Asosiy mavzular
1 mart 2021

Yerni tortib olish – O‘zbekiston paxta sektori uchun yangi tahdid

Muallif: Linn Shveysfyurt2021 yil 9 fevral

Kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilar, ayniqsa, Xitoyning Shinjon paxta sektori AQSh sanktsiyalari ostida qolganidan so‘ng O‘zbekistonni ehtimoliy paxta yetkazib beruvchi sifatida ko‘rayotgani aytilmoqda.  O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar natijasida majburiy mehnat muammosini hal etishda sezilarli o‘sishga erishildi. Ammo endi yana bir muammo – yerlarni tortib olish muammosi paydo bo‘ldi. 

Apparel Insider uchun maxsus yozilgan mazkur maqola muallifi, O‘zbekiston inson huquqlari forumi kunsultanti Linn Shveysfyurt fikricha, O‘zbekiston paxta sektorini xususiylashtirish fermerlarning o‘z yerlarini xususiy kompaniyalarga “ixtiyoriy” berishiga oid ko‘plab holatlar bilan kechmoqda. Bu esa qishloqda yashovchilarning tirikchilik manbaiga halokatli ta'sir o‘tkazayotir. 

Prezident Mirziyoev boshlab bergan liberal iqtisodiy islohotlar jarayoni O‘zbekiston paxta sektorining jadal xususiylashtirilishiga olib keldi va fermerlarning yuz minglab gektar yeri butun-butun tumanlarda monopol mavqeni egallagan xususiy kompaniyalarga berilishini tezlashtirdi. Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotini bunday transformatsiyalash ko‘plab fermerlarni xonavayron qildi va qishloq ahlining qashshoqlashuviga olib keldi. 

Prezident Mirziyoevning islohotlar dasturi, birinchi navbatda, o‘nlab yillar davomida paxta terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanishga asoslangan sovetcha qishloq xo‘jaligi tizimini parchalashga qaratilgan edi. Garchi paxta terimiga majburlanadiganlar soni sezilarli kamayishiga erishilgan bo‘lsa-da, hukumatning 2019 yil yanvardagi qaroriga muvofiq o‘tkazilgan “erlarni optimizatsiya qilish” dasturi  erlarning fermerlardan klasterlarlarga – paxta yetishtirishdan uni qayta ishlash va to‘qimachilik mahsuloti olishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladigan xususiy kompaniyalarga o‘tib ketishiga olib keldi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati 96 ta klaster tuzilishini ma'qullagan. Ular tasarrufiga 907 783 gektar, ya'ni mamlakatdagi qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlarning 27,5 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib berilishi belgilandi. Bevosita xususiy kompaniyalar tomonidan boshqarilmaydigan fermer xo‘jaliklari ular bilan paxta yetishtirib berish bo‘yicha shartnoma imzolaydi. O‘zbekistondagi 13 ta tumanning har birida faqat bittadan klaster ishlamoqda va bu ularni mahalliy  monopolistlarga aylantirdi. Natijada fermerlarda kim uchun paxta yetishtirishda tanlov qolmadi va ularning ekspluatatsiya qilinishiga moyillik kuchaydi. 

Foto: Elyor Ne'matov, Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani, 2020 yil oktyabr

2020 yil aprelda O‘zbekiston inson huquqlari forumi  klasterlar siyosati haqida hisobot e'lon qildi. Unda klasterlar bozordagidan past narx belgilayotgani, paxta yetishtirish bo‘yicha noreal rejalar qo‘yayotgani, yoqilg‘i va urug‘ kabi xomashyo va materiallarga baland narx o‘rnatayotgani, yetkazib berilgan paxta uchun o‘z vaqtida haq to‘lamayotgani, natijada juda ko‘p fermerlar qarzga botib qolayotgani yoritilgan. 

Qishloq iqtisodiyotining xonavayron qilinishi 

Ammo paxta sektori xususiylashtirishining O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan 25 foiz aholi turmushiga salbiy ta'sirining boshqa oqibatlari ham bor. Aftidan, haqiqatan ham yerlarni tortib olishning yangi davri boshlanganga o‘xshaydi va bu mamlakatdagi qishloq aholisiga vayronkor ta'sir ko‘rsatadi. 

