Asosiy mavzular
26 yanvar 2021

Ota: “Qizimni bo‘yi yetguncha to‘yma-to‘y olib yuraman, buning uyat joyi yo‘q”

Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi 38 yoshli Dilmurod Abdurahmonov 5 yoshli qizi Afro‘zani ikki yildan buyon to‘yma-to‘y olib yurgan. Buning uchun u “O‘zbekkontsert”ning Farg‘ona bo‘limidan litsenziya ham olgan. 

Qizcha to‘ylarga bir million, tug‘ilgan kun va shunga o‘xshash bazmlarga besh yuz ming so‘mga boradi.

Qizchaning to‘ylarda raqs tushishi tasvirlangan videolar ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketganidan so‘ng uning otasini ayovsiz haqorat qilganlar ham ko‘p bo‘ldi. 

– Qiz meniki, uni o‘zim bilan olib yurish-yurmaslikni o‘zim hal qilaman, – dedi uning otasi Dilmurod Abdurahmonov “Eltuz” bilan suhbatda. –  Tirikchiligimiz shu to‘ylardan tushadigan pullar evaziga bo‘lib turibdi. 

Internetda qizimga rahmi kelib tarafini olayotganlar unga bir burda non berarmikin. Berolmaydi. Qizimni bo‘yi yetgunga qadar to‘ylarda olib yurmoqchiman. Keyin o‘zi biladi, balki san'at sohasidan ketar, balki boshqa sohadan. Buni o‘zi tanlaydi.

Afro‘za qatnashgan to‘ylar videolarida ko‘rinishicha, qizcha raqs paytida bolaga xos bo‘lmagan beo‘xshov xatti-harakatlar qiladi va davradan pul yig‘adi. Otasi uni boshqarib turadi. 

Bu videolarni ilk marotaba internetga joylagan andijonlik Sardor Bektemirov “Eltuz” bilan suhbatda videoni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishni qizning otasi iltimos qilganini bildirdi. 

“Bu videoni joylaganimizga besh oydan oshgan. Dekabr oylari oxirlarida Dilmurod aka videoni kanaldan o‘chirib tashlashni so‘radi. Men o‘chirdim. Keyin IIBdan ham telefon qilishdi. 

Buni nega tarqatib yuborganimga izoh so‘rashdi. Bo‘lgan voqeani aytib berdim. Vaziyatni tushuntirdim. Meni jarimaga tortmoqchi ham bo‘lishdi”, deydi Sardor.

“Eltuz” Afro‘za bilan suhbatlasha olmadi. Ota qizining intervyu berishini istamadi. 

Videoni ko‘rib, bola huquqlari bu yerda qay darajada toptalyapti, nega shu vaqtgacha ota bu ishini to‘xtatmadi, degan savollar paydo bo‘ladi. 

Qo‘qon shahri IIB xodimi 2020 yil dekabr oyida bu holat o‘rganilib, otaga zarur ko‘rsatmalar berilgani, agar bu holat yana kuzatilsa, qonuniy chora ko‘rilishini ma'lum qildi.

“Eltuz” Madaniyat vazirligidan ham munosabat olishga muvaffaq bo‘ldi. 

“Tomonlar litsenziya tartibini buzmasa, biz uni bekor qila olmaymiz. Biz ularning litsenziya shartlarini bajarishini nazorat qilamiz. Yosh bolalarga litsenziya berish mumkin emas, degan narsa yo‘q bizda”, dedi vazirlik xodimi. 

Mehnat huquqlari bo‘yicha ekspert Umida Niyozovaning aytishicha, BMTning bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konventsiyasiga muvofiq, agar bolaning yoshiga mos rivojlanishiga, sog‘lig‘iga va ta'limiga salbiy ta'sir etmasa, uning ishlashiga taqiq yo‘q. 

Bolalar ota-onalarning xayriyaga muhtojlik ob'ekti hisoblanmaydi, balki kattalarning barcha huquqlariga ega. 

“Ko‘rinishidan, Afro‘zaning otasi uning talantidan, birinchi navbatda, pul ishlash maqsadida foydalanmoqda. Bolalar huquqlarini himoyalovchi mahalliy organlar bunday faoliyat bolaga jabr bo‘lmayayotganiga ishonch hosil qilishlari kerak”, dedi Umida Niyozova.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 iyun 2016
O‘zbekistondagi matbuot va rasmiy statistika har yili O‘zbekistonda nikox holatlari ko‘payayotgani va ajralishlar soni kamayib borayotgani haqida yozadi. Balki ...
18 avgust 2021
Markaziy Osiyoning yirik davlatlari koronavirusga qarshi chuqur o‘rganilmagan vaktsinalardan foydalanmoqda. Ularda tanlov bormi? To‘qqiz oylik global emlashdan so‘ng G‘arbning ...
15 yanvar 2018
14 yanvar kuni O‘zbekistonda Vatan himoyachilari kuni shu paytgacha misli ko‘rilmagan darajada keng nishonlandi. Prezidentning shu munosabat bilan tabrigi ...
16 mart 2020
Joriy yilning 16 martiga kelib O‘zbekistonda rasman qayd etilgan koronavirus (COVID-19)ni yuqtirganlar soni, kunning birinchi yarmida olingan ma'lumotga ko‘ra, ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...