Asosiy mavzular
17 yanvar 2021

Marhuma shoira Gulchehra Nurullaeva «Buguni bor, ertasi yo‘qlar» haqida

Shoira Gulchehra Nurullaeva bilan suhbat, 1988 yil.

— Gulchehra opa, hozir qayta qurish davrida yashayapmiz. Suhbatimizni shu mavzudan boshlasak.

— Men qayta qurishni o‘zim uchun yangilik deb bilmayman. Endi o‘ylasam, urush yillari qandaydir «xundori» tayyorlab, mahallamiz bolalarini tekinga davolaydigan otam, so‘nggi burdani «non»lab ortidan ergashibyurgan qiziga emas, qo‘shnining ochdan o‘layotgan bolasiga olib chiqqan onam qayta qurish odamlari ekanlar.

Bir voqeani eslasam, ko‘zimga hali-hali yosh qalqadi. 1956 yil. O‘ninchini endigina bitirganman. Maktabimiz direktori Hafiz Yengalichev menga:

— Seni Moskvaga, MGUga o‘qishga yubormoqchimiz. Shunga nima deysan? —dedilar.

Gapning rosti, bunday taklifni sira-sira kutmagan edim. Ham quvondim, ham o‘kindim. Quvonganim — meni Moskvada o‘qishga loyiq ko‘rishgani. O‘kinganim — borishga imkoniyatim yo‘qligi, agar ketadigan bo‘lsam, keksa ota-onamning menga moddiy yordam berishga qurbi yetmasligi edi. Dilimdagini ochiq aytdim. Shunda direktorimiz:

— Men senga har oyda yuz so‘m (hozirgi o‘n so‘m) yuborib turaman. Keyin qaytarib beraman, deb o‘ylamagin, — dedilar.

Men, albatta, MGUga borolmaganman. Lekin direktorning bu olijanobligini har gal entikib-entikib eslayman.

Gohida hayron qolaman: men o‘qigan paytda maktabimizga o‘qituvchilar saralanib yig‘ilib qolganmidi yoki insoniylik, halollik o‘sha urushdan keyingi qiyinchilik yillarida odamlar qadrlagan, avaylab saqlagan ma'naviy ehtiyojmidi?! Harqalay, Hafiz Yengalichev, Abdulla Qosimov, Odil Qayumov, Mariya Shahobiddinova, Qo‘chqor Tursunov, Karim Xudoynazarov, Zuhriddin Sirojiddinov, Abdiusmon Abdullaev kabi o‘z fanini sevuvchi, bolalarga mehribon, bizlarga avvalo halollik, ezgulikdan dars bergan katta bir guruh o‘qituvchilar sabog‘idan bahramand bo‘lish — men uchun aslida qayta qurish bo‘lgan. Universitetda ham Ozod Sharafiddinov, Fozila Sulaymonova kabi halol, jonkuyar ustozlar darsini tinglaganman. Umuman, to‘g‘riso‘z, jonkuyar odamlar — men uchun hayotning asl ma'nosi, tayanch nuqtasi. Musulmonlar o‘z Ka'balariga qanday sig‘insalar, men ham halol odamlarga shunday sig‘ingim keladi.

— Meni kechiring-u, Gulchehra opa, o‘sha siz sig‘inadigan odamlar sanoqlimikin, deyman. Shunday joylar borki, mehnatkash odamlar o‘choqqa o‘tin topolmaydi, ichimlik suv topolmaydi. Men yashaydigan Qorako‘l rayonida aholining qariyb hammasi quduqlardan suv ichadi. Ma'lumki, qishning oxiri va bahorda zax suv yuqoriga ko‘tarila boshlaydi. Quduqlar zax suv bilan to‘ladi. Shu bois har xil kasalliklar ko‘payadi. Bu haqda hech kim o‘ylamaydi, aholini zax suvdan qutqarmagani uchun hech kim jazolanmaydi. So‘z bilan niqoblangan ba'zi kishilar yangicha gapirib, eskicha ishlashmoqda. 1986 yilda Qorako‘l rayonida pillaning navi pasaytirilib, pillakorlar haqi urib qolingan. Xalqqa xiyonat qilganlar katta mukofotlar olishgan. Bu faktni rayonning barcha rahbarlari, tegishli organlar yaxshi bilishadi. Lekin hech kim indamaydi. Mana, ikki yil bo‘lyapti. Qozon esa yopiqligicha qolmoqda. Hech kim indamayotgan ekan, yozuvchilar «tilga kirishi» kerak emasmi?

— Birinchi galda jurnalistlar, deng.

— Birinchi galda yozuvchilar, degim keladi. Biz esa guruhbozlik qilamiz, mansab talashamiz. Hukumat qarori chiqqach, faol grajdanligimiz tutib ketadi. Butifos taqiqlanguncha hech kim Vladimir Sokolovchalik turib bermadi. Taqiqlangandan keyin, butifos haqida yozmagan nomard, deb hamma «jasorat» ko‘rsatib, gazeta-jurnallarki to‘ldirib tashladi. Yozuvchi-shoirlarimizning grajdanligi ko‘ngildagiday deb o‘ylaysizmi?