O‘zbekistonda fermer xo‘jaligini yuritish uchun yer maydoni davlatdan odatda 30 yildan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga olinadi. Ijara shartnomasi sud qarorisiz majburiy bekor qilinishi mumkin emas. Xususiy klasterlar fermerlarga bir tiyin ham tovon puli to‘lamasdan ularning ulkan maydonlarini egallab olishdi. Chunki ijara shartnomasining tugatilishi ixtiyoriy edi. Ijara shartnomasini majburiy bekor qilish bunga yetarli asoslar bo‘lgan taqdirda faqat sud qarori amalga oshiriladi. Xo‘sh, fermerlarni o‘z yeridan va daromad manbaidan ixtiyoriy voz kechishga nima majbur qilyapti? 

Ko‘p holatlarda mulkni o‘tkazib berish klasterlar nomidan va hokim tomonidan rasmiylashtiriladi. Unda ijara shartnomasi “ixtiyoriy” bekor qilingani, yer, aktivlar va daromaddan ayrilganlik uchun tovon to‘lanmasligi ko‘rsatilgan bo‘ladi. Ammo O‘zbekiston kabi avtoritar davlatlarda “ixtiyoriylik” katta va nazorat qilinmaydigan hokimiyatga ega bo‘lgan amaldorlar tomonidan majburlanish darajasi bilan izohlanadi. Ayrim holatlarda fermerlarga ijarani ixtiyoriy bekor qilish to‘g‘risida ariza yozishga ko‘rsatma berildi, ba'zan esa hokimlar hech qanday tushuntirishsiz ularga ijara shartnomasi bekor qilinganini aytish bilan cheklandi. Fermerlar birdaniga daromad manbalarini yo‘qotishdi, mahalliy aholining daromad olish tizimi ham buzildi. Chunki mahalliy aholi fermerlardan kichik yer maydonlarini ijara olib, o‘zlari uchun yoki keyin bozorda sotish maqsadida turli oziq-ovqat mahsulotlari ekib keladi.  

Quyida klasterlar hukumat amaldorlari yordamida qanday qilib fermerlarning yerlarini qo‘lga kiritishi va mahalliy monopolistlarga aylanishi, shuningdek, fermerlarning o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyati yo‘qligini ko‘rsatuvchi jarayonlar haqida so‘z boradi. 

Surxon Cotton Textile Cluster LLC klasteri

2020 yil dekabr oyining oxirida Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumani hokimi tumandagi 475 nafar fermer va tadbirkorning yerlarini 2020 yil 1 dekabrda tuzilgan Surxon Cotton Textile Cluster LLC foydasiga musodara qildi. Kompaniya bir kundayoq fermerlardan tortib olingan 22400 gektar erga ega bo‘ldi. 

Surxon Cotton Textile Custer LLC o‘zini O‘zbekiston, Rossiya va Buyuk Britaniyadagi 25 dan ortiq korxonani birlashtiruvchi yirik xususiy investor sifatida ko‘rsatib keladigan PetromaruzLimited kompaniyasiga tegishlidir. Petromaruz Limitedning egasi esa Oliy Majlis Senati a'zosi, yaqinda tashkil etilgan Paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi rahbari etib tayinlangan Murtazo Rahmatov hisoblanadi. Surxon Cotton Textile rahbari esa O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining sobiq raisi Saidqul Arabovdir. 

Hammaga tushunarli sabablarga ko‘ra, fermerlar o‘z yerini “ixtiyoriy” topshirishni istamaganidan so‘ng mahalliy hokimiyat vakillari tahdid qilishga o‘tdi. Bu haqda fermerlarning ochiq murojaatida aytilgan. Huquq-tartibot organlari xodimlari har bir fermerdan o‘z yeridan voz kechish va fermer xo‘jaligini yopish to‘g‘risida ariza yozib berishni talab qildi. Ko‘pgina fermerlar o‘z yerini berishdan bosh tortganidan so‘ng mahalliy hokimiyat ularning yeriga traktor solib, ekinlarini buzdi, yeriga qurilgan mulklarini musodara qildi.

