Asosiy mavzular
9 dekabr 2020

Kleptokratlarni to‘xtating: Yevropa Ittifoqi endi o‘g‘irlangan aktivlar uchun xazinachi bo‘lmasligi kerak

O‘zbekistonlik kleptokratlar tomonidan o‘marilgan va chet elga olib chiqib ketilgan milliardlab dollar mablag‘ni mamlakatga qaytarish masalasi tobora dolzarblashib bormoqda.

Chunki shu kungacha dunyoning bir qancha mamlakatlarida o‘zbek xalqidan o‘g‘irlangan yuzlab million dollar borligi aniqlangan. Aslida xorijda hali aniqlanishini kutib yotgan yana milliardlab dollar bo‘lishi ehtimoli juda ham yuqori. 

Joriy yilning sentyabr oyida Shveytsariya hukumati O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida musodara qilingan 131 million dollarlik aktivlarni vataniga qaytarish to‘g‘risida e'lon qilgandi. 

Bu 2012 yildan beri Shveytsariya hukumati tomonidan muzlatilgan jami aktivlarning taxminan 15 foizini tashkil etadi.

Shveytsariya va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga ko‘ra, bu mablag‘larni qaytarishda shaffoflik va hisobdorlik tamoyillari asosiy shart bo‘lishi kerak. 

Gulnora Karimovaning noqonuniy operatsiyalaridan tushgan mablag‘lar banklarda, offshor kompaniyalarda, hashamatli ko‘chmas mulk va tovarlarda butun dunyo bo‘ylab, shu jumladan, Yevropa Ittifoqining kamida 9 ta mamlakatida saqlangani aytiladi. 

27 a'zo davlatdan iborat Yevropa Ittifoqida musodara etilgan aktivlarni qaytarish bo‘yicha qonunchilik o‘zaro uyg‘un emas. Garchi bu borada YeI bo‘yicha amal qilinishi shart bo‘lgan turli hujjatlar qabul qilinganiga qaramay, ishlar jadal olg‘a siljimayapti.  

Aslida Yevropa o‘g‘irlangan aktivlarga to‘lib-toshgan. Lekin ularning hammasi ham aniqlanayotgani yoki musodara etilayotgani yo‘q. 

Masalan, ma'lumotlarga ko‘ra, shuncha sa'y-harakatlarga qaramay, noqonuniy aktivlarning faqat bir qismi musodara qilinadi (1,1%)  va undan ham kamroq qismi jabrlanganlarga tovon puli to‘lash yoki ushbu jinoiy harakatlar natijasida zarar ko‘rgan odamlarga yordam berish uchun qaytariladi.

Ushbu aktivlarning tizimli ravishda qaytarilmayotganiga birinchi sabab ularning yana o‘sha kleptokratik hukumat odamlari cho‘ntagiga tushib qolishidan qo‘rquv bo‘lishi mumkin. 

Yana bir sabab shuki, aksariyat hollarda musodara qilingan pullar uni musodara qilgan mamlakat milliy byudjetiga singib ketadi. Yoki yordam jamg‘armasiga qo‘shilib, ko‘mak tarzida o‘sha mablag‘ o‘g‘irlangan davlatga qaytarilishi ham mumkin. 

Bu holat Yevropa Ittifoqini ham qoniqtirmaydi. Jumladan, 2020 yil iyun oyida chop etilgan hisobotda Yevrokomissiya “aktivlarni tiklashda qo‘shimcha taraqqiyot uchun joy bor”ligini tan oldi. 

Shu bilan birga, “mol-mulkni tasarruf etish bo‘yicha qoidalar, shu jumladan, musodara qilingan aktivlarni ijtimoiy qayta ishlatish va jinoyat qurbonlari uchun tovon puli to‘lash qoidalarini belgilashni” joriy etish niyatini e'lon qildi.

Ammo bu qonunchilik tashabbusi Yevropa Ittifoqining barcha a'zolari tomonidan ma'qullanishi kerak. Demakki, hali bu jarayon juda uzoq cho‘ziladi.

YeIning ayrim mamlakatlari, masalan, Frantsiyada transmilliy korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yaxshigina tajriba to‘plangan. So‘nggi yillarda frantsuz sudi Frantsiyadan o‘zlarining nopok pullari uchun manzil sifatida foydalangan poraxo‘r xorijiy rahbarlar borasida tarixiy hukmlar chiqardi. 

Masalan, Frantsiyada noqonuniy davlat mablag‘larini yuvishda ayblangan Ekvatorial Gvineya vitse-prezidenti Teodoro Ngema Obiang Manguga tegishli 150 million yevrolik barcha aktivlar musodara qilindi. 