— Muhammad Solihning bir chiroyln she'ri bor. Odam ne kuylarga tushmasin, uning ichida boshdan tovongacha o‘tuvchi to‘g‘ri chiziq bo‘lar ekan, demak u odamligicha qoladi, deydi shoir. Siz aytgan o‘sha to‘ydan keyin nog‘ora chaluvchilarni emas, balki doimo o‘z «to‘g‘ri chizig‘i» o‘z sobit e'tiqodiga ega yozuvchilarni men haqiqiy ijrdkor deb bilaman. O‘zingizga ma'lum: navro‘z masalasida ne-ne gaplar bo‘ldi. Navro‘zga bag‘ishlab she'r yozganlar darhol uni «bahor» deb o‘zgartira boshladilar. Endi yana qaytadan tahrir qilgan bo‘lsalar kerak. Ijodi murakkab siymolar masalasida ham ikki taraf maydonga tushdi. Masala ijobiy hal etila boshlagach esa, o‘sha ashaddiylar darrov homiyga aylanishdi-qolishdi. Uyalmay-netmay… 

Ularning ko‘ziga ko‘zim tushganda har gal men uyalib ketaman. Moskvalik keksa olima Zoya Kedrina bu masalani ijobiy hal qilish uchun necha martalab Toshkentga kelib-ketdi-yu, ular esa… Baribir, e'tiqodli, kurashchan yozuvchilarimiz, olimlarimiz kuchli ekanki, haqiqat yuzaga chiqyapti. Faqat «bilimdonlar» ularni boplab «tahrir» qilishlaridan, qaychilashlaridan qo‘rqaman. Abdulla Qodiriyni tahrir qilganlariday… Vaholanki, Qodiriylar tahrirga muhtoj emas. Ular har bir so‘zlarini ming bor taroziga solib yozganlar. Aytadigan gaplarini, avvalo kundaga boshlarini qo‘yib aytganlar.

— Chingiz Aytmatovning «Kunda»siga ishora chog‘i.

— Shunday. Men bu romanni o‘qib, haqiqatni aytadigan odam boshini kundaga qo‘yishga tayyor bo‘lishi kerak, degan fikrni uqdim. Haqiqatning qiymati ana shunday buyuk. O‘zingiz ham aytasizku «Jur'atsizdan chiqmaydi shoir» deb. Har qadamda muammo, muammo… Har qadamda kurash, kurash… Kimlar bilan kurashmoq lozim? Avvalo ichimizdagi dushmanlar bo‘lgan soxtalik bilan, yolg‘on bilan…

Turg‘unlik yillarining butun sababkorlari — shundaylar, deb bilaman. 

Esimda: 60-yillar edi. «Saodat» jurnalida ishlardim. Birdaniga oliy minbardan turib: «Xalqimizning hozirgi avlodi kommunizmda yashaydi» — deb aytishdi. Bu gapni shior qilib, ko‘chalarga osib qo‘yildi, gazeta-jurnallar sahifalariga chiqarildi. Xuddi shu kunlarda men jurnal topshirig‘i bilan Surxondaryoga bordim. 

Qishloqlarni kezdim. Kolxozchilarning nochor ahvolini ko‘rdim. 20—25 so‘m oylik uchun ishlayotganlarini bildim. Qora chiroq yoqib o‘tirganlarining guvohi bo‘ldim. «Qizlarimiz buzilib ketadi» deb, ularni maktablarda o‘qitishdan bosh tovlayotgan ota-onalarni uchratdim. Ana o‘shanda «Saksoninchi yillarda kollmunizm qurmoqchi bo‘lganlar Surxondaryoga bir kelib ketsa yomon bo‘lmasdi» deb o‘ylagandim. Ajoyib «ura-ura» davri bo‘lgandi-da o‘zi. Jurnalistman-u, ko‘rgan-kechirganlarimni yozolmayman. Bosilmaydi. «Chet ellik muxoliflarimizga g‘iybat uchun ozuqa bermaylik» deyishadi. Mana, oqibati nima bo‘ldi: biz aytmagan, yozmagan, ko‘rsatmagan kamchiliklar oshib-toshib ketdi. Agar ahamiyat berayotgan bo‘lsangiz, markaziy gazeta va jurnallar hozir juda qo‘lma-qo‘l. Sababi: bor kamchiliklar haqida oshkora yozishmoqda. Publitsistika, ayniqsa jonbozlik ko‘rsatmoqda. Bizda esa… 

Mana o‘zingiz Qorako‘ldagi mavjud kamchiliklardan bir shingilini aytdingiz. Men «birinchi galda jurnalistlar faollik ko‘rsatishi kerak» deganimga bois shu ediki, hayot muammolarining juda ko‘pi jurnalistlarning, publitsistlarning bevosita «noni». Bu bilan men yozuvchilar chetda tursin, demoqchi emasman. Shu dolzarb kunlarda vijdoni bor yozuvchining hammasi qaynoq muammolar ichida bo‘lishi shart. Shu ma'noda men Yozuvchilar soyuzimizning propaganda byurosi guruh-guruh qilib oblastlarga jo‘natadigan yozuvchi-shoirlarimiz odamlarga o‘z asarlaridan namunalar o‘qib berishdan ham oldin odamlar dardini tinglasalar, joylardagi ahvolni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rsalar, muammolarni xoh mahalliy, xoh markaziy matbuotda ko‘tarib chiqsalar, televidenieda «Yozuvchi safardan qaytdi» rubrikasi ostida suhbatlar uyushtirsalar, qayta qurishning jadallashuviga ko‘proq hissa qo‘shgan bo‘lardilar, deb o‘ylayman.

— Gulchehra opa, mana siz hozirgina turg‘unlik yillariga to‘xtaldingiz. Iqtisod sohasida turg‘unlik haqiqatan ro‘y berdi. Bu kun esa ba'zi birovlar, adabiyotda ham turg‘unlik davri bo‘ldi, demoqdalar. Men bunga qo‘shilmayman. Axir adabiyot — hamisha yangicha fikrlash, degani emasmi?

