Gaplashadigan vaqtlar» (1986) kabi to‘plamlari o‘zbek she'riyatining ustunlari sifatida ko‘riladi.

FYeRUZA

Kelmading.
Qushlar ko‘chib ketdi qoshimdan,
Tushlar cho‘chib ketdi yoshimdan,
Hushlar uchib ketdi boshimdan,
Kelmading.
Xazonlar to‘p bo‘ldi yillab men uchun,
Osonlar yo‘q bo‘ldi yillab men uchun,
Armonlar ko‘p bo‘ldi yillab men uchun,
Kelmading.
G‘amlarning bariga to‘zdim — chidadim,
Namlarning bahrida suzdim — chidadim,
Damlarning shahdidan o‘zdim — chidadim,
Kelmading.
Kunlarim hijronga o‘qdek yoqqanda,
Ruhim oti qonga cho‘g‘dek botganda,
So‘nggi o‘qni jonga o‘zim otganda,
Sen kelding uzr so‘rab…
Sen kelding nechun?!


Umr o‘tar, vaqt o‘tar,
Xonlar o‘tar, taxt o‘tar,
Omad o‘tar, baxt o‘tar,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sening yurishlaring, sening kulishlaring.
Bahorda bog‘ na go‘zal,
Qor tushsa tog‘ na go‘zal,
Bu yoshlik chog‘ na go‘zal,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
So‘zsiz qarashlaring, holim so‘rashlaring.
Oy chiqar goh zaholi,
Do‘stlar ko‘pdir vafoli,
Hayot shundan safoli,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sokin so‘zlashlaring, pinhon izlashlaring.
Umr — yo‘l, qayrilish ko‘p,
Uchrashish, ayriliq ko‘p,
Unutish,aytilish ko‘p,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
O‘sha kulishlaring, o‘sha kelishlaring…


Ochil, ey gul, gul vaqting bo‘ldi,
Uyg‘on, ey dil, dil vaqting bo‘ldi.
Yetar ming bir kecha ertaga,
Tong sirlarin bil, vaqting bo‘ldi.
O‘z haqqini bilmagan quldir,
Shukr etgan ham qul, vaqting bo‘ldi.
Noming aziz, o‘zingga bek bo‘l,
El bo‘l endi, el vaqting bo‘ldi.
Ogoh etar soatsiz qismat,
Harakating qil, vaqting bo‘ldi.
Tilni qutqar tillar bandidan,
Tilga kirgin, til vaqting bo‘ldi.
O‘zbekiston, falak burjiga
Yuragingni il, vaqting bo‘ldi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 fevral 2020
Prezident Mirziyoev 31 yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida o‘tgan uchrashuvda «bir kichkina bojxona posti rahbari»ning uyidan ...
1 fevral 2016
2016 yil 27 yanvar kuni BJ’s Wholesale Club chakana savdo kompaniyasi Paxta majburiyati (Cotton Pledge)ga imzo chekkan 200 dan ...
15 may 2019
Bir paytlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga o‘qishga kirayotganimda, hozirgi paytda Feysbukda ham ancha tanilib qolgan amaldorlardan ...
19 dekabr 2016
Anqaradagi zamonaviy san'at galereyasida rus fotosuratchilarining «Rossiya turklar nigohida» ko‘rgazmasining ochilish marosimida va'z o‘qiyotgan Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlov ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...