2021 yil 18 yanvar kuni fermerlar O‘zbekiston bosh vaziri bilan uchrashish uchun Toshkentga keldi. Ularga yerlari tortib olinishining qonuniyligini tekshirish uchun komissiya tuzilishini va'da qilishdi. Fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, yer undan samarasiz foydalanilgan va uch yildan ortiq vaqt davomida shartnomaviy majburiyatlar bajarilmagan taqdirda faqat sud qarori bilan olib qo‘yilishi mumkin. Boshqa omillar va sud qarori yo‘qligiga qaramay, hokimning yerlarni klaster foydasiga yoppasiga musodara qilishi noqonuniy hisoblanadi. Fermerlar manfaatlarini himoya qiladigan davlat organi – Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huquqshunosi fermerlar bilan uchrashuv chog‘ida buni ochiq-oydin tan oldi. 

Aksariyat fermerlarning qo‘lida yerni 30 yildan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga olgani to‘g‘risida shartnoma bor. Ular o‘z yerlariga va ishlab chiqarishga sarmoya qilish uchun banklardan kredit olgan. Ko‘pchiligi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha shartnomaga ega bo‘lib, endilikda bu shartnomalar ham bajarilmay qolishi ehtimoli katta. Yerlari musodara qilingan fermer xo‘jaliklari ilgari yerdan samarali foydalanish bo‘yicha tekshiruv ob'ekti bo‘lmagan. Xullas, musodara qilish uchun bu yerlar klaster uchun zarur ekanidan boshqa hech qanday qonuniy asos keltirilmagan. 

Surxon Cotton Textile Custer LLCning egasi, senator Murtazo Rahmatov fermerlar bilan uchrashuvda yerlar foydalanish unumdorligini oshirish, hududga investitsiya jalb etish va kelajakda 14 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsadida klasterga berilganini bildirdi. U klaster irrigatsiyani yaxshilashga, qishloq xo‘jaligiga yangi texnologiyalarni joriy etishga va to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropaga eksport qilishga pul tikishini, bu esa mahalliy byudjetga soliq tushishini ko‘paytirishini va'da qildi. Bunday va'dalar boshqa klasterlar tomonidan ham berilgan edi, ammo ular baribir bajarilmadi. 

Fermerlarni qo‘llab-quvvatlagan va ular bilan ko‘p bora intervyular uyushtirgan bloger Otabek Sattoriy 2021 yil 30 yanvar kuni ta'magirlikda ayblanib hibsga olindi. Uning hamkasbi Fazliddin Mehmonov Sattoriyning hibsga olinishi tafsilotlari bayon etilgan videomaterial chiqardi va o‘ziga ham maxsus xizmatlar xodimlari po‘pisa qilganini aytdi. 

Tashkent Cotton Textile (TCT) klasteri

2018 yil dekabrda Buyuk Britaniyaning Paraglide Limited va Rossiyaning Petromaruz Capital kompaniyalari Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida zamonaviy agrosanoat klasteri tuzishi e'lon qilindi.  Hukumatning boshqa bir qarori bilan TCT klasteriga “doimiy egalik qilish” va foydalanish uchun 35 400 gektar sug‘oriladigan yer va baliq yetishtirish uchun 3100 gektar suv havzasi ajratib berildi. Bundan tashqari, TCTning bir qismi bo‘lgan baliq klasteri yangi ish o‘rinlari yaratish va 8,2 million AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb etish sharti bilan baliq yetishtirish, qayta ishlash va sotish bilan shug‘ullanuvchi yirik korxona bo‘lmish Balikchi JSC ustidan tekinga egalik qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Balikchining 640 nafar aktsiyadoridan biri Abdukamol Abduxalilov “Ozodlik” radiosiga bergan intervyusida bu mulkni reyderlik asosida tortib olishdan boshqa narsa emasligini bildirgandi. 

“Nega korxonani tekinga berib yuborishdi? Kompaniyaning bankdagi hisob raqamida 40 milliard so‘m mablag‘i, 450 nafar ishchisi bor edi. U 3,5 gektar yerni unumli ishlatayotgandi. Birdaniga bosh vazirning klaster tuzish to‘g‘risidagi qarori paydo bo‘lib turibdi”, degan edi Abduxalilov. 

Bu voqeadan sal o‘tib, 2019 yil fevralda Balikchi JSCni boshqargan  Abdurahim Pirvaliev korruptsiyada ayblanib hibsga olindi. Bu vaqtda u kompaniyani klasterga berish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilib yurgan edi. 