— Sizu biz shunday tushunamiz. Lekin turg‘unlik yillarida yangicha fikrlashning qarshisida hozirgiday ko‘k chiroq yo‘q edi-da. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Jamol Kamol, Omon Matjonlar yozgan yaxshi she'rlar bilan ularni tabriklash o‘rniga malomatlar yog‘dirishardi, hazinlikda ayblashardi, yana allaqanday «xatolar» topishardi, yumaloq xatlar uyushtirishardi. Kimlar, dersiz. Shu o‘zimiznikilar. Adabiyotda ustun bo‘lib qolishga orzumandlar. Adabiyot taqdirini emas, balki cho‘ntagini o‘ylaydiganlar.

Bugina emas, yozib borgan narsangni gazeta, jurnal, nashriyotdagi «dono»lar mingta lupa orqali o‘qishardi, xato izlashardi. Misol: 1974 yilda ot haqida bir she'r yozdim. Mazmuni: toychoq yaylovda erkinlikda yurardi. Fursat yetganini ko‘rib, unga odamlar yugan soldilar. U esa sarkash, tizgin tutgan qo‘lni ustidan uloqtirib tashlashni istaydi… She'r shunday tugallanardi:

Sarkashginam, zo‘r berma jangga,

Bilib-bilmay bezma do‘stingdan.

Boshlasam o‘z ko‘ngil ko‘chamga,

Unda otib tashla ustingdan.

Ana shu oddiygina she'rni kitobdan tushirib qoldirdilar. Sababi: uning yonida «G‘oya? Avtor nima demoqchi?» degan so‘zlar turardi. Bu — turg‘unlik emasmi? Nafaqat turg‘unlik, fojia bu.

Yana misol: ayni o‘sha «ura-ura»lar haqida «Men olis yulduzlar madhiga to‘ydim» deb boshlanadigan kichik bir she'r yozdim. Hech yerda bosishmadi. Oxiri she'r ustiga «Maktubingga javobim» deb sarlavha qo‘yganimdan keyingina she'r yorug‘ dunyoni ko‘rdi. Bu — turg‘unlik emasmi?

Yana misol: jurnallardan biri yangi yilga bag‘ishlab she'r yozib berishimni iltimos qildi. Yozdim. Lekin she'rni istagancha «tahrir» qilishgandi. O‘zingiz bir solishtiring-a: O‘zbekistonga qarata bitilgan satrlar menda:

Farzandlaring nomusga boy, sarkash tilayman,

Kuychilaring maddoh emas, dardkash tilayman.

Jurnalda:

Farzandlaring nomusga boy, o‘ktam tylayman,

Kuychilaring iqbolingga hamdam tilayman.

Menda:

Oppoqsoqol otaxonlar, bir qo‘lda aso,

Paxtam, deya paykalga siz egilar onda,

Tik turg‘azib, bergim kelar vijdonga sazo,

Bo‘lmas ekan oldingizda, qatorda, yonda.

Jurnalda:

Oq soqolli otaxonlar, himmati raso,

Paxtam, deya laykalga siz egilar onda,

Chanoqlarga sochiladi mehr va ziyo,

Niyatingiz salobati buyuk xirmonda…

Jurnalda ushbu oltilik butunlay olib tashlangan:

Bolajonim, vazminlik bor bola ko‘zingda,

Qo‘llaringni ulkan ishga bog‘liq tuyaman.

O‘qish chog‘i seni ko‘rib dala-tuzingda,

Yuragimda bir entikish, og‘riq tuyaman.

Yangi yiling, bolajonim, osuda ko‘ray,

Orzulisan. Seni kitob, orzuda ko‘ray.

Bu — turg‘unlik emasmi?

Yana bir misolni aytmasam, ko‘nglim joyiga tushmaydi. «Svetoforning ko‘k chirog‘i» nomli she'rim bosilgach, turli «suhbat»lar, «shivir-shivir»lar ko‘payib qoldi. Yozuvchilar soyuzimizning o‘sha paytdagi rahbarlaridan biri bilan o‘rtamizda shunday suhbat bo‘lib o‘tdi:

— Nega tuzumimizga tuhmat qilib she'r yozdingiz? Siz tomon bostirib kelayotgan shofyor orqali nima demoqchisiz?

— Afsus, she'rni tushunmabsiz. Men tuzumimizning obro‘yini to‘kayotganlarga qarshi she'r yozdim, Shofyor obrazi ayni shunday.

— Men har bir satrini qizil qalam bilan chizib o‘qidim. 

Mana:

Orziqar yuragim, qaltirar oyoq,

Ortimga koptokdek sakrab tushaman, — deysiz. Shoir hayotdagi go‘zallikni yozishi kerak, odamlarga ko‘tarinki kayfiyat berishi kerak. Mana, yana nima deysiz she'rda:

Shundaylar emasmi, deyman ba'zi dam —

Sokin o‘ylarimga toshgancha uchuq,

Usmon Nosir so‘zin yulgan bo‘g‘zidan,

Oybek domlamizni aylagan duduq.

— Nima bo‘pti? — hamsuhbatimning oddiy she'rni tushunishdan shu daraja yiroqligiga taajjubim oshdi.

— O‘zingizga o‘zingiz nega g‘alva sotib olasiz? Axir Oybekni, siz aytganday, duduq qilganlar, Usmon Nosir so‘zini bo‘g‘zidan yulib olganlar hali tirik-ku.

— Tirik bo‘lsa, uyalsin, uyalsin, — dedim men titrab.

Bilasizmi, Yusufjon, afsus, men Oybek domlamizni duduq qilganlarning, Usmon Nosirni juvonmarg qilganlarning kimligini, buyuk Qodiriymizning danteslarini bilmayman. Lekin bilishni istayman. Hozirgi oshkoralik, poklanish davrida iste'dodlarni ardoqlashimizning o‘zigina kamlik qiladi. Yo‘qsa, talantlarga qarshi kurash, halollikka qarshi kurash qayta qurish shiori ostida ham davom etaveradi.