Yaqinda esa Frantsiya sudi xuddi shunday ayblovlar bilan Suriya rahbari Bashar Asadning amakisi Rifat Asadni qariyb 90 million yevrolik barcha ko‘chmas mulk aktivlaridan mosuvo qilgandi. 

Bu qismat “o‘zimiz”ning Gulnora Karimovani ham chetlab o‘tmagan. 2019 yil iyun oyida Frantsiya sudi uning millionlab dollar qiymatdagi ko‘chmas mulklarini musodara etgandi. 

Afsuski, Frantsiya musodara qilingan aktivlarni sotishdan tushgan mablag‘ni shaffoflik va hisobdorlik kafolatisiz 2020 yil may oyida to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekistonga qaytarib berdi.

Buning asosiy sababi Frantsiyaning amaldagi qonunchiligida musodara qilingan aktivlarni o‘g‘irlangan mamlakatga qaytarish va ularni ijtimoiy maqsadlarda qayta ishlatishni osonlashtirish mexanizmi mavjud emasligidadir.

Garchi bu holat o‘marilgan aktivlarni hisobdorlik va shaffoflik tamoyili asosida qaytarish jarayonida mutlaqo umidsizlik keltirib chiqargan bo‘lsa-da, Frantsiya bu masalani qonunchilik orqali hal qilishga tayyorligini bildirib, Yevropada mazkur yo‘nalishda ulkan islohotlarga yo‘l ochmoqda. 

Gulnora Karimova misolida Frantsiya chiqargan qaror Yevropa Ittifoqi darajasidagi uyg‘unlashgan siyosatga tizimli yondashuv asosida o‘tish zaruratini ko‘rsatmoqda. 

Yevropa Ittifoqi aktivlarni qaytarishning butun tuzilma hududida amal qiladigan tizimini qabul qilishi, ushbu tizim shaffoflik, hisobdorlik va halollik tamoyillariga asoslanib, mustaqil fuqarolik jamiyatining samarali ishtirokini ta'minlashi kerak.

Ayni shu maqsadda “Transparency International EU” va “Transparency International France” tashkilotlari fuqarolik jamiyatining yana olti  tashkiloti bilan hamkorlikda aktivlarni mas'uliyat bilan qaytarishning 10 ta tamoyilini ishlab chiqdi. 

Ushbu tamoyillar aktivlarni muzlatish, musodara qilish va qaytarib olish boshidan oxirigacha shaffof va hisobdorlik asosida bo‘lishini, mustaqil fuqarolik jamiyati tashkilotlarining bu jarayonda ishtirok etishi ta'minlanishini ko‘zda tutadi. 

Shuningdek, o‘g‘irlangan mol-mulk qaytarib berilgach, har qanday holatda ulardan o‘g‘irlagan shaxs bevosita yoki bilvosita foyda olishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurati ham belgilangan. 

Ishlab chiqilgan tamoyillar qaytarilgan aktivlar ustidan nazoratni ta'minlash uchun korruptsiyaga qarshi kurashish, qonun ustuvorligi va hisobdorlik mexanizmlari mavjud bo‘lishi, jabrlanuvchilar poraxo‘rlik va pul yuvish kabi noqonuniy xatti-harakatlar paytida sudga murojaat qilish va bunday ishlarda ishtirok etish imkoniyatlariga ega bo‘lishi kerakligini ham nazarda tutadi.

Tamoyillarda belgilangan eng muhim shartlardan biri qaytarilgan aktivlar ular o‘g‘irlangan mamlakat aholisi manfaatlari uchun ishlatilishi kerakligidir.

Yevropa qonunchiligidagi bu kabi o‘zgarishlar O‘zbekiston uchun juda muhim. Zero, erta bir kun mamlakatdan o‘g‘irlanib, Yevropaga olib chiqib ketilgan mablag‘larning izi topiladi hamda ularni qaytarish va o‘zbek xalqi manfaatlari yo‘lida ishlatish masalasi baribir kun tartibiga chiqaveradi. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 dekabr 2017
18 dekabr kuni Open Source Investigations (OSI) guruhi O‘zbekiston MXX raisi Rustam Inoyatov oilasiga tegishli ko‘chmas mulklarga oid maqolani ...
28 aprel 2021
«Abdulla G‘arip Prodakshn», rassom Elsevar, rassom Tuz va «Eltuz» yangi siyosiy satirik animatsion filmlar turkumining uchinchi qismini taqdim etadi. ...
12 aprel 2016
Bugun Eltuz.com sayti O‘zbekistonning og‘riqli muammolaridan biri, o‘zbek so‘mini horijiy valyutaga ayirboshlash masalasini aks ettirgan rassom Elsevarning hajviy rasmini ...
23 fevral 2017
Ikki oy avval Sog‘liqni saqlash vazir bo‘lgan Adham Ikromov ishdan olinib, o‘rniga Oliy majlis qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Alisher ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...