Indorama Group

2018 yilda hukumat qarori bilan Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlaridagi  50 000 gektar er 2997 ta fermer xo‘jaligini boshqaradigan Indorama Group tarkibiga kiruvchi Indorama Agrokompaniyasiga berildi. Ushbu fermer xo‘jaliklaridan hozir Indorama Agro LLCning to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqaruviga o‘tgan 1068 tasi ijara shartnomaning “ixtiyoriy” bekor qilinishi natijasida qo‘shib olingan. Indorama Group tarkibiga kiruvchi Indorama Kokand Textile kompaniyasi O‘zbekistonda ishlagan 10 yil davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanganlik uchun tanqid qilib kelingan.

Ijara shartnomasidan voz kechishga majburlangan fermerlarga kompaniyada ishlashga va'da berilgan. Ular Indorama kompaniyasida “to‘g‘ridan to‘g‘ri band fermerlar”ga aylanishi kerak edi. Ularga qishloq xo‘jaligini yuritishning zamonaviy usullari bo‘yicha treninglarda qatnashish, to‘la bandlik bo‘yicha haq to‘lash, ijtimoiy imtiyoz va kafolatlar va'da qilingan. Albatta, davlatning sezilarli ta'siri saqlanib qolgan sohada mehnat qilib, arang kunini o‘tkazayotgan fermerlar uchun bu juda jozibali shartlar edi. 

Qishloq ahlining og‘ir ahvoli Indorama kompaniyalarining aholiga sabzavot yetishtirish uchun kichik yer maydonlarini ijaraga berishni rad etayotgani, chorvasini boqishga yo‘l qo‘ymayotgani, uyni isitish va ovqat qilishga foydalaniladigan g‘o‘zapoyadan foydalanishga ruxsat bermayotgani ortidan yanada yomonlashyapti. Vaziyat og‘ir ekani sababli eng ko‘p jabrlangan aholi tobora tushkunlikka tushib bormoqda. Qishloq ahlining aksariyati uchun mehnat migranti sifatida boshqa mamlakatlar, masalan, Rossiyaga og‘ir va malaka talab etilmaydigan ishlarga ishlash uchun ketish yagona yo‘l bo‘lib qolmoqda. O‘zbek tilidagi Eltuz nashri istehzo bilan yozganidek, O‘zbekiston paxta sektoridagi singapurlik investorlar Rossiya ko‘chalarining tozaligi va ozodaligi uchun qayg‘urmoqda. 

Silverleafe International LLC

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 noyabrdagi qarori bilan Jizzax viloyatining Paxtakor tumanidagi fermerlarning 2000 gektar yeri AQShning Silverleafe Capital Partners Groupkompaniyasi sho‘'ba shirkati bo‘lmish Silverleafe International LLCga tegishli klasterga berildi. Navbatdagi hujjat bilan klasterga berilgan yer maydoni 11 700 gektargacha kengaydi. Ushbu hujjat asosida 344 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiya evaziga klaster sezilarli soliq imtiyozlari va katta yer maydoniga ega bo‘ldi. Mazkur qarorga ko‘ra, fermerlar klaster tomonidan haydab tashlangan va hosili yo‘q qilingan 921 gektar yerga ekilgan urug‘ va uni parvarishlashga sarflangan xarajatlari uchun tovon puli olishi kerak edi. Garchi fermerlarga urug‘ uchun tovon puli to‘langan bo‘lsa-da, ular yeri va daromad manbaini yo‘qotgani uchun bir tiyin ham ololmadi. 

Shovot Tekstil va Textile Finance Khorezm klasterlari

Xorazm viloyatida 78 nafar fermer Shovot Tekstil va Textile Finance tomonidan bo‘layotgan adolatsiz munosabatga qarshi norozilik bildirdi. Bu klasterlar o‘zbek tadbirkori Farhod Mamajonovga tegishli Uztex Group shirkati tarkibiga kiradi. Fermerlar klasterlar xo‘jalik yuritish uchun zarur bo‘lgan xomashyo va materiallar narxini va ularni xarid qilish jarayonini o‘z nazoratiga olgani, klasterlar bilan adolatsiz shartnomalardan qutulish uchun o‘z kooperativlarini tuzish urinishlariga hokimlar qo‘llab-quvvatlovi ostiga qarshilik ko‘rsatayotganidan shikoyat qildi. 