— Davom etyapti shekilli.

— Uyog‘ini so‘rasangiz, adabiyotimizdagi qayta qurish ayni shundan boshlandi ham. «Qayta qurish» shiori ostida talantli yoshlar asarlarining taftishi bo‘ldi, yozuvchi Stanislav Kulishning durustgina «Ko‘ngilochar sayr» asari biryoqlama, asossiz tanqid qilindi, Tog‘ay Murodning iste'dod bilan yozilgan «Oydinda yurgan odamlar» qissasi «urkaltak» bo‘ldi. Nurali Qobul asarlaridagi eng hayotiy, eng haqqoniy o‘rinlar ijobiy baholanish o‘rniga qoralandi.

Bugina emas. «Urkaltakchilar» Ozod Sharafiddinovning o‘z qo‘llari bilan azobda qurgan bog‘ hovlisini taftish qildirdilar. Oddiygina imoratni shohonaga chiqarib, feleton yozdilar, ikkinchi qavatdagi shiypon va ijodxonani buzdirishga erishdilar.

— Bizda bag‘rikenglik, tantilik, faxrlanish kabi xislatlar yetishmaydi.

— Haq gap.

— Bu noyob xislatlarsiz zo‘rni zo‘r deb bo‘lmaydi. Birgina misol. Shubhasiz katta shoirlarimizdan biri Jamol Kamolning she'riyati haqida durustroq bir maqola yo‘q. Uning ijodi yetarli baholanmadi.

— Men bu haqda gapirib charchadim. Hatto Jamol akaning ellik yoshga to‘lishi munosabati bilan tayyorlangan o‘n besh bosma taboqli kitobini muhokama qilib, uni chiqarish kerak emas, deguvchilar ham topildi. Uyalmay-netmay gapirishdi. Vaholanki, ikki tomlik qilib chiqarishga ham arzigulik ijod.

— Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi noyob iste'dodlar xalqimiz orasidan yetishib chiqqanidan quvonmaydiganlar bor. Erkin Vohidov 50 yoshga to‘lgandan keyingina «O‘zbekiston xalq shoiri» unvoni berildi. Aslida u chorak asrdan beri xalq shoiridir. Menimcha, Abdulla Oripov ham bu unvonga juda loyiq. Falon yoshni to‘ldirishini kutib o‘tirish shart emas. San'atkorlarda bunday emas-ku!

— Boshqa respublikalarda, xususan, Boltiqbo‘yida, xuddi siz aytayotganday, ijodiga qarab bahosini berisharkan. Lekin gap unvondami? Erkin aka, Abdullajonlarga Hamza nomidagi mukofot berilganida men tabriklar ekanman, «Ie, endi berildimi? Men sizlarni allaqachon bu unvon egasi, deb bilardim», — deya hazillashuvdim.

— Gulchehra opa, ajdodlarimiz Bedilni yodlab, Rumiy, Navoiylarni yodlab savod chiqarganlar. Biz-chi?

— Biz «Laqqashiqildoq»larni yodlab… Biz:

Har yon go‘zal, har yon soz,

Kel, chamanda qil parvoz… kabi satrlarni yodlab… Siz o‘qituvchilik qilasiz. Maktab darsliklarining ahvolini mendan ko‘ra yaxshi bilasiz.

— Mana, birinchi sinf o‘qish kitobidan:

Juda yaxshi bizning qish,

Qishga bo‘lsin ming olqish…

Bog‘bon chiqar bog‘iga,

Cho‘pon ketar tog‘iga…

Fermada tovuqlar bor,

Parlari naq oppoq qor…

Turg‘un akam yaxshi saqlar

Ko‘mir qazish asbobin…

— Demak, birinchi navbatda, shularni she'r deb kitobga kiritgan biz — kattalarning savodimiz haqida o‘ylash kerak ekan.

— Hozir o‘quvchi-o‘qituvchilar nari tursin, shoirlar orasida ham Navoiydan o‘n baytni yoddan o‘qib, ma'nisini aytib beradiganlar kam topiladi. Bu — fojia-ku.

— To‘g‘ri. Fojia. Tan olishimiz kerak. Ota-bobolarimiz tushungan Navoiyni biz tushunmaymiz. Hamma gap — klassikadan uzilib qolganimizda, uning qonimizga ona suti bilan kirmayotganida. Agar Navoiyni o‘qitish 1-sinfdan boshlansa, ishonchim komilki, Navoiyni tushunmaymiz, degan so‘zlar bo‘lmasdi. Kechagi kunini bilmagan odamning ertasi bo‘lmasligi ma'lum. O‘z o‘tmishini bilmagan xalqning kelajagi qanday bo‘larkin?!

Men Litvada bo‘lganimda, o‘lka etnografik ochiq muzeyini ko‘rsatishdi. Yuz gektardan ko‘proq yer ajratilgan ekan. Har bir daraxt — ular uchun tarix. Har bir chayla — ular uchun tarix. Daraxt g‘o‘lalariga qaerda o‘sgani, necha yil yashagann ko‘rsatib qo‘yilgan. Litvaliklarning hunarmandchilik ishlaridan tortib, pishiradigan nonlarigacha namoyish qilingan. Men muzeyni aylanar ekanman, butun O‘zbekistonimizni ochiq muzey qilsa bo‘lar ekan, degan fikr xayolimdan o‘tdi. Axir nimalar yo‘q bizda asli. Biz esa tarixni, tuproqni e'zozlash o‘rniga, unga quldorniig qulga muomalasiday beayov qaradik. Bobolarimiz yuziga oyoq tiradik. Kitoblarini yo‘qotdik. Obidalarini sarqitga chiqardik. An'analarini bizga to‘g‘ri kelmaydi, dedik. Aytaversam, gap ko‘p. Suvni ifloslantirishdan or qiladigan, bir daraxt kessa, o‘n ko‘chat o‘tqazadigan, harom-xarijni isnod biladigan, ko‘zi Navoiy, Fuzuliylar bilan ochilgan ajdodlarimizdan ko‘ra savodli bo‘lib, nimalarga erishyapmiz?!

Yaxshiyam, baxtimizga chin ma'nodagi qayta qurish boshlandi. Men tabiatan optimistman. Garchi qayta qurish samaralari hozircha unchalik ko‘rinmayotgan bo‘lsa ham, uning g‘alabasiga juda-juda ishonaman. Muhimi: ilk qadam qo‘yilyapti. Umid qilamanki, sizga o‘xshagan iste'dodlar ko‘magida maktab darsliklari qayta tuziladi. Bolalarimiz Navoiy, Fuzuliylarni Pushkin, Shekspirlardan kam bilmaydigan bo‘ladilar.

— Yana bir masala. Yaqinda Qorako‘l rayon partiya komitetining plenumida plenum a'zosi, mexanizatorga so‘z berildi. U yozib berilgan nutqni olib minbarga chiqdi-yu, lekin qog‘ozga qaramay, dilidagini aytdi: «Biz rus tilini qadrlaymiz. Bolalarimizga, bu tilni yaxshiroq o‘rganing, deb talabchanlik qilamiz. O‘zimiz esa ma'lum sabablarga ko‘ra rus tilini yaxshi bilmaymiz».

— Yusufjon, mexanizator rus tilini bilmasligi haqida gapirsa, men shaxsan o‘zim o‘zbek tilini ham, ijodkor bo‘la turib, ko‘ngildagiday bilmasligimdan uyalib ketaman. Bilaman: til boyligi xalqda. U jilolantirib so‘zlaydi. Butun bir romanga arzigulik gap ikki qatorda qoyil qilib aytilgan xalqning maqol, matallarini o‘qib, xalq dahosiga qoyil qolaman. Men, o‘qib… — deyapman. 

«Eshitib» deya olmayman. Negaki, biz shaharliklarda «til yo‘q». Xoh magazinga kiring, xoh transportga chiqing, xoh o‘zingiz aytganingizday, majlislarda o‘tiring, xoh ishga qabul bo‘yicha bir og‘izgina ariza yozing — hammasida biz bilsak-bilmasak, rus tilini namoyish qilgimiz keladi. Natijada na rus tilini, na ona tilimizni chuqurroq bilamiz.

Turli gullar qanchalik ko‘p bo‘lsa, guldasta shunchalik chiroyli bo‘lganiday, SSSRning qudrati — turli millatlarniig teng huquqliligi va yakdilligida. SSSR Yozuvchilarining so‘nggi s'ezdida rus yozuvchisi Vasiliy Belov so‘zga chiqib, men hammaning bir xil kiyinishini, bir tilda so‘zlashishini, bir xil hayot kechirishini ko‘rishni istamayman, milliy rang-baranglikni istayman, degandi. Shunday ekan, sovet hukumatimiz hamma soha kabi til masalasini ham o‘z homiyligiga olmog‘i kerak. Zero, til masalasi — davlat miqyosidagi masala.

«Yoshlik» jurnalining o‘tgan yilgi dekabr sonida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash ministri S. M. Bahromovning jurnalga ayni shu til masalasi yuzasidan javob xati bosildi. Hurmatli ministrning o‘zbekcha jurnal bilan ruscha muloqoti meni taajjubga soldi, o‘z tilini hurmat qilmasligidan ranjidim. Tilimiz — onamiz. Onamizga o‘zimiz shunday munosabatda bo‘lsak boshqalardan nima kutish mumkin?

Men bu bilan nima demoqchiman? Muhabbat eski narsa, lekin har bir yurak uni o‘zicha yangilaganiday, tilimiz ham har bir dildan o‘z ohori bilan chiqadi. Yaqinda talantli tarjimonimiz Xolida Ahrorova bilan suhbatlasha turib, «qanoat», «iymanish» so‘zlariga duch keldim.

— Shu so‘zlarni men ishlatmagan ekanman, — dedim suhbatni bo‘lganimni unutib.

So‘z bilimdoni, til bilimdoni Kibriyo opa Qahhorova bilan suhbatlashsak, hozirgi kitoblarimiz, matbuotimiz tilidan u kishining fig‘onlari falakka chiqadi. «Tilimiz yo‘q, tilimiz», — deydilar kuyunib. Agar biz til tovlanishlarini har qadamda ko‘rib, iforlarini har qadamda hidlab turmasak, tilimiz qashshoqlashaveradi-da.

— Gulchehra opa, Ulan-Batorda O‘rta Osiyodan olib ketilgan to‘rt million qo‘lyozma saqlanayotgan ekan. O‘sha qo‘lyozmalarni o‘rganish payti kelmadimikin?

— Taniqli tyorixchi olimimiz Bo‘rivoy Ahmedovning aytishlariga qaraganda, o‘zimizdagi tarixiy kitoblar ham anchagina ekan.

— Sakson ming atrofida.

— Ana, ko‘rdingizmi. Olimning gapiga qaraganda, bu qo‘lyozmalarning sakson foizga yaqini umuman ochilmagan ekan. Yana o‘sha masala tabiiyki, zamonaviy imloni aslo rad etmagan holda eski imloni ham biladigan kadrlarni ko‘plab tayyorlash masalasi ijobiy hal qilinmasa, «bitta-bitta yaproq uchar, yaproq uchar…» bo‘lib, siyraklashib borayotgan arab yozuvi va tilining bilimdonlari o‘rni to‘latilmasa, safi kengaytirilmasa, o‘z onasini tanimagan manqurtga aylanamiz-qolamiz, na faqat Ulan-Batordagi, balki o‘zimizdagi qo‘lyozmalar ham arxivlarda turaveradi. Ularni saqlashdan hech bir manfaat bo‘lmaydi. Tariximiz tilga kirmaydi. Demak, ertamiz bo‘lmaydi.

— Vaholanki, tarix — xalq ustozidir. Xalqimiz ustoz ko‘rmagan ustadek yashamasligi kerak. O‘sha arxivdagi ming-million kitoblarni o‘rganishni tezlatish zarur. Bundan tashqari ularni nashr qilish masalasini ham o‘ylash lozim.

— Toshkentda o‘ndan ortiq nashriyot bor. Siz aytgan masala bilan «Fan» nashriyoti, «O‘zbekiston», G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot, «Yosh gvardiya», «Yulduzcha» nashriyoti bemalol shug‘ullansa bo‘ladi. Buning uchun ozgina jonkuyarlik, fidoyilik kerak, xolos.

— Maktablarimnzda na adabiyot, na tarix o‘qitish bo‘yicha maqtagulik holimiz yo‘q. Men ba'zi maktablarning bitiruvchilaridan «Muqanna kim?» deb so‘rab ko‘rganman. Hech bittasi javob bera olmagan. O‘rta, hatto oliy ma'lumot hujjatiga ega bo‘lganlarning ko‘plari buyuk bobolarimizning nomlarini ham bilmaydilar.

— Sababi: bizning tarix darsliklarimizni o‘qib bo‘lmaydi. Men besh kitoblik «O‘zbekiston tarixi»ni o‘qib, ochig‘ini aytsam, unchalik qoniqmadim. O‘tgan asr venger tarixchi-sayyohatchisi Vamberining inqilobga qadar chop etilgan kichkinagina kitobi menga, aksincha, O‘rta Osiyo haqida ko‘proq ma'lumot bergandi. Men uni qiziqish bilan o‘qigandim. Ustoz Abdulla Qahhor «Badiiy asar shavq bilan o‘qilishi kerak» degandilar. Tarix kitoblari ham ayni shunday shavq bilan o‘qilishi kerak. Bizda esa aksincha… bayon, bayon, bayon… Bayonchilik esa bilimsizlikning belgisi, talantsizlikning o‘zi.

— Keyingi paytlarda kim bo‘lishidan qat'i nazar, xalqqa xiyonat etganlar jazosini olyapti. Juda to‘g‘ri qilinyapti. Bundan xalq xursand. Adabiyot-chi! Hali hech kim yomon kitob yozgani uchun jazolangani yo‘q. Ko‘plar hamon unvonini pesh qilib, gerdayib yuribdi. Hamon ularning ishlari «besh». Hatto qalam haqini ham unvonsiz talantli shoirga qaraganda ikki-uch hissa ortiq olishadi. Bu — adolatsizlikdir. Sizningcha, bu adolatsizlikka qarshi qanday kurashish mumkin?

— Bu — juda murakkab masala. Negaki, talantlilar ko‘p emas, Lekin daraxtni silkitsangiz, talantsiz noshir, talantsiz shoir, talantsiz yozuvchi, talantsiz adabiy xodim yog‘iladi. Talantlilarga oid bir xislat bo‘ladi: andisha. Minbar talashishni, yuqori tashkilotlarga yugurishni, atrofiga hamfikr-hamtovoqlar to‘plashni o‘zlari uchun or deb biladilar. Talantsizlar esa siz bilan biz o‘ylaganday, unchalik talantsiz ham emas. Ular yaxshi yozolmasa ham, «yaxshigina» hasadgo‘ymi, «yaxshigina» ig‘vogarmi, «yaxshigina» laganbardormi, «yaxshigina» yolg‘onchimi, «yaxshigina» guruhbozmi, «yaxshigina» xudbinmi… bo‘ladilar. Yomonlik tezda o‘zaro til topisha oladi. Yaxshilik o‘ziga suyansa, yomonlik yon-atrofdagilarga suyanadi. Iste'dod tanho uchrasa, beiste'dod to‘da bo‘lib uchraydi. Shuning uchun ham yomon kitoblar chiqaveradi, talantsizning oshig‘i olchi bo‘laveradi. Siz istagan adolatning bo‘lishi uchun hakam tashkilotlar oqni qoradan ajrata biladigan tashkilot, talantlilar tashkiloti bo‘lishi kerak. Bu — bir. 

Ikkinchidan, nashriyotlar o‘z mahsulotini o‘zi sotishi kerak. O‘tmagan kitoblar xarajatini o‘zi qoplashi lozim. Uchinchidan, keng xalq ommasi faol bo‘lishi darkor. Yomon kitoblarni magazinlar qaytarib yuboradigan bo‘lsin, yomon kitoblarni odamlar magazinlarga qaytarib olib borishdan erinmaydigan bo‘lsin. To‘rtinchidan esa, badiiy adabiyotga xalq talabini o‘rganish tom ma'noda yo‘lga qo‘yilishi, bu masalada psixolog, sotsiologlarimiz yordamga kelishi kerak. Leningradda bo‘lganimda, psixologlar ko‘magida har sohada unumli foydalanishlarini eshitib, havasim kelgandi. Psixologlar bizda, O‘zbekistonda nimalar bilan shug‘ullanisharkin, deb o‘ylayman gohida. Chunki ularning na matbuot sahifasida biron-bir muammo bilan chiqishini ko‘raman, na u, na bu masala yuzasidan umumxalq fikrini olganlarini eshitaman. Xalq qalbini bilmay turib, xalq nomidan ish ko‘rishlar nimalarga olib kelganini ko‘rib turibmiz.

— 1986 yil oxirlarida Erkin Vohidov Buxoroga keldi. O‘sha paytlarda nashriyotda ishlardim. Shu boisdan Buxorodagi kitob do‘konlariga kirib, qaysi kitoblarga qiziqish katta, qaysi kitoblar sotilmay, chang bosib yotganligini surishtirdi. Bir kitob do‘konida g‘aroyib suhbat bo‘lib o‘tdi. Sotuvchi — rus ayoli Erkin akaga dedi:

— Noshirman, deng. Sizlar nega Erkin Vohidov kitoblarini ko‘plab nusxada chiqarmayapsizlar? Hamma uning kitobini so‘raydi. Yaqinda ikki tomligi kelgan edi, talash bo‘lib ketdi.

Bu gaplarni shoirga hamroh bo‘lgan bir qancha taniqli adiblar ham eshitishdi. 1987 yilning boshlarida Yozuvchilar soyuzining majlislaridan birida esa Erkin Vohidovga «Nega o‘z kitoblaringizni ikki tomlik qilib chiqarasiz? Nega falonchilarniki bir tomlik bo‘lib ham chiqmaydi?» — deb ta'na qilishdi. O‘sha falonchilarning kitobini, koshkiydi, xalq o‘qisa.

Bir yosh shoir Qodiriy, siz bugun bo‘lganingizda, biz yoshlar sizni himoya qilardik. Sizga qalqon bo‘lardik, degan mazmunda she'r yozgan. Men bunga ishonmayman. Yuqoridagi gaplardan keyin ishonib bo‘ladimi?

— Yusufjon, dilimdagi gaplarni aytdingiz. Men kuni kecha «Chingiz Aytmatovga maktub» degan she'r yozdim. «Chingizimizni asrang, odamlar!» deyish uchun. Shu she'rni ayni paytda o‘quvchilarimiz o‘zimizdagi barmoq bilan sanarli iste'dodlarni asrash ma'nosida tushunishlarini ham orzu qilaman.

— Men bir narsaga hayron qolaman: yaxshi she'r hamisha noyobdir. Lekin hamma joyda navbat: gazetada navbat, jurnalda navbat… Nashriyot xodimlarining gapini eshitib, yoqamni ushlayman: «Bizga qiyin. Axir respublikamizda 420 ta hujjatli shoir bor. Barining kitobini chiqarish kerak». Yo tavba! 420 ta! Bular hali hujjatli shoirlar! Hujjatsizlari-chi!! Shuncha shoirlarimiz boru, o‘qiydigan she'r yo‘q. Erkin Vohidovning «Sharq yulduzi»da e'lon qilingan turkumi, Abdulla Oripovning «Yoshlik»da e'lon etilgan she'rlaridan bo‘lak yayrab o‘qiladigan she'rlarii 1987 yilda e'lon etilgan ash'orlar ichidan topish juda-juda qiyin.

— Men juda bunchalik fikrda emasman, Yusufjon. Jamol Kamolning «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasida bosilgan turkum she'rini eslang. «Otang o‘tdi chapak chalib, onang o‘tdi chapak chalib, sen ham o‘tasan chapak chalib…» ma'nosidagi she'rlar. Yoxud Sulaymon Rahmonning «Sharq yulduzi»da bosilgan talay she'rlari… Bu kabi asarlar uchun nashriyotlarda hech qanday navbat bo‘lmasligi kerak, deb o‘ylayman.

— «Qora ko‘zim» yangragan radioda nega bema'ni qo‘shiqlar yangraydi? Nega «Diyonat», «Yong‘in», «Kunda» chol etilgan bosmaxonalarda bema'ni asarlar bosiladi? Rosti, bunaqa sayoz asarlarni o‘qishdan, ma'nosiz qo‘shiqlarni tinglashdan qo‘rqaman.

— Sizning aytganlaringizga qo‘shimcha: men yana yolg‘ondan qo‘rqaman. So‘zi boshqa-yu, o‘zi boshqalikdan qo‘rqaman. Haromdan qo‘rqaman. Oqni qora, qorani oq deyishlaridan qo‘rqaman. Kelgusimiz oldida hisob bermaslik tuyg‘usidan qo‘rqaman. Biz bugunimizga faqat bugunning ko‘zi bilan emas, ertaning ko‘zi bilan ham qarashimiz kerak. Qishloqdagilarning turmush saviyasini ko‘tarish kerak. Ayollarimizda kamqonlik bo‘lsa, davolaylik, bolalar o‘limi ko‘payayotgan ekan, sabablarini o‘rganaylik, meva-sabzavotlar iste'moli darajasi O‘rta Osiyoda nihoyatda kamayib ketgan ekan, bog‘lar yarataylik, sog‘lomlashtirish muassasalari quraylik, qishloq muhitini yaxshilash uchun safarbarlik e'lon qilaylik, hasharlar uyushtiraylik, atrof-muhitni tozalaylik, ichar suvimizning sofligiga erishaylik…

Bilasizmi, Yusufjon, turg‘unlik davrining zararlari, nazarimda, shu daraja kattaki, uni hisob-kitob qilishning o‘zini hatto iloji yo‘qday tuyuladi menga. Eng dahshatlisi: u odamlardagi to‘g‘rilik tuyg‘usini deyarli o‘ldirib qo‘yayozdi, e'tiqodga putur yetkazdi, ishonch payini qirqdi. Lo‘ttibozlik, niqobiylik avj oldi. 

Baxtimizga yaxshiyam qayta qurish boshlandi. Gazeta-jurnallarda o‘qiyapsiz: 40—50 yillab arboblik pillapoyalari bo‘ylab tobora ko‘tarilib borgan Vishinskiyga o‘xshagan odamlar aslida Leninning kushandasi bo‘lsa, menshevik bo‘lsa, xalqning jallodi bo‘lsa… Yoxud davlat boshida turgan rahbarning yordamchisi katta poraxo‘r chiqsa… Yoxud Sotsialistik Mehnat Qahramoni (qanday qahramon bo‘lgani endi ma'lum!) Ahmadjon Odilovday insoniy qiyofasini yo‘qotgan qonxo‘rlar davrini surgan bo‘lsa… Bundaylarga qarshi boruvchilar hal xil soxta hujjatlar, tuhmatlar, hamtovoqlarning imzo uyushtirishlari bilan badnom qilinsa… 

Qaysi diyonatini yutganlar imzo chekarkin? O‘zingizga ma'lum: «xalq dushmani» tamg‘asi ostida qancha-qancha ajoyib ziyolilar, davlat arboblari, bir so‘z bilan aytganda, jamiyatimiz gullari qurbon qilingan. Men «xalq dushmani» iborasini o‘ylab topganlar — xalq dushmani, xalqimizning tarixini soxtalashtiruvchilar, tilini mensimovchilar, diliga quloq solmovchilar — xalq dushmani, degim keladi. Xalq jonidan sevuvchi iste'dodlarimizning dilozorlari —xalq dushmani.

Turg‘unlik davri turg‘un odamlarning juda katta otryadini yaratib qo‘ygani sir emas. Ishlamay tishlashga orzumandlar otryadi, yulg‘ichlar otryadi, chiroyli shiorlar ostida haromxo‘rlik qiladiganlar, tanish-bilishchilikka ruju qo‘yganlar, sof-halol odamlarni badnom qilishga ustasi faranglar otryadi… yaraldi. Ular haliyam tirik. Ular yashayapti. Bunday odamlarning tili boshqayu dili boshqa bo‘ladi. Ular, aksariyat, gapga chechan. Ular, aksariyat, halollikni bilmasa-da, qonunlarni yaxshi biladi, Bundaylarning buguni bor. Ertasi yo‘q. Ertasi bo‘lmagani uchun ham ular ashaddiy bo‘ladilar. Men aqlimni tanibmanki, inson qalbini oyna kabi aks ettiruvchi apparat ixtiro qilishlarini orzu qilaman. Shunday apparat bo‘lsa, turg‘unlik davri ham cho‘zilmasmidi, deyman.

— Markaziy gazetalarning birida yurtimizda ro‘y bergan nojo‘ya ishlar haqida maqola bosilgan edi. O‘sha maqolada o‘zbeklar har qanday buyruqni, to‘g‘rimi-noto‘g‘rimi, hammsha e'tirozsiz qabul qiladi, ne deb buyurmasinlar, xo‘p, deb ma'qullaydi, degan fikr bayon qilingan edi. Alqissa, xalqimiz «xo‘p-xo‘p»chilikda ayblangan edi. Men bu gapga qo‘shilmayman. Birinchidan, nainki bizda, boshqa respublikalarda ham «xo‘p-xo‘p»chilar istagancha topiladi. Ikkinchidan, «xo‘p-xo‘p»chilikka qarshilar, adolatni deb o‘tga kiruvchiyaer bizda ham bisyor (Dilmurodovga o‘xshaganlar). Siz bu haqda nima deysiz?

— Bu savolingizga, nazarimda, bundan sakkiz yil ilgari yozilgan «Zaruriyat» nomli she'rimda javob bergan ekanman chog‘i. Ya'ni: «Kerak bo‘lsa tug‘ar xalq yangi daholarni ham». Xalq o‘zining sof farzandlarini sevadi, ularga ishonadi, ularni ardoqlaydi. Fayzulla Xo‘jaev, Akmal Ikromov kabi buyuk arboblarini yaratib, mening o‘zim bo‘l, degan xalqqa, Halima Nosirova, Abror Hidoyatov, Munojot Yo‘lchieva kabi san'atkorlarini yaratib, mening ovozim bo‘l, degan xalqqa Habib Abdulla kabi e'tiqodi po‘lat olimlarini yaratib, mening dilim bo‘l, degan xalqqa, Oybek, Abdulla Qahhor, Erkin, Abdullalarini yaratib, mening so‘zim bo‘l, degan xalqqa, million-million tonna paxta yetishtirishga qodir xalqqa til tegizish — gunohlarning gunohi deb bilaman. Haromxo‘rlarnnng atrofdagi qiyofasiz, ta'magir yugurdaklarga kelganda, Omon Matjon iborasi bilan aytadigan bo‘lsam: «Xalqmi shu?!»

Suhbatni Yusuf Jumaev olib bordi.

«Sharq yulduzi» jurnali, 1988 yil, 6-son

Tag‘in o‘qing
26 iyun 2019
Bugun, 2019 yil 26 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Yunusobod tumani sudining binosida O‘zbekiston Respublikasining sobiq bosh ...
27 fevral 2021
26 fevral kuni tuzilajak «Haqiqat va taraqqiyot» sotsial- demokratik partiyasi tashabbuskori, iqtisod fanlari doktori Xidirnazar Allaqulov uyidan kuch ishlatar ...
20 fevral 2024
Minglab o‘zbeklarni arabistonda sarson qilib qoldirib ketgan «Ummat uchun» firmasi doxil 42 shirkat ustidan ochilgan jinoyat ishi doirasida o‘nlab ...
7 dekabr 2020
Rassom Kirpi karikaturasi
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...