2020 yil 6 noyabrda fermerlar mamlakat prezidentiga xat bilan murojaat etdi. Ular yana bir bor o‘zlarining kooperativ tuzish istagini bildirishdi va nega bunday qilayotganlarini tushuntirishdi. 2020 yil 14 dekabrda ularga Shovot tumani hokimi Hakimboy Otaxonovdan javob keldi. Javobda fermerlar faqat paxtachilik-to‘qimachilik klasterlari yo‘q tumanlardagina kooperativlar tuzishi mumkinligini aytilgan edi. Klaster (yana Vazirlar Mahkamasi qarori bilan) tumandagi yagona paxta tozalash zavodini qo‘lga kiritgani sababli fermerlarning o‘z paxtasini qayta ishlash imkoniyati yo‘q. Hukumat tomonidan klasterlar uchun o‘rnatilgan imtiyozlar rejimi fermerlarni har qanday kooperativ tuzish imkoniyatidan mahrum etadi. 

Xatirchi Export Klaster LLC klasteri

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi yerlarni optimizatsiya qilish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, Xatirchi tumani hokimi G‘ofur Aliev ichki ishlar organlari ko‘magida fermerlarni davlat foydasiga yer ijarasi huquqidan voz kechishga majburladi. 2019 yil avgustda hokim 216,2 gektar yerni Xatirchi Export Klaster LLC klasteriga berdi.

Jabrlangan fermerlardan biri Habibulla Mamadiyorovning O‘zbekiston inson huquqlari forumiga aytishicha, u 2006 yildan buyon 4,8 gektar maydondagi uzumzordan mo‘l hosil olib kelgan. U yeridan ayrilgan 2019 yildan beri klaster fermerdan hosilning yarmini berishni talab qilmoqda. 

O‘zbekiston inson huquqlari forumiga jo‘natilgan videoda Mamadiyorov prezidentdan kichik fermerlarga yerlarini qaytarib berishni o‘tinib so‘raydi: “Biz ham ichki bozor, ham eksport uchun sifatli mahsulot yetkazib bera olamiz. Biz soliq to‘laymiz, ammo oddiy o‘rtakash bo‘lgan klasterlar bizni o‘z shartlarida ishlashga majburlayapti. Ular hech narsa ishlab chiqarmaydi va bizning hisobimizga yashaydi. Ko‘p sonli shikoyatlar javobsiz qolmoqda va tegishli tartibda ko‘rib chiqilmayapti. Biz yerni qayta taqsimlashlardan charchadik. Mening uch o‘g‘lim ishsiz”. 

Internet O‘zbekistonda yerning musodara etilishi haqidagi bu kabi xabar va voqealar bilan to‘la. Fermerlarning so‘zlariga ko‘ra, yer bilan birga ular o‘z mulki va investitsiyalaridan ham ayrilmoqda. Buning ustiga, oilalarining ilgari fermer xo‘jaligida ishlagan a'zolari endi ishsiz qolmoqda. 

Bu voqealar xususiy sektor davlat ko‘magida qishloq aholisining iqtisodiy istiqbolini qanday belgilayotganini ko‘rsatuvchi juda xavotirli misollardir. Shakllangan tizim feodalizmning yangi ko‘rinishi bo‘lib, foyda olish maqsadida shafqatsiz ravishda qo‘llanilmoqda. 

Qishloq xo‘jaligini “rivojlantirish”ga davlat ko‘magi

Paxta sektorini xususiylashtirish Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Jahon banki kabi xalqaro moliya institutlarining ko‘plab millionli investitsiyalari bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 2018 yildagi 1,6 milliard dollardan 2019 yilga kelib 4,2 milliard dollarga yetdi. O‘zbekiston Moliya vazirligi prognozlariga ko‘ra, bu miqdor  2021 yilda 7,81 milliard dollarga yetadi. 

Qishloq xo‘jaligi sektorini modernizatsiya qilishga kredit ajratishga oid loyiha hujjatlarida ehtimoliy salbiy oqibatlar, jumladan, ish joylarining yo‘qotilishi tan olinadi. Ammo erkin bozor iqtisodiga o‘tish oqibatlari baholangan hisobotlarda bu oqibatlarni yumshatish choralari bayon etilsa-da, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi mavjud haqiqiy vaziyat e'tibordan chetda qoladi. Yerni boshqarishni qishloq xo‘jaligida ishlash tajribasiga ega bo‘lmagan, faqat yagona maqsad – maksimal foyda olishni ko‘zlaydigan xususiy sektorga berishning uzoqqa olib boruvchi oqibatlari haqida esa gap ham yo‘q. 

Masalan, yangi ish o‘rinlari yaratish va fermerlar ipak qurti boqishi uchun bitta kompaniya tut daraxtlarini ekdi, deylik. Biroq O‘zbekistonda ipak yetishtirish davlatning to‘la nazoratida va ko‘p fermerlar uchun bu foyda keltirmaydigan yumushdir. Davlat belgilagan narxlarda davlatga ipak xomashyosi yetkazib berishni talab qilayotgan mahalliy amaldorlarning odatda jazo qo‘llash, jumladan, yerni tortib olish tahdidlari ostida fermerlar bu majburiyatni rad eta olmaydi. Hukumatning ipak xomashyosi yetishtirishni keskin ko‘paytirishga qaratilgan ulkan maqsadlarini hisobga olganda, bu yaxshi o‘ylanmagan chora-tadbirlar majburiy mehnatning yana bir ko‘rinishini vujudga keltirishi va fermerlarni qarz botqog‘iga yanada chuqurroq botirishi hech gap emas. 

Kiritilgan yoki kiritilishi kutilayotgan ayrim investitsiyalarning oqibatlarini nazarda tutib, xalqaro moliya institutlari yetarlicha ehtiyotkorlik bilan harakat qilishi kerak. Ya'ni bu investitsiyalar vositasida amalga oshiriladigan loyihalar inson huquqlari buzilishiga olib kelmasligi, qishloq ahlining hayotini yomonlashtirish emas, yaxshilashga qaratilgan maqsadlar ro‘yobga chiqishini kafolatlashi zarur.

Darhaqiqat, YeI taklif etayotgan yangi chora-tadbirlar kompaniyalar uchun yanada kattaroq majburiyatlar va jarimalarni ko‘zda tutadi. Bu esa ularni mazkur talablarga rioya etishga undashi mumkin. 

Yerga egalik huquqi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektoridagi o‘zgarishlar uning qishloq aholisiga ta'sirini yetarlicha muhokama qilmasdan amalga oshirilmoqda va yerni tasarruf etish huquqiga ega bo‘lish masalasini jiddiy dolzarblashtiryapti. 2018 yil dekabrda BMT Bosh assambleyasi Dehqonlar va qishloq joylarda ishlovchilarning huquqlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qildi. Bu hujjat dehqonlarning yerga bo‘lgan huquqlarini himoya qiladi va qishloq joylarda yashovchilarning tegishli yashash sharoitiga ega bo‘lishini ta'minlash uchun o‘z hududlarida joylashgan tabiiy resurslar, jumladan, yerni tasarruf etish va foydalanish imkoniyatga ega bo‘lish huquqini tasdiqlaydi. O‘zbekiston fermerlar va qishloq ahlini yashash va daromad olish manbalaridan amalda mahrum qilish orqali ushbu muhim huquqni amalga oshirish talabini bajarmayapti. 

2019 va 2020 yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Paragvay va Argentinadagi ikkita muhim jarayon bo‘yicha Dehqonlarning yerga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi deklaratsiyaga murojaat etdi. 

Balki keyingisi O‘zbekiston bo‘lar!

Manba: Apparel Insider

Tag‘in o‘qing
4 may 2015
“Sen qaysi lagerdansan – amerikaningmi yoki rossiyaning?” – deya menga savol berishadi, deydi Qudrat Bobojonov, odamlarning Ukraina va ayniqsa ...
26 sentyabr 2015
Bundan ilgari Eltuz Inson huquqlari Alyansi yetakchisi Yelena Urlaeva bilan mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulovaning Guliston shahrida ikki nafar ichki ...
23 aprel 2023
Chimkentga o‘rnashib olgan rus bosqinchi generali Mixail Chernyaev 1865 yilning 23 aprelida Toshkentni ishg‘ol qilish uchun yo‘lga chiqdi. Sakkizta ...
13 avgust 2019
Taniqli janob Allamjonov rahbarlik qiladigan O‘zbekiston Prezidenti ma'muriyati huzuridgi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tag‘in ayblovlar bilan «Ozodlik»ka xuruj